Stiven Xoking inson irodasiga qo‘yilgan haykal



Download 270,35 Kb.
bet1/28
Sana01.06.2022
Hajmi270,35 Kb.
#628838
  1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   28
Bog'liq
FIZIK OLIMLAR HAYOTI


Stiven Xoking - inson irodasiga qo‘yilgan haykal

1941-yilning ikkinchi yarmida minglab ingliz oilalari imkon qadar Oksford va Kembrijga ko‘chib o‘tishga intilishardi. Lekin bu intilish mazkur shaharlarning mashhur oliy o‘quv yurtlariga kirish uchun emas, balki o‘z jonlarini omon saqlash, bolalarni ehtiyotlash maqsadini ko‘zlardi. Fashistlar Germaniyasi va Angliya hukumatlari o‘rtasidagi o‘ta kam sonli kelishuvlardan biriga ko‘ra, qarama-qarshi tomonlar, Angliyada Kembrij va Oksfordni, Germaniyada esa Geydelberg va Gyottingenni harbiy harakatlarda holi tutishga rozi bo‘lishgan. Otasi tropik kasalliklar bo‘yicha mutaxassis vrach, onasi esa kotiba bo‘lib ishlagan Xokinglar oilasi ham, 1941-yilda London osmonida Lyuftvaffe bombardimonchilari muntazam paydo bo‘la boshlagach, poytaxtni tashlab, vaqtincha Oksfordga ko‘chib o‘tishga majbur bo‘lishdi. Taqdirning shunday taqozosi bilan, biz ushbu maqola orqali tanishtirmoqchi bo‘lgan olim, zamonamizning eng nufuzli nazariyotchi fiziklaridan bo‘lmish Stiven Xoking 1942-yilning 8-yanvarida, Oksfordda dunyoga keldi. U o‘zining tavalludini, zamonaviy fizika fanining otasi bo‘lmish Galileyning vafotidan roppa-rosa 300 yil o‘tib yuz berganiga hech qanday ramziy ma'no bermaydi. O‘zining ta'biri bilan aytganda, "axir aynan shu kuni yana ikki yuz mingga yaqin boshqa chaqaloqlar ham tug‘ilgan edi".
Urush tinchigach, Xokinglar Londonga qaytib kelishadi. Biroq, ko‘p o‘tmay dadasining ish joyi, ya'ni, Tibbiyot Tadqiqotlari Milliy Instituti yangi manzilga - Londondan shimolroqdagi Milli-Xill yeriga ko‘chirilishi tufayli, Xokinglar oilasi o‘sha yerga yaqinroq bo‘lgan Sent-Olbans shahriga ko‘chib ketadi. Ota Xoking o‘zi ilmga jiddiy qiziqqanligi uchun, farzandlarining ham chuqur bilim olishini istagan. O‘sha paytlari jamiyatning o‘zi singari, ingliz ta'lim tizimi ham qat'iy ierarxik pog‘onalarga bo‘linardi. Chunonchi, maktablarning akademik va noakademik turlari bo‘lib, noakademik maktabda asosan kambag‘al va o‘rta tabaqa vakillari bolalari o‘qishgan. Tabiiyki bilim berish sifati ham shunga yarasha bo‘lgan. Xoking Sent-Olbans akademik maktabida o‘rtahol oila farzandlari uchun maxsus tashkillangan qabul imtihonlarni muvaffaqiyat bilan topshiradi. Bir necha yil o‘tib, otasi uni yanada nufuzliroq va bilim saviyasi ham yuqoriroq bo‘lgan Vestminster maktabiga berishga urinib ko‘rgan. Biroq Stiven imtihon kuni kasallanib qoladi va ta'limni Sent-Olbansda tugallashga majbur bo‘ladi.
Xoking yoshligidan dadasining laboratoriyasiga borib, ilmiy-tadqiqot jarayonlari bilan yaqindan tanishgan. Tropik hasharotlar unga qo‘rquv bag‘ishlasa-da, lekin qiziquvchanlik bilan ularning tuzilishini sinchiklab o‘rganardi. Umuman Xoking nimani qanday tuzilgani va qanday ishlashini bilishga qiziqmagan paytini eslay olmasligini bot-bot aytadi. Xususan u o‘z bolaligidagi eng sevimli o‘yinchoqlarini ham qanday ishlashini bilish maqsadida murvatlarini burab ochib ko‘rganini, keyin esa ularni qayta yig‘olmasdan xunob bo‘lganini mutoyiba aralash ko‘p yodga oladi. Dadasi unga o‘zidan o‘zib ketmaguncha matematika o‘rgatgan. Garchi u o‘quvchilik yillarida fizikani eng zerikarli fanlardan biri deb hisoblagan bo‘lsada, 14 yoshga yetganda o‘zining aynan fizika bilan shug‘ullanishi kerakligini anglab yetadi. Chunki uni doimo koinot va uning qanday paydo bo‘lgani haqidagi savollar jiddiy qiziqtirgan. Otasining tavsiyasiga ko‘ra Stiven Xoking Oksford universitetiga o‘qishga topshiradi. O‘zining yaxshi tayyorlanmagani va imtihonlarda ham hay'at a'zolarining o‘ziga yaxshi munosabatda bo‘lmaganliklaridan xulosa qilib, bo‘lajak olim yiqilganiga amin bo‘ladi va uyga qaytadi. Biroq bir necha hafta o‘tib unga o‘qishga qabul qilingani haqidagi xushxabar telegramma kelganida quvonchdan boshi osmonga yetgan edi. O‘shanda olim atiga 17 yoshda bo‘lgan.
Oksfordni a'loga tamomlagan Stiven Xoking o‘z ilmiy tadqiqotlarini boshlash uchun Kembrijga yo‘llanma oldi. Uning oldida jiddiy shug‘ullanish uchun nazariy fizikaning ikkita dolzarb masalasi turardi: birinchisi - elementar zarralar fizikasi bo‘lsa, ikkinchisi - kosmologiya. Xoking kosmologiyani tanladi.
Oksforddaligining oxirgi yilida Xokingni o‘zini tutishida, xatti-harakatlarida qandaydir beso‘naqaylik, dag‘allik ko‘zga tashlana boshladi. U tep-tekis yo‘lda ham to‘satdan toyib ketadigan, ushlab turgan narsasini qo‘yib yuboradigan bo‘lib qoldi. Hatto ikki marta biror tayinli sababsiz yiqilib tushdi. Kembrijga yetib kelgan ilk paytlarda u yana sababsiz yiqilib tushdi. Oyoq-qo‘llari o‘ziga bo‘ysunmay qo‘ygandi. 21 yoshni qarshilagan sanasidan bir necha kun o‘tib Stiven Xokingni chuqur tibbiy ko‘rikka olib borishdi. Umuman olganda Xokingda bolaligidanoq koordinatsiyaning nomuvofiqligi kuzatilardi. Lekin bu hol vaqt o‘tgan sari yo‘qolib ketgandek edi. U talabalik yillari Oksford universiteti eshkakchilar jamoasida sport musobaqalarida ham qatnashgan, qayiqda rul boshqaruvchisi bo‘lar edi. Lekin endilikda uning jismoniy imkoniyatlari tamomila cheklandi. Tibbiy ko‘rikdan so‘ng unga, Angliyada "neyromotor xastaligi", AQSHda esa "Lu Gering kasalligi" deb nomlanadigan qo‘rqinchli tashxis qo‘yishdi. Vrachlar esa unga ko‘pi bilan ikki yil umri qolganini aytib, biror tayinli muolaja tavsiya etisholmadi va uyga javob berib yuborishdi...
Atiga ikki yil umri qolganini eshitgan odam nima ahvolga tushardi? Albatta umidsizlanadi. Yashashdan ma'no topolmay qoladi. Xokingda ham xuddi shunday bo‘ldi. Lekin bu kayfiyat unda juda tez tarqab ketdi. Tibbiy ko‘rik davomidagi ikki hafta ichida u bilan bir palatada yotgan o‘smir bolakayga leykemiya tashxisi qo‘yishgandi. U Xoking ko‘z o‘ngida vafot etdi. Bu manzaradan dahshatga tushgan Xoking, battardan azob cheka boshladi. Chidab bo‘lmas tug‘yonlar ichida unga to‘satdan yorqin va umidbaxsh fikr kelib qoldi: "Ayrimlarning omadi menchalik ham kelmagan ekan. [...] o‘zingni erta o‘lib ketishing mumkinligini anglar ekansan, hayot - albatta yashab o‘tishga arziydigan ne'mat ekani va unda albatta qilib ulgurishing lozim bo‘lgan ishlar ham bisyorligini tushunib yetarkansan".
Shu tarzda, endi-endi ilm ayvoniga chiqib kelayotgan yosh olim jisman majruh bo‘lib qoldi. U avvaliga o‘zi yura olardi. Lekin kasallik borgan sari kuchayib, uning barcha tayanch-harakat a'zolarini falajlab qo‘ydi. Olim nogironlar aravachasiga butunlay mixlanib qoldi.
O‘zining jismoniy imkoniyatlari nihoyatda cheklanib qolganiga qaramay, Xoking ilmiy tadqiqotlarga qaytdi. Vaqt o‘tardi, lekin vrachlarning "bashorat"lari ortga surilayotgandek edi go‘yo.
Unga alohida e'tibor, g‘amxo‘rlik talab qilinardi. Shuncha fojialar bo‘ronida, uning shaxsiy hayotda omadi keldi. Ancha avval, hali sog‘ligiga qora bulutlar soya solmagan vaqtda, Stiven Xoking o‘ziga vafodor, turmush mashaqqatlarini birga yengishga tayyor bo‘lgan Jeyn Uayld ismli qizni uchratgandi. Xokingning achinarli ahvolini ko‘rgandan keyin ham, Jeyn unga nisbatan sadoqatini saqlab qoldi va ular turmush qurishdi. Xoking hozirgacha, barchasiga qo‘l siltab ketmaslikka undagan va o‘zini hayotga qaytargan eng kuchli daldalardan biri aynan Jeynning jasorati bo‘lganini tan oladi.
Oila qurganidan keyin Xoking erkak kishi sifatida o‘z oilasini iqtisodiy ta'minlashi, bolalarini o‘zi boqishi lozimligini yaxshi anglardi. U ilmiy tadqiqotlarni ham birvarakayiga olib borish imkonini beruvchi ish izlardi va oxiri Keys-kollejga o‘qituvchilikka ishga joylashdi. Lekin u endi borgan sari tildan ham qola boshladi. Avvaliga u duduqlansa-da, gapini tushunsa bo‘lardi. Lekin dard ustiga chipqon bo‘lib, 1985-yilda u zotiljamga ham chalindi. Bu kasallik o‘pkalarning sun'iy ventilyatsiyasini taqozo qiladi, aks holda bemor uzoqqa bormaydi. Shundoq ham majruh bo‘lgan Stiven Xokingga bo‘yin sohasini teshib, traxeotomiya amaliyoti qilishga to‘g‘ri keldi. Natijada Xoking endi butunlay tildan qoldi. Uning tanasidagi sog‘ qolgan a'zosi sanoqli bo‘lib, faqat o‘ng qo‘lining ayrim barmoqlarini qimirlata olar, ko‘zini yumib ochishi hamda, qosh uchirishi mumkin edi xolos. Tildan qolgan olimga avvaliga maxsus taxtachada yozilgan jadvaldagi harflarga ko‘z-qosh mimikasi bilan ishora qilib fikrini tushuntirishni o‘rgatishdi. Keyin esa unga Uoltos ismli AQSHlik dasturchi "Ekvalayzer" deb nomlangan nutq sintezatori dasturini tayyorlab berdi. Biroz vaqt o‘tib, yaqin do‘stlari uning aravachasiga maxsus sensorli kompyuter va yangi, mukammalroq nutq sintezatori jihozlab berishdi.
Xoking hozirgacha ushbu kompyuter va nutq sintezatori yordamida ma'ruzalar qiladi, kitoblar yozadi va atrofdagilar bilan aloqa qilib kelmoqda. Ular Jeyn bilan uch nafar (bir qiz va ikki o‘g‘il) farzandni voyaga yetkazishdi. Og‘ir kasallikka va keksayib qolganiga qaramay u hamon ilmiy-ijtimoiy faol turmush tarzi bilan yashamoqda.
Hozirda Stiven Xoking zamonamizning eng nufuzli va ilg‘or nazariyotchi fizik olimlaridan sanaladi. Uning olib borayotgan ilmiy ishlari ham shunga yarasha, olamshumul, qiziqarli va murakkabdir. Xususan u ham, XX asr fiziklarining orzusi bo‘lgan va XXI-asr fiziklariga ham "yuqqan" narsa - "Umumiy nazariy"ni (uni ba'zilar "tugal nazariya" ham deyishadi) barpo qilish borasida katta izlanishlarni davom ettirib kelmoqda. Xokingga ko‘ra, bu ishni amalga oshirish aslida idrok uchun o‘ta murakkab bo‘lib, unda fizikaning to‘rt markaziy kuchlari - kuchli va kuchsiz yadroviy o‘zaro ta'sirlar, gravitatsiya va elektromagnit o‘zaro ta'sirlarni yagona g‘oya ostida birlashtirish lozim bo‘ladi. Soddaroq aytganda, makroskopik miqyosdagi kosmologik fizik hodisalarni qamrab oluvchi Eynshteynning umumiy nisbiylik nazariyasi bilan, mikrodunyo miqyosidagi yadroviy, kvant hodisalarini tadqiq qiluvchi kvant mexanikasini umumiy uyg‘unlikka keltirish lozimdir. Bunda esa Geyzenbergning noaniqliklar tamoyilini va Feynmanning kvant elektrodinamikasi matematik modellarini (ibtidolar yig‘indisi konsepsiyasini) qo‘llamasdan natijaga erishish mumkin emas. Umumiy nazariyani barpo qilish yo‘lida u zamon-makon uyg‘unligiga "mavhum vaqt" tushunchasini kiritadi. Ko‘pchilik yetuk olimlarning keskin tanqidlariga duchor bo‘lishiga qaramay, Xoking bu tushuncha ham vaqti kelib odamlar uchun odatiy fizik tushunchalar qatoriga kirishiga umid qilmoqda. Fikrini izohlar ekan, olim Galiley zamonasida Yerning yumaloqligi haqidagi gapni ham odamlar qabul qilishi mushkul bo‘lgani, hozirda esa Yerning yassiligiga ishonadigan odamlar sanoqli qolgani ta'kidlaydi.
Xokingning fikricha, bunday umumiy tugal nazariyaning barpo etilishi, koinotning paydo bo‘lishi va tadrijiy rivojlanishi jarayonlarini anglash, uning ibtidosida sodir bo‘lgan va intihosida yuz beradigan fizik jarayonlarni mohiyatini tushunib yetishga xizmat qilishi kerak. U bizning qayerdan paydo bo‘lganimiz va qanday paydo bo‘lganimiz haqidagi azaliy savollarimizga javob berishi lozim ekan. Lekin nima uchun bu yerdaligimizni hali fizika izohlab berolmaydi deb hisoblaydi u. Olim, koinotga nisbatan qandaydir aqlga sig‘mas, o‘ta murakkab va inson idrokining qamroviga o‘ta og‘irlik qiladigan narsa deb qaraladigan paytlar allaqachon o‘tib ketganini doim ta'kidlaydi. U insonlarning zamon va makonga taalluqli barcha fizik qonunlarni anglay olishiga, buning asosida esa, o‘tmish va kelajak haqida muayyan xulosalar qila olishiga ishonadi. Ya'ni, Xoking inson ong va tafakkurining imkoniyatlari ham koinotning o‘zi singari ulkan ekaniligiga shubha qilmaydi va albatta kun kelib, butun borliqni oddiy, ixcham va ko‘rkam formula orqali izohlab berishga yaraydigan, tugal-umumiy nazariya shubhasiz barpo qilinishiga qattiq ishonadi.
Xokingni jahon ommasiga tanitgan eng mashhur ishi esa, uning qora tuynuklar fizikasi bilan bog‘liq tadqiqotlaridir. Uning bu boradagi ilmiy-ommabop mualliflik kitoblari va teleko‘rsatuvlardagi ishtiroklari orqali deyarli barcha ilmiy-ma'rifiy mediadasturlar shinavandalari yaxshi bilishadi. Qora tuynuklar borasida Xokingning mashhur iborasi bor: "qora tuynuk aslida qora emas!". Bu fikrni asoslar ekan, Xoking qora tuynuk yaqinidagi zamon-makon egrilanishining ta'sirini inobatga olinsa va jarayonga noaniqliklar tamoyilini tadbiq etilsa, qora tuynukdan ham zaryadlangan zarralarning uchib chiqishi mumkinligi isbotlanadi. Fanda "Xoking nurlanishi" deb nomlanadigan mazkur g‘oyaning eng ajablanarli va olamshumul joyi shundaki, qora tuynukdan uchib chiqadigan zaryadlangan zarralar, avvaliga yorug‘lik tezligidan ham tezroq uchib harakatlanar, ma'lum masofa va vaqtni bosib o‘tganidan keyin esa, tezligini yorug‘lik tezligidan pastroq darajaga tushirar ekan. Ma'lumingizkim, Eynshteynga ko‘ra, borliqda yorug‘lik tezligidan yuqori tezlikning o‘zi bo‘lishi mumkin emas. Ko‘plab bahslarga sabab bo‘lsa-da, uning mazkur g‘oyasi, zamonamiz fizikasidagi o‘z amaliy isbotini kutayotgan eng qiziqarli gipotezalar sirasiga kiradi.
Stiven Xoking g‘oyat murakkab ilmiy masalalarni ham, sodda, xalqchili tilda va ajoyib mutoyiba hissi bilan bayon eta oladigan professional muallif ham sanaladi. U ilm-fanni ommalashtirish, zamonaviy fanning dolzarb masalalarini har bir qiziquvchiga yetib borishiga erishishni hayotidagi eng muhim vazifalardan deb biladi. Uning "Vaqtning qisqacha tarixi" (1988); "Qora tuynuklar va chaqaloq koinotlar" (1993); "Yong‘oq po‘stlog‘i ichidagi olam" (2001); "Oliy tafakkur" (Leonard Mlodinov bilan hammualliflikda) kabi kitoblar butun jahonda bestseller asarlar bo‘lib kelmoqda. Uning kitoblari 20 ga yaqin jahon tillariga tarjima qilingan, millionlab adadlarda chop etilgan. Shuningdek olim, ko‘plab ilmiy-ommabop filmlar hamda, multfilmlarda qahramon sifatida ishtirok etgan. Chunonchi u "Simpsonlar" va "Futurama" multseriallarida o‘z timsoliy qahramoniga o‘zi ovoz bergan. Bundan tashqari, Xoking qiyofasidagi raqamli ovoz egasi bo‘lgan qahramon boshqa ko‘plab badiiy va ilmiy-fantastik filmlarda muntazam o‘rin tutadi.
Ilm-fanga va fanni ommalashtirishga qo‘shgan beqiyos hissasi uchun Stiven Xoking 20 ga yaqin turli milliy va xalqaro mukofotlar va unvonlar bilan taqdirlangan. Xususan u Albert Eynshteyn nomidagi medal, Kopli medali, Qirollik Astronomiya jamiyati oltin medali, Volf mukofoti, Fundamental fizika mukofoti kabilarga, hamda Britaniya Imperiyasi Komandori unvoniga sazovor bo‘lgan. U London Qirollik jamiyati, hamda AQSH Milliy akademiyalaring a'zosidir. Olim tinimsiz ilmiy izlanishlarni davom ettirib, jamoatchilikni benazir g‘oyalari bilan lol qoldirishda davom etmoqda. Uning 2012-yilgacha egallagan lavozimi ham qanday darajadagi olim ekaniligini yaqqol ko‘rsatib turibdi. Stiven Xoking - Kembrij universitetining Lyukas professori bo‘lib ishladi. Bir zamonlar kimsan Isaak Nyutonning aynan o‘zi egallagan lavozim!
Zamonamizning shubhasiz eng yirik va taniqli olimlaridan bo‘lgan Stiven Xoking 2018-yilning 14-mart sanasida vafot efdi.

Download 270,35 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
  1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   28




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©www.hozir.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling

kiriting | ro'yxatdan o'tish
    Bosh sahifa
юртда тантана
Боғда битган
Бугун юртда
Эшитганлар жилманглар
Эшитмадим деманглар
битган бодомлар
Yangiariq tumani
qitish marakazi
Raqamli texnologiyalar
ilishida muhokamadan
tasdiqqa tavsiya
tavsiya etilgan
iqtisodiyot kafedrasi
steiermarkischen landesregierung
asarlaringizni yuboring
o'zingizning asarlaringizni
Iltimos faqat
faqat o'zingizning
steierm rkischen
landesregierung fachabteilung
rkischen landesregierung
hamshira loyihasi
loyihasi mavsum
faolyatining oqibatlari
asosiy adabiyotlar
fakulteti ahborot
ahborot havfsizligi
havfsizligi kafedrasi
fanidan bo’yicha
fakulteti iqtisodiyot
boshqaruv fakulteti
chiqarishda boshqaruv
ishlab chiqarishda
iqtisodiyot fakultet
multiservis tarmoqlari
fanidan asosiy
Uzbek fanidan
mavzulari potok
asosidagi multiservis
'aliyyil a'ziym
billahil 'aliyyil
illaa billahil
quvvata illaa
falah' deganida
Kompyuter savodxonligi
bo’yicha mustaqil
'alal falah'
Hayya 'alal
'alas soloh
Hayya 'alas
mavsum boyicha


yuklab olish