Soliqlar va boshqa majburiy to’lovlarni o’tkazishga doir to’lov topshiriqnomalarining,
shuningdek soliqlar va boshqa majburiy to’lovlarni undirish to’g’risidagi inkasso
topshiriqnomalarining banklar tomonidan bajarilishi
Banklar soliq to’lovchining soliqni va (yoki) boshqa majburiy to’lovni o’tkazishga doir to’lov
topshiriqnomalarini, shuningdek tegishli vakolatli organning soliqlar va boshqa majburiy
to’lovlarni qonun hujjatlarida belgilangan navbat tartibida undirish to’g’risidagi inkasso
topshiriqnomalarini Soliq kodeksida belgilangan tartibda bajarishi shart.
Soliqlar va boshqa majburiy to’lovlar summalarini tegishli byudjet yoki davlat maqsadli
jamg’armasining hisobvarag’iga kiritish soliqlar va boshqa majburiy to’lovlar summalarini
o’tkazish deb e’tirof etiladi.
Soliqlar va boshqa majburiy to’lovlar summalarini o’tkazishga doir to’lov topshiriqnomasi
yoki ularni tegishli byudjet yoxud davlat maqsadli jamg’armasiga undirish to’g’risidagi tegishli
vakolatli organning inkasso topshiriqnomasi, to’lov topshiriqnomasi yoki inkasso topshiriqnomasi
olinganidan keyingi operatsiya kunidan kechiktirmay bank tomonidan inobatga olingan holda
bajariladi. Inkasso topshiriqnomasiga doir bunday operatsiyalar bo’yicha xizmat ko’rsatganlik
uchun haq olinmaydi.
Soliq to’lovchining hisobvarag’ida pul mablag’lari bo’lgan taqdirda, banklar soliqlar va
boshqa majburiy to’lovlar summalarini o’tkazish to’lov topshiriqnomalarini yoki tegishli vakolatli
organning ularni tegishli byudjetga yoki davlat maqsadli jamg’armalariga undirish to’g’risidagi
inkasso topshiriqnomalarini bajarishni kechiktirishga haqli emas.
Soliq to’lovchining hisobvaraqlarida pul mablag’lari bo’lmagan yoki ular soliqlar va boshqa
majburiy to’lovlar summasini o’tkazish to’lov topshiriqnomasini yoki tegishli vakolatli organning
ularni tegishli byudjetga yoki davlat maqsadli jamg’armasiga undirish to’g’risidagi inkasso
topshiriqnomasini bajarish uchun etarli bo’lmagan taqdirda, bunday topshiriqnomalar mazkur
hisobvaraqlarga pul mablag’lari kelib tushishiga qarab, har bir shunday kelib tushishdan keyingi
operatsiya kunidan kechiktirmay qonun hujjatlarida belgilangan navbat tartibida bajariladi.
Bankning aybi bilan soliq to’lovchining soliqlar va boshqa majburiy to’lovlar summasini
o’tkazish topshiriqnomasi, tegishli vakolatli organning ularni undirish to’g’risidagi inkasso
topshiriqnomasi bajarilmagan (bajarilishi kechiktirilgan) taqdirda, bankdan har bir kechiktirilgan
kun uchun soliqlar va boshqa majburiy to’lovlarning o’tkazilmagan summasini 0,5 foizi miqdorida
belgilangan tartibda penya undiriladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |