ERKAKLARNING TASHQI
TANOSIL A’ZOLARI
Erkaklarning tashqi tanosil a’zolari erlik olati va yorg‘oqdan iborat.
Erlik olati (penis, 155, -rasm), jinsiy aloqa qilish a’zosi va siydik yo‘lidan iborat bo‘lib, spermatozoid va siydik chiqarish vazifasini bajaradi. Olat uchta g‘ovak tanadan tashkil topgan. Bittasi (corpus spongiosum) siydik chiqarish kanalining atrofida bo‘lib, qolgan ikkitasi uning ustida yonma-yon joylashgan. Unga corpora cavernosa deyiladi. G‘ovak tana silliq muskullardan va elastik fibroz to‘qimalardan tuzilgan bo‘lib, orasida katta-kichik katakchalar mavjud. Erkak olatining taranglashishi va yumshashi ana shu katakchalarning qon bilan to‘lib turishi yoki ularda qonning kamayishiga bog‘liq. Siydik chiqarish naychasi joylashgan g‘ovak tananing prostata bezi tomonga qaragan qismi piyoz shaklida kengaygan – bulbus penis bo‘lsa, ikkinchi erkin uch qismi qo‘ziqorin qalpog‘iga o‘xshab olat boshi – glans penis ni hosil qiladi. Qolgan ikkita g‘ovak tananing oldingi uchi olat boshiga kirib turadi. Ularning orqa tomonlari kengayib, qov suyagiga yopishadi.
155-rasm. Erlik olati.
1–ostium urethrae externum; 2–glans penis; 3–facies urethralis; 4–corporo cavernosa penis; 5–fascia penis profunda; 6–crus penis; 7–m. sphincter urethrae; 8–fascia diaphragmatis urogenitalis inferior; 9–m. transversus perinei profundus; 10–tuber ischisdicum; 11–glandula bulbourethralis; 12–a. et v. penis; 13–membrana obturatiria; 14–bulbus penis; 15–m. bulbospongiosus; 16–m. ischiocavernosus; 17–corpus spongiosum penis; 18–corona glandis.
Siydik chiqarish kanali olat boshiga vertikal holatda yoriq – ostium urethrae externum bo‘lib ochiladi.
Olat terisi uning bosh tomoniga yaqinlashgan sari yupqalashadi va olat boshiga yetganda erkin qoplab turuvchi preputium ga aylanadi.
Yorg‘oq (scrotum) teri xaltachadan iborat bo‘lib, unda moyaklar joylashadi. Moyak joylashgan xalta 7 qavatdan iborat.
Yorg‘oq terisi to‘q rangli, yupqa va nozik bo‘lib, moyli modda va ter ishlab chiqaruvchi bezlarga boy. Go‘shtdor parda – tunica dartos har qaysi moyakni alohida o‘ragan teri osti biriktiruvchi to‘qimadan tuzilgan. Ikkala moyak xaltasi o‘rtada o‘zaro qo‘shilib, yorg‘oq devorini hosil qiladi. Tashqi urug‘ fasciyasi – fascia spermatica externa qorin devoridagi muskullarni ustidan qoplovchi fasciyaning yorg‘oqdagi davomidir. Moyakni ko‘taruvchi muskul fasciyasi – fascia cremasterica shu nomdagi muskulni qoplab turgan fasciyadan iborat bo‘lib, chov kanalining tashqi halqasidan yorg‘oqqa tushadi. Moyakni ko‘taruvchi muskul – m. cremaster qorin ko‘ndalang muskulidan ajralib, ko‘ndalang-targ‘il muskul parda holida yorg‘oqqa tushadi, qisqarganda moyakni yuqoriga ko‘taradi. Ichki urug‘ fasciyasi – fascia spermatica interna qorin devorining ichki tomonida ko‘ndalang fasciyaning davomi bo‘lib, moyak va urug‘ tizimchasini o‘raydi.
Moyak g‘ilof pardasi – tunica vaginalis testis qorin (seroz) pardaning bir qismidan iborat. Bu parda ikki varaqdan iborat bo‘lib, biri moyak ustini o‘rasa, ikkinchisi yorg‘oq devorini o‘raydi. Bu ikki varaq o‘rtasida hosil bo‘lgan seroz parda bo‘shlig‘i cavum vaginale deyiladi. Bo‘shliq pardalarini seroz suyuqlig‘i namlab turadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |