Gadoiy ijodining ayrim badiiy xususiyatlari
Xalqimiz tomonidan ko‘p asrlar davomida yaratilgan madaniy boyliklar, san’at asarlari olimlarimiz tomonidan ilmiy jihatdan o‘rganila boshlandi. Shoirlarimiz yozib qoldirgan durdona asarlarini ko‘z qorachig‘idek ardoqlab saqlash, to‘plash, qidirib topish, ular ustida ilmiy tadqiqot ishlarini olib borish, ularni qayta-qayta nashr qilib keng xalq ommasini bahramand qilish, chinakkam xalq mulkiga aylantirish faqat bizning zamonamizdagina keng yo‘lga qo‘yildi. Gadoiy ham o‘zbek adabiyotining rivojiga hissa qo‘shgan, alohida o‘rganishga loyiq shoirlardan biri hisoblanadi. Gadoiy ijodini o‘rganish bilan S. G‘aniyeva, E. Rustamov, H. Sulaymonov hamda E. Ahmadxo‘jayev kabi olimlarimiz ish olib bordilar. Bizga shoir haqida ma’lumot, Alisher Navoiy asarlari orqaligina yetib kelgan. Shoirning g‘azallar devonining qo‘lga kiritilishi, Gadoiyning hayoti va adabiy merosini, ijodini atroflicha o‘rganish va keng ommaga yetkazish, uning o‘zbek adabiyoti tarixidagi munosib o‘rnini, qo‘shgan hissasini belgilash yuzasidan keng tadqiqot olib borish imkonini yaratdi’’1,, Gadoiyning she’rlari O‘zbekistonda birinchi bor 1965-yilda kitobxonlarga tanitilgan. Shu yil mashhur adabiyotshunos olima Suyuma G‘aniyeva tomonidan tayyorlagan Gadoiy qalamiga mansub elliktacha g‘azal kitobcha holida nashr qilingan edi. Shundan keyin Gadoiy devoni ikki marta to‘liq ravishda nashr qilindi’’2 Nashr qilish jarayonida dastlab hamd g‘azal va qasida kiritilmagan, ammo bu kamchilik ikkinchi nashrda to‘g‘irlandi. Gadoiy zullisonayn shoir deya e’tirof etiladi, ammo ba’zi adabiyotlarda bu fikrni inkor qilgan holatlar ham uchraydi. ,,Gadoiy devonidan joy olgan lirik merosning umumiy hajmi 1487 bayt yoki 2974 misrani tashkil etadi. Hamma she’rlar eski o‘zbek tilida yozilgan. Biz unda forscha she’rlarni uchratmadik’’3. Shoirning XVI asr boshlarida noma’lum kotib tomonidan ko‘chirilgan lirik she’rlar devoni -,,Devoni Gado‘’ bizgacha yetib kelganligi hamda uning Parijdagi ,,Milliy kutubxona’’ ning ,,Turk qo‘lyozmalari bo‘limi’’da 981 raqamli inventar ostida saqlanayotganligi haqida E. Bloshening katalogida xabar qilinadi. Faxriy Hirotiyning “Radoyif ul-ash’or’’ tazkirasidagi forsiy g‘azalidan keltirilgan parchani hisobga olmaganda, biz tazkiralarda, bayoz, risolalarda shoir Gadoiyning yana boshqa asarlari borligi to‘g‘risida hech qanday ma’lumotga ega emasmiz’’4. Gadoiyning forscha g‘azali yuzasidan Hafiza Aslanova ,, Sharq Yulduzi’’ jurnalining 2013-yil 1-sonida o‘z maqolasini chop ettiradi, maqolaga Gadoiyning 5 baytlik forscha g‘azalini kiritadi va uning tahlilini keltirib o‘tadi. Bu hozirda ham Gadoiy ijodini o‘rganish to‘xtab qolmaganligining isbotidir. Faxriy Hirotiyning “Latoyifnoma” va “Radoyif ul-ash’or” asarlariga murojaat qilganimizda, shu narsa ma’lum bo‘ldiki, “Faxriy qalamiga mansub “Latoyifnoma”ning Britaniya muzeyida saqlanayotgan 7669 raqamli nusxasi”ning 83 sahifasida Gadoiy haqida ma’lumotlar mavjud. Unga ko‘ra, 239 tartib raqamida Gadoiy to‘g‘risida shunday fikr uchraydi: “Mavlono Gadoiy az shu’aroyi mashohir turkigo‘y ast, dar zamone Bobur Mirzo she’ri o‘ shuhrat girift. In matlai turki az o‘ ast’’ kabi ma’lumotlar mavjud. Gadoiy devonining matni va lug‘ati 2007-yilda chop etildi. Bu o‘z navbatida g‘azalning qiyinchiliklarsiz o‘qish imkonini yaratdi. Shoir devonidagi she’rlar janr jihatidan unchalik xilma-xil va boy emas. Ushbu devonga shoirning 230 g‘azali,1 mustazod, 1 qasida va 5 ta qit’asi kiritilgan. Devonning asosiy qismini poeziyaning mashhur turi bo‘lgan, shoirga hayotlik davridayoq shuhrat keltirgan, aruz vaznida mahorat bilan ijod etilgan g‘azallar tashkil qilgan ligini ko‘rishimiz mumkin. G‘azallarning tematik dunyosini asosan, haqiqiy va majoziy ishq va u bilan bog‘liq kechinmalar, shuningdek falsafiy, ijtimoiy va diniy- axloqiy tarbiyaviy fikr va g‘oyalar tasviri tashkil etadi. Bu tasvirlarni berishda shoir turli timsollarni g‘azallariga kiritadi, jumladan oshiq, raqib, ma’shuqa, nasim (tong shamoli), ko‘ngil, sabo va h.k.
Shoir ijodiga nazar solsak , unda biz uning she’rlarida ko‘proq majoziy ishq kuylanganligini ko‘ramiz. Gadoiy muhabbatsiz hayotni tan olmaydi. U sevgini insonning eng oliyjanob fazilati va ma’naviy go‘zalligi sifatida ulug‘laydi. Gadoiy ishq muhabbatda hayot ma’nosini, inson hayotida barcha go‘zalliklarini ko‘rganligi uchun ham u ishqqa katta baho beradi. Shoir inson zoti dunyoda yashar ekan, doimo muhabbat va uning dardi bilan yashashi kerak deydi. Ishqsiz hayot kechiruvchi kishilarni jonsiz sur’atga o‘xshatgan.
Bayt:
Har kishiningkim seningtek bir sevar jononi yo‘q,
Filmasal, bir sur’atedurkim tanida joni yo‘q.
Hayotni ishqsiz tasavvur eta olmagan shoir- lirik qahramon dunyoda yorsiz hayot kechirishdan ko‘ra, o‘limni afzal ko‘radi, adabiy hayotdan voz kechadi. Shu o‘rinda shoir o‘z she’rlariga ajal obrazini ham kiritadi. Oshiq unga murojaat qilib undan rahm qilishini, bu hajr azobidan uni qutqarishini va jonini olishini so‘raydi. Sendek dilrabodan ayrilgandan ko‘ra o‘lim yaxshiroqdir degan o‘rinlari ham mavjud.Oshiq shu qadar ma’shuqaga ko‘ngil qo‘yganki, yorsiz hayotni tasavvur ham qilolmaydi. Ma’shuqa obrazini ta’riflar ekan, shoir yorni o‘z chizgilarida yanada go‘zal qilib tasvirlaydi. Yorning go‘zalligini ta’riflashda turli badiiy san’atlardan foydalanadi. Xususan, husni ta’lil san’ati alohida ahamiyat kasb etadi. Ufqqa bosh qo‘yayotgan quyosh qizil rangga kirishi barchamizga ma’lum. Shoir bo‘lsa bu holatni quyidagicha sharhlaydi.
Bayt:
Oy yuzing nazzorasidin qolur ermish benasib,
Aning uchun kechqurun har kunda yig‘lar qon quyosh. .[1.140]
Yor yuzlarini ko‘rolmagan quyosh kun davomida yig‘layverib yurak-bag‘ri qon bo‘lib ketgan holatini aytib o‘tadi. Yor yuzlari juda ham munavvar bo‘lganligi, yuzidan nur taralib turganligi haqida ham juda ko‘p aytiladi. Hattoki, quyosh yor yuzidan niqobini olgandan so‘ng, uning yorug‘ligidan ko‘zlari qamashib, mushk-i tardin o‘ziga soyabon qilib oladi va shu kabi ko‘plab ta’riflar beradi. Yuqorida ta’kidlaganimizdek, shoir ijodining asosiy mavzusi ishq bo‘lib unda ko‘proq majoziy ishq ustunlik qiladi. Gadoiyning ,,Ul zulfi halqa- halqaki, purpech- u tob erur’’ matlasi bilan boshlanuvchi g‘azalida ham aynan majoziy ishq kuylangan. Ushbu g’azal aruzning muzori’ musammani axrabi makfufi mahzuf vaznida yozilgan.
Ul zulfi halqa- halqaki, purpech- u tob erur,
Sunbuldur arg‘uvon uza yo mushk-i nob erur.[1.117]
Do'stlaringiz bilan baham: |