Mehnatdan qoniqish hosil qilish va uning omillari
Mehnatga munosabatlar tavsifi mehnat (ob’ekt) tomonidan ham, xodim (sub’ekt) tomonidan ham ijtimoiy ishlab chiqarish tizimida bevosita ishtirok etish, uni anglab etish, tushunish, ijtimoiy ishlab chiqarishda o‘zining mehnat ishtirokini (hissasini) baholash tarzida berilishi mumkin. Shuning uchun ham mehnatga munosabatni shakllantiruvchi barcha omillarni ob’ektiv shart-sharoitlarga va sub’ektdan mustaqil bo‘lgan, ishlab chiqarish va noishlab chiqarish muhitining o‘ziga xos xususiyatlari bilan bog‘liq bo‘lgan ob’ektiv shart-sharoitlarga, shuningdek, tashqi shart-sharoitlarning inson ongi va ruhiyatida aks etishi, uning alohida xususiyatlari bilan bog‘liq sub’ektiv shart-sharoitlar va holatlarga bo‘lish mumkin.
Ob’ektiv omillar umumiy va o‘ziga xos tarzda bo‘ladi. Umumiy omillarga mehnat faoliyatining ijtimoiy-iqtisodiy va boshqa ijtimoiy shart-sharoitlari kiradi. Masalan, mulkchilikning xususiy shakli insonning mehnatsevarligiga ta’sir ko‘rsatadi, u ichki omillar faoliyati sifatida namoyon bo‘lib, shaxsiy va ijtimoiy manfaatlar ongli ravishda birga uyg‘unlashib ketadi. O‘ziga xos omillar - bular muayyan mehnat faoliyatining holatlari va shart-sharoitlari: mehnat mazmuni, uning unumdorlik shartlari, tashkil etish va haq to‘lash, jamoaning ijtimoiy-psihologik sharoiti, oila va maktab tarbiyasi, ommaviy axborot va targ‘ibot vositalari, faoliyatning mustaqilligi va boshqaruvda qatnashish darajasidir.
Garchi mehnatning ob’ektiv tavsiflari insonga nisbatan tashqi tavsif hisoblansa ham, unga ta’sir ko‘rsatadi va uning tomonidan baho beriladi. Insonda faoliyat turi bo‘lgan mehnatga muayyan ichki munosabat qaror topadi. Ob’ektiv omillar rag‘batlantiruvchi, mehnat faoliyatiga nisbatan tashqi qo‘zg‘atuvchilar hisoblanadi; sub’ektiv omillar esa muayyan shaxsning mehnat faoliyati sabablari, tashqi qo‘zg‘atuvchilar sifatida maydonga chiqadi.
Albatta, tashqi ijtimoiy ta’sir ko‘rsatish birlamchi hisoblansa-da, insonning ichki olami orqali o‘tgandan keyin (hayot ideallari, intilishlar, muddaolar, mehnat faoliyati sabablari, psihologik kayfiyat va shu kabilar) ta’sirchan kuchga aylanadi. Bu esa nima sababdan bitta mehnat tashkilotidagi, bitta mehnat bo‘linmasidagi odamlar mehnatga turlicha munosabatda bo‘lishlarini bilib olishga yordam beradi: birovlar tashabbus bilan, yuqori unumli mehnat qilib, butun kuch va qobiliyatlarini to‘la-to‘kis ishga soladilar, boshqalar esa behafsalalik bilan ishlab, ish vaqtining bir qismini bekorga sarflaydilar, ishlab chiqarish talablariga rioya qilmay, mehnat intizomini buzishadilar. Shuning uchun ham insonning mehnatga munosabatini shakllantirishga sub’ektiv omillar: avvalgi tajriba, umumiy va kasb madaniyati, insonning psixologik, demografik, ijtimoiy shart bo‘lgan xususiyatlari: jinsi, yoshi, ma’lumoti, ish staji, qobiliyatlari, mayli, o‘z mehnat faoliyatining ahamiyatli ekanligini anglab etish darajasi, unga bo‘lgan ehtiyoji va ayniqsa qadriyatli yo‘nalishlari ta’sir ko‘rsatadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |