[
OKOZ:
1.07.00.00.00 Moliya va kredit to‘g‘risidagi qonunchilik. Bank faoliyati / 07.21.00.00 Bank faoliyati / 07.21.10.00 Banklararo operatsiyalar va yuridik, jismoniy shaxslar o‘rtasida operatsiyalar]
[
TSZ:
1.Moliya / Banklar va boshqa kredit muassasalari. Kreditlar]
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining
Qarori
Markaziy bankning banklararo to‘lov tizimi orqali elektron to‘lovlarni amalga oshirish tartibi to‘g‘risidagi nizomga o‘zgartirishlar va qo‘shimcha kiritish haqida
[O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2020-yil 29-sentabrda ro‘yxatdan o‘tkazildi, ro‘yxat raqami 1545-3]
O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbekiston Respublikasining Markaziy banki to‘g‘risida”gi va “To‘lovlar va to‘lov tizimlari to‘g‘risida”gi qonunlariga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2006-yil 17-yanvardagi 1/3-son qarori (ro‘yxat raqami 1545, 2006-yil 14-fevral) (O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2006-y., 6-7-son, 48-modda) bilan tasdiqlangan Markaziy bankning banklararo to‘lov tizimi orqali elektron to‘lovlarni amalga oshirish tartibi to‘g‘risidagi nizomga ilovaga muvofiq o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilsin.
2. Mazkur qaror rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.
Markaziy bank raisi M. NURMURATOV
Toshkent sh.,
2020-yil 25-avgust,
18/10-son
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2020-yil 25-avgustdagi 18/10-son qaroriga
ILOVA
Markaziy bankning banklararo to‘lov tizimi orqali elektron to‘lovlarni amalga oshirish tartibi to‘g‘risidagi nizomga kiritilayotgan o‘zgartirishlar va qo‘shimcha
1. Muqaddimadagi “Elektron to‘lovlar to‘g‘risida” degan so‘zlar “To‘lovlar va to‘lov tizimlari to‘g‘risida” degan so‘zlar bilan almashtirilsin.
2. 1-bandda:
1-kichik band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“1) Markaziy bankning Hisob-kitoblar markazi (keyingi o‘rinlarda — MB HKM) — bu Banklararo to‘lov tizimi tarkibiga kiruvchi O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining axborot tizimi bo‘lib, uning funksiyalariga tijorat banklarining Bosh ofislariga (keyingi o‘rinlarda — banklar) va Markaziy bankka vakillik hisobvaraqlarini ochish va xizmat ko‘rsatish hamda ular o‘rtasida elektron to‘lovlarning belgilangan vaqt davomida uzluksiz amalga oshirilishini ta’minlash kiradi;”;
3-kichik band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“3) Markaziy bankning Axborotlashtirish Bosh markazi (keyingi o‘rinlarda — ABM) — Markaziy bank bilan tuziladigan shartnomaga asosan banklararo to‘lov tizimiga texnik, dasturiy va ekspluatatsion xizmatlarini ta’minlaydigan markaz;”;
5-kichik banddagi “Elektron to‘lov hujjati pul-hisob-kitobga” va “Elektron to‘lov hujjati” degan so‘zlar tegishli ravishda “ETH to‘lovga” va “ETH” degan so‘zlar bilan almashtirilsin;
6-kichik banddagi “boshqa bank adresiga” degan so‘zlar “benefitsiar bankka” degan so‘zlar bilan almashtirilsin.
3. 3-bandning “l” kichik bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“l) elektron to‘lovlar summasining miqdori bo‘yicha cheklov o‘rnatilmasligi.”.
4. 4 — 6-bandlar quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“4. Markaziy bank bilan ABM o‘rtasida tuziladigan shartnoma asosida Banklararo to‘lov tizimi faoliyat yuritishini texnik, dasturiy va ekspluatatsion xizmatlari ta’minoti ABM zimmasiga yuklatiladi.
5. ABM bilan tuziladigan shartnoma asosida MB HKM orqali elektron to‘lovlarni amalga oshiruvchi banklar banklararo to‘lov tizimining ishtirokchilari hisoblanadi.
6. Banklararo to‘lov tizimi ishtirokchilari bo‘lgan banklar — to‘lov xizmatlarini yetkazib beruvchilarning to‘lov xizmatlaridan foydalanadigan jismoniy va yuridik shaxslar banklararo to‘lov tizimining foydalanuvchilari hisoblanadi.”.
5. 8 va 9-bandlar quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“8. Banklararo to‘lov tizimi ishtirokchilarining huquq va majburiyatlari, banklarning vakillik hisobvaraqlarini ochish va banklararo to‘lov tizimi orqali elektron to‘lovlarni amalga oshirish to‘g‘risidagi ABM bilan tuziladigan ikki tomonlama shartnomalar asosida belgilanadi.
Banklararo to‘lovlarni amalga oshirish maqsadida banklar tomonidan MB HKMga uzatilgan ETHlarini qayta ishlash haq evaziga amalga oshiriladi.
Banklararo to‘lovlar amalga oshirilganligi uchun undiriladigan xizmat haqini o‘zgartirish haqida qaror qabul qilinganda, Markaziy bank o‘zining rasmiy veb-saytida uch ish kunidan kechikmay e’lon joylashtiradi va bu o‘zgartirish Markaziy bankning rasmiy veb-saytida e’lon qilinganidan o‘n besh kun o‘tgach to‘lov tizimi operatori va ishtirokchilari tomonidan qo‘llaniladi.
9. Banklararo to‘lov tizimida uzatish uchun mo‘ljallangan to‘lov hujjatlarining to‘g‘ri to‘ldirilishi bo‘yicha mas’uliyat bank mijozi zimmasiga yuklatiladi.”.
6. 11-banddan “va MB HKM” degan so‘zlar chiqarib tashlansin.
7. 13-banddagi “To‘lov tizimlari va axborot texnologiyalari” va “TTATD” degan so‘zlar tegishli ravishda “To‘lov tizimlari faoliyatini tartibga soluvchi” va “TTD” degan so‘zlar bilan almashtirilsin.
8. 15-bandda:
1 va 2-kichik bandlar quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“1) Markaziy bankning banklarga litsenziya berishga mas’ul departamenti (keyingi o‘rinlarda — MB LBD) MB TTDga bank tomonidan bank faoliyatini amalga oshirish uchun Markaziy bank litsenziyasini olganligi to‘g‘risida, bankning to‘liq nomi va manzili ko‘rsatilgan holda xabar beradi;
2) MB TTDning yozma xabarnomasiga muvofiq, ABMning BDMAB bo‘limi tijorat bank uchun xos raqam va unga tegishli rekvizitlarni zahiralaydi hamda bir vaqtning o‘zida bank va MB TTDga bu haqda xabar beradi;”.
5-kichik band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“5) MB LBDning bankka litsenziya berilganligi, bankning banklararo to‘lov tizimida ishlashga tayyorligi to‘g‘risidagi Markaziy bank Xavfsizlik va axborotlarni muhofaza qilish departamentining xabarnomalari hamda sinovning ijobiy natijasi to‘g‘risidagi ABMning dalolatnomasiga, shuningdek, soliq to‘lovchining identifikatsion raqami ko‘rsatilgan Davlat soliq qo‘mitasidan ro‘yxatdan o‘tganligi to‘g‘risidagi guvohnoma nusxasi asosida, MB TTD barcha banklarga bankning ochilganligi, unga BDMABda xos raqam berilgani va banklararo to‘lov tizimiga ulanganligi to‘g‘risida rasmiy xabarnoma yuboradi. O‘z navbatida, Markaziy bankning elektron ma’lumotnomalariga tegishli o‘zgartirishlar kiritiladi.”.
9. 16-bandning to‘rtinchi va beshinchi xatboshilari quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Barcha ishlar tugatilgandan so‘ng, filialni banklararo to‘lov tizimiga ulash masalasida bank MB TTDga xat taqdim etadi. Unda bank filialining nomi, manzili va bank statistik hisobotlarini berishda filialning hududiy tobeligi ko‘rsatiladi.
Ushbu xatga asosan bank filiali uchun BDMABda zahiralangan xos raqam va tegishli rekvizitlar Markaziy bankning tegishli elektron ma’lumotnomasiga kiritiladi va bank filiali ochilganligi hamda uni banklararo to‘lov tizimiga ulanganligi to‘g‘risida MB TTD tomonidan barcha banklarga rasmiy xabarnoma yuboriladi.”.
10. 17-bandning 2-kichik bandidagi “MB HKM va bank o‘rtasidagi shartnomada boshqa holat kelishilmagan bo‘lsa” degan so‘zlar “shartnomada boshqa hollar ko‘zda tutilmagan bo‘lsa” degan so‘zlar bilan almashtirilsin.
11. 18-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“18. Banklararo to‘lov tizimida qo‘llaniladigan ETHlarining tarkibi va tuzilishi:
1) Banklararo to‘lov tizimida 2 — 6-ilovalarda keltirilgan ETHlar qo‘llaniladi;
2) har bir ETH, tashabbuskor bank tomonidan jo‘natish uchun tayyorlangan hujjatni va benefitsiar bankda elektron usul bilan olingan hujjatni identifikatsiya qilish uchun mo‘ljallangan tegishli kod (To‘lov hujjati kodi) bilan belgilanishi kerak. To‘lov hujjati kodlari (keyingi o‘rinlarda — THK) 8-ilovada keltirilgan;
3) mablag‘larni o‘z vaqtida va to‘g‘ri o‘tkazilishini ta’minlash uchun ETH tayyorlashda to‘lov hujjatlarining barcha rekvizitlarini to‘g‘ri kiritilishi kerak;
4) to‘lov topshiriqnomasini (THK 01), to‘lov talabnomasini (THK 02), memorial orderni (THK 06), inkasso topshiriqnomasini (THK 11) va masofadan xizmat ko‘rsatish tizimi orqali o‘tkazilgan to‘lov topshiriqnomasi (THK 21) kiritishda quyidagi rekvizitlar to‘g‘ri to‘ldirilishi kerak:
hujjatning raqami;
hujjatning sanasi;
to‘lovchining nomi;
to‘lovchining shaxsiy hisobvarag‘i raqami;
soliq to‘lovchining identifikatsiya raqami (STIR);
to‘lovchi bankning kodi;
to‘lovchi bankning nomi;
hujjatning summasi (raqam bilan);
oluvchining nomi;
oluvchining shaxsiy hisobvarag‘i raqami;
oluvchi bankning kodi;
oluvchi bankning nomi;
hujjatning summasi so‘z bilan (avtomatik tarzda yoziladi);
to‘lovning maqsadi.
To‘lov maqsadida qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan hamda bank va uning mijozi o‘rtasida tuzilgan shartnoma shartlariga mos keluvchi ma’lumotlar ko‘rsatilishi mumkin.
Ijro hujjatlari bo‘yicha inkasso topshiriqnomasida undirib olish uchun asos bo‘layotgan ijro hujjatining raqami, sanasi va nomi ko‘rsatiladi.
Qonun hujjatlariga muvofiq ayrim tashkilotlar tomonidan mablag‘larni to‘lovchi yoki mablag‘larni oluvchi bo‘lgan to‘lov hujjatlarining “to‘lov maqsadi” grafasida nima maqsadda to‘lov o‘tkazilayotganligi to‘g‘risida ma’lumot ko‘rsatilmasligi mumkin;
5) akkreditiv uchun ariza (THK 05)ni kiritishda quyidagi rekvizitlar to‘g‘ri to‘ldirilishi kerak:
akkreditiv nomeri;
akkreditivni yozish sanasi;
to‘lovchining nomi;
to‘lovchining hisobvaraq raqami;
soliq to‘lovchining identifikatsiya raqami (STIR);
emitent bankning nomi;
emitent bank (tashabbuskor bank)ning kodi,
akkreditiv summasi raqam bilan;
yetkazib beruvchining nomi;
yetkazib beruvchining hisobvarag‘i raqami;
akkreditivni ijro etuvchi bankning nomi;
akkreditivni ijro etuvchi bank (benefitsiar bank)ning kodi;
akkreditiv summasi so‘z bilan (avtomatik tarzda yoziladi);
akkreditiv muddati.
Akkreditiv shartlari:
akkreditiv turi;
tovar (mahsulot), xizmatning nomi;
akkreditiv bo‘yicha to‘lovlarni amalga oshirish uchun asos bo‘ladigan hujjatning nomi.”.
12. 24-bandning ikkinchi xatboshisidagi “ABM” degan abbreviatura “MB HKM” degan abbreviatura bilan almashtirilsin.
13. 25-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“25. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki pul-kreditni boshqarish xususiyat (parametr)laridan kelib chiqqan holda, banklararo ETHlarining o‘tkazish vaqtini to‘lov tizimi masalalarini muvofiqlashtiruvchi rais o‘rinbosarining yozma yoki elektron ko‘rsatmasiga asosan uzaytirishi mumkin. ABM tomonidan tizim ishtirokchilari ETHga ishlov berish vaqtining uzaytirilganligi haqida elektron tarzda xabardor qilinadi.”.
14. 29-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“29. Mijoz tomonidan taqdim qilingan to‘lov hujjatlari mazkur Nizomning 18-bandida keltirilgan barcha majburiy rekvizitlarning to‘g‘ri to‘ldirilishi bo‘yicha tekshiruvdan o‘tkaziladi.”.
15. 31-bandda:
birinchi xatboshidan “tijorat bankning hisob-kitob cheklari,” degan so‘zlar chiqarib tashlansin;
2-kichik band o‘z kuchini yo‘qotgan deb topilsin.
16. 32-banddagi “pul-hisob-kitob” degan so‘zlar “to‘lov” degan so‘z bilan almashtirilsin.
17. 33 va 34-bandlar quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“33. Tashabbuskor bankda, ichki nazorat va elektron raqamli imzo tekshiruvi o‘tkazilganidan so‘ng, banklararo hisob-kitoblar bo‘yicha quyidagi buxgalteriya o‘tkazmalari amalga oshiriladi:
1) Tashabbuskor bankning To‘lov (Hisob-kitob) markazida filiallardan olingan ETHlariga asosan:
Kredit operatsiyalari (THK — 01, 02, 05, 06, 11, 21) bo‘yicha:
DEBET 22204 tegishli filial hisobvarag‘i;
KREDIT 10301 bankning hisobvarag‘i;
2) Markaziy bankning To‘lov markazida Markaziy bankning Hisob-kitob-kassa markazlaridan olingan ETHga asosan:
Kredit operatsiyalari (THK — 01, 02, 05, 06, 11, 21) bo‘yicha:
DEBET 22204 tegishli Hisob-kitob-kassa markazi hisobvarag‘i;
KREDIT 11005;
Debet operatsiyalari (THK — 06) bo‘yicha:
DEBET 11005;
KREDIT 22204 tegishli Hisob-kitob-kassa markazi hisobvarag‘i.
34. Benefitsiar bankda, ichki nazorat va elektron raqamli imzo tekshiruvi o‘tkazilganidan so‘ng, banklararo to‘lov tizimidan olingan to‘lov hujjatlari asosida quyidagi buxgalteriya o‘tkazmalari amalga oshiriladi:
1) Benefitsiar bankning To‘lov (Hisob-kitob) markazida bankka ETH kelib tushganda:
Kredit operatsiyalari (THK — 01, 02, 05, 06, 11, 21) bo‘yicha:
DEBET 10301;
KREDIT 22204 tegishli filial hisobvarag‘i;
2) Markaziy bankning To‘lov markazida ETH kelib tushganda:
Kredit operatsiyalari (THK — 01, 02, 05, 06, 11, 21) bo‘yicha:
DEBET 11005;
KREDIT 22204 tegishli Hisob-kitob-kassa markazi hisobvarag‘i;
Debet operatsiyalari (THK — 06) bo‘yicha:
DEBET 22204 tegishli Hisob-kitob-kassa markazi;
KREDIT 11005.”.
18. Quyidagi mazmundagi VII bob bilan to‘ldirilsin:
“VII. Banklararo to‘lovlarni uzluksiz ravishda amalga oshirishning o‘ziga xos xususiyatlari
43. Banklararo to‘lovlar Markaziy bankning Tezkor to‘lovlar tizimi (keyingi o‘rinlarda — Tezkor to‘lovlar tizimi) orqali uzluksiz ravishda amalga oshiriladi. ABM Markaziy bank bilan shartnoma asosida Tezkor to‘lovlar tizimi uzluksiz faoliyat yuritishi bo‘yicha texnik, dasturiy va ekspluatatsion xizmatlarini ta’minlaydi.
44. Tezkor to‘lovlar tizimiga ulanish uchun banklar Markaziy bankning banklararo to‘lov tizimiga ulangan bo‘lishi va ABMga murojaat qilishi kerak. Tezkor to‘lovlar tizimi xizmatlaridan foydalanishda banklar axborot xavfsizligi talablariga rioya qilishlari shart. Banklar Tezkor to‘lovlar tizimi orqali amalga oshiriladigan har bir elektron to‘lov hujjatlarini elektron raqamli imzo kalitlari bilan himoyalanganligini ta’minlaydi.
45. Tezkor to‘lovlar tizimi orqali banklararo hisob-kitoblar uzluksiz (dam olish kunlarisiz) tunu kun 24/7 rejimida onlayn tarzda amalga oshiriladi. Bunda tijorat banklarining Markaziy bankdagi vakillik hisobvarag‘i qoldig‘idan kelib chiqqan holda limit belgilanadi va hisob-kitoblar mazkur limit qoldig‘i doirasida amalga oshiriladi. Banklar to‘lovlar uzluksizligini ta’minlash maqsadida vakillik hisobvaraqlari likvidliligini ta’minlashlari shart.
46. Tezkor to‘lovlar tizimida belgilangan tartibda kliring sessiyalari amalga oshiriladi. Kliring sessiyasi boshlanishidan oldin banklarning Markaziy bankdagi vakillik hisobvarag‘i yetarli ijobiy qoldiqqa ega bo‘lishi kerak.
47. To‘lovlarni amalga oshirish maqsadida qayta ishlash uchun Tezkor to‘lovlar tizimiga uzatilgan to‘lov topshiriqnomalari bank mijozlari tomonidan masofaviy xizmat ko‘rsatish tizimlari orqali 24/7 rejimida xizmat ko‘rsatuvchi bankka taqdim qilingan bo‘lishi va to‘lovchining hisobvarag‘ida yetarli mablag‘ bo‘lishi lozim.
48. Har bir kliring sessiyasi oxirida banklarning sof pozitsiyalari aniqlanadi. Sof pozitsiya bankning boshqa banklarga to‘lashi va boshqa banklardan olishi kerak bo‘lgan pul mablag‘lari farqini aniqlash orqali hisoblanadi. Aniqlangan sof pozitsiyalar haqidagi ma’lumotlar Markaziy bankning Hisob-kitoblar markaziga uzatiladi va pul mablag‘larini banklarning vakillik hisobvaraqlaridan o‘chirish yoki kiritib qo‘yish orqali yakuniy hisob-kitob amalga oshiriladi.
49. To‘lovni amalga oshirish uchun uzatilgan to‘lov topshiriqnomasi muvaffaqiyatli qayta ishlanganligi to‘g‘risida Tezkor to‘lovlar tizimidan tasdiq olinguniga qadar to‘lovchining hisobvarag‘ida to‘lov topshiriqnomasidagi summaga teng bo‘lgan summa zaxiralanadi va tasdiq kelgach hisobdan chiqariladi. Tezkor to‘lovlar tizimidan tasdiq kelganidan so‘ng mablag‘ oluvchilar hisobvaraqlariga kirim qilingan mablag‘larni sarflash imkoniyatiga ega bo‘ladilar, bunga qadar mablag‘larni oluvchi foydasiga o‘tkazilgan mablag‘lar uning hisobvarag‘ida zaxiralanadi.”.
19. 7-ilova o‘z kuchini yo‘qotgan deb topilsin.
20. 8-ilovada:
“Hujjatlarning nomi” va “Operatsiyalar turi” degan so‘zlar tegishli ravishda “To‘lov hujjatlari nomi” va “To‘lov hujjatlari kodi” degan so‘zlar bilan almashtirilsin;
6-pozitsiya quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“
| | |
6.
|
Masofadan xizmat ko‘rsatish tizimi orqali o‘tkazilgan to‘lov topshiriqnomasi
|
21
|
| |
”.
|
(Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 29.09.2020-y., 10/20/1545-3/1351-son)