Dunyoviylik-dahriylik, diniylik-mutaassiblik degani emas”



Download 28,08 Kb.
Sana25.02.2022
Hajmi28,08 Kb.
#462288
Bog'liq
2-mavzu. Dunyoviylik


Dunyoviylik-dahriylik, diniylik-mutaassiblik degani emas”
Super User Markaz yangiliklari 10 April 2021
DUNYOVIYLIK VA DINIYLIK MASALASIGA
TARIXIY YONDASHUV:
Mirzo Ulug‘bek va Ali Qushchi misolida
Annotasiya: O‘rta asrlar Gʻarbida cherkovning ilm-fan taraqqiyotiga jiddiy qarshilik ko‘rsatgani va olimlarning inkvizisiya qilingani hamda ma’rifatparvarlik harakatining hosilasi o‘laroq Gʻarbiy Yevropada har qanday dindan bezish, diniylikni butunlay inkor etish g‘oyasi asosida ateizm, indifferentizm va sekulyarizm g‘oyalari shakllandi.
Diniy qadriyatlarga nisbatan agressiv ateistik mafkura tuzumi davrida dunyoviylik va diniylik bir-biriga qarama-qarshi qo‘yildi. Hozirda esa rivojlangan demokratik davlatlarda bunday qarash tamomila o‘zgargan. Sekulyarizm diniylikka zid qo‘yilmaydi, hech bir e’tiqod inkor etilmaydi, balki har qanday diniy e’tiqodga tabiiy-ijtimoiy fenomen sifatida qaraladi, millati va fuqaroligidan qat’i nazar barcha uchun vijdon erkinligi qonun bilan kafolatlangan.
Musulmon Sharqida, xususan, Movarounnahrda faoliyat olib borgan olimlar dunyoviy va diniy ilm-fan sohalarida, ularni bir-biriga zidlab qo‘ymay ijod qilib asarlar yozdilar. Bu ijod mahsuli olimning yaxlit bir ongi, tafakkuri, qalbining hosilasi edi. Ular dunyo ilm-fanida ustoz bo‘lishdi, ularning o‘lmas, zavol bilmas asarlari bugungi jahon ilm-fani taraqqiyotiga asosiy zamin bo‘ldi. 
Maqolada olimlar ijodi va ularning asarlarini ilmiy tadqiq qilish jarayonida autentik yondoshuv taklif etilib, Mirzo Ulug‘bek va Ali Qushchi misolida tahlil qilinadi. Dunyoviylik – bu dahriylik degani emas. Din va diniy e’tiqod butunlay rad etiladigan hayot qanday g‘ayriinsoniy ko‘rinishga ega ekanini biz kechagi tariximiz misolida yaxshi bilamiz. Afsuski, bu haqiqatlarni bugun hamma ham birdek anglamoqda, deya olmaymiz. Kimdir “dunyoviylik” shiori ostida dinni “qotib qolgan aqidalar va eskilik sarqiti”, deb talqin qilib, o‘z diniy qadriyatlariga amal qilayotganlarni mutaassiblikda ayblasa, yana kimdir “diniylik” shiori ostida dunyoviylikni “dahriylik”, deb talqin qilib, dunyoviy tamoyillarga amal qilayotganlarni dinsizlikda ayblaydi.
Xo‘sh, bu masala milliy tariximizda, ajdodlarimizning boy, bebaho ilmiy meroslarida qanday o‘z aksini topgan? Ya’ni, ularda dunyoviylik va diniylik o‘rtasida “xitoy devori” mavjud edimi?
O‘rta asr musulmon sharqi olimlarining muvaffaqiyati sabablaridan biri ulardagi diniy va dunyoviy tafakkur uyg‘unligidir. Buni nimada ko‘rish mumkin? Avvalo, o‘rta asrlarda Movarounnahrda faoliyat olib borgan olimlar ham diniy, ham dunyoviy ilm-fan sohalarida, ularni bir-biriga zidlab qo‘ymay ijod qilib asarlar yozdilar. Chunki, bu ijod mahsuli olimning yaxlit bir ongi, tafakkuri, qalbining hosilasidir. Shu sababli ular dunyo ilm-fanida ustoz bo‘lishdi, ularning o‘lmas, zavol bilmas asarlari bugungi jahon ilm-fani taraqqiyotiga asosiy zamin bo‘ldi.
Aslida ilmni diniy va dunyoviy deb tasnif qilish shartli bo‘lib, ular ikki qarama-qarshi tomon emas, balki bir birini to‘ldiruvchidir. Ma’lumki, Qur’on tafsiri, hadis, aqida (kalom), fiqh, tasavvuf kabilarni diniy ilm deb; kimyo, fizika, matematika kabilarni esa dunyoviy fan deb ajratish keyingi davrda urf bo‘ldi. Biroq har ikkalasida ham asosiy bosh maqsad inson manfaati bo‘lib, jamiyat taraqqiyoti masalalarini o‘z ichiga olgan. Din sosiopsixologiyasi mutaxassislari tomonidan jamiyatdagi diniylik va dunyoviylik muhiti ilmiy tahlil va tadqiq etilsa, muayyan ilmiy asoslangan xulosalar va tavsiyalar berilsa maqsadga muvofiq bo‘lar edi.
Avvalo, turli dinlarning ta’limotlaridagi diniylik va dunyoviylikka bo‘lgan munosabatni hamda ilmlar tasnifini ko‘rib chiqsak.
Janubi Sharqiy Osiyo diniy ta’limotlariga ko‘ra dunyo inson ruhiga nisbatan go‘yo qafas misoli tasvirlanib, u barcha musibatlarning sababchisi, deb talqin etiladi. Inson nirvanaga – abadiy sokinlik rohatiga yetishish uchun o‘zini ko‘proq qiynashi, tanasini uqubatga qo‘yishi, dunyodan, undagi barcha lazzatlardan voz kechishi talab etiladi.
O‘rta asrlar g‘arbida cherkovning hokimiyatni egallab, ilm-fan taraqqiyotiga jiddiy qarshilik ko‘rsatishi, olimlarning inkvizisiya qilinishi, keyinchalik, ma’rifatparvarlik harakati hosilasi o‘laroq g‘arbiy yevropada har qanday dindan bezish, diniylikni butunlay inkor etish g‘oyasi asosida ateizm, indifferentizm, sekulyarizm g‘oyalari shakllandi.
Sobiq sovet ittifoqi davridagi dinga agressiv ateistik hujum natijasida dunyoviylik diniylikka qarama-qarshi qo‘yildi.
Hozirda rivojlangan demokratik davlatlarda esa, bunday qarash tamomila o‘zgargan. Sekulyarizm – dunyoviylik diniylikka zid qo‘yilmaydi, hech bir e’tiqod inkor etilmaydi, balki har qanday diniy e’tiqodga tabiiy-ijtimoiy fenomen sifatida qaraladi, millati va fuqaroligidan qat’i nazar barcha uchun vijdon erkinligi qonun bilan kafolatlangan.
Islom dini manbalarida “diniy va dunyoviy” ilm yoki diniylik va dunyoviylik tarzida emas, balki “dunyo va oxirat” tushunchalari ko‘pincha yonma-yon uchraydi hamda dunyo va oxirat hayoti yoki ne’matining turi jihatidan tasniflanib, “dunyoviy va uxroviy” tarzida turlanadi.
Bunda diniy va dunyoviy turga emas, balki bu dunyodagi hayot va undan keyingi oxiratdagi hayot to‘g‘risida bo‘lib, zamon va makon jihatidan tasniflanadi, o‘zaro zidlanmaydi. Masalan, Baqara surasining 200-201-oyatlarida: “Odamlardan ba’zilari: «Robbimiz, bizga bu dunyoda bergin», – deydir va oxiratda unga nasiba yo‘qdir. Va ulardan ba’zilari: «Robbimiz, bizga dunyoda ham yaxshilik, oxiratda ham yaxshilik bergin va bizni olov azobidan saqlagin», – deydir.” Zuho surasining 4-oyatida: “Va albatta oxirat sen uchun bu dunyodan yaxshidir.” A’lo surasining 16-17-oyatlarida: “Balki dunyo hayotini afzal ko‘rarsizlar? Ammo oxirat yaxshi va boqiydir.”
Hadislarda ta’kidlanishicha, «Kim dunyoni xohlasa tijorat qilsin, kimki oxiratni xohlasa zohid bo‘lsin va kimki ikkisini ham xohlasa ilm bilan shug‘ullansin». “Alloh kimga yaxshilikni ravo ko‘rsa, uni dinda faqih (ilmli) qilib qo‘yadi”. “Dunyo ishlaringizda o‘zingiz ilmliroqsiz”. “Islomda tarki dunyo qilish yo‘q”.
Hadislarda bayon etilgan duolarda “dinda, dunyoda va oxiratdagi afv-ofiyatni” so‘rash, istixora duosida “dinim va dunyoimda yaxshilik bo‘lsa” kabi iboralar qo‘llangan. Shuningdek, “foydali yoki laduniy ilm” so‘ralib, “befoyda ilm”dan esa, panoh so‘ralgan.
Mazkur hadis va oyatlarda yo dunyo, yo oxiratdan birini tanlash, ikkinchisini tark etish taklif etilmay, balki kategoriyalashtirilib afzalligi bayon qilinmoqda.
Shuningdek, ixtiyoriy yoki majburiyligi jihatidan ham farzi ayn ilm (barchaga majburiy) va farzi kifoya ilm (barchaga ixtiyoriy, ayrimlarga majburiy) shaklida ham tasniflanadi. Masalan, tibbiyot ilmi – farzi kifoya ilm, ya’ni barchaga ixtiyoriy, ammo tabib uchun esa farzi ayn, ya’ni majburiydir. Shu kabi, ibodat va shaxsiy-ijtimoiy munosabatlarga oid boshlang‘ich bilimlarni bilish barcha uchun minimal zaruriy (farzi ayn) bo‘lib, chuqur bilimga ega bo‘lish esa ixtiyoriy (farzi kifoya). Ammo, shu soha mutaxassislarining puxta bilimga ega bo‘lishlari maksimal zaruriy (farzi ayn). Demak, tabib uchun tibbiyot ilmi ikkinchi darajali shunchaki “dunyoviy” emas, balki diniy talab hamdir.
Sharq allomalarining ilmlarni turlash, tasniflash borasidagi asarlariga ham bir nazar solsak. Jumladan, Forobiyning “Hudus al-ulum” (Ilmlarning kelib chiqishi), Xorazmiyning “Mafotih al-ulum” (Ilmlar kalitlari) va Ibn Sinoning “Aqsom al-ulum al-aqliyya” (Aqliy ilmlarning qismlari). Abu Nasr Forobiy (870-951) mazkur asarida ta’kidlashicha, barcha ilmlarning kelib chiqishi quyidagicha javhar va arazga, ya’ni substansiya va aksidensiyaga nisbatan bo‘lgan munosabatga bog‘liq. 1. Sonlar ilmi – arifmetika (substansiyaning bo‘linishi)
2. O‘lchov ilmi – geometriya (substansiya shaklini o‘lchash)
3. Yulduzlar ilmi – astronomiya (substansiya harakatini qiyoslash)
4. Tovushlar ilmi – musiqa (substansiyaning ovozi)
5. Tabiat ilmi – fizika, kimyo (substansiyaning o‘zgarishi)
6. Ilohiyot ilmi
Bularni anglash uchun
1. Lug‘at ilmi
2. Grammatika
3. Mantiq ilmi
4. She’riyat ilmi (ABU NASR FOROBIY., 2016:269)
“Ilmlarning eng keskin bo‘linishi quyidagicha:
1) osmon haqidagi ilm;
2) osmon ostidagi narsalar haqidagi ilm;
3) osmondan tashqarida bo‘lgan narsalar haqidagi ilm (ABU NASR FOROBIY., 2016:278).”
Abu Abdulloh Al-Xorazmiy (Vafoti 997) mazkur asarida ilmlarni quyidagicha tasniflaydi: I. Arab ilmlari: fiqh, kalom, grammatika, ish yuritish, she’riyat, tarix.
II. Arab bo‘lmagan ilmlar: nazariy va amaliy falsafa
2.1. Nazariy falsafa:
2.1.1. Quyi ilm – tibbiyot va tabiat (medisina, meteorologiya, mineralogiya, kimyo, fizika);
2.1.2. O‘rta ilm – riyoziyot (arifmetika, geometriya, astronomiya, musiqa);
2.1.3. Oliy ilm – ilohiyot;
2.1.4. Mantiq.
2.2. Amaliy falsafa:
2.2.1. Axloq (odamni boshqarish);
2.2.2. Ro‘zg‘or (oilani boshqarish);
2.2.3. Siyosat (mamlakatni boshqarish). (BAHODIROV R., 1995:144)
Shuningdek, Ibn Sino (980-1037) ham o‘zining mazkur asarida ham o‘z davri an’anasiga ko‘ra huddi Xorazmiydek tasnif qiladi va ularni “aqliy ilmlar” deb nomlaydi (BAHODIROV R., 2012, 1:14). Chunki, ilmlarni “naqliy va aqliy” deb tasniflash ham mavjud edi. VIII-IX asrlarda islomiy ilmlar (naqliy ilmlar) bilan bir qatorda, aniq fanlar (aqliy ilmlar) o‘qitilar edi.
Shuningdek, Abu Homid Muhammad Gʻazzoliy (v.1111) tomonidan ilmlar shar’iy-mahmud (maqtalgan) hamda noshar’iy: mahmud (maqtalgan) va mazmum (qoralangan) deb tasnif qilgan. (XIDIRALIYEV H., 2019:18)
Samarqanddagi Ulug‘bek madrasasida Qozizoda Rumiy, Mirzo Ulug‘bek, Shamsiddin Muhammad Havofiy, Gʻiyosiddin Jamshid Koshiy, Alouddin Ali Qushchilar aniq fanlar (ilmi aqliya) dan dars berganlar. Tafsir, hadis, fiqh, mantiq, adabiyot va tilshunoslikdan Fazlulloh Abulaysiy, Abulqosim Samarqandiy, Abdurahmon Jomiylar dars berganlar (DOLIMOV U, 19.12.2016).
Demak, musulmon sharqida diniy va dunyoviy ilm yoki diniylik va dunyoviylik asosidagi hayot tarzi o‘zaro ajratilmagan, o‘rtasiga to‘siq qo‘yilmagan, bir-biriga zidlanmagan. Balki uyg‘un shaklda, bir butun yaxlitlik shaklida talqin etilgan davrlarda ilm-fanda ham, ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotda ham doimo yuksalish bardavom bo‘lgani tarixiy haqiqatdir.
Bugun olimlar ijodi va ularning asarlarini ilmiy tadqiq qilish jarayonida autentik yondoshuvni asos qilib olishimiz maqsadga muvofiq bo‘ladi. Xo‘sh, bu qanday yondoshuv? Ma’lumki, biror tarixiy davr yoki shaxs haqida tadqiqot qilinganda o‘sha davr ko‘zi bilan qarash, o‘sha shaxs qarashlarini o‘z davri muhiti nuqtai nazaridan o‘rganish ob’yektiv xulosalar chiqarishga imkon beradi. Mana shunday yondoshuv hozirda g‘arb tadqiqotlarida ko‘p uchraydigan inglizcha “authentic” (asl, original, ishonchli) deb yuritilmoqda.
Markaziy Osiyo hududlariga islom dini kirib kelishi bilan nafaqat e’tiqod, balki butun islom madaniyati, ma’rifati, ilm-fani, bir so‘z bilan, yangi sivilizasiya rivoj topdi.
Musulmon sharqida VIII-X asrlar ilm-fan taraqqiyotining eng gullagan bosqichi bo‘lgan bo‘lsa, keyinchalik o‘rta asrlarda, ayniqsa, temuriylar davrida Movarounnahr va Xurosonda ilm-fan taraqqiyoti yangi rivojlanish pallasiga ko‘tarildi (PALVANOV O’., 2019:2).
Afsuski, sobiq ittifoq tuzumi davrida allomalarimiz hayoti va ijodi, tarixiy faktlar buzib, haqiqatdan yiroq tarzda talqin qilindi.
Masalan, temuriylardan Mirzo Ulug‘bek nomi dindan yuz o‘girib, ilm-fan bilan shug‘ullangani uchun reaksion ulamolar tomonidan tazyiq va ta’qibga uchragan, oxiri hajga yuborish bahonasida mashhur tasavvuf shayxi Xoja Ahror Valiy “ig‘vosi” natijasida o‘ldirtirib yuborilgan hukmdor sifatida talqin qilib kelindi.
Akademik Ahmadali Asqarov shunday yozadi: “Ulug‘bek shaxsiy hayotida ham, siyosiy faoliyatida ham islom dini aqidalariga yopishib olgan o‘z otasi Shohruxdan tamomila boshqacha yo‘l tutdi. Shohrux Hirotda din peshvolari bilan o‘ralashib qolgan, har haftaning juma kuni muntazam ravishda masjidga borib nomoz o‘qigan, man etilgan bazmlarni qattiq ta’qib qilgan bir sharoitda Ulug‘bek Samarqandda olimlar va shoirlar doirasida bo‘lib, ko‘pincha din aqidalariga zid ish qilar edi” (ASQAROV A., 1971. 1:219).
Temur va Ulug‘bekning Qur’oni karimni to‘liq yod olgani, fiqhiy hukm chiqara olish darajasida yaxshi bilgani ma’lum. Xudojo‘y hukmdor Shohruxning farzandi Ulug‘bek dahriy bo‘lishi mumkin emas (AHMAD MUHAMMAD, 2018).
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf shunday yozgan edi: “Kechagina “Ulug‘bek Islomga butun vujudi bilan qarshi bo‘lgan, u “din tumandek tarqalib ketadi”, deb aytgani uchun zolim Xoja Ahror boshliq johil ruhoniylar uning o‘limiga sabab bo‘lganlar” deb, “ilmiy haqiqat” ni turli vosita, hatto badiiy asarlarda targ‘ib qilayotganlar bugun “Ulug‘bek chin musulmon bo‘lgan, Qur’onni yaxshi yod bilgan, fiqhni a’lo darajada o‘zlashtirgan”, deyishmoqda” (SHAYX MUHAMMAD SODIQ, 2000:51-52). Movarounnahrning atoqli tarixchilaridan Mirxondning “Ravzatus-safo” (Pokiza bog‘) asarida Ulug‘bekning komil musulmon bo‘lgani, shar’iy ahkomlarni og‘ishmay bajargani, diniy ulamolarga har jihatdan yordam ko‘rsatgani batafsil ochib berilgan.
1964 yilda Maqsud Shayxzoda ssenariysi asosida tasvirga olingan “Ulug‘bek yulduzi” filmida Mirzo Ulug‘bek (1394 - 1449) va Ali Qushchining (1403-1474) ilmiy faoliyatini yoritishda ularning buyuk olim, astronom va matematik bo‘lgani, shuningdek, ateistik mafkuraga “bo‘ysuntirilib”, dahriyona fikrlagan, dinga qarshi bo‘lgan, atrofdagi dindorlar esa dunyoviy ilm-fanga qarshi o‘ta konservativ va taraqqiyotga butunlay qarshi bo‘lgan qilib bo‘rttirib ko‘rsatilgan.
Nafaqat kino sanoatida va yozma asarlarda, hatto ilmiy tadqiqotlarda ham o‘rta asrlardagi ilm – diniy va dunyoviy, ya’ni, biri agressiv, “salbiy” – tarqqiyotga qarshi, ikkinchisi esa aksincha progressiv, “ijobiy” – tarraqiyotga chorlaydigan ilm shaklida tasniflangan. Dunyoviylikka muqobil ravishda dindor va din peshvolari mutaassib tarzda talqin etilgan. Binobarin, bunday biryoqlamalikning o‘zini ham mutaassibona yondoshuv, deb baholash mumkin. Maqsadimiz tarixga “tosh otish” emas, balki bu kabi noxolis, sub’yektiv yondoshuvlarga chek qo‘yib, autentik yondoshuv asosida asl manbalarga e’tiborni qaratishdan iborat.
Tarixiy faktlar mazkur filmning ssenaristi va rejissyoriga ma’lum bo‘lgan, ammo davlat mafkurasi ancha kuchli ekan, Mirzo Ulug‘bek, Ali Qushchi va uning atrofidagi olimlar ateistik mafkura shaklida to‘qilgan afsonalarga o‘rab ko‘rsatildi.
Bu o‘tmishda tabiiy hol edi. Undan saboq olishimiz uchun uni nafaqat tanqid, balki anglab yetishimiz maqsadga muvofiqdir. Aynan shunday yondoshuv va talqinlarning bizgacha yetib kelgan bugungi asoratlariga e’tibor qaratsak. Bu esa, tarixiy davrdagi vaziyat zamonaviy ilmlarni tasniflashda va tavsif etishga ta’sir etayotganini ko‘rsatmoqda. Shu joyda haqli savollar tug‘iladi: 1. Mirzo Ulug‘bek va Ali Qushchi ilmlarni biz kabi “dunyoviy” va “diniy” deb tasnif etganmi yoki bularni umuman farqlamaganmi yoki ajratgan bo‘lsa ham, orasiga bugungi kabi ulkan “devor” yasaganmi?
2. Bugungi tadqiqotlarda gap aynan o‘rta asr haqida ketayoganini unutib qo‘ymayapmizmi?
3. Tasniflarni aynan o‘sha davrdagi tushunchalar asosida, ya’ni ilmiy istiloh bilan aytganda, autentik tarzda tushunayapmizmi?
4. Axir, alloma ijodi – uning yaxlit bir tafakkurining mahsuli emasmi? Nahotki, “dunyoviy” va “diniy” mavzudagi asarlar motivasiyasi butunlay ayro bo‘lsa?
Endi mana shu kabi savollarga Mirzo Ulug‘bek va Ali Qushchi misollarida javob izlasak.
Mirzo Ulug‘bek va uning shogirdi, “farzandi arjumandi” (shunday atagan) Ali Qushchi kabi u bilan rasadxonada faoliyat yuritgan olimlar taraqqiyparvar insonlar edi. Zero, ular nafaqat astronomiya, matematika va boshqa tabiiy fanlar, balki islom ilmlari bilan ham shug‘ullangan. (MAKHSUDOV, 2019:31)
Tarixiy faktlarga murojaat qilsak, deyarli bir vaqtning o‘zida Samarqand, Buxoro va Gʻijduvonda Ulug‘bek 3 ta madrasa barpo etgan. Ularda diniy fanlar bilan birga dunyoviy fanlar ham o‘qitilgan. Samarqandda 1417-1420 yillarda qurdirgan (tarkibida masjid ham bo‘lgan) ushbu madrasa Markaziy Osiyoda bugunga qadar saqlanib qolgan eng qadimgi o‘quv yurtlaridan biri. Unda Mirzo Ulug‘bek, Ali Qushchi va boshqa yirik olimlar dars bergan. Ushbu madrasa ro‘baro‘sida tasavvuf ahllari uchun bir xonaqoh ham qurdirgan. Hozirda uning o‘rnida Samarqand hokimi Yalangto‘sh Bahodir 1619-1636 yillarda qurdirgan Sherdor madrasasi joylashgan.
Abdurazzoq Samarqandiy ma’lumotiga ko‘ra, uning ochilish marosimida Mirzo Ulug‘bek o‘zi shaxsan ishtirok etib, o‘qigan birinchi ma’ruzasi aynan kalom ilmi masalalariga bag‘ishlangan edi. Bu – filmning 4 daqiqalik lavhasida ham o‘z aksini topgan va ateistik talqin qilingan.
Musulmonlar ommasiga murojaat qilar ekan, Ulug‘bek islom ta’limotidagi aqidaviy masalalardan bo‘lmish qazo va qadar, adolat, bandaning amaliga oid quyidagi savollarni o‘rtaga tashlaydi va ularni o‘zi izohlaydi, Qur’oni karimdan asoslovchi dalil keltiradi. Jumladan,
1. Inson asl haqiqat qonuniyati bilan yashashi kerak emasmi? 
2. Inson burchi – bu mehnat qilib, samarasini ko‘rishdan iborat emasmi ?
3. Musulmon o‘tkir nazar va sezgir eshitish qobiliyatiga ega bo‘lishi lozim. Aks holda dunyoni anglab, ne’matlaridan bahramand bo‘la olmaydi.
4. Barcha tirik narsa doimiy rivojlanish va harakatdadir. Demak, inson aqli ham bir joyda turib qolmay, o‘zgarib boradi. Shuning uchun Qur’onni aql ila idrok qilmoq darkor, biryoqlama talqin qilish mumkin emas. Xalqlar, qudratli davlatlar, ularning hukmdorlari, insoniyat qonuniyatlari, hatto osmondagi yulduzlar ham, barcha narsa hayotda o‘zgarib boradi. Haqiqatga hech bir yolg‘on xavf sola olmaydi. (Qarang: “Ulug‘bek yulduzi” filmidan, 63-daqiqa.)
Mazkur tarixiy fakt Ulug‘bekning islom ilmlaridan ham xabardor bo‘lganini ko‘rsatadi. Quyidagi ma’lumot esa, nafaqat xabardor, balki chuqur anglaganinidan dalolat beradi.
Ulug‘bekning ustozlaridan biri Gʻiyosiddin Jamshid Koshiy (v.1429) Samarqanddan Koshondagi o‘z otasiga 1417 yilda yozgan maktubida Ulug‘bekni shunday ta’riflaydi:
«Allohga va ne’matlariga ko‘p shukrlar bo‘lsunkim, yetti iqlimning farmonbardori islom podshohi donishmand kishidurlar. Men¬ bu narsani odob rasmi yuzasidan aytayotganim yo‘q. Haqiqat shuki, avvalo u kishim Qur’oni karimning aksariyat qismini yoddan bi¬ladilar. Tafsirlarni va mufassirlarning har bir oyat haqidagi so‘zlarini aqli¬¬¬da saqlaydilar va yoddan bi¬ladilar... Arab tilining nahv va sarfini yaxshi bila¬di¬lar va arabchada g‘oyat yaxshi yozadilar. Shuningdek, u ki¬shim fiqhdan ancha xabar¬dor¬lar: mantiq, ma’no-lar¬ning bayoni va usullaridan ham xabardorlar”.
Nima uchun Ulug‘bek aynan astronomiyani chuqur o‘rganishga buncha g‘ayrat qildi? Avvalo, uning bolaligida bobosi Amir Temur osmonga qarab, Zuhro yulduzini ko‘rsatib, “bu seni yulduzing”, deb aytganidan so‘ng unda qiziqish uyg‘ongan. Yunon faylasuflarining astronomiyaga oid asarlaridan, keyinchalik, Rumiy va Koshiylardan ta’sirlangan. Eng asosiysi, Qur’oni karimning Ra’d, Yosin, Rahmon, Nazi’at, Toriq va Buruj kabi suralaridagi ko‘plab oyatlarda osmon hamda yulduz, quyosh, oy kabi osmon jismlari va yer, ularning tuzilishi, harakati haqidagi ma’lumotlar Ulug‘bekka tanish bo‘lgan. Demak, ushbu oyatlar tafsirini anglash orqali osmon jismlarini ilmiy tadqiq etishga muvaffaq bo‘lgan.
Abu Tohirxoja Samarqandiyning “Samariya” asarida Ulug‘bekning Samarqandda muhtasham madrasa va jome’ masjidi qurdirgani haqida yozgan.
“Boburnoma”da keltirilishicha, Ulug‘bek madrasasining janubida “Muqatta’” nomli bir masjid ham solgan, unga o‘z davrining ulug‘ olimi Qozizoda Rumiyni bosh mudarrislikka tayinlagan, ushbu madrasada dars berish uchun Koshoniy, Ali Qushchi kabi zabardast olimlar taklif etilgan. Xoja Ahror “taraqqiyot dushmani”, “Ulug‘bekka qarshi chiqqan shaxs”, “reaksion din arbobi” sifatida va Ulug‘bekning o‘ldirilishida ayblangan. Buni dastlab akademik Bartold boshliq sharqshunoslar boshlab bergan bo‘lsa, keyinchalik o‘zimizdan chiqqan Qori-Niyoziy davom ettirgan.
Xoja Ahror Valiyning avlodlaridan Kattaxonxoja Dahbediy (1868 – 1969) qarshi chiqqan va O‘zbekiston Fanlar akademiyasi rahbariyatiga xat yozgan hamda akademik Qori-Niyoziy juda katta tarixiy xatoga yo‘l qo‘yayotganini izhor etgan.
Xoja Ahror va Mirzo Ulug‘bek bir-birlari bilan uchrashishmagan. Xoja Ahror xalqqa tanilganidan keyin Samarqandga birinchi marta 1450 yilda kelgan. Bu paytda Ulug‘bek va Abdullatif vafot etgan edi. Shu dalilning o‘zi hazrati Xoja Ahrorning Ulug‘bek fojiasiga umuman aloqalari bo‘lmaganini isbotlab turibdi.
Yana bir katta insofsizlik shuki, ayrimlar Ulug‘bekning qatlini uning observatoriya qurdirgani, astronomiya bilan shug‘ullanganiga bog‘lashadi. Bu da’voda ham hech bir asos yo‘q! Islom ilm-fanga, taraqqiyotga zid emas. Musulmon olamida Ulug‘bekdan oldin ham, keyin ham falakiyot bilan shug‘ullanilgan, rasadxonalar qurilgan. Eng qizig‘i, Xoja Ahror qurdirgan va So‘zangaron ko‘chasida joylashgan madrasaning devoriga tutash hovli Ulug‘bekning eng yaqin shogirdi Ali Qushchiga tegishli bo‘lgan.
Xullas, uzoq yillar mobaynida Mirzo Ulug‘bekka nohaq taqilgan dahriylik tamg‘asini olib tashlash uchun isbot-dalil axtarib yurishning hojati ham yo‘q. Mirxond, Davlatshoh Samarqandiy, Abdurrazzoq Samarqandiy, Abu Tohirxoja, Muhammad Haydar, Xondamir kabi insofli tarixchilarimizning asarlariga xolis murojaat qilinsa, kifoya!
Mirzo Ulug‘bekning izdoshi Ali Qushchi (1403-1474) ham Sharq-u Gʻarbda nafaqat matematik va astronom sifatida tanilgan olim, balki ilm-fan sohasining turli yo‘nalishlarida salmoqli ijod qilgan, tadqiqot va ta’lim sohasida nazariy va amaliy jihatdan samarali faoliyat yuritgan tom ma’nodagi qomusiy allomadir. U arab va fors tillarini mukammal bilgan, ularda o‘z zamonasining deyarli hamma fanlari bo‘yicha qalam tebratgan zukko olim bo‘lgan (OKILOV., 2019:2).
O‘zbekistondagi islom sivilizasiyasi markazining asosiy vazifalaridan biri – “jahon ilm-fani tarixida o‘chmas iz qoldirgan Ali Qushchi kabi olim va mutafakkirlar merosining tarixiy va zamonaviy sivilizasiya taraqqiyotidagi o‘rni va ahamiyatini chuqur ochib berish” dan iboratdir.
Ali Qushchi 1474 yilda olamdan o‘tgan va Istambuldagi mashhur va moʻtabar sanalgan Abu Ayyub Ansoriy qabristoniga dafn etilgan. Kirish qismida marmar toshga «Ali Qushchi – ilm insoni» so‘zlari o‘yib yozilgan.
Ali Qushchining hayotini yoritishda u yashagan davrdagi ilmiy va siyosiy muhit borasida so‘z yuritish muhimdir. Bunda quyidagi jihatlar oydinlashadi:
• Ali Qushchi hamda o‘z zamonasidagi amir va sultonlar o‘rtasidagi aloqalar;
• Amir va sultonlarning olimlarga, xususan, Ali Qushchiga bo‘lgan munosabati; • Siyosatning ilm va olimlarga bo‘lgan ta’siri.
Ushbular xususida so‘z yuritish asnosida hukmdorlarning ijobiy siyosati bilan olimlar fikriy-g‘oyaviy aks-sadosining ko‘lami ma’lum bo‘ladi.
Qaysi olim inson qanday hukmdor bilan yashab, ijod qilib, asar yoza oladi? Quyida ikki misol:
1) Ilm-fanga va tadqiqotchi olimlarga shijoat va rag‘bat, e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatgan Mirzo Ulug‘bekdek va Sulton Muhammad Fotih ikkinchi kabi hukmdorlar misoli.
2) Ilm va olimlarga e’tibor ham bermay, balki ularga qarshilik ko‘rsatish pozisiyasida (mavqifida) bo‘lgan Abdulatif (Ulug‘bek o‘g‘li) kabi hukmdorlar misoli.
Mazkur ikki misol Ali Qushchi hayoti bilan bog‘liq edi. Unga katta ta’sir ko‘rsatgan, hayotida chuqur iz qoldirgan ushbu davr xususida so‘z borar ekan, Ali Qushchining ilmiy salohiyatiga temuriylar va usmoniylar davri madaniyati qanday ta’sir ko‘rsatganligi namoyon bo‘ladi.
1. Ali Qushchi yashagan davr va ikki davlat
2. Ali Qushchining ilmiy salohiyatiga davr madaniyatining ko‘rsatgan ta’siri.
Ali Qushchi yashagan davri 3 bosqich:
1) Temuriy hukmdorlar soyasida Samarqanddagi o‘smirlik va yoshlik davri.
2) Movarounnahrda temuriyzodalar o‘rtasidagi siyosiy beqarorlik davri.
3) Usmoniylar davlati soyasida Sulton Muhammad Fotih ikkinchi davri.
Ali Qushchi aniq, tabiiy va ijtimoiy fanlarga oid asarlar bilan bir qatorda tafsir, fiqh va aqoid (kalom) kabi islom ilm-fanlariga oid asarlar ham yozganligi haqida manbalarda, oz bo‘lsa-da, ba’zi ma’lumotlar keltirilgan. Uning hozirga qadar ma’lum bo‘lgan jami 30 ga yaqin asarlarini mazmunan uch sohaviy guruhga tasniflash mumkin: aniq fanlarga, mantiq va tilshunoslikka hamda islom ilmlariga oid asarlari.
Ali Qushchi ham ash’ariy, mu’tazila va shialik aqidasiga, ham hanafiy fiqhiga oid turli mazhabga doir, mashhur katta olimlar asarlariga sharh va raddiyalar yozgan. Aqida, tafsir va fiqh kabi islom ilmlari hamda mantiq, aniq va tabiiy fanlarga oid fundamental ilmiy-amaliy tadqiqotlar qilgani, uning naqadar har tomonlama zabardast alloma ekanidan dalolat beradi.
Xulosa o‘rnida ta’kidlash joizki, zabardast allomalar ijodini kuzatar ekanmiz, unda ilm turlarini tasniflashdan ko‘zlangan maqsad ular o‘rtasini ajratish va zidlash bo‘lmaganining guvohi bo‘lamiz. Bugun diniy va dunyoviy, deya atalib, ba’zan o‘zaro zid qo‘yilayotgan bilimlar uyg‘un holda o‘rganilsa, ta’lim berish takomillashtirilsa, jamiyat uchun manfaatli har qanday ilmni Yaratganning insoniyatga in’omi va yaxlit irfon hosilasi deb bilgan Mirzo Ulug‘bek va Ali Qushchi kabi allomai zamonlar yana yaqin istiqbolda naslimizdan chiqsa, ne ajab...! Zero, dunyoviylik – dahriylik emas, diniylik – mutaassiblik emas.
Download 28,08 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©www.hozir.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling

kiriting | ro'yxatdan o'tish
    Bosh sahifa
юртда тантана
Боғда битган
Бугун юртда
Эшитганлар жилманглар
Эшитмадим деманглар
битган бодомлар
Yangiariq tumani
qitish marakazi
Raqamli texnologiyalar
ilishida muhokamadan
tasdiqqa tavsiya
tavsiya etilgan
iqtisodiyot kafedrasi
steiermarkischen landesregierung
asarlaringizni yuboring
o'zingizning asarlaringizni
Iltimos faqat
faqat o'zingizning
steierm rkischen
landesregierung fachabteilung
rkischen landesregierung
hamshira loyihasi
loyihasi mavsum
faolyatining oqibatlari
asosiy adabiyotlar
fakulteti ahborot
ahborot havfsizligi
havfsizligi kafedrasi
fanidan bo’yicha
fakulteti iqtisodiyot
boshqaruv fakulteti
chiqarishda boshqaruv
ishlab chiqarishda
iqtisodiyot fakultet
multiservis tarmoqlari
fanidan asosiy
Uzbek fanidan
mavzulari potok
asosidagi multiservis
'aliyyil a'ziym
billahil 'aliyyil
illaa billahil
quvvata illaa
falah' deganida
Kompyuter savodxonligi
bo’yicha mustaqil
'alal falah'
Hayya 'alal
'alas soloh
Hayya 'alas
mavsum boyicha


yuklab olish