17.4. Xalqaro valuta tizimi va valuta munosabatlari
Hozirgi zamon jahon xo‘jaligining amal qilishi, rivojlanishi,
turli mamlakatlarning xalqaro iqtisodiy aloqalarining tashkil
qilinishi va barqaror rivojlanishiga bog‘liqdir. Aloqalarning
barqarorligi esa mustahkam va mukammal tashkil qilingan xalqaro
valuta tizimining amal qilishiga bog‘liq. Chunki hozirgi kunda
jahon bozoridagi savdo, ishchi kuchi va kapital migratsiyasi,
daromadlar, qarzlar va subsidiyalar oqimi, texnik va texnologik
ayirboshlash, turizm xizmati va boshqalar bilan bog‘liq iqtisodiy
munosabatlar — xalqaro valuta-kredit munosabatlarining yanada
mukammal tashkil qilinishi va takomillashtirib borilishini talab
qilmoqda. Shu munosabat bilan turli mamlakatlar pul birligi,
masalan, dollar, iyena, yuan, funt sterling, so‘m va boshqalardan
birining xalqaro miqyosda tan olingan ekvivalent sifatida rol
o‘ynashi zaruriyati paydo bo‘lgan.
Ma’lumki, har bir mamlakat o‘zining milliy valuta (pul birligi)
tizimiga ega. Milliy valuta tizimi shu mamlakat milliy qonunchiligi
bilan belgilanadi. Xalqaro valuta tizimi — xalqaro valuta munosa-
batlarining davlatlararo bitimlarda huquqiy jihatdan mustahkam-
langan shakli hisoblanadi va u quyidagi tarkibiy elementlarga ega
bo‘ladi: asosiy xalqaro to‘lov vositalari (milliy valutalar, oltin,
xalqaro valuta birliklari — SDR, Yevro), valuta kurslarini belgilash
va ushlab turish mexanizmi, xalqaro to‘lovlarini balanslashtirish
1
O‘zbekiston Respublikasi statistik axborotnomasi. T., 2014.
340
tartibi, valutaning qaytaruvchanlik sharoiti, xalqaro valuta bozori
va oltin bozori tartibi, valuta munosabatlarini tartibga soluvchi
davlatlararo muassasalar tizimi kabilar.
Xalqaro valuta tizimining kelib chiqishi va rivojlanishi uch
asosiy bosqichdan iborat davrni bosib o‘tgan.
Birinchi bosqich 1879—1934-yillar davrini o‘z ichiga olib, buni
iqtisodiy manbalarda ayrimlar oltin andoza davri deb ham atashadi.
Chunki bu davrda jahon pul tizimi sifatida oltin ustunlikka ega
bo‘lgan. Oltin andoza tizimi qayd qilingan valuta kursining mavjud
bo‘lishini ko‘zda tutadi. Banklar o‘zlari chiqargan banknotlarni
oltinga almashtirgan. Xalqaro to‘lovlarni muvofiqlashtirish vositasi
bo‘lib, oltinni erkin chiqarish va kiritish xizmat qilgan. Mamlakat
uch shartni bajarsa, oltin andoza qabul qilingan deb hisoblangan:
a) o‘z pul birligining ma’lum oltin mazmunini o‘rnatadi;
b) o‘zining oltin zaxirasi va pulning ichki taklifi o‘rtasidagi
qattiq nisbatni ushlab turadi;
d) oltinning erkin eksport va importiga to‘sqinlik qilmaydi.
Oltin andoza pul birligining oltin mazmuni nisbatiga asoslanadi.
Oltin andoza sharoitida, turli mamlakatlar pul birligining nisbati
ularning rasmiy oltin mazmuni bo‘yicha o‘rnatiladi.
Ikkinchi bosqich. Ikkinchi jahon urushi oxiri (1944-yil)dan
1971-yilgacha davom etgan va bu davrda jahon puli vazifasini oltin-
devizli, ya’ni Bretton-Vuds tizimi deb nomlanuvchi tizim asosida
xalqaro hisob-kitoblar amalga oshirgan. Bu ikki tizim qayd qilinadigan
valuta kurslariga asoslangan. Oltin andoza barbod bo‘lgandan keyin,
xalqaro valuta tizimini tartibga solishning o‘zaro maqbul yo‘lini
topishga harakat qilindi. Yangi jahon valuta tizimi asoslarini ishlab
chiqish maqsadida, 1944-yil Bretton-Vudsda (AQSH) ittifoqchi
davlatlarning xalqaro konferensiyasi chaqirildi. Bu konferensiyada
o‘zaro bog‘liq valuta kurslarini tartibga solish tizimini yaratish haqidagi
kelishuvga erishildi va bu, ko‘pincha, Bretton-Vuds tizimi deb ataladi.
Mazkur tizim oldingi oltin andozadan keskin farq qilmaydi. Uning
asosida oltin-valuta andoza (AQSH dollari) yotadi va bu yerda
rezervlar sifatida oltin va dollar chiqadi.
Uchinchi bosqich. 1971-yilda tashkil topgan bo‘lib, hozirgi
kunda ham amal qilib kelayotgan jahon valuta tizimidir. Bu tizimni
boshqariladigan suzib yuruvchi valuta tizimi deb atashadi
1
. Chunki
1
I.A. Karimov
. Vatan ravnaqi uchun har birimiz mas’ulmiz. «Xalq so‘zi»
gazetasi, 2000-yil 17-fevral.
341
bunga iqtisodiy taraqqiy etgan davlatlar, ko‘pincha, o‘z valuta-
larining xalqaro qiymatini o‘zgartirish uchun valuta bozorining
faoliyatiga aralashadi.
Dollarning oltinga almashinishi rasman to‘xtagandan keyin,
valutaning qayd qilingan kursi bilan almashtirildi. Xalqaro valuta
tizimidagi bu o‘zgarish 1976-yil Kingston (Yamayka)dagi kelishuv-
ga binoan, huquqiy jihatdan mustahkamlanadi. Qog‘oz pul tizimiga
o‘tish bilan qog‘oz pullar oltinga almashtirilmaydi. Beqaror kurslar
sharoitida valuta kursi har qanday boshqa baholar kabi talab va
taklif asosida belgilanadi.
Valuta tizimining eng muhim jihati bu valuta kursi hisoblanadi.
Valuta kursi deganda bir mamlakat valutasining boshqa mamlakat
valutasidagi bahosi tushuniladi. Valuta kurslariga quyidagi asosiy
omillar bevosita ta’sir ko‘rsatadi:
milliy daromad va ishlab chiqarish xarajatlari darajasi;
milliy iste’molchilarning real xarid qilish layoqati va mamla-
katdagi inflatsiya darajasi;
mamlakat to‘lov balansining holati;
mamlakatdagi foiz stavkasi darajasi;
valutaga jahon bozoridagi ishonch kabilar.
«Iqtisodiyot nazariyasi» fani jahon bozoridagi valuta kurslari-
ning tebranishini xarid qilish qobiliyatining paritet (turli mamlakat-
lar pul birliklari qiymatining bir-biriga nisbati) nazariyasi yordamida
tushuntiradi. Bu nazariyaga ko‘ra, kurslar nisbatlarini aniqlash
uchun ikki mamlakat iste’mol tovarlari «savati» narxlarini taqqos-
lash talab qilinadi. Masalan, agar O‘zbekistonda bunday «savat»,
aytaylik 25 ming so‘m, AQSHda esa 100 dollar tursa, 25 mingni
yuzga bo‘lib, 1 dollarning bahosini hosil qilamiz, bu 250 so‘mga
teng.
Agar O‘zbekistonda muomaladagi pul massasining ko‘payishi
oqibatida, tovarlar bahosi ikki marta oshsa, barcha sharoitlar teng
bo‘lganda dollarning so‘mga ayirboshlash kursi ikki marta oshadi.
Har bir davlat xorijiy valuta kursiga ta’sir ko‘rsatishga harakat
qiladi. Bu ishni u ikki yo‘l bilan olib boradi:
birinchidan, davlat o‘z pulini kredit bozoriga tashlab yoki
kredit bozoridan chiqarib foiz stavkasiga ta’sir etadi. Agar foiz
oshsa, kredit kam olinadi, kredit puliga kamroq valuta xarid etiladi.
Natijada xorij valutasi narxi pasayib, milliy valuta kursi oshadi.
Agar foiz stavkasi kamaysa, buning aksi yuz beradi;
342
ikkinchidan, davlat valuta intervensiyasini amalga oshiradi,
ya’ni o‘z valutasi kursini barqaror saqlash yoki oshirishni ko‘zlasa,
o‘z ixtiyoridagi chet el valutasini bozorga tashlaydi, natijada xorij
valutasi kursi pasayadi, milliy valuta kursi oshadi. Valuta ko‘paysa,
uning narxi arzonlashadi.
Valuta kurslarining barqaror bo‘lishi xalqaro aloqalar uchun
muhim hisoblanadi. Shuning uchun valuta kursini tartibga solish
orqali rivojlangan mamlakatlarda uning keskin o‘zgarishiga yo‘l
berilmaydi. Bu mamlakatlarda «suzib yuruvchi», «sirg‘aluvchan»
valuta kursi o‘rnatiladi. Bunda valuta kursining yuqori va quyi
chegarasi belgilanib, kurs shu oraliqda va me’yorda o‘zgaradi.
ASOSIY TAYANCH IBORALAR
Xalqaro mehnat taqsimoti iqtisodiy qonuni;
nisbiy afzallik qonuni;
nisbiy afzallik;
to‘lov balansining kredit qismi;
to‘lov balansining debet qismi;
1. Xalqaro mehnat taqsimoti nima?
2. Nisbiy afzallik qonuni nimani izohlaydi?
3. Mutlaq afzallik nima?
4. O‘zbekiston eksport-importining qanday xususiyatlari bor?
5. Valuta munosabatlari deganda nimani tushunasiz?
6. Xalqaro miqyosda valutalar qanday turlarga bo‘linadi?
7. O‘zbekiston so‘mi qanday valuta turiga kiradi?
8. Valuta kursi nega o‘zgaradi?
9. Xalqaro savdo qanday ko‘rsatkichlar bilan tavsiflanadi?
10. Xalqaro valuta tizimi va uning turlarini tushuntiring.
11. Davlat valuta kurslarini barqarorlashtirish uchun qanday usullardan
foydalanadi?
12. Chet el valutalariga talab va taklifga qanday omillar ta’sir ko‘rsatadi?
to‘lov balansi;
eksport;
import;
xalqaro valuta tizimi;
valuta kursi.
Do'stlaringiz bilan baham: |