O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining



Download 68,87 Kb.
Sana24.04.2022
Hajmi68,87 Kb.
#578442
Bog'liq
07 23.05.2014 (2)




O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining
Qarori
Sud hukmi to‘g‘risida
O‘zbekiston Respublikasi “Sudlar to‘g‘risida”gi Qonunining 17-moddasiga muvofiq, odil sudlovni amalga oshirishda qonuniylikni mustahkamlash, fuqarolarning huquqlari va manfaatlarini himoya qilish, sud hukmlari sifatini oshirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi qaror qiladi:
1. Sud hukmi, jinoyat sodir etgan har bir shaxsga adolatli jazo berilishi yoki boshqa ta’sir chorasi qo‘llanilishi hamda aybi bo‘lmagan hech bir shaxs javobgarlikka tortilmasligi va hukm qilinmasligi haqidagi jinoyat sud ish yurituvining asosiy vazifalarini hal etadigan, sud muhokamasiga yakun yasaydigan O‘zbekiston Respublikasi nomidan chiqariladigan odil sudlovning muhim hujjatidir.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 26-moddasi, Inson huquqlari bo‘yicha Umumjahon deklaratsiyasining 11-moddasi, Fuqarolik va siyosiy huquqlar bo‘yicha xalqaro paktning 14-moddasi hamda JPKning 23-moddasiga muvofiq, jinoyat sodir etganlikda ayblanayotgan har bir shaxsning ishi sudda qonuniy tartibda, oshkora ko‘rib chiqilib, uning aybi aniqlanmaguncha u aybdor hisoblanmaydi. Sudda ayblanayotgan shaxsga o‘zini himoya qilish uchun barcha sharoitlar ta’minlab beriladi.
2. Sudlar hukm chiqarishda, O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va JPKda belgilangan sudning hukmi qonuniy, asosli va adolatli bo‘lishi, faqat sudlar tomonidan, oshkoralik, jinoyat ishlarini hay’atda va yakka tartibda ko‘rib chiqilishi, sudyalar maslahatlashuvining sir tutilishi, odil sudlovni fuqarolarning qonun va sud oldida tengligi asosida, shaxsning sha’ni va qadr-qimmatini hurmat qilish, fuqarolarning huquq va erkinliklarini muhofaza qilish, ish yuritilayotgan tilni bilmaydigan yoki yetarli darajada tushunmaydigan protsess ishtirokchilariga o‘z ona tilida yoki o‘zi biladigan boshqa tilda va tarjimon yordamidan foydalanishini ta’minlash, taraflarning o‘zaro tortishuvi, dalillarning bevosita va og‘zaki usulda tekshirilishi, aybsizlik prezumpsiyasi asosida chiqarilishi va ish bo‘yicha haqiqiy holatni aniqlash to‘g‘risidagi jinoyat protsessining muhim prinsiplariga amal qiladilar. Ushbu prinsiplardan har qanday asoslarga ko‘ra cheklanish, hukmni qonuniy emas deb topishga asos bo‘ladi.
3. JPKning 465-moddasiga muvofiq sudda ish qaysi tilda ko‘rilgan bo‘lsa, hukm shu tilda, aniq va tushunarli iboralarda bayon qilinadi. Hukmda noaniq iboralarni ishlatish, rasmiy hujjatlarda ishlatish qabul qilinmagan qisqartmalar va so‘zlarni qo‘llashga, shuningdek ishga oid bo‘lmagan holatlarni yoritish bilan hukmni ortiqcha to‘ldirishga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi.
Hukm barcha hollarda oshkora e’lon qilinishini hisobga olgan holda, sud uni tuzayotgan vaqtda qurol, giyohvandlik vositalari va portlovchi moddalarni tayyorlash bilan bog‘liq bo‘lgan jinoyatni sodir etish usullarini batafsil yorituvchi, shuningdek fuqarolarning sha’ni va qadr-qimmatini kamsituvchi iboralarni ishlatmasligi lozim.
Hukmga kiritilgan barcha tuzatishlar hukm e’lon qilinishidan oldin izohlanishi va izohlar sud tarkibining barchasi tomonidan imzolanishi lozim.
4. Ish bo‘yicha hukm ish materiallarida ma’lum bo‘lib qolgan barcha kamchiliklar to‘ldirilgandan keyingina chiqarilishi mumkin. Ish bo‘yicha isbotlanishi lozim bo‘lgan barcha holatlar sinchkovlik bilan, har tomonlama, to‘la va xolisona tekshirib chiqilishi kerak. Sudlanuvchini jinoyatni sodir qilganligini ham fosh qiladigan, ham oqlaydigan har bir dalil, JPKning 95-moddasiga muvofiq ishga aloqadorligi, maqbulligi va ishonchliligi nuqtai nazaridan baholanishi lozim.
Dalillar maqbulligi nuqtai nazaridan baholanishida O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2004-yil 24-sentabrdagi “Dalillar maqbulligiga oid jinoyat-protsessual qonuni normalarini ko‘llashning ayrim masalalari to‘g‘risida”gi qarorida nazarda tutilgan tushuntirishlarga amal qilinishi lozim.
Dalillarni baholash jinoyat ishi uchun ahamiyatli bo‘lgan mavjud holatlar haqidagi xulosalarni tasdiqlovchi, rad etuvchi yoki shubha ostiga oluvchi faktlar yoki narsalar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni aks ettirgan taqdirdagina ishga aloqador deb e’tirof etiladi.
Tekshiruv natijasida haqiqatga muvofiq ekanligi aniqlangan dalillar ishonchli deb hisoblanadi. Sudlanuvchining aybdorligi (aybsizligi) to‘g‘risidagi sudning xulosalariga zid bo‘lgan dalillar hukmda nafaqat ko‘rsatilishi balki, sud tomonidan nima uchun ular ishonchsiz deb topilganligi va rad etilganligi sabablari asoslantirilgan bo‘lishi lozim.
Hukmda sudlanuvchining jinoiy harakatlarini ham fosh qiladigan, ham oqlaydigan dalillarga asoslanganda, sud ularning mazmunini yoritishi va tegishli baho berishi lozim.
Agar ish bo‘yicha jinoyat sodir qilganlikda bir nechta sudlanuvchilar ayblanayotgan yoki sudlanuvchi bir nechta jinoyatlarni sodir qilganlikda ayblanayotgan bo‘lsa, sud hukmda har bir sudlanuvchiga nisbatan hamda har bir ayblov bo‘yicha dalillar keltirishi va tahlil qilib chiqishi hamda xulosa qilishi zarur.
5. Sudlarning e’tibori, JPK 22-moddasiga binoan ish bo‘yicha haqiqatni aniqlash uchun faqat qonunda nazarda tutilgan tartibda to‘plangan, tekshirilgan va baholangan ma’lumotlardan foydalanish mumkinligiga qaratilsin.
Sudlar hukm JPKning 26, 90 va 455-moddalari talabiga binoan faqat sud majlisida tekshirilgan va sud majlisi bayonnomasida o‘z aksini topgan dalillarga asoslangan bo‘lishi lozimligini e’tiborga olishlari kerak. Sud hukmda, surishtiruv, dastlabki tergov yoki boshqa sud majlisidagi sudlanuvchi, jabrlanuvchi, guvohlarning ko‘rsatuvlariga, ekspertlarning xulosalariga va tergov harakatlarining bayonnomalariga, JPKning 443-moddasiga muvofiq, ushbu dalillarga faqatgina sud majlisida o‘qib eshittirilgan va tekshirilgandagina havola qilinishi mumkin.
JPKning 104-moddasiga muvofiq, so‘roq qilinuvchining ilgarigi so‘roqda bergan ko‘rsatuvlari faqat uning hozirgi so‘roqqa bergan ko‘rsatuvlari tinglangandan keyin, shuningdek hozirgi va ilgarigi so‘roqlarda berilgan ko‘rsatuvlar o‘rtasida jiddiy qarama-qarshiliklar bo‘lganda; so‘roq qilinuvchi sudda ko‘rsatuv berishdan bosh tortganda; ish so‘roq qilinuvchining ishtirokisiz ko‘rib chiqilayotgan hollarda o‘qib eshittirilishi mumkin.
6. Sudlarga tushuntirilsinki, qonunga zid ravishda olingan barcha dalillar yuridik kuchga ega bo‘lmasligi va hukmda aks ettirilishi, qolaversa hukmga asos qilib olinishi mumkin emas. Qonunga zid ravishda olingan dalillarga tergov olib borishning noqonuniy (ruhiy va jismoniy kuch ishlatish) usullarini qo‘llab olingan dalillar yoki jinoyat-protsessual qonunining boshqa normalari buzilishi (masalan, himoya huquqining buzilishi) natijasida olingan dalillar kiradi. Dalil qonunga zid ravishda olingan deb topilgan taqdirda, sud ishdagi dalillar yig‘indisidan uni chiqarish to‘g‘risidagi o‘zining qarorini, qonunning buzilishi nimadan iborat ekanligini ko‘rsatgan holda, asoslantirishi lozim.
Dalilni qonunga zid ravishda olingan deb baholashda, sud JPKning 23-moddasida nazarda tutilgan aybsizlik prezumpsiyasi prinsipi asosida, dalilning maqbulligi va xolisligi to‘g‘risidagi har qanday shubha, agar uni bartaraf qilishning imkoni bo‘lmasa, sudlanuvchining foydasiga hal qilinishi lozimligidan kelib chiqishi kerak. Bartaraf qilishning imkoni bo‘lmagan shubhalar sudlanuvchining to‘liq aybi yoki ayblovning alohida epizodlari bo‘yicha ham topilishi mumkin.
Oldingi tahrirga qarang.
Ishda to‘plangan dalillarning yetarli emasligi, dalillar qonunga zid ravishda olinganligi sababli ular dalil hisoblanmasligi yoki qo‘yilgan ayblovda sudlanuvchining to‘liq aybdorligi to‘g‘risidagi shubhani bartaraf qilishning imkoni yo‘qligi haqidagi sudning asoslantirilgan xulosasi oqlov hukmi chiqarish uchun asos bo‘ladi, bu JPK 464-moddasi mazmunidan kelib chiqadi.
(6-bandning uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi plenumining 2018-yil 19-maydagi 16-sonli qarori tahririda)
7. JPKning 462-moddasiga muvofiq, sud ayblov yoki oqlov hukmi chiqarishi mumkin. JPKning 23-moddasida nazarda tutilgan aybsizlik prezumpsiyasi prinsipi hukm turini aniqlovchi mezon sifatida e’tirof etilgan.
Shu bilan birga, sudlar hukm muayyan ish bo‘yicha chiqariladigan yakuniy protsessual hujjat ekanligini va muayyan bir shaxsni jinoyat sodir etishda aybliligini yoki aybsizligini belgilovchi holat ekanligini farqlashlari lozim.
Shu sababli, sudlarga tushuntirilsinki, har bir ish bo‘yicha sud muhokamasida sudlanuvchilarning sonidan qat’iy nazar bitga hukm chiqariladi. Agar sudlanuvchiga bir necha jinoyat sodir qilganlikda ayb e’lon qilingan bo‘lsa, sud, bunga asoslar mavjud bo‘lganda, unga nisbatan bitta hukm chiqarib, ayblovning ayrim epizodlari bo‘yicha sudlanuvchini oqlashi, boshqasi bilan aybli deb topishi mumkin.
Bir necha shaxslarga nisbatan ish ko‘rishda sud, aniqlangan holatlarga ko‘ra, bitta hukm bilan barcha sudlanuvchilarni aybdor deb topishi yoki birini oqlashi va boshqalarini aybli deb topishi mumkin.
8. Sudlar oqlov hukmini chiqarishga olib keluvchi, jinoiy hodisaning yoki jinoyat tarkibining bo‘lmasligi, jinoyat sodir etilishiga sudlanuvchi daxldor emasligi to‘g‘risidagi asoslar ro‘yxati JPKning 464-moddasida to‘liq ko‘rsatilganligini e’tiborga olishlari lozim.
Oqlov hukmi chiqarilayotganda, uning tavsif qismida JPKning 469-moddasiga binoan sudlanuvchiga qo‘yilgan ayblovning mohiyati; sud aniqlagan ish holatlari, sudlanuvchining aybsizligi to‘g‘risidagi sud xulosasini tasdiqlovchi dalillar; sudlanuvchining jinoyat sodir etishda aybi bor deb da’vo qilishga asos bo‘lgan dalillarni sud nima uchun ishonarli emas yoki yetarli emas deb hisoblashi yoki nima uchun sud jinoiy hodisaning o‘zi yuz bermagan yoxud sudlanuvchi sodir etgan qilmishni jinoyat emas deb hisoblashi; fuqaroviy da’voga oid qarorning asoslari bayon qilinadi.
Oqlov hukmiga oqlanganning aybdor emasligiga shubha tug‘diruvchi iboralarning kiritilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Basharti JKning bir yoki bir necha moddalari (moddalar qismlari, bandlari) bilan tavsiflangan bir necha jinoyatlarni sodir etganlikda ayblangan shaxsga nisbatan oqlov hukmi chiqarilganda, sud hukmning tavsif qismida har bir modda (moddaning qismi, bandi, ayblov epizodi) bo‘yicha oqlashning tegishli asoslarini ko‘rsatib, ayblovning asossiz ekanligi to‘g‘risida asoslar keltirilgan holda xulosani tuzishi lozim.
Hukmning qaror qismida JPK 470-moddasida sanab o‘tilgan barcha ko‘rsatmalar to‘laligicha yoritilishi lozim.
9. Jinoiy hodisa yuz bermaganligi sababli oqlov hukmi (JPK 83-modda 1-bandi) agarda sudlanuvchi sodir etganlikda ayblanayotgan qilmish sudlanuvchi tomonidan sodir etilmagan bo‘lsa, yoxud nazarda tutilgan oqibat ziyon yetkazilgan shaxs tomonidan yoki kimning xohish istagi va ixtiyoridan bo‘lishidan qat’iy nazar, masalan, tabiatning ta’sir kuchi natijasida sodir etilsa chiqariladi.
Qilmishda jinoyat tarkibi bo‘lmaganligi sababli (JPK 83-modda 2-bandi) oqlov hukmi chiqariladi, agar:
jinoyat sifatida nazarda tutilgan qilmishning alomatlari mavjud bo‘lsada, o‘zining kam ahamiyatliligi tufayli ijtimoiy xavfli bo‘lmasa (JK 36-modda);
qilmish zaruriy mudofaa yoki oxirgi zarurat holatida sodir etilgan bo‘lsa (JK 37, 38-modda);
qilmish sudlanuvchi tomonidan sodir etilgan bo‘lsada, biroq Jinoyat qonuni bilan jinoyat deb topilmaydi (zarar ijtimoiy xavfli qilmish sodir etgan shaxsni ushlash vaqtida yetkazilsa (JK 39-modda), buyruq yoki boshqa vazifani ijro etish (JK 40-modda), kasb yoki xo‘jalik faoliyatiga bog‘liq asosli tavakkalchilik (JK 41-modda);
shaxs jinoyat sodir etishdan ixtiyoriy qaytganda (JK 26-modda) va h. k.
Agar ijtimoiy xavfli qilmish fakti va oqibatining kelib chiqqanligi aniqlangan bo‘lib, biroq sud muhokamasida taqdim qilingan va tekshirilgan dalillar bilan uning sudlanuvchi tomonidan sodir etilganligi inkor etilsa yoki o‘z tasdig‘ini topmasa, sud shaxsning sodir etilgan jinoyatga daxli bo‘lmaganligi sababli oqlov hukmi chiqaradi (JPK 83-modda 3-bandi).
10. Sudlar hukm chiqarishda hukmning fuqaroviy da’vo qismini JPK 468, 470-moddalari talablariga so‘zsiz rioya qilgan holda hal qilishlari lozim. Ushbu talablarni e’tiborga olib, sud hukmda da’voni to‘la yoki qisman qanoatlantirish yoxud rad qilish sabablarini asoslantirishi, da’vogar talablari qanoatlantirilgan tegishli miqdorini ko‘rsatishi va fuqaroviy da’vo qaysi qonunga asosan hal qilinganligini ko‘rsatishi lozim. Bir nechta sudlanuvchilarga nisbatan keltirilgan fuqaroviy da’vo qanoatlantirilganda, hukmda undirilgan pul summasining qancha qismi ulardan solinar va qancha qismi ulush tartibidaligi aniq ko‘rsatilishi lozim.
Sudlarning e’tibori shunga qaratilishi lozimki, JPK 471-moddasining 1-bandiga asosan ayblov hukmini chiqarishda, sudlar ish bo‘yicha keltirilgan fuqaroviy da’vo masalasini hal qilishlari lozim. Faqatgina sud fuqaroviy da’vo bilan bog‘liq qo‘shimcha hisob-kitob talab qilib, uni sud majlisida bartaraf etishning imkoniyati bo‘lmasa va bu sud qaroridagi jinoyat kvalifikatsiyasi, jazo me’yori (chorasi) va hukmda chiqarishda yuzaga keladigan boshqa masalalarga ta’sir qilmaganda, sud fuqaroviy da’voning undiriladigan miqdori masalasi fuqarolik ish yurituvi tartibida hal qilinishini tushuntirishi lozim.
Fuqaroviy da’vogar yoki uning vakili sud majlisiga kelmagan taqdirda, fuqaroviy da’vo ko‘rilmasdan qoldirilishi mumkin, JPK 413-moddasining 2, 3-qismlarida nazarda tutilgan holatlar bundan mustasno.
Jinoiy hodisa yuz bermaganligi yoki shaxsning jinoyat sodir etilishiga daxldor bo‘lmaganligi sababli oqlov hukmi chiqarilayotganda sud fuqaroviy da’voni qanoatlantirishni rad qiladi. Sudlanuvchi sodir etgan qilmishda jinoyat tarkibi bo‘lmaganligi tufayli oqlov hukmi chiqarilganda, sud da’voning isbotlanish darajasini e’tiborga olib, uni to‘liq yoki qisman qanoatlantiradi yoxud qanoatlantirishni rad etadi.
Fuqaroviy da’voni qanoatlantirilishi yoki rad etilishi yuzasidan sudning qarori asoslantirilishi lozim.
11. Sud ayblov yoki oqlov hukmi chiqarayotganda, JPK 457-moddasi talablariga muvofiq, quyidagi masalalarni hal qilishi lozim: sudlanuvchi aybli deb topilayotgan qilmish haqiqatan sodir etilganmi; bu qilmish jinoyat deb hisoblanadimi va u JKning qaysi moddasida nazarda tutilgan; bu qilmishni sudlanuvchi sodir etganmi; sudlanuvchi jinoyat sodir etilishida ayblimi; fuqaroviy da’vo qanoatlantirilishi kerakmi; fuqaroviy da’voni ta’minlash uchun xatlangan mol-mulkni nima qilish kerak; ashyoviy dalillarni nima qilish kerak; protsess chiqimlarini kimning zimmasiga va qancha miqdorda yuklash kerak; sudlanuvchiga nisbatan ehtiyot chorasini tanlash, ilgarigisini qoldirish, o‘zgartirish yoki bekor qilish, lavozimidan chetlashtirish tarzidagi protsessual majburlov chorasini bekor qilish kerakmi.
Bundan tashqari, sud ayblov hukmi chiqarishda sudlanuvchining javobgarligini yengillashtiradigan va og‘irlashtiradigan holatlar bormi; sudlanuvchi sodir etgan jinoyati uchun jazolanishi kerakmi; sudlanuvchiga qanday jazo tayinlanishi lozim va u shu jazoni o‘tashi kerakmi; sudlanuvchini JKning 34-moddasiga muvofiq o‘ta xavfli retsidivist deb topish lozimmi; ozodlikdan mahrum qilingan mahkum jazoni qanday tartibli koloniyada o‘tashi lozim va jazo muddatining bir qismini turmada o‘tashi kerakmi; fuqaroviy da’vo qo‘zg‘atilmagan bo‘lsa, jinoyat tufayli keltirilgan mulkiy zarar undirilishi kerakmi, sudlanuvchilar sheriklik yoki hissadorlik tartibida javobgarlikka tortilishlari lozimmi; sudlanuvchiga nisbatan tibbiy yo‘sindagi majburlov choralarini qo‘llash zarurligi masalalarini belgilashi lozim.
JPKning 457-moddasida nazarda tutilgan masalalarni sud har bir sudlanuvchiga va har bir jinoyatga nisbatan unga e’lon qilingan ayb bo‘yicha alohida-alohida hal qiladi.
Tibbiy yo‘sindagi majburlov choralari ekspertning tegishli xulosasi mavjud bo‘lgandagina qo‘llanilishi mumkin.
JPK 533-moddasining birinchi qismi 1 — 4-bandlarida nazarda tutilgan holatlar aniqlansa, sud hukmning ijrosini qonunda belgilangan tartibda kechiktirish masalasini muhokama qilishi shart.
Sudlarga tushuntirilsinki, JPKning 563-moddasiga muvofiq, voyaga yetmagan sudlanuvchiga nisbatan hukm chiqarishda sud, ushbu Kodeksning 457-moddasida ko‘rsatilgan masalalardan tashqari, basharti voyaga yetmagan shaxs shartli hukm qilinsa, unga ozodlikdan mahrum etish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo tayinlansa, voyaga yetmagan shaxsga jamoat tarbiyachisi tayinlash zarurligini muhokama qilishga majbur.
12. Hukmning kirish, tavsif va qaror qismlarining mazmuni bo‘yicha qonun talablariga rioya qilish qonuniy sud qarori chiqarilishining muhim kafolatlaridan biri hisoblanadi.
Agar ish bo‘yicha sud muhokamasi turli joylarda o‘tkazilgan bo‘lsa, bunday holda hukmning kirish qismida ish sayyor sud majlisida ko‘rilgani va hukm chiqarilgan joy aks ettiriladi. Bunda hukm chiqarilgan joy deb, hukm e’lon qilingan joy ko‘rsatilishi lozim.
13. Hukmning kirish qismida, shuningdek, hukmni chiqargan sudning nomi, sudning tarkibi, sud majlisining kotibi, taraflar va tarjimon ko‘rsatiladi.
JPK 407-moddasi talablaridan kelib chiqqan holda, zaxiradagi xalq maslahatchisi ishni muhokama qilish boshlangan paytdan e’tiboran sud majlisi zalida hozir bo‘lganligi haqidagi ma’lumot sud tarkibi bilan birga e’lon qilinishi lozim.
Basharti ishni muhokama qilish vaqtida, xalq maslahatchisi sud tarkibidan chiqib ketgan taqdirda zaxiradagi xalq maslahatchisi uning o‘rnini egallaydi va hukmning kirish qismida hukm chiqargan sud tarkibi ko‘rsatiladi. Zaxiradagi xalq maslahatchisining sud muhokamasidagi ishtiroki va almashtirilganligi sud majlisi bayonnomasida aks ettiriladi.
JPK 25-moddasining 4-qismiga muvofiq, davlat va jamoat ayblovchilari, sudlanuvchi, voyaga yetmagan sudlanuvchining qonuniy vakili, himoyachi, jamoat himoyachisi, shuningdek jabrlanuvchi, fuqaroviy da’vogar, fuqaroviy javobgar va ularning vakillari sud majlisida taraflar sifatida ishtirok etadilar va dalillar taqdim etish, ularni tekshirishda qatnashish, iltimos bilan murojaat qilish, ishning to‘g‘ri hal etilishi uchun ahamiyatga molik har qanday masala bo‘yicha o‘z fikrlarini bildirishda teng huquqlardan foydalanadilar. Shundan kelib chiqib, agar sud muhokamasida bir vaqtning o‘zida yoki o‘zaro almashib bir necha sud majlisi kotiblari, davlat ayblovchilari, himoyachilar yoki boshqa protsess ishtirokchilari ishtirok etganda, ularning barchasi hukmning kirish qismida ko‘rsatiladi.
14. Har bir protsess ishtirokchisi o‘zining huquq va majburiyatlariga ega ekanligi e’tiborga olinib, hukmning kirish qismida JPKning tegishli moddalariga muvofiq, ularning protsessual maqomini to‘g‘ri ko‘rsatish lozim.
Hukmning kirish qismida himoyachilar va vakillarni ko‘rsatishda, ular kimning manfaatlarini himoya qilayotganlari yoki ifodalayotgani ham ko‘rsatilishi lozim.
15. Sudlarga tushuntirilsinki, JPKning 466-moddasiga binoan hukmning kirish qismida ko‘rsatilishi zarur bo‘lgan sudlanuvchi xususidagi ish uchun ahamiyatli boshqa ma’lumotlar deganda, qilmishni kvalifikatsiya qilishda, jazodan ozod qilishda yoki shartli hukm qilishda, jazo turi va miqdorini tayinlashda, jazoni o‘tash turini aniqlashda, mahkumni o‘ta xavfli retsidivist deb topishda inobatga olinishi mumkin bo‘lgan ma’lumotlar tushunilishi lozim. Bular qatorida sudlanuvchi salomatligining ahvoli to‘g‘risidagi (masalan, nogironlik), unda davlat mukofotlari, maxsus unvonlarning borligi haqidagi va boshqa ma’lumotlar ham bo‘lishi mumkin. Shu bilan birga, qayd etilgan holatlar mavjud bo‘lmaganda ularning yo‘qligi haqida hukmning kirish qismida ko‘rsatilmaydi.
Shaxsning muqaddam sudlanganligi haqida ma’lumotlar mavjud bo‘lsa, sudlar hukmning kirish qismida har bir sudlanganlik yuzasidan to‘liq ma’lumotlarni, jumladan: hukm chiqarilgan aniq sanani, hukm chiqargan sudning nomini, shaxs aybli deb topilgan JKning moddasi, qismi, bandi va sud tomonidan tayinlangan jazoni, hukmning yuqori sud instansiyalarida o‘zgartirilishini, jazo ijro etilgan yoki to‘liq o‘talgan yoxud jazodan ozod etilgan sanani, jazodan ozod qilish asosini, agar shaxsga amnistiya aktlari qo‘llanilgan bo‘lsa, qo‘llanilgan sanasi, sudning nomi, qo‘llanilgan amnistiya aktining sanasi va bandini ko‘rsatishi shart.
Agar shaxsning qonunda belgilangan tartibda muqaddam sudlanganlik holati tugallangan yoki olib tashlangan bo‘lsa, sud hukmning kirish qismida qachon va qaysi sud tomonidan sudlanganlik holati olib tashlanganligi yoki qaysi asoslarda sudlanganlik holati tugallanganligi ko‘rsatishi kerak.
Sudlar shuni e’tiborga olishi lozimki, JKning 77-moddasiga muvofiq sudlanganlik muddatining o‘tib ketganligi yoki sudlanganlikning olib tashlanishi munosabati bilan uning barcha huquqiy oqibatlari bekor bo‘ladi.
JK 77-moddasining 5-qismiga asosan, qonunning o‘zgarishi munosabati bilan jinoiyligi bekor qilingan qilmish uchun sudlangan shaxs sudlanmagan deb hisoblanadi. Bunday holda, sud hukmning tavsif qismida shaxsni sudlanmagan deb hisoblash haqidagi o‘zining xulosalarini asoslashi shart.
16. JPKning 463-moddasiga ko‘ra, ayblov hukmi taxminlarga asoslangan bo‘lishi mumkin emas va faqat sudlanuvchining jinoyat sodir etishda aybli ekanligi sud muhokamasi davomida isbot qilingan taqdirdagina chiqariladi. Ayblov hukmiga jinoyat sodir etilishining ish bo‘yicha barcha mumkin bo‘lgan holatlarini tekshirish, ish materiallarida ma’lum bo‘lib qolgan barcha kam-ko‘stni to‘ldirish, yuzaga kelgan hamma shubha va qarama- qarshiliklarga barham berish natijasida yig‘ilgan ishonchli dalillargina asos qilib olinishi lozim. Shundan kelib chiqib, sudlanuvchi tomonidan tergovda yoki sudda aybini bo‘yniga olish holati u ish bo‘yicha to‘plangan hamda sudda tekshirilgan boshqa dalillar bilan xolisona isbotlangan taqdirdagina ayblov hukmi chiqarishga asos bo‘la oladi.
JPKning 117-moddasiga binoan gumon qilinuvchining, ayblanuvchining, sudlanuvchining yaqin qarindoshlari ko‘rsatuv berishdan bosh tortganlik uchun javobgarlik to‘g‘risida ogohlantirilmaydilar. Shuning uchun ham sud, ularning suddagi yoki dastlabki tergovdagi ko‘rsatuvlariga, mazkur ish bo‘yicha dastlabki tergov bosqichida va sudda ushbu shaxslarga guvohlik ko‘rsatuvlari berishdan bosh tortish huquqi tushuntirilgan va ular o‘z xohishlari bilan ko‘rsatuv berishga rozilik bildirgan taqdirdagina asoslanishi mumkin.
17. Sudlar shuni nazarda tutishlari lozimki, JK 31-moddasining 3-qismi, 240-moddasining 2-qismiga muvofiq, gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchining yaqin qarindoshlari oldindan va’da bermagan holda jinoyat haqida xabar bermaganlik yoki jinoyatni yashirganlik, guvohlik ko‘rsatuvi berishni rad etganlik yoki bundan bo‘yin tovlaganlik uchun javobgarlikka tortilmaydi. Qonun qayd etilgan shaxslarni yolg‘on guvohlik berganlik uchun javobgarlikdan ozod etmasligi sababli, o‘zlarining ko‘rsatuv berishga roziligi mavjud bo‘lganida, ular JKning 238-moddasi bilan bila turib yolg‘on ko‘rsatuv berganlik uchun javobgarlik to‘g‘risida ogohlantirilishi lozim.
18. JPKning 17-moddasi talabiga binoan sud hukm chiqarishda shaxsning sha’ni va qadr-qimmatini hurmat qilish prinsipiga amal qilishi, shu sababli uning shaxsiy hayotiga taalluqli yoki unga ma’naviy azob-uqubat yetkazadigan ma’lumotlarni odob bilan, agarda bunday ma’lumotlar ishdagi dalillarga oid bo‘lsa, hukmda ko‘rsatishi lozim.
Inson sha’ni va qadr-qimmatini kamsitadigan, uning shaxsiy hayotiga taalluqli ma’lumotlar tarqalib ketishiga olib keladigan, yopiq sud majlisida ko‘rilgan ishlar yuzasidan xususiy ajrim chiqarilib jamoatchilikka oshkor qilinishi taqiqlanishi sudlarga tushuntirilsin.
19. Sudlarga tushuntirilsinki, JPK 467-moddasi mazmuniga ko‘ra, sud hukmning tavsif qismida ushbu ishda muhokama qilinmayotgan shaxs (shaxslar)ning jinoyatdagi ishtirokini ko‘rsatishga haqli emas. Bunday hollarda hukmda sudlanuvchi tomonidan jinoyat boshqa shaxs (shaxslar) ishtirokida, uning ismi, familiyasi va shaxsiga oid boshqa ma’lumotlar ko‘rsatilmasdan, sodir etilganligi qayd qilib o‘tilishi mumkin.
Bu xildagi xatoga yo‘l qo‘yilganda, bundan keyin bunday jinoyat qatnashchisiga nisbatan ishni ko‘rayotgan sud hukm chiqarishda, birinchi hukmni aybdorlikni tasdiqlovchi dalil sifatida keltirishga haqli emas.
20. JPK 467-moddasiga muvofiq, agar jinoyat oldindan til biriktirilgan holda bir guruh shaxslar tomonidan yoki uyushgan guruh tomonidan sodir etilgan bo‘lsa, ayblov hukmining tavsif qismida har bir jinoyat ishtirokchisi tomonidan aynan qanday jinoiy harakatlar sodir etilganligi aniq ko‘rsatilishi lozim.
Shu bilan birga, sud hukmida har bir sudlanuvchining bir xildagi harakatlari qayta takrorlanmasligi, ammo ularning umumiy harakatlari qayd etishda har birining roli konkretlashtirilgan holda bayon qilinishi lozim.
21. Ayblov hukmining tavsif qismida, sudlanuvchining e’lon qilingan ayblovga munosabati yoritilishi, o‘zini himoya qilish uchun keltirgan vajlariga baho berilishi kerak; Shu bilan birga, hukmda sudlanuvchining aybini isbotlashga, jinoyatning kvalifikatsiyasiga yoki jazo tayinlashga aloqador bo‘lgan ko‘rsatuvlarigina aks ettirilishi lozim.
Sudlanuvchi tomonidan o‘zining surishtiruv va dastlabki tergovda bergan ko‘rsatuvlarini o‘zgartirgan taqdirda sud uning bu va boshqa ko‘rsatmalarini batafsil tekshirishi va ularga ish bo‘yicha to‘plangan boshqa dalillar yig‘indisi bilan birgalikda baho berishi lozim.
22. Aybni isbotlash JPKning 86-moddasiga muvofiq, surishtiruvchi, tergovchi, prokuror va sudga yuklanganligi sababli, sudlanuvchining ko‘rsatuv berishdan bosh tortishi uning aybini isbot qilinganini belgilamaydi va unga nisbatan jazo turini va miqdorini belgilashda uning shaxsini salbiy tomondan tavsiflash holati sifatida hisobga olinishi mumkin emas.
Shu sababli, ayblanuvchining dastlabki tergovda va sudda bergan ko‘rsatmalarini o‘zgartirishi yoki sudda bergan ko‘rsatuvlarini noto‘g‘ri deb hisoblanishi shaxsni salbiy tomondan tavsiflash holati deb hisobga olinishi mumkin emas.
23. Ish bo‘yicha ayblov hukmi chiqarilayotganda, ushbu ish bo‘yicha chiqarilgan birinchi hukm tayinlangan jazo yengilligi yoki og‘irroq jinoyat to‘g‘risida qonunni qo‘llash zarurligi sababli bekor qilingan bo‘lsa, sud JPKning 414-moddasiga binoan hukmning tavsif qismida sudlanuvchining aybliligini avvalgi sud muhokamasida tekshirilgan dalillarga tayangan holda, jinoyatni tavsiflashga va jazo choralariga bog‘liq bo‘lgan o‘zining xulosalarini asoslantiradi.
Oldingi tahrirga qarang.
24. Jinoyatni Jinoyat qonunining u yoki bu moddasi, uning qismi yoki bandi bilan tavsiflash bo‘yicha sudning asoslantirilgan xulosasi ayblov hukmining tavsif qismining muhim belgisi hisoblanadi. Bunda sudlanuvchining harakatlari nima uchun aynan shu modda, qism, band bilan tavsiflanayotganligi aniq ko‘rsatilishi kerak. Sud sudlanuvchini baholovchi kategoriyalarga tegishli (masalan, jiddiy ziyon, og‘ir oqibatlar va h.k) belgilarga qarab aybdor deb topishda, ushbu belgining jinoiy qilmishda mavjudligini tasdiqlovchi dalillarni keltirishi shart.
JPKning 467-moddasiga binoan ayblovning o‘zgartirilishi sud tomonidan hukmning tavsif qismida asoslantirilgan bo‘lishi kerak.
JPK 415-moddasiga binoan sud ayblovni o‘zgartirishga haqli. Bunda ayblovning bir qismi yoki jinoyatni kvalifikatsiyalovchi belgilari chiqarib tashlanadi.
Sud JPK 416 va 417-moddalarida nazarda tutilgan tartibda surishtiruv, dastlabki tergov organlari tomonidan e’lon qilingan aybni o‘zgartirishga yoki to‘ldirishga haqli.
(24-band O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi plenumining 2018-yil 19-maydagi 16-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
25. Sud sudlanuvchiga avval e’lon qilingan aybni jabrlanuvchining shikoyatiga asosan qo‘zg‘atiladigan jinoyat uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi JK moddasiga (JK 105-moddasining birinchi qismida, 109-moddasida, 110-moddasining birinchi qismida, 111-moddasida, 118-moddasining birinchi qismida, 119-moddasining birinchi qismida, 121-moddasining birinchi qismida, 136-moddasida, 139-moddasining birinchi va ikkinchi qismlarida, 140-moddasining birinchi va ikkinchi qismlarida, 1411-moddasining birinchi qismida, 149-moddasida, 167, 170, 172, 173-moddalari) o‘zgartirish zarurligi to‘g‘risida xulosaga kelganda, jabrlanuvchining sudlanuvchini jinoiy javobgarlikka tortish haqidagi arizasi ishda mavjud-mavjud emasligidan kelib chiqib, qaror qabul qiladi.
(25-band O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi plenumining 2018-yil 19-maydagi 16-sonli qarori tahririda)
26. E’lon qilingan ayblovning (ayblov epizodlarining) bir qismi sudda o‘z tasdig‘ini topmagan taqdirda, ayblov hukmining tavsif qismida sudlanuvchining e’lon qilingan ayblov qismi bo‘yicha oqlanishi sabablari keltiriladi. Hukmning qaror qismida, sud shaxsni e’lon qilingan ayblov qismi (epizodlari) bo‘yicha oqlash to‘g‘risidagi qarorni qonunning aniq normalariga havola qilgan holda chiqaradi. Jinoyatning tavsifini o‘zgartirishga olib kelmaydigan ayrim epizodlarning yoki ayrim og‘irlashtiruvchi holatlarga ko‘rsatuvlarning, shuningdek aybdorning shaxsini salbiy baholovchi ma’lumotlar ayblovdan chiqarib tashlangan taqdirda, sud hukmning tavsif qismida ayblovning qismini asoslantirilmagan deb topish to‘g‘risida tegishli asoslar keltirgan holda xulosa qilishi yetarlidir.
Sudlanuvchi tomonidan sodir etilgan bir jinoyat, jinoyat qonunining bir necha moddalari bilan xato tavsiflanganda, yoki bir necha sodir etilgan jinoyatlarini jinoyat qonunining og‘irroq jazoni taqozo qiluvchi birgina moddasi bilan tavsiflash o‘rniga asossiz ravishda jinoyat qonuni bir moddasining bir necha qismlari bilan tavsiflanganda, sud hukmning tavsif qismida sudlanuvchiga xato qo‘yilgan JKning moddasi (moddasi qismi yoki bandi)ni chiqarib tashlash to‘g‘risida ham tegishli asoslar keltirgan holda ko‘rsatib o‘tishi yetarli.
27. Sudlar aybga qo‘yilgan ayrim harakatlarning asoslantirilmaganligini og‘irroq javobgarlikni belgilaydigan qilmishdan farqlashlari lozim. Chunonchi, JK 33-moddasining 2-qismiga muvofiq, agar shaxs sodir etgan qilmishda JK Maxsus qismi ayni bir moddasining turli qismlarida nazarda tutilgan jinoyatlarning alomatlari mavjud bo‘lsa, u moddaning og‘irroq jazo belgilangan qismi bo‘yicha javobgarlikka tortiladi. Biroq, agar ish materiallarida ayblovning shu epizodi bo‘yicha jinoiy hodisa yuz berganligi, shaxsning qilmishida jinoyat tarkibi bo‘lganligi va uning sodir etilgan jinoyatga daxli bo‘lganligi o‘z tasdig‘ini topgan bo‘lsa, bunday holatda sud ayblovdan JK moddasida yengilroq jazo nazarda tutilgan qismini chiqarishni belgilamay, hukmning tavsif qismida sudlanuvchini javobgarlikka tortishga asos bo‘lgan JK moddasining og‘irroq jazo belgilangan qismi bilan moddaning boshqa qismlarida nazarda tutilgan barcha kvalifikatsiya qiluvchi alomatlarini ko‘rsatib, javobgarlikka tortilishini asoslantirib berishi lozim.
28. Sudlarning e’tibori, hukm chiqarishda ularning jazo tayinlashning umumiy asoslari to‘g‘risidagi qonun talablariga og‘ishmay rioya qilish shartligiga, jinoyat qonunining asosiy prinsiplaridan biri insonparvarlik prinsipi ekanligiga va uning mazmuniga ko‘ra jinoyat sodir etgan shaxsga nisbatan u axloqan tuzalishi va yangi jinoyat sodir etishining oldini olish uchun zarur hamda yetarli bo‘ladigan jazo yoki boshqa huquqiy ta’sir chorasi qo‘llanilishi kerakligiga qaratilsin.
Ushbu prinsipga binoan jazolashdan ko‘zlangan maqsadga yengilroq choralarni qo‘llash orqali erishib bo‘lmaydigan taqdirdagina og‘irroq jazo choralari tayinlanishi mumkin. Sudlar jazo tayinlashda, sodir etilgan jinoyatning ijtimoiy xavflilik darajasini va xususiyatini, sodir etilgan qilmishning sabablarini, keltirilgan zararning miqdori va xususiyati, aybdorning shaxsi, uning javobgarligini yengillashtiruvchi va og‘irlashtiruvchi holatlarni hisobga olishlari kerak. Bulardan kelib chiqib, sudlanuvchining javobgarligi darajasi xususiyatiga qanday holatlar ta’sir etganligi, shuningdek uning shaxsini tavsiflovchi sud muhokamasida tasdiqlangan va JK 54-moddasiga binoan jazo tayinlashda sud tomonidan hisobga olingan boshqa holatlarni hukmda ko‘rsatib o‘tish lozim.
Jazo tayinlashning umumiy asoslari to‘g‘risidagi qonunni qo‘llayotib, sudlar O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2006-yil 3-fevraldagi “Sudlar tomonidan jinoyat uchun jazo tayinlash amaliyoti to‘g‘risida”gi 1-sonli qaroridagi tushuntirishlarga amal qilishlari va hukmning tavsif qismida sud tomonidan u yoki bu jazoni tayinlash haqidagi xulosaga kelganlik asoslarini ko‘rsatishlari, shuningdek ushbu jinoyat uchun jinoyat qonunida ko‘rsatilgan jazodan ham kamroq jazo tayinlash, qo‘shimcha jazoni tatbiq etish, harbiy hamda maxsus unvondan mahrum qilish asoslarini ko‘rsatishlari zarur.
JKning 56-moddasida sanab o‘tilgan jazoni og‘irlashtiradigan holatlar ro‘yxati qat’iy bo‘lib, kengaytirilgan talqinga yo‘l qo‘yilmaydi, jazoni yengillashtiruvchi holatlar esa sud tomonidan aniq ish holatlaridan kelib chiqib hukmning tavsif qismida asoslar keltirilgan holda kengaytirilishi mumkin. Jinoyatni tavsiflash belgilari, shuningdek shaxsning sudlanganlik holatining qonunda ko‘rsatilgan tartibda tugallanishi yoki olib tashlanishi jazoni og‘irlashtiruvchi holatlar sifatida keltirilmasligi kerak. Hukmda aybdorning birgina shaxsini inobatga olgan holda jazo tayinlanganligi to‘g‘risida qayd etish yetarli bo‘lmaydi.
Xavfli retsidivist tomonidan jinoyat sodir etilishi bir qator jinoyatlarning tavsiflash belgisi hisoblanadi va bu holat shaxs dastlabki tergov organi tomonidan ayblanuvchi tariqasida ishtirok etishga jalb qilinayotganida ko‘rsatib o‘tilgan bo‘lishi lozim va keyinchalik bu sud hukmining tavsif qismida ham asoslantirilgan bo‘lishi kerak.
29. Sudlar shuni nazarda tutishlari lozimki, JK 8-moddasining 2-qismiga muvofiq, hech kim aynan bitta jinoyat uchun ikki marta javobgarlikka tortilishi mumkin emas.
Oldingi tahrirga qarang.
Agarda JK moddasining sanksiyasida asosiy jazo bilan birga majburiy qo‘shimcha jazoni qo‘llash ko‘zda tutilgan bo‘lsa, sud tomonidan qo‘shimcha jazo faqat JK 45-moddasining beshinchi qismi va 57-moddasida ko‘rsatilgan asoslar bo‘yicha qo‘llanmasligi mumkin.
(29-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi plenumining 2018-yil 19-maydagi 16-sonli qarori tahririda)
Agar JK moddasi sanksiyasida ko‘rsatilgan asosiy jazoga qo‘shimcha jazo majburiy tarzda tayinlanishi belgilangan bo‘lsa, sud JKning 57-moddasini qo‘llagan holda, boshqa yengilroq asosiy jazo tayinlagan taqdirda, qo‘shimcha jazo faqat JKning 45-moddasini qo‘llagan holda tayinlanishi, sud hukmning tavsif qismida shunday qaror qabul qilganligini asoslantirishi lozim.
Shu sababli, aniq jinoyat uchun tayinlanadigan asosiy va qo‘shimcha jazolar birga bir butun jazoni tashkil qiladi. Agar qo‘shimcha jazo JKning alohida moddasi bilan tayinlanmagan bo‘lsa, u JKning 59-moddasi tartibida jinoyatlar majmui bo‘yicha yoki JKning 60-moddasi tartibida bir necha hukm yuzasidan jazo tayinlash tartibida qo‘llanishi mumkin emas.
Hukmning tavsif qismida undirilishi lozim bo‘lgan moddiy zararni qoplash miqdori, aybdorni o‘ta xavfli retsidivist deb topish to‘g‘risida, tibbiy yo‘sindagi majburlov choralarini qo‘llash, ashyoviy dalillar taqdirini, fuqaroviy da’vo yoki yetkazilgan zarar masalasi yoki jinoyat oqibatida moddiy zarar masalasini qanoatlantirish yoxud rad qilish xulosasi asoslantirilgan bo‘lishi kerak.
Sud yetarli asoslar mavjud bo‘lganda hukmning tavsif qismida mahkumga nisbatan amnistiya aktini qo‘llash yoki qo‘llamaslik, mahkumni jazodan ozod qilish yoki jazo tayinlamaslik, sinov muddati belgilagan holda shartli hukm qilish, voyaga yetmagan mahkumga jazo tayinlamasdan boshqa majburlov choralari qo‘llashni muhokama qilishi lozim.
30. Ayblov hukmining qaror qismida JPK 468-moddasiga binoan sudlanuvchining familiyasi, ismi va otasining ismi, JKning uni aybli deb e’tirof etishga asos bo‘lgan moddasi (moddaning qismi, bandi), sudlanuvchining o‘ta xavfli retsidivist deb topilganligi (basharti sud shunday qaror qabul qilgan bo‘lsa), sudlanuvchiga har bir jinoyati uchun tayinlangan jazo turi va me’yori, uzil-kesil tayinlangan o‘talishi lozim bo‘lgan jazo chorasi, ozodlikdan mahrum etish jazo turi qo‘llanilganda jazoni o‘tash lozim bo‘lgan tegishli tartibli koloniya turi; sudlanuvchi shartli ravishda hukm qilinganda, sinov muddati va mahkumning ustidan kuzatuv olib borish vazifasi yuklatilgan jamoa va shaxs; ushlab turilgan yoki qamoqda saqlangan vaqtni jazo muddati hisobiga kiritish to‘g‘risida qaror; hukm qonuniy kuchga kirguniga qadar sudlanuvchiga nisbatan ehtiyot chorasiga oid qaror; mahkumning zimmasiga yuklatilgan majburiyatlar, JPK 533-moddasi asoslari bo‘yicha hukmning ijrosini kechiktirish to‘g‘risidagi qaror yoritilishi lozim.
Bundan tashqari hukmning qaror qismida axloq tuzatish ishlari jazosini o‘tash joyi, jazo va sinov muddatlarini hisoblash, mahkumga nisbatan amnistiya aktini qo‘llashlik, qonunning tegishli normalariga binoan mahkumni jazodan ozod etish to‘g‘risidagi qaror ko‘rsatilishi zarur.
Ayrim jinoyatlar uchun qonun moddasida nazarda tutilgan jazoning eng kam qismidan ham kamroq jazo tayinlashda, hukmning qaror qismida ushbu jazo JKning tegishli moddasi (moddaning qismi, bandi) bilan JK 57-moddasini qo‘llagan holda belgilanayotgani to‘g‘risida ko‘rsatib o‘tilishi kerak.
Sudlanganga jazoni o‘tash koloniya turi jinoyatlar majmui bo‘yicha uzil- kesil jazo belgilangandan keyingina tayinlanadi. Agar shaxs jazoni o‘tashdan ozod qilingan yoki sinov muddati belgilangan holda shartli hukm qilingan bo‘lsa, jazoni o‘tash koloniya turi tayinlanmaydi.
Sud jazoni shartliligini bekor qilib, hukmda tayinlangan jazoni ijro etish to‘g‘risida ajrim chiqarish paytida, sudlanganga nisbatan jazoni o‘tash koloniyasini ham belgilaydi.
31. JPKning 471-moddasi talabiga ko‘ra, ayblov hukmining ham, oqlov hukmining ham qaror qismi sudlanuvchini lavozimidan chetlashtirish tarzidagi protsessual majburlov chorasini bekor qilish to‘g‘risidagi qarorni, qo‘zg‘atilgan fuqaroviy da’vo yoki sudning tashabbusi bilan ziyonni qoplash to‘g‘risidagi qarorni, ashyoviy dalillar hamda ishga ilova qilingan boshqa narsalar va hujjatlar to‘g‘risidagi qarorni, protsessual chiqimlar to‘g‘risidagi qarorni, shuningdek hukm ustidan apellatsiya va kassatsiya shikoyati berish, protest bildirish tartibi va muddatlarini o‘z ichiga olishi lozim.
32. Agar hukm chiqarishda, basharti: mazkur hukm bilan sudlanuvchiga tayinlangan jazoni qo‘llashdan ozod qiluvchi amnistiya akti e’lon qilingan bo‘lsa; shaxsning hukm chiqqunga qadar qamoqda bo‘lgan vaqti JKning 62-moddasida nazarda tutilgan dastlabki qamoqni hisobga olish qoidalarini nazarda tutib sud tomonidan tayinlangan jazo chorasiga teng yoki bu choradan ortiq bo‘lsa, sud ayblov hukmini chiqaradi va tavsif qismida qabul qilingan qarorni asoslantiradi, qaror qismida sudlanuvchini aybdor deb topib, unga JK tegishli moddasi (moddalari) bilan jazo tayinlaydi, so‘ngra qonunga asoslangan holda tayinlangan jazodan ozod qiladi.
Agar hukm chiqarish paytida, basharti: mahkum sodir etgan jinoyat uchun jazo tayinlashni istisno etadigan amnistiya akti e’lon qilingan bo‘lsa; mazkur jinoyat uchun ayblanuvchi tariqasida ishda ishtirok etishga jalb qilish muddati o‘tib ketgan bo‘lsa; hukm chiqariladigan vaqtga kelib, qilmish ijtimoiy xavfliligini yo‘qotsa yoki uni sodir etgan shaxs ijtimoiy xavfli bo‘lmay qolsa; mahkumning tuzalishiga jamoat birlashmalari va jamoalar tomonidan qo‘llaniladigan jamoat ta’sir choralari yoki ma’muriy jazo choralari ko‘rish yo‘li bilan erishish mumkin bo‘lsa; hukm chiqarish vaqtigacha sudlanuvchi vafot etgan bo‘lsa; JKning 71-moddasiga muvofiq, shaxsni o‘z qilmishiga amalda pushaymon bo‘lganligi tufayli ozod qilish uchun asoslar mavjud bo‘lsa sud jazo tayinlamasdan ayblov hukmi chiqaradi.
33. JPKning 473-moddasiga muvofiq, sud hukmni imzolaganidan keyin sud majlisi zaliga qaytib chiqadi va raislik qiluvchi yoki xalq maslahatchisi hukmning qaror qismini e’lon qiladi.
Sud majlisi zalida hozir bo‘lganlarning hammasi, shu jumladan sud tarkibi ham hukmni tik turib eshitadilar.
Agar hukm sudlanuvchi bilmaydigan yoki yetarlicha bilmaydigan tilda bayon qilingan bo‘lsa, hukmning qaror qismi e’lon qilingandan keyin, mazkur qism tarjimon tomonidan sudlanuvchining ona tilida yoki u tushunadigan boshqa tilda o‘qib eshittirilishi kerak.
Raislik qiluvchi sudlanuvchiga va boshqa taraflarga hukmning mazmunini, hukm ustidan ular istagi bo‘yicha apellatsiya yoki kassatsiya tartibida shikoyat berish muddati va tartibini tushuntiradi. Basharti sudlanuvchi favqulodda jazo chorasi — umrbod ozodlikdan mahrum qilishga hukm qilingan bo‘lsa, unga afv etishni so‘rab iltimos qilish huquqi ham tushuntiriladi.
Agar sudning sud majlisi zaliga qaytib chiqish vaqtidan ilgari xabardor qilingan sudlanuvchi hukmni e’lon qilinishiga kelmasa, sud hukmning qaror qismini uning ishtirokisiz e’lon qiladi. Sud majlisini yopiq deb e’lon qilgunga qadar, mahkumni qidirish, ushlash, uni tergov hibsxonasiga joylashtirish yoki hukm nusxasini topshirish uchun sudga keltirish haqida JPKning 423-moddasi tartibida ajrim chiqaradi. .
34. Sudlarga tushuntirilishi lozimki, JPKning 473-moddasi faqat hukmning qaror qismini e’lon qilish tartibini nazarda tutadi.
Bunda, hukmni chiqarish, tuzish va imzolash tartibi JPKning 454 — 460, 465, 472-moddalari talablari asosida yuritiladi.
35. Ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxsning voyaga yetmagan bolalari, keksa ota-onalari, qaramog‘ida boshqa shaxslar bo‘lsa va ular qarovsiz hamda yordamsiz qolayotgan bo‘lsa, sud O‘zbekiston Respublikasi JPKning 476-moddasiga muvofiq ayblov hukmini chiqarish bilan bir vaqtda ularni qarindoshlari yoki boshqa shaxslarning va muassasalarning vasiyligiga yoki homiyligiga topshirish, mahkumning qarovsiz qolayotgan mol-mulki yoki uy-joyi bo‘lsa, ularni qo‘riqlab turish choralarini ko‘rish to‘g‘risida ajrim chiqaradi. Agar ushbu masalalar ayrim sabablarga ko‘ra hukm chiqarish bilan bir vaqtda sud tomonidan hal qilinmagan bo‘lsa, ular sudning taqdimnomasi asosida umumiy asoslarda qonunda belgilangan tartibda hal qilinadi.
Shuningdek, sudlar ushbu masalani manfaatdor taraflarning taqdimnomasi yoki arizasiga asosan JPKning 541, 542-moddalarida nazarda tutilgan qoidalar asosida hukmni ijro etish bilan bog‘liq masalalarni hal qilish tartibida ko‘rib chiqishi mumkin. Bunda sud ushbu masalani shu tartibda ko‘rilishi lozimligini asoslantirishi kerak.
36. Mazkur qarorning qabul qilinishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 1997-yil 2-maydagi “Sud hukmi to‘g‘risida”gi 2-sonli qarori, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2002-yil 14-iyundagi “Jinoiy jazolarning liberallashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi 10-sonli qarorining 12-bandi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2003-yil 19-dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi tomonidan qabul qilingan ayrim qarorlarga o‘zgartirishlar va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi 20-sonli qarorining 3-bandi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2006-yil 3-fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi tomonidan qabul qilingan ayrim qarorlarga o‘zgartirishlar va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi 5-sonli qarorining 13-bandi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2007-yil 14-noyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi tomonidan qabul qilingan ayrim qarorlarga o‘zgartirishlar va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi 17-sonli qarorning 1-bandi o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
Oliy sud raisi B. MUSTAFAYEV
Plenum kotibi v.b., Oliy sud sudyasi O. XAYITOV
Toshkent sh.,
2014-yil 23-may,
07-son

Download 68,87 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©www.hozir.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling

kiriting | ro'yxatdan o'tish
    Bosh sahifa
юртда тантана
Боғда битган
Бугун юртда
Эшитганлар жилманглар
Эшитмадим деманглар
битган бодомлар
Yangiariq tumani
qitish marakazi
Raqamli texnologiyalar
ilishida muhokamadan
tasdiqqa tavsiya
tavsiya etilgan
iqtisodiyot kafedrasi
steiermarkischen landesregierung
asarlaringizni yuboring
o'zingizning asarlaringizni
Iltimos faqat
faqat o'zingizning
steierm rkischen
landesregierung fachabteilung
rkischen landesregierung
hamshira loyihasi
loyihasi mavsum
faolyatining oqibatlari
asosiy adabiyotlar
fakulteti ahborot
ahborot havfsizligi
havfsizligi kafedrasi
fanidan bo’yicha
fakulteti iqtisodiyot
boshqaruv fakulteti
chiqarishda boshqaruv
ishlab chiqarishda
iqtisodiyot fakultet
multiservis tarmoqlari
fanidan asosiy
Uzbek fanidan
mavzulari potok
asosidagi multiservis
'aliyyil a'ziym
billahil 'aliyyil
illaa billahil
quvvata illaa
falah' deganida
Kompyuter savodxonligi
bo’yicha mustaqil
'alal falah'
Hayya 'alal
'alas soloh
Hayya 'alas
mavsum boyicha


yuklab olish