Aksiyadorlik kapitali – aksiyadorlar jamiyatining kapitali, sherikchilik asosida tashkil topgan kor-porativ mulk hisoblanadi. Aksiyadorlik kapitali tarkibi Nizom kapitali, qo‘shimcha kapital, rezerv fondidan va taqsimlanmagan foydadan iborat. Aksiyadorlik kapitali asosini Nizom kapitali tashkil etadi. Nizom kapitali jamiyat tashkil etilgan chog‘da uning mol-mulkiga aksiyadorlar qo‘shgan ulush bo‘lib, pulga chaqib hisoblanadi. Bu kapital ma’lum miqdordagi aksiyalardan iborat bo‘lib, uning ta’sischilari orasida taqsimlanadi. Aksiyadorlik kapitali Nizom kapitalidan tashqari qo‘shimcha aksiya chiqarib, jalb etilgan kapitaldan va kapitallashgan daromad hisobiga o‘sib boradi. Aksiyadorlik jamiyat beradigan dividend kapitallashganda Aksiyadorlik kapitaliga kelib qo‘shiladi. Aksiyadorlik kapitali pul shaklida chiqarilgan aksiyalar summasidan, moddiy shaklda jamiyat faoliyatini ta’minlovchi mol-mulkdan iborat bo‘ladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |