Har qanday jamiyatning bosh maqsadi ehtiyojlarni qondirishga qaratilgan. Ehtiyojlarni qondirishning negizi ishlab chiqarish jarayoni hisoblanadi. Ishlab chiqarish jarayoni – bu kishilarning muayyan maqsadni ko‘zlab amalga oshiradigan faoliyati bo‘lib, iste’mol uchun zururbo‘lgan moddiy va ma’naviy ne’matlarni yaratishga qaratilgan jarayondir.
Ishlab chiqarish jarayonida iqtisodiy resurslar (ishchi kuchi, ishlab chiqarish vositalari, kapital) ishlatiladi. Natijada moddiy mahsulotlar (MM) va xizmatlardan (X) iborat hayotiy ne’matlar yaratiladi. Ushbu ne’matlar yig‘indisi yalpi ishlab chiqarishni (YaICh) tashkil qiladi:
YaICh=MM+X
Bozor munosabatlari sharoitida yalpi ishlab chiqarish hajmini hisoblash uchun «iqtisodiy faoliyat» va «ishlab chiqarish faoliyati» tushunchalarining mohiyatini bilish zarur. Sababi bu ikki faoliyat turi mazmunan bir-biridan farq qiladi. Eng avvalo, iqtisodiy faoliyat ishlab chiqarish faoliyatiga nisbatan kengroq ma’noga ega. Iqtisodiy faoliyat tarkibi quyidagi ne’matlardan tashkil topadi:
bozor uchun ishlab chiqarilgan mahsulot va xizmatlar;
davlat budjetidan moliyalashtiriladigan, jamoa iste’moliga mo‘ljallangan nobozor xizmatlar.
Iqtisodiy faoliyat ishlab chiqarishdan boshlanib, iste’mol qilish bilan yakunlanadi. Ushbu faoliyat quyidagi to‘rt jarayonni o‘z ichiga oladi: ishlab chiqarish, ayirboshlash, taqsimlash va iste’mol.
Ishlab chiqarish faoliyati iqtisodiy faoliyatdan uy xo‘jaligida shaxsiy iste’mol uchun bajarilgan, ammo haq to‘lanmaydigan xizmatlar bilan farq qiladi. Bunday xizmatlar quyidagilar hisoblanadi:
oila a’zolarini shaxsiy transportda bir joydan ikkinchi joyga olib borish va boshqa xizmatlar.
Ushbu xizmatlar ishlab chiqarish faoliyati hisoblanmaydi va YaIM tarkibiga qo‘shilmaydi. Ammo uy-joy xo‘jaligida shaxsiy iste’mol uchun ishlab chiqarilgan mahsulotlar ishlab chiqarish hisoblanadi. Bunday mahsulotlar quyidagi ne’matlar hisoblanadi:
qishloq xo‘jalik mahsulotlarini ishlab chiqarish va ularni saqlash, ho‘l meva, sabzavotlarni yetishtirish va yig‘ish; ov va baliq ovi; o‘tin tayyorlash;
Boshqa turli qayta ishlovlar: kiyim-kechakni tikish; oyoq kiyimini tikish, mebel va boshqalarni ta’mirlash.
Uzoq muddat foydalaniladigan tovarlar va xususiy uy-joyni ta’mirlash ishlari ishlab chiqarish faoliyatiga kirmaydi.