Bu asar insonni fikrlashga, fikrlash orqali o‘zligini, o‘zligi orqali Haqni Yaratganni tushunishga undaydi



Download 15,17 Kb.
Sana13.07.2022
Hajmi15,17 Kb.
#787638
Bog'liq
Bu asar insonni-WPS Office


Bu asar insonni fikrlashga, fikrlash orqali o‘zligini, o‘zligi orqali Haqni — Yaratganni tushunishga undaydi. Shuning uchun ham «Ichindagi ichindadur»ga bir marta oshno bo‘lgan ko‘zi ochiq insonki bor,umrbod undan ayrilmasam, deydi. Chunki asar, avvalo, o‘sha inson haqida — siz haqingizda, men haqimda, umuman, hammamiz haqimizda. Bizning o‘zligimizni bilishimiz haqida. Axir olamda bundan qiziqarliroq, bundan muhimroq yana nima bor? Mashoyixlar «O‘zini bilgan avliyo bo‘ladi» deya bejiz aytishmagan. Hazratning o‘zi shunday deydi: «Rivoyat qiladilarki, bir podshoh o‘g‘lini hunarmandlar to‘piga qo‘shib qo‘yibdi. Ular bolaga turli bilimlardan, jumladan, ilmu nujumdan dars berishibdi. Shoh o‘g‘li butunlay ahmoq bo‘lgani holda o‘ziga o‘rgatilgan narsalarni puxta egallab olibdi. Kunlardan bir kun podshoh uni imtihon qilmoq uchun hovuchiga uzugini berkitib, o‘g‘liga «Bunda ne bor?» debdi. Bola «Qo‘lingdagi dumaloq, sariq va ichi bo‘sh narsadir» degach, hukmdor hayratda qolib «Alomatlarini to‘g‘ri aytding, ismini ayt» deb buyuribdi. O‘g‘il «G‘alvir bo‘lsa kerak» deb javob beradi. Podshoh «Olgan tahsiling sharofati bilan meni hayron etib alomat — belgilarni aniq ayting-u, ammo g‘alvirning hovuchga sig‘masligiga qanday qilib farosating yetmadi?» dedi afsus chekib.
Xuddi shunday, — deb davom etadi Rumiy hazratlari — zamonamiz olimlari ham qilni qirq yoradilar, o‘zlariga bog‘liq bo‘lmagan narsalarni juda yaxshi biladilar, ammo o‘ta muhim, o‘zlari uchun qolgan barcha narsalardan yanada yaqin bo‘lganni, ya’ni o‘zlarini bilmaydilar. Hamma narsadan yaqin bo‘lgan borliq bu — ularning menligi». Mavlono Rumiy insonni, avvalo, ko‘zini ochishga va ochilgan ko‘zlar bilan o‘z mohiyatiga nazar tashlashga undaydiki, bu bilan ul valiy zot insonning o‘zi bir butun olam — kichik olam ekanligini uqtiradi.
«Ichindagi ichindadur» asari ulug‘vorlik va soddalikning bir makonu bir zamonda sig‘ishib yashashining go‘zal namunasidir. Albatta, komil inson — avliyolik asrori haqida ko‘plab olimu fuzalolarning xilma-xil asarlari mavjud. Lekin ularning ayrimlarini mutolaa qilarkanmiz, o‘zimizni xuddi ertak o‘qiyotgan boladek sezamiz. Chunki ularda tasvirlangan avliyo yoki komil inson go‘yo osmonda uchib yurgan erkin qushchayu, sizu biz zindonda — temir panjaradan uni umidsizligini kuzatib yotgan maxbus. Qushning ozodligidan, charx urib aylanishidan, baxtidan maxbusga ne naf? Qaytaga u ana shunday hur parvozi bilan bu bechoraning o‘z holiga ko‘nikib ketishiga to‘sqinlik qilib, iztirobini orttiradi, xolos. Rumiyda esa unday emas. Rumiy shohu gadoga ham, olimu avomga ham birdek xitob qiladi. Va har kimning qarshisiga o‘z hikmatlaridan bir ko‘prik tashlab, boshqalar nima desa deyaversin, lekin sening ham bu yo‘ldan o‘tishga haqqing bor, ki sen ham undan o‘tishga munosib va qodirsan, faqat g‘ayrat qil-da, kel!» deydi go‘yo. Boshqacha aytsak, Jaloliddin Rumiyning «Ichindagi ichindadur» asari insonlik va ilohiylik o‘rtasiga qo‘yilgan mustahkam ko‘prikdir.
Ha, asar mutolaasi inson ko‘nglida mudrab yotgan umidning qayta uyg‘onishiyu qad rostlashiga ko‘mak beradi, o‘zining mavjudiyati va haqiqatiga ishonch hosil qiladi. Bu juda muhim. Chunki Ishonch — inson faoliyatining doimiy tashabbuskori, tinimsiz harakatlarining rag‘batlantiruvchisi bo‘lishi bilan birga odamzotni muallaq holdan, yolg‘izlik va uning azobidan qo‘ruvchi hamdir. G‘arbning ma’lum falsafiy oqimining asosida inson — tashlandiq, ya’ni u bu dunyoga tashlab ketilgan va binobarin, uning o‘zidan o‘zga yordamchisi ham, xaloskori ham yo‘q, degan qarash mavjud. Hayot buning kabi yuzlab, minglab «nazariyalar» uchun asos beraveradi. Hatto aytish mumkinki, dahriy uchun ham, dindor uchun ham bu dunyoda oqlov-sabablar to‘lib- toshib yotibdi. Ehtimol, odamzotning o‘zidan o‘zga tayanchi yo‘q, degan dahriyona qarash G‘arb dunyosining moddiy-texnikaviy jihatdan ilgarilab ketishiga sabab bo‘lgan o‘nlab, yuzlab omillardan biridir. Shveysar psixiatri Karl Gustav Yung esa Sharq insonining ruhiy jihatdan baquvvatligiga havas bilan qaraydiki, Rumiyda ayni shu narsaning mohiyati bilan chuqur tanishish imkoni bor. Rumiyni bir millat, bir jamiyat yoki bir zamongagina taalluqli qilmay, uni hamma uchun va hamma zamonlar uchun qadrli aylagan asos ham shunda — hazratning sifat va alomatlarga emas, balki mohiyatga — insonning o‘zagiga e’tibor berganligi bilan izohlansa, ajabmas. Chunki zohir — tashqi ko‘rinishga qaralganda insonlar har xil, ularning mohiyati ildizi, tabiati, ehtiyojlari, borar joyi… esa mushtarak. Shunga ko‘ra inson qaysi millat, qaysi jamiyat, qaysi guruh va qaysi zamonga aloqadorligidan qat’i nazar, o‘ziga tegishli mavzular teran va asosli tarzda talqin qilinganidan Rumiy asarlari atrofida go‘yo bir oilaning farzandlariday to‘planishadi. Buning uchun kishida ma’lum bir tayyorgarlik, yuqori ruhiy-ma’naviy daraja zarur, albatta.
Ya’ni Rumiyni tushunish uchun u yongan gulxanning hech qursa bir uchquni o‘quvchining ko‘ngliga tushgan bo‘lishi juda ham muhim. Shunda u mohiyat asroridan voqif bo‘la borarkan, o‘zini Inson o‘laroq his etadi! Dunyoga kelishdan muddao «yo‘lini qilib kun kechirish — yeb, ichib, nasl qoldirib o‘tish» kabi biologik ehtiyojlarni qondirib yashashdangina iborat bo‘lmay, aksincha, bular vositayu, maqsad — ruhoniy, demakki, insoniy ekanligini qalban anglaydi.
Mohiyatdan so‘z ochib Mavlono Rumiy quyidagi savol-javobni keltiradi:
Dediki: «Onangni nechun o‘ldirding?»
Dedi: «Unga yarashmagan bir ishni ko‘rdim».
Dediki: «Ammo onangni emas, yetti yot begonani o‘ldirsang bo‘lmasmidi?»
Dedi: «Har kuni bittadan o‘ldirayinmi?»
Hazrat bu o‘rinda inson gumrohligining tub sababi — nafs haqida so‘z yurita turib, demoqchi bo‘ladi:sen hadeb qilmishlaringning oqibatini daf etishga, ularni u yoki bu shaklda xaspo‘shlashga behuda urinaverma, balki mohiyatga teran ko‘z-la nazar sol-da, asos bo‘lgan nafsingni (onani) jilovla, toki u tufayli har kuni har kim bilan yoqalashishga o‘rin qolmasin!
Hazrat o‘gitlaridagi yana bir jihatga alohida to‘xtalib o‘tmoq joiz. Bu ham bo‘lsa – ruh va jism o‘rtasidagi muvozanat masalasi. Bizdan ko‘pchiligimiz shundaymizki, ruh haqida gapirilsa (garchi bu borada insonga kam ilm berilgan esa-da) darhol ruhparast bo‘lishga tirishamiz, qolgan vaqtlarda esa o‘z-o‘zidan jism bandalariga aylanib qolganimizni o‘zimiz ham sezmaymiz. Asli haqiqat nimadan iborat? Yana ham to‘g‘rirog‘i, qanday holda biz haqiqatga eng ko‘p yaqin borgan bo‘lamiz? Agar savolni shunday qo‘yish mumkin bo‘lsa, javobni yana Rumiy hazratlaridan eshitamiz: «Agar danakni chaqib, mag‘izini eksang, unmaydi. Agar qobig‘i bilan birga tuproqqa qadasang-chi, unish hodisasi yuz beradi». Danak mag‘izini ruhu, qobig‘ini jism deb olinsa, demak, inson bolasi biron maqsadga yetishmak uchun har ikki asosga suyanishi zarur. Aks holda maqsad hosil bo‘lmas. Modomiki shunday ekan, odamzod yashash va kelajakka intilish asnosida har qanday bir tomonlamalikdan, goh u yon, goh bu yonga og‘ib ketishlardan tiyilib, ana o‘sha oltin o‘rtalik boshini tutmog‘i zarur keladi.
Axir payg‘ambarimizning hech qachon o‘lmaydigandek bu dunyo uchun, ertaga o‘ladigandek oxirat uchun yasha degan o‘gitlari ham mohiyatan yuqoridagilarga hamohang jaranglamaydimi! Axir ochiq ko‘z bilan hayotni kuzatuvchi hassos qalb va aql egalari ham ayni haqiqatga bot-bot duch keladilar-ku!..
Mana shuning uchun ham qariyb 700 yil avval yaratilgan bo‘lishiga qaramay, Rumiy asarlaridan hayot nafasi esadi deging kelaveradi. Zero, hazratning o‘zlari tafakkurning har qanday mahdudligini yorib o‘tishga qaratilgan keskir so‘zlar «insonning botini – hurriyat olami» ekanligini anglashga da’vat etadi va shunga undayveradi.
Bismillahir-rohmanir rohiym.
Ey Parvardigor, xayrli nihoyasiga yetkazgin.
Payg‘ambar Sallallohu alayhi Vasallam buyuradiki: Olimlarning yomoni amirlarni ziyorat qilgani, amirlarning yaxshisi olimlarni ziyorat etganidir. Faqirning eshigiga kelgan amir naqadar xush va amirning eshigiga borgan faqir naqadar noxushdir.
Xalq bu hadisning zohiriy ma’nosinigina qabul qilgan, ya’ni bir olim yomon (olim) bo‘lmaslik uchun amirni yo‘qlamasligi lozim, amirni borib ko‘rish unga munosib emas, deb bilgan. Aslida fikrning haqiqiy ma’nosi xalq o‘ylaganday emas, balki shunday: Olimlarning yomoni amirdan yordam olgani va ular vositasida o‘z ahvolini yaxshilagani, kuchga kirganidir. Amirlar menga in’om beradilar, meni izzat-ikrom qiladilar va bir yaxshi joy ehson etadilar, degan tushuncha bilan va ularning qo‘rquvi ostida o‘qigan kimsa olimlarning eng yomonidir. Shu holida bu kimsa amirlar tarafidan isloh bo‘lgan, bilimsizliklardan biladigan ahvolga kelgan hisoblanadi. Olim bo‘lganda ham amirlar qo‘rquvidan va ularga yomonlik qilmaslikdan tarbiya ko‘rgan bir insonga aylangandir. Endi u istasa-istamasa, hamma vaqt bu yo‘lga uyg‘un tarzda harakat etmog‘i kerak bo‘ladi. Xullas, bu vajdan zohiran xoh u amirni ko‘rgani borsin, xoh amir uning huzuriga kelsin, baribir, u ziyorat qilgan, amir esa ziyorat qilingan bo‘ladi.
Olim agar amirlar soyasida olim bo‘lishni o‘ylamasa, uning bilimi ibtido va intihoda Olloh uchun qilingan bo‘ladi. Uning tutgan yo‘li va ko‘rsatgan faoliyati savoblidir. Chunki yaratilishi shundaydir, baliq suvdan boshqa yerda yashay olmaganidek u ham bundan o‘zgasini qilolmaydi. Uning qo‘lidan kelgani shu. Bunday bir olim harakatlarini boshqarib yo‘lga solib turgan narsa aqldir. Hamma undan qo‘rqadi va insonlar ba’zan bilib, ba’zan bilmasdan u taratgan nurdan bahra oladilar. Xullas, bunday bir olim amir huzuriga borsa, zohiran u ziyorat qilgan, amir esa ziyorat qilingan bo‘ladi. Ammo amir olimdan hamma vaqt yuksalishga chorlovchi bir quvvat-yordam oladi, olimning esa amirga ehtiyoji yo‘q, chunki u badavlatdir, nur-sochayotgan quyosh kabidir. Ishi ta’masiz ko‘mak bermoq, ehson etmoqdir. U toshlardan la’l va yoqut qila oladi. Tarkibi tuproqdan iborat bo‘lgan tog‘lardan mis, oltin, kumush va temir ma’danlar yasaydi. Tuproqni tozalaydi, yoshartiradi. Daraxtlarni turli-tuman mevalar bilan boyitadi. Ish — ermagi bag‘ishlamoqdir, hadya qilmoqdir.
Arabning «Biz bermoqni o‘rgandik, olmoqni o‘rganolmadik» maqolidagi singari olim ham beradi-yu, birovdan olmaydi. Nihoyat, bunday olimlar haqiqatda ziyorat etilgan, amirlar esa ziyorat etgan bo‘ladilar Aytilganlarga uncha uyg‘un bo‘lmasa ham xayolimga ushbu oyatni tafsir etmoq fikri keldi. Modomiki, xayolimga shunday fikr kelgan ekan, gapiray-da undan qutulay. Ulug‘ Tangri: «Ey Payg‘ambar, qo‘l ostingizdagi asirlarga aytingki: Ollohu Akbar ko‘nglingizda xayr (yaxshi niyatlar) borligini bilsa, sizdan olinganidan ham ko‘prog‘ini sizga beradi. Sizni yorlaqaydi, Olloh yorlaqaguvchi va kechirguvchidir», — deya buyuradi. Ushbu oyatning nozil bo‘lishi sababi shudir: Mustafo (Olloh marhamat qilsin) kofirlarni qirib o‘ldirgan, mollarini g‘animat (qilich haqi o‘laroq dushmandan olingan mol, pul, asir va h.k. — tarj.) sifatida olgan, bir qanchalarini esa asir qilib qo‘l oyoqlarini bog‘lagandi. Amakisi Abbos (Xudo undan rozi bo‘lsin) ham bularning biri edi. Asirlar bog‘langan, ojiz va tushkun holda yig‘lab siqtashar, butun umidlarini porakanda etuvchi qilich va o‘limni kutishardi. Mustafo ularga qarab kuldi. Bunga javoban: «Ana ko‘rdingmi, unda insonlik (ojizlik-tarj.) bor, menda ojizlik yo‘q, deya so‘zida turib olishi to‘g‘ri emasdi. U bizlarga qaramoqda va bizni arqonlar ichida o‘z asiri sifatida ko‘rish bilan go‘yo nafslariga yengilgan insonlarning o‘z dushmanlari ustidan g‘alaba qozonib, ularni mahv bo‘lganlarini ko‘rarak xursand bo‘lgani va xursandchilikdan o‘ynaganlari kabi u ham sevinmoqda, mamnun bo‘lmoqda, dedilar.
Mustafo (Olloh marhamat qilsin) ularning ko‘ngillaridan kechgan bu o‘yni tushundi va buyurdi: «Xudo saqlasin! Men buning uchun kulmayapman. Balki sir ko‘zi bilan bir qavmni jahannamdan, olov yonib turgan qip-qizil o‘choqdan va kin bilan qoraygan mo‘ridan arqonu zanjirlar bilan torta-torta zo‘rlab jannatga, o‘lim yo‘q bir gul bog‘iga olib ketayotganim holda, ularning: «Bizni bu tahlikali joydan u ishonchli gul bog‘iga nega sudrayapsan?» deya baqirib badduo etganlarini ko‘rganimdan kulyapman. Shu bilan birga, siz hozir bunday bir qarashga (nuqtai nazarga) ega bo‘lmaganingiz tufayli aytganlarimni anglamaysiz va aniq-tiniq ko‘rolmaysiz».
Ulug‘ Olloh buyuradi: Asirlarga bildiringki: Siz avval askar to‘pladingiz, o‘z mardligingizu pahlavonligingizga, quvvat va qudratingizga tamoman ishondingiz, o‘z-o‘zingizga: «Biz unday qilaylik, musulmonlarni bunday qiraylik, shunday yo‘q etaylik» dedingiz. O‘zingizdan qudratli bir qudrat sohibi mavjudligini esa ko‘rolmadingiz. Maqsadni ko‘zlab qancha ishladingiz, qancha tadbir oldingiz, ammo hammasi aksincha bo‘ldi. Endi ham qo‘rquv ichida qolganingiz holda tavba qilmayapsiz. Sizda umid yo‘q va tepangizda bir qudrat sohibi mavjudligini ko‘rmayapsiz. Kuch-qudratli va shavkatli bo‘lganingiz vaqtlar meni ko‘rishingiz lozim. Menga taslim bo‘lganingizni bilingizki, ishlaringiz qulaylashsin. Qo‘rqqan paytingizda mendan umidingizni uzmang. Sizni qo‘rquvdan qutqarmoqqa va xavfsizligingiz to‘la ishonch bilan ta’minlanganini sizga bildirmoqqa qudratim yetadi. «Olloh kechani kunduzga kiritur va kunduzni kechaga kiritur»[1]. («O‘limni tirikdan va tirikni o‘likdan chiqaradi») oyati karimada buyurilganidek, oq sigirdan qora sigirni vujudga keltirgan, qora sigirdan ham oq sigirni paydo qiladi. Buning uchun asir bo‘lgan shu holingizda mening hozir va nozir bo‘lganimdan umidingizni uzmangki, men ham sizning qo‘lingizdan tutay. Chunki «Ollohning rahmatidan faqat kofir qavmgina noumid bo‘lur»[2] deya buyurilgandir. Ulug‘ Olloh buyuradiki: Ey asirlar! Agar birinchi diningizdan qaytar, qo‘rquv va xavotir ichida qolgan vaqtingizda meni ko‘rar va barcha hollarda menga taslim bo‘lganingizni qabul etar bo‘lsangiz, men sizni bu qo‘rquvdan qutqaraman: talanganu ziyon ko‘rgan mollaringizning hammasini, balki ortig‘i bilan va yana-da yaxshilaridan sizga qaytarib beraman. Sizni yorlaqayman. Oxirat saodatiga, dunyo saodatiga yaqinlashtiraman.

Abbos: «Tavba qildim, tutgan eski yo‘limdan qaytdim» dedi.


Mustafo (Ollohning rahmat va barakoti bo‘lsin):
«Xudo bu aytgan gaping uchun dalil ko‘rsatmog‘ingni istaydi» dedi.

Bayt: Ishq davosida bo‘lmoq qulay, faqat buning dalili va shohidi bordir.

Abbos: «Bismilloh, qanday dalil istaysan?»
Payg‘ambar: «Qo‘lingda qolgan mollarni quvvatlanishlari uchun islom askarlariga tarqat. Agar musulmon bo‘lgan esang, islom va musulmonlikning yaxshiligini istamog‘ing lozim» — deb buyurishi bilan u «ey Rasululloh, mening nimam qoldi o‘zi? Hammasini talon-taroj qildilar, menga eski bir bo‘yra ham qoldirmadilar» — dedi. Bunga javoban Payg‘ambar (Olloh saloti bo‘lsin): «Ko‘rdingmi, tuzalmading, qanday bo‘lsang, o‘shandaysan, o‘zgarmading. Men senga qancha moling borligini va uni qayerda saqlayotganingni, kimga berganingni, qayerga ko‘mib berkitganingni aytayinmi?» deb buyurishi bilan Abbos: «Xudo saqlasin!» dedi. Payg‘ambar: «Molingdan shunchasini onangga bermadingmi? Shunchasini falon devorning tagiga ko‘mmadingmi? Va unga (onangga): Agar qaytsam menga topshirasan, qaytmasam bunchasini falon ish uchun sarflaysan, bunchasini falonchiga berasan, bunchasi esa seniki bo‘ladi» — deya batafsil vasiyat qilmaganmiding?» — deya buyurdi. Abbos bularni eshitishi bilan shahodat barmog‘ini ko‘tardi va sadoqat bilan iymon keltirdi-da, «Ey Payg‘ambar! Haqiqatan men seni ham eski maliklar Xoman, Shaddod va Namrudlar kabi faqat dunyoviy bir davlatning sohibi deb bilardim. Bularni buyurgan vaqtingda mazkur davlatni gizli, ilohiy va rabboniy bir davlat ekanligi anglashildi» — dedi.

Mustafo (Ollohning rahmati va barakoti bo‘lsin): «To‘g‘ri gapirding: Bu safar ichingdagi shubha zunnorlarining uzilganini his qildim, sasi qulog‘imga keldi. Mening ruhim ichkarisida gizli bir qulog‘im bor. Kimki shubha, shirk va inkor zunnorini parchalasa, men shu gizli qulog‘im bilan u sasni eshitaman, chunki uzulganda chaqqan sas mening ruh qulog‘imga yetadi. Endi sen haqiqatan ham to‘g‘ri bo‘lding va iymon keltirding» — deb buyurdi.



Mavlono buning tafsirida shunday dedi: Men buni Amir parvonaga (uning o‘zi uchun) aytdim: «Sen avval, musulmonlikning boshi bo‘lding va «Islomning abadiyligi va musulmonlarning ko‘payishi uchun fikrimni, tadbirimni, hatto o‘zimni fido qilayin» deding. O‘z fikringga ishonib, Xudoni ko‘rmay qolganing va barcha narsani Olloh Taolodan bilmaganing uchun, Tangri sening butun sa’y-harakatlaringni islomning kuchsizlanishiga sabab qildi. Sen tatar bilan birlashding. Holbuki, shu tarzda Shomliklar va Misrliklarni yo‘q qilmoq va islom viloyatlarini qirib tugatmoq ishiga yordam bergan bo‘lib chiqyapsan. Natijada islomning manguligiga sabab bo‘lgan narsa ushbu vaziyatda uning zaiflanishiga omil bo‘lmoqda. Shuning uchun bunday ahvolda yuzingni Aziz va Jalil bo‘lgan Ollohga o‘gir. O‘zingni yomon vaziyatdan qutqarmoq niyatida sadaqa ber. Undan (Ollohdan) umidingni uzma, Olloh seni unday bir toatdan bunday bir isyonga tushirib qo‘yibdi. Sen esa bu toatni «o‘zimdan» deb o‘ylading va shuning uchun ham gunokor bo‘lding. Endi bu gunohkorliging bilan ham umidingni uzma, yolbor. U sening toatingdan isyon yaratgani kabi isyoningdan ham toat yaratmoqqa qodirdir.
Download 15,17 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©www.hozir.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling

kiriting | ro'yxatdan o'tish
    Bosh sahifa
юртда тантана
Боғда битган
Бугун юртда
Эшитганлар жилманглар
Эшитмадим деманглар
битган бодомлар
Yangiariq tumani
qitish marakazi
Raqamli texnologiyalar
ilishida muhokamadan
tasdiqqa tavsiya
tavsiya etilgan
iqtisodiyot kafedrasi
steiermarkischen landesregierung
asarlaringizni yuboring
o'zingizning asarlaringizni
Iltimos faqat
faqat o'zingizning
steierm rkischen
landesregierung fachabteilung
rkischen landesregierung
hamshira loyihasi
loyihasi mavsum
faolyatining oqibatlari
asosiy adabiyotlar
fakulteti ahborot
ahborot havfsizligi
havfsizligi kafedrasi
fanidan bo’yicha
fakulteti iqtisodiyot
boshqaruv fakulteti
chiqarishda boshqaruv
ishlab chiqarishda
iqtisodiyot fakultet
multiservis tarmoqlari
fanidan asosiy
Uzbek fanidan
mavzulari potok
asosidagi multiservis
'aliyyil a'ziym
billahil 'aliyyil
illaa billahil
quvvata illaa
falah' deganida
Kompyuter savodxonligi
bo’yicha mustaqil
'alal falah'
Hayya 'alal
'alas soloh
Hayya 'alas
mavsum boyicha


yuklab olish