Mavzu Cho’lpon Adabiyot nadr maqolasi



Download 55 Kb.
Sana23.01.2023
Hajmi55 Kb.
#901588
Bog'liq
2.cho\'lpon adabiyot nadr maqolasi


Mavzu Cho’lpon Adabiyot nadr maqolasi
Cho`lpon nasriy asarlarining janr xususiyatlari haqida sо`z borarkan, avvalo, bu boradagi adibning о`z fikrlariga tо`xtalish maqsadga muvofiqdir. Adabiyotshunosligimizda "Qurboni jaholat"ning janrini Cho`lponning о`zi "felyeton" deb belgilagan, degan fikr о`rinlashib ketgan. Bu haqda S.Mamajonov: "Garchand "Qurboni jaholat"ni yozuvchining о`zi felyeton desa-da, asl mohiyatiga kо`ra hikoyadir. Cho`lpon uning tanqidiy ruhidan kelib chiqib felyeton belgilagan bо`lishi mumkin", – degan mulohazani bildiradi. Olimning asar janri haqidagi xulosasiga qо`shilganimiz holda, "felyeton" masalasiga aniqlik kiritmoqchimiz.
Hikoya e`lon qilingan "Sadoi Turkiston"ning 1914 yil 6-sonini kо`zdan kechiramiz: katta harflar bilan "felyeton" deb yozilgan-da, ikki tarafidan naqsh bilan bezatilgan; ostida kichikroq harflar bilan hikoya nomi — "Qurboni jaholat" yozilgan. Odatda janr belgilanganda sarlavha ostiga yozilar edi. Ehtimol, u paytlar bu narsa rasm bо`lib ulgurmagandir? Gazetalar taxlamini varaqlashda davom qilsak, 24-sonda yana yuqoridagicha tartibda yozilgan "felyeton" sо`ziga duch kelamiz. Uning ostida hikoya nomi — "Dо`xtur Muhammadiyor", sarlavha ostida esa yana ham kichikroq harflar bilan "xayoliy hikoya" deb yozilgan. Tabiiy savol tug`iladi: agar Cho`lpon "Qurboni jaholat"ni tanqidiy ruhidan kelib chiqib "felyeton" desa, unda nega keyingi hikoyasining janrini ham shunday belgilaydi? О`ylashimizcha, "Dо`xtur Muhammadiyor" sarlavhasi tepasidagi "felyeton" sо`zi uning janriga ishora qilmaganidek, avvalgi hikoya e`lon qilingan sondagi "felyeton" sо`zi ham Cho`lponga aloqador emas. Gap shundaki, "felyeton" sо`zining dastlabki ma`nosi hozirgisidan birmuncha farqli edi. Matbuotda ilk bor 1800-yil 28 yanvardan paydo bо`lgan bu atama fransuzcha "varaq" sо`zi bilan bog`liq. О`shanda "Jurnal de deba" nomli Parij gazetasi birinchi marta qо`shimcha varaq ilova qildiki, bu gazetaning "felyeton" nomli yangi rukni(rubrika)ga asos soldi. Yevropa matbuotida tez ommalashib ketgan bu rukn ostida odatda nosiyosiy, norasmiy materiallar: e`lonlar, moda yangiliklari, teatr taqrizlari, hikoya va hatto romanlar e`lon qilina boshladi. Atamaning hozirgi ma`noda qо`llanishi, publitsistikaning ijtimoiy-siyosiy tanqid ruhidagi alohida janrini anglata boshlashi esa XIX asr adog`iga tо`g`ri keladi.
Bizningcha, har ikki hikoya e`lon qilinganida uchratganimiz "felyeton" sо`zi Cho`lponga taalluqli bо`lmay, balki gazeta tahririyatiga tegishlidir. Chamasi, jadid ma`rifatchilari о`z gazetalarida shu nom ostida rukn tashkil qilganlar-da, atamaning har ikki ma`nosini nazarda tutganlar.
Demak, janrini bevosita Cho`lponniing о`zi belgilagan ilk asar "qurboni jaholat" emas, balki "Doktor Muhammadiyor" bо`lib chiqadi. Avvalgi bobda aytganimizdek, adib asar janrini "xayoliy hikoya" deb belgilaganida unda yaratilgan badiiy voqelik bilan real voqelik munosabatidan kelib chiqadi. Aytish kerakki, Cho`lpon adabiyot maydoniga madrasa tahsilini, rus-tuzem maktabi saboqlarini olib kirib kelgandi. Adibni yaqindan bilgan kishilar uning yoshlik yillari о`z ustida qattiq ishlagani, kо`p mutolaa qilganini eslashadi. О`ylashimiz-cha, Cho`lpon faqat ijtimoiy-siyosiy yoxud badiiy asarlar о`qish bilangina cheklanmasdan, adabiyotshunoslikka oid asarlar bilan ham tanishgan kо`rinadi. Hartugul, adibning ayrim asarlari janrini belgilashdagi aniqlik shunday о`ylashga asos beradi. Masalan, "Turkiston" gazetasining 1922 yil 23-sonida e`lon qilingan "Oktabr qizi" nomli nasriy asari janrini Cho`lpon "doston" deb belgilaydi. Daf`atan qaraganda bunga qо`shilish qiyindek, chunki adabiyotimiz uchun, xususan, о`sha davr adabiyoti uchun nasriy yо`lda yozilgan doston yangi hodisa edi. Xо`sh, nima uchun Cho`lpon "Oktabr qizi"ni doston deb ataydi? Gap shundaki, о`zbek sahnasining qaldirg`ochlaridan biri
Vannaychaxonning о`limi munosabati bilan yozilgan mazkur asar voqeaband syujetga ega emas, unda epik unsurlardan kо`ra lirik unsurlar salmog`i ortiqroq. Cho`lpon Vannaychaxon haqida hikoya qilishni maqsad qilmaydi, u haqdagi ayrim tafsilotlarni berishdan muddao — yuz bermish mudhish qotillikka о`z munosabatini, uning ta`sirida tug`ilgan hislarini ifodalash, xolos. Shu jihatdan qarasak, dostonning qahramoni — adib, u kо`p jihatlari bilan lirik qahramon sanalishi mumkin. Tо`rt qismga ajratilgan dostonning birinchi qismida lirik qahramon xotirasida Vannaychaxonning san`ati jonlanadi: u о`zini qizning musahhar ovoziga mahliyo bо`lganlar orasida kо`radi — taassurotlari bilan о`rtoqlashadi. О`zining Vannaychaxonga, uning betakror san`atiga bо`lgan mehrini о`quvchiga "yuqtirgach", ikkinchi qismda u haqda qisqachagina ma`lumot beradi. Bu qismda epik tafsilotlar salmog`i ortgan bо`lsa-da, ular keyingi qismdagi his-tuyg`ular uchun zamin hozirlashga xizmat qiladi, xolos. Dostonning uchinchi qismidan boshlab epik unsurlar salmog`i va о`rni yanada kamayib boradi, voqelik tamomila lirik subyekt ruhiyasidan о`tkazib beriladi. Peyzaj lirikasining ustasi bо`lgan Cho`lpon bu о`rinda ham о`z ifoda yо`siniga sodiq qoladi. Uchinchi qismning "Bir sovuq shamol keldi" degan birinchi jumlasiyoq hissiy tonallik о`zgarganligiga ishora qilib, о`quvchini sergak torttiradi. Kuz tasviri, sarg`aygan barglarning chirs-chirs uzilishi, qushlarning uzoq yurtlarga uchishi, qarg`alar shodligi — bular bari о`quvchini keyingi hodisalarni qabul qilish va hissiy baholashga hozirlaydi:
"Yiroqlardan qarg`alarning mudhish nag`malari, shodlik kuylari eshitildi.
Borib kо`rdilar.
Paxta kabi oppoq tan, kо`k qarg`a shoxidan kо`ylak – qonga belangan.
Bosh tandan ayrilg`on holda, qon surkalgan qora sochlar ustiga yopilg`on.
Gо`zal qora kо`zlar jahannam chuqurligiga botqonlar.
Yuzdagi nurlar yiroq о`lkalarni eslab uchub ketgan qushlar bilan birga ketganlar".
Bunda Cho`lpon ishlatgan yorqin tazodlar hayot va о`lim, jaholat va ma`rifat, ezgulik va yovuzlik, qullik va hurlik oralaridagi tubsiz jarni yana bir bor kо`z oldimizda namoyon qiladi, о`zi nur tomonida turgan adibning hislarini о`quvchiga-da yuqtiradi, uni birga iztirob chekishga majbur qiladi. Cho`lpon kо`zlagan maqsad, asarning ruhiyu mohiyati quyidagi sо`zlarda о`zining yorqin ifodasini topadi: "Gulidan ayrilg`on sahna, kel, kо`nglingdagi alamlarga qо`limdan kelgan qadar tilmochlik qilay! Qizidan ayrilg`on xalq, kel, qayg`ilaringni о`rtoqlashay!"
Yuritgan mulohazalarimiz Cho`lpon "Oktabr qizi"ni bejiz doston deb atamaganini kо`rsatadi. Chindan ham asarda voqelikni tо`laqonli tasvirlash maqsad qilinmaydi, unda muallif munosabati, voqelik ta`sirida yuzaga kelgan his-tuyg`ular ifodasi birlamchidir. Shu nuqtadan yondoshsak, "Oktabr qizi" — tom ma`nodagi lirik asar, nasriy yо`lda yozilgan lirik dostondir, degan xulosaga kelishimiz mumkin. Kо`ramizki, Cho`lpon asar janrini belgilashda uning tashqi shakliy belgilaridan emas, ichki tabiatidan kelib chiqadi. Bu esa 20-yillar adabiy-nazariy tafakkurida ham jiddiy burilish yuz berganidan dalolatdir.
Cho`lpon о`z asarlarining janrini belgilashda ularning konkret xususiyatlaridan birini(voqelik bilan о`zaro munosabati — "xayoliy hikoya"; adabiy turga mansubligi — "doston"; badiiy nutq shakli — "sochma"; asosiy estetik belgisi – "kulgi hikoya") asos qilib oladi. Yaqqol kо`rinadiki, adib janrlarni belgilashda yagona prinsipga tayangan emas. Aytish kerakki, buning hech bir ajablanarli joyi ham yо`q: hozirga qadar janrlarga ajratish masalasida adabiyotshunoslikda tugal fikrga, tо`xtamga kelingan emas. Yaxlitroq olib qarasak, Cho`lponning kichik nasriy asarlari hikoya, nasriy she`r va doston, etyud, ocherk, safarnoma kabi janrlardan tashkil topadi, degan xulosaga kelish mumkin. Biroq, bizningcha, shu xil tasnifning о`zi bilanoq cheklanish yaramaydi, chunki adibning bir janr doirasidagi asarlari ham yaknav emas: ularning har biri о`ziga xos janr xususiyatlarini namoyon etadi. Bu о`ziga xosliklar, bizningcha, konkret asardagi: 1) hayotni badiiy aks ettirish tamoyillari; 2) adabiy turga munosabat; 3) syujet va kompozitsion xususiyatlar; 4) voqelikka munosabat turi; 5) tasvir va ifoda qatlamlari munosabati — kabi bir qator muhim nuqtalarda kо`zga tashlanadi.
Ma`lumki, adabiyotshunoslikda "hikoya" va "novella" atamalari xususida yakdillik yо`q: ayrim adabiyotshunoslar bu ikki atamani sinonim hisoblasalar, boshqalari keskin farqlaydi-lar. Biz bu masalada hikoyaning ikki tipi bor: birinchisida ocherklilik (tavsifiy-rivoyaviy), ikkinchisida novellistiklik (konfliktli-rivoyaviy) xususiyati ustundir, degan fikrga kо`proq qо`shilamiz, ya`ni, bu о`rinda gap ikki turli janr haqida emas, balki bir janrning ikki xil sifat kо`rinishi haqida boradi.
Misol uchun Cho`lponning "Doktor Muhammadiyor" hikoyasini tavsifiy-rivoyaviy xarakterdagi asarlar sirasiga kiritishimiz mumkin. Avvalo shuni qayd etish lozimki, bu ikki tipga mansub hikoyalar orasidagi bosh farqni ularda roviy tutgan mavqeda kо`rilgani ma`qulroq bо`ladi. Xо`sh, "Doktor Muhammadiyor"da roviy qanday mavqe tutadi? Bizningcha, hikoyada о`quvchi barcha ikir-chikirlardan xabardor, binobarin, voqealar silsilasidan ham, qahramonlaridan ham bir bahya yuqorida turgan roviyga duch keladi. Roviy uchun о`zi tasvirlayotgan voqea-hodisalar — amalga oshib bо`lgan fakt ("men – о`tmish"), uning qahramonlariga, voqea yoki holatga munosabati tо`la shakllanib bо`lgan. Eng muhimi, "Doktor Muhammadiyor"da badiiy reallik roviy vositasidagina, u bilan uzviy aloqadorlikdagina mavjud (obyektivlashtirilmagan tasvir).
Tabiiyki, tavsifiy-rivoyaviy xarakterdagi nasriy asarlar kelib chiqishiga kо`ra qadimiyroq. Jumladan, aksariyat xalq ertaklari, afsonalari, mumtoz adabiyotimizdagi hikoyatlarni shu tipdagi asarlar sirasiga kiritish mumkin. Kо`plab nasriy janrlar nomi ("hikoya", "hikoyat", "rivoyat", "rasskaz", "skaz")ning bevosita "hikoya qilmoq" fe`lidan о`sib chiqqani ham bejiz emas, albatta. Biroq, shunisi borki, dastlabida eposning asos mohiyatini tashkil etgan rivoya taraqqiyot jarayonida о`zining yetakchi mavqeini yо`qota bordi. Tabiiyki, bu narsa epik janrlardagi tasvir manerasi va ifoda yо`sinida jiddiy sifat о`zgarishlarini yuzaga keltirdi. Bu о`zgarishlarning mohiyati nimada? Ma`lumki, sinkretik san`atdan ajralib chiqqan sо`z san`atining uch asosiy turi orasida о`zaro farqlanish jarayoni bilan bir qatorda о`zaro yaqinlanish jarayoni ham kechgan. Bu uch turning farqli jihatlaridan biri quyidagicha belgilanadi: lirikada inson(subyektning noplastik obrazi), dramada dunyo(obyektning plastik obrazi), eposda esa har ikkisining qorishiq obrazi yaratiladi. Epik tafakkur taraqqiyoti jarayonida bu turga mansub asarlarda borliqning plastik obrazi tobora kо`proq mustaqillik kasb eta bordi. Tabiiyki, bu narsa epik janrlarda roviy tutgan mavqega, uning funksiyalariga ham ta`sir qildi. Endi roviy qachonlardir о`zi guvoh bо`lgan yoki birovdan eshitgan voqealarni hikoya qilib beruvchi sifatidagina emas, kо`proq о`sha voqealarning kuzatuvchisi (albatta, sharhlovchisi va baholovchisi ham) sifatida bо`y kо`rsata boshladi. Roviy bilan tasvirlanayotgan voqea orasidagi vaqt hissi dramatik turga (ya`ni, voqealar ayni paytda yuz berayotgandek taassurot qoladi) yaqinlashdi. Natijada epik asarda ham xuddi dramatik asarlardagi kabi konfliktning hamda uning asosida rivojlanuvchi syujetning roli bag`oyat ortdi. Nuqtai nazarning bu turiga asoslangan ijodiy manera — muallifning xolis turishga intilgani holda voqea-hodisalarni plastik jonlantirishi — katta epik asarlarda epizodik hodisa bо`lsa, hikoya tо`laligicha shu yо`sinda qurilishi mumkin. Shu jihatdan Cho`lponning "Oydin kechalarda" nomli hikoyasini kо`zdan kechiramiz.
Hikoyada tasvirlanayotgan voqealarning kuzatuvchisi sifatida bо`y kо`rsatuvchi roviy birinchi jumladanoq tugunni о`rtaga tashlaydi: "Zaynab kampir bir narsadan chо`chib uyg`ondi". О`quvchi, tabiiyki kampir nimadan chо`chiganini bilishni istaydi, lekin buni hali kampirning о`zi ham anglagan emas: "Kampir u yoq-bu yog`iga yaxshilab qarab, oydinda hech bir qora-mora uchratmagandan keyin yana bolishga boshini qо`ydi". Shundan sо`ng muallif nigohi kampirdan uziladi-da, oppoq oydin kecha tasviriga о`tiladi: "Tuni bо`yi chopishub, hurushub, yugurushub chiqg`on itlar tovushi sekin-sekin yо`qola boshladi. Eshonchaning hovuz bо`yidagi tollaridan turub hasrat va qayg`ularini har kecha о`qiyturg`on bulbul bugun juda erta tо`xtadi. Gо`riston va mozorlardagina bо`ladigan chuqur bir jimlik..." Hikoyani о`qiyotgan kitobxonda ilgariroq paydo bо`lgan bilish istagi yanada kuchayadi: shunday osuda kechada kampirni chо`chitgan, uning uyqusini qochirgan narsa nima bо`ldi ekan? Durustroq e`tibor qilsak, ayni shu savol roviyni ham о`ylatayotganini sezishimiz qiyin emas. Shu bois ham muallif nigohi kampirdan uzilib, tevarak-atrofga qaratiladi: u ham savolga javob izlaydi gо`yo. Kо`rib turganimizdek, bu о`rinda roviy ham о`quvchi kabi voqealarning kuzatuvchisi, xolos, uning uchun ham voqealar ayni paytda yuz bermoqda. Hikoyaning davomida adib introspeksiya usulidan unumli foydalanadiki, natijada roviy mavqei sifat jihatidan yana о`zgaradi: "Kampir yumulub borg`on kо`zlarini birdan ochdi: yaqin bir yerdan hasratlik, kо`ngul buzaturg`on bir yig`i tovushi eshitilar edi". Garchi kо`chirma qilib keltirganimiz gap qurilishi jihatidan yaxlit bо`lsa-da, uning qismlari о`zaro farqlidir. Bizningcha, ta`kidlab kо`rsatganimiz birinchi qism roviy nigohi bilan, qolgan qismi esa qahramon nigohi bilan bog`liqdir.
Download 55 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©www.hozir.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling

kiriting | ro'yxatdan o'tish
    Bosh sahifa
юртда тантана
Боғда битган
Бугун юртда
Эшитганлар жилманглар
Эшитмадим деманглар
битган бодомлар
Yangiariq tumani
qitish marakazi
Raqamli texnologiyalar
ilishida muhokamadan
tasdiqqa tavsiya
tavsiya etilgan
iqtisodiyot kafedrasi
steiermarkischen landesregierung
asarlaringizni yuboring
o'zingizning asarlaringizni
Iltimos faqat
faqat o'zingizning
steierm rkischen
landesregierung fachabteilung
rkischen landesregierung
hamshira loyihasi
loyihasi mavsum
faolyatining oqibatlari
asosiy adabiyotlar
fakulteti ahborot
ahborot havfsizligi
havfsizligi kafedrasi
fanidan bo’yicha
fakulteti iqtisodiyot
boshqaruv fakulteti
chiqarishda boshqaruv
ishlab chiqarishda
iqtisodiyot fakultet
multiservis tarmoqlari
fanidan asosiy
Uzbek fanidan
mavzulari potok
asosidagi multiservis
'aliyyil a'ziym
billahil 'aliyyil
illaa billahil
quvvata illaa
falah' deganida
Kompyuter savodxonligi
bo’yicha mustaqil
'alal falah'
Hayya 'alal
'alas soloh
Hayya 'alas
mavsum boyicha


yuklab olish