35-mavzu: Ta’limda gender yondashuv
1.Ta’lim sohasida gender jihatlar
2.Gender pedagogikasining amaliy jihatlari
1.Ta’lim sohasida gender jihatlar
Ma’lumotlilik: tenglikka yo‘lmi yoki aksincha? Ma’lumotli degani nima? Avvalambor, shu so‘zning odatdagi qo‘llanilishini ko‘rib chiqamiz. Biz ma’lum bir shaxsni ma’lumotli, yoki o‘qimishsiz deb baholaganimizda, nimani nazarda tutamiz? “Ma’lumot olish” (yaxshi yoki yomonligi – bu boshqa masala) degan tushuncha nimani bildiradi? Ta’lim tizimi va uning tarkibiy qismlari deganda nimani tushunamiz? Bu kabi qator masalalar «ma’lumot» tushunchasining ko‘p ma’noliligi va murakkabligini anglashga olib keladi. Odatda, bu borada ta’lim muassasalarining tizimi nazarda tutiladi, lekin aynan bunday ta’rif ko‘rib chiqilayotgan tushunchaning ma’no doirasini qisqartiradi.
V.I.Dalning ta’riflashicha, ma’lumotlilik (aql va axloq) o‘sib kelayotgan insonga ruhiy, aqliy va ma’naviy qiyofa bag‘ishlashning yaxlit jarayonini anglatadi. Bunday hodisani hozirgi vaqtda birgina “ma’lumotli” tushunchasi bilan ta’riflash qiyin, chunki bu o‘rinda bir shaxs tomonidan nafaqat yangi axborotni olish, balki u tomonidan ma’lum (jumladan, ahloqiy) qoidalarni ham qabul qilish va o‘zlashtirish nazarda tutiladi, bu jarayonlar esa “tarbiya” tushunchasida ham o‘z aksini topadi. Shunday qilib, ta’lim tushunchasi tarbiya tushunchasi bilan chambarchas bog‘liqdir. Bundan tashqari, o‘zining yaxlitligiga qaramasdan “ma’lumot” so‘zining ta’rifida uning “mazmuniy sharhining to‘rtta jihatini ajratish mumkin: ma’lumot qadriyat sifatida; ma’lumot tizim sifatida; ma’lumot jarayon sifatida; ma’lumot natija sifatida”1.
Boshqa ta’rif bo‘yicha, ma’lumotlilik tushunchasi uchta asosiy mazmunga ega: “ma’lumotlilik – bu shaxsning erishgan yutug‘i, ma’lumot olish – bu shaxs tomondan o‘z yutug‘iga erishish jarayoni; ta’lim tizimi – bunday yutuqqa erishish uchun barcha fuqarolarga yordam berish uchun mavjud bo‘lgan ijtimoiy institut”2. Bunday ta’rif birmuncha balandparvoz tuyulsa-da, ammo amalda, murakkab va keng qamrovli ma’lumot tushunchasining mohiyatini qamrab oladi.
Ta’lim – jamiyat hayotining muhim jabhalaridan bo‘lib, inson ijtimoiylashuvining yetakchi omillari va institutlaridan biridir. O‘zbekistonda ta’lim tizimining rivojlanishi davlatning ijtimoiy siyosat sohasidagi ustun yo‘nalishi sifatida e’tirof etilgan. O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga muvofiq, har bir inson ta’lim olish huquqiga ega; davlat tekin umumiy ta’lim olishni kafolatlaydi (O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 41-moddasi).
1997 yilning 29 avgustida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi (Parlament) tomonidan “Ta’lim to‘g‘risida”gi Qonunning yangi tahriri qabul qilindi. Qonunda jinsi, tili, yoshi, irqi va milliy mansubligi, e’tiqodi, dinga munosabati, ijtimoiy kelib chiqishi, kasbi, tabaqasi, yashash joyi, mamlakat hududida yashashining davomiyligidan qat’i nazar, ta’lim olishda teng huquqlilik ko‘zda tutiladi. Ta’lim sohasida davlat siyosatidagi asosiy tamoyillar sifatida quyidagilar ko‘rsatilgan: ta’lim va tarbiyaning gumanistik, demokratik xarakteri; ta’limning uzviyligi va izchilligi; umumiy o‘rta, shuningdek o‘rta kasbiy ta’limning majburiyligi; o‘rta maxsus, kasbiy ta’limning yo‘nalishlarini tanlashda ixtiyoriylik; davlat ta’lim standartlari doirasida ta’lim olish imkoniyatining barcha uchun tengligi va boshqalar (Ta’lim to‘g‘risidagi Qonun, 3-modda). Mazkur tamoyillar asosida «Kadrlar tayyorlash milliy dasturi to‘g‘risida» Qonun qabul qilindi.
Bizni davlatning ta’lim sohasidagi ijtimoiy siyosati haqiqatan ham barcha fuqarolarining jinsidan qat’i nazar, amaldagi tengligini ta’minlaydimi yoki yo‘qmi degan masala qiziqtiradi. Ta’limda ijtimoiy guruh sifatida erkaklar va ayollarning manfaatlari ijtimoiy siyosatning yo‘nalishlaridan biri sifatida namoyon bo‘lganmi; bunda ijtimoiy farovonlikka erishishda va patriarxat qoidalarni tugatishda teng imkoniyatlar berish uchun qanday chora-tadbirlar taklif qilinadi.
Barcha fuqarolar uchun ta’lim olishdan teng foydalanish prinsipini e’lon qilar ekan, ta’lim ana shu tenglikni, shu jumladan gender tenglikni ta’minlash vazifasini bajarishi kerak. Ta’lim sohasidagi gender tenglik ta’lim olishda erkaklar va ayollarning tengligini bildiribgina qolmay, shu bilan birga ana shu imkoniyatlardan foydalanishning teng natijalarini ham anglatadi. Bu pirovardida, umuman olganda jamiyatda resurslardan foydalanishda gender tenglik prinsipiga qanchalik rioya etilayotganligiga hamda jinslar o‘rtasida imkoniyatlarni tenglashtirishga bog‘liqdir.
Ta’limda gender tenglik siyosatini qo‘llanish mazkur sohada tengsizlik mavjudligini anglashdan va uning miqyoslarini baholashga, paydo bo‘lish sabablarini tahlil etishga va kamaytirish yo‘llarini taklif etishga tayyorlikdan boshlanishi kerak. Bunday holatda ta’limda mavjud bo‘lgan gender segregatsiya fenomenining tahlili asosiy o‘rin tutadi.
O‘zbekistonda ta’lim sohasida gender segregatsiya. Bunday yondashuvda biz avvalambor duch keladigan hodisalardan biri – bu ta’lim sohasida erkaklar va ayollar teng taqsimlanmaganligida namoyon bo‘luvchi shu sohadagi gender tengsizlikdir. Bunday taqsimlash gender segregatsiya deyiladi.
«Bugun O‘zbekiston Respublikasining ta’lim tizimida 6,5 mln.dan ziyod odam tahsil oladi, ularning 3170,4 mingi – ayollar (tahsil olayotganlarning 48,4%) va 3374,7 mingi erkaklardir (51,6%)». Ta’limda ayollar va erkaklarning taqsimlanishi quyidagi 1-jadvalda batafsil keltirilgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |