Bog'liq TUG’ILISHNI QAYD ETISH TARTIBI VA ASOSLARI
2-bob. Davlat xizmatini ko‘rsatish tartibi 6. Bola tug‘ilgan joydagi tibbiyot muassasasi xodimi bola tug‘ilganidan so‘ng 1 kun ichida bola va ota-onasi haqidagi ma’lumotlarni “Tug‘ilish va o‘limni, shu jumladan perinatal o‘limni elektron ro‘yxatga olish” axborot almashinuvi tizimiga kiritadi.
Bunda, bolaning ota-onasiga tegishli ma’lumotlar ota-onalarning shaxsini tasdiqlovchi hujjatlar asosida kiritiladi.
Ota-onaning shaxsini tasdiqlovchi hujjatlar bo‘lmaganda bolaning tug‘ilganligini qayd etish tibbiyot muassasasining yoki vasiylik va homiylik organining yozma murojaatlariga asosan amalga oshiriladi.
Bola tug‘ilgunga qadar uning otasi vafot etgan vaqtdan, ota-onasi nikohi bekor qilinganligidan yoki ota-onasining nikohi sud tomonidan haqiqiy emas deb topilgandan keyin 300 kundan ko‘p vaqt o‘tmagan bo‘lsa ariza beruvchi tomonidan nikohdan ajralganlik haqidagi guvohnoma, sudning nikohdan ajratish haqidagi qaroridan ko‘chirma (nusxa) yoki nikohni haqiqiy emas deb topganligi to‘g‘risida sudning qonuniy kuchga kirgan qaroridan ko‘chirma (nusxa) yoki otasining o‘limi haqidagi guvohnomasi taqdim etiladi.
Ma’lumotlar avtomatik ravishda “FHDY yagona elektron arxivi” axborot tizimiga yuboriladi va QR-kod (matrik shtrixli kod) qo‘yilgan blankada ma’lumotnoma shakllantiriladi.
7. FHDY organi tug‘ilgan bola haqidagi ma’lumotlarni “FHDY yagona elektron arxivi” axborot tizimiga kiritadi va tug‘ilganlik haqidagi guvohnomani rasmiylashtiradi.
8. FHDY bo‘limlari tug‘ilganlikni qayd etish bo‘yicha ma’lumotlarni qabul qilib olganidan so‘ng 3 ish soati ichida Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 14-noyabrdagi 387-son qarori bilan tasdiqlangan Fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish qoidalariga asosan ko‘rib chiqadi va natijasiga ko‘ra bolaga nisbatan tug‘ilganlik haqidagi dalolatnoma yozuvini rasmiylashtiradi.
9. Tug‘ilganlik haqidagi dalolatnoma yozuvini rasmiylashtirish quyidagi holatlarda rad qilinishi mumkin:
tug‘ilganlikni qayd etish qonunchilikka zid bo‘lsa;
taqdim etilgan ma’lumotlar ularga nisbatan qonun hujjatlarida qo‘yiladigan talablarga muvofiq bo‘lmasa;
tug‘ilganlikni qayd ettirish uchun murojaat qilgan shaxs bunga huquqli bo‘lmasa yoki sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan bo‘lsa.
10. FHDY bo‘limlari ariza beruvchining xohishiga ko‘ra ushbu Reglamentga 2-ilovaga muvofiq shakl bo‘yicha so‘rovnomada belgilangan ma’lumotlarni to‘ldiradi va kompleks tartibda boshqa xizmatlarni ko‘rsatish uchun avtomatik ravishda vakolatli organlarning axborot tizimlariga yuboradi.
Ariza beruvchi o‘z xohishiga ko‘ra ushbu kompleks xizmatlarning barchasidan bir vaqtda yoki ayrimlaridan foydalanishi mumkin, bolani doimiy ro‘yxatga qo‘yish bundan mustasno.
Bunda:
a) tuman (shahar) ichki ishlar bo‘limlari O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining “Manzil” axborot almashinuvi tizimi orqali bolani otasi yoki onasi yohud vasiysi (homiysi), tutingan ota-onasi doimiy ro‘yxatda turgan manzili bo‘yicha 1 ish kuni ichida ro‘yxatga qo‘yadi va ariza beruvchiga xizmat natijasi bo‘yicha SMS xabar yuboradi. Bolani otasi yoki onasi doimiy ro‘yxatda turmagan taqdirda bolani ro‘yxatga qo‘yish Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni doimiy va vaqtincha propiska qilish tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2018-yil 28-avgustdagi PQ-3924-son qarorini amalga oshirish chora-tadbirlari haqida” 2018-yil 22-oktabrdagi 845-son qarori hamda “Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasida doimiy va vaqtincha propiska qilish tartibini yanada soddalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2019-yil 28-dekabrdagi 1049-son qaroriga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida” 2020-yil 22-maydagi 320-son qarorida belgilangan tartibda amalga oshiriladi;
b) O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta’lim vazirligining maktabgacha ta’limni boshqarishning axborot tizimi avtomatik ravishda bolani so‘rovnomada ko‘rsatilgan davlat maktabgacha ta’lim tashkilotiga navbatga qo‘yadi va ariza beruvchiga xizmat natijasi bo‘yicha SMS xabar yuboradi;
v) Pensiya jamg‘armasining “Pensiya” axborot tizimi avtomatik ravishda farzand tug‘ilganda beriladigan bir martalik nafaqa pulini rasmiylashtiradi va ariza beruvchiga xizmat natijasi bo‘yicha SMS xabar yuboradi.
Pensiya jamg‘armasining tuman (shahar) bo‘limi har oyning boshida o‘tgan oyda ushbu hududda to‘langan farzand tug‘ilganda beriladigan bir martalik nafaqalarning umumiy summasidan kam bo‘lmagan miqdordagi mablag‘larni Xalq banki filialining hisobvarag‘iga moliyalashtiradi.
Bolaning otasi yoki onasi shaxsni tasdiqlovchi hujjatlarni ko‘rsatgan holda, bola tug‘ilgandan boshlab 6 oy muddat ichida bir martalik nafaqa pulini olish uchun Xalq bankining istalgan filialiga murojaat qiladi;
g) Xalq banki filiali bir martalik nafaqa to‘lovini olish uchun murojaat qilgan fuqaroning nafaqaga bo‘lgan huquqini Pensiya jamg‘armasiga elektron so‘rov yuborish orqali tasdiqlaydi hamda oldindan moliyalashtirilgan mablag‘lar hisobidan nafaqa to‘lovini amalga oshiradi. Bunda, to‘lov amalga oshirilganligi haqida ma’lumot ariza beruvchiga SMS xabar orqali yuboriladi.
Bir martalik nafaqani olish uchun murojaat qilgan shaxs bunga huquqi bo‘lmasa, sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan bo‘lsa, nafaqani olish uchun bola tug‘ilgandan boshlab 6 oydan keyin murojaat qilsa, ushbu nafaqa avval ota yoki onasining biriga to‘lab berilgan bo‘lsa bir martalik nafaqani to‘lash rad etiladi;
d) Sog‘liqni saqlash vazirligining “Elektron poliklinika” axborot almashinuvi tizimi ona ro‘yxatda turgan poliklinikaga (ro‘yxatda turmagan taqdirda doimiy yoki vaqtincha ro‘yxatda turgan yashash manzilidagi poliklinikaga) bolani ro‘yxatga qo‘yadi va ariza beruvchiga ro‘yxatga qo‘yilganligi haqidagi xabarni SMS orqali yuboradi.
11. Bir martalik nafaqa miqdoridan quyidagi miqdordagi mablag‘lar chegirib qolinadi:
bolani doimiy ro‘yxatga qo‘yish bo‘yicha davlat xizmatini ko‘rsatganlik uchun O‘zbekiston Respublikasining “Davlat boji to‘g‘risida”gi Qonunida belgilangan bazaviy hisoblash miqdorining 2 foizi miqdoridagi davlat boji;
tug‘ilganlik haqidagi guvohnomani rasmiylashtirganlik uchun Vazirlar Mahkamasining “Gerbli guvohnomalar berganlik uchun gerb yig‘imi miqdorini tasdiqlash to‘g‘risida” 2012-yil 25-apreldagi 119-son qarorida belgilangan bazaviy hisoblash miqdorining 15 foizi miqdoridagi gerb yig‘imi.
Pensiya jamg‘armasining tuman (shahar) bo‘limi har oyning 5 sanasiga qadar FHDY bo‘limining elektron ma’lumotlari asosida hududda tug‘ilganlik holati qayd etilgan bolalar soniga muvofiq, tuman (shahar) ichki ishlar boshqarmalari va FXDYo bo‘limlari bilan tuzilgan solishtirma dalolatnomalarga asosan respublika budjeti hisobidan:
doimiy ro‘yxatga qo‘yganlik uchun mablag‘larni belgilangan tartibda Ichki ishlar vazirligining budjetdan tashqari jamg‘armasi hisobvarag‘iga moliyalashtiradi;
gerb yig‘imi uchun mablag‘larni tuman (shahar) FHDY bo‘limlarining maxsus hisobvarag‘iga moliyalashtiradi.
Bunda:
davlat boji summasi “Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasida doimiy va vaqtincha propiska qilish tartibini yanada soddalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2019-yil 28-dekabrdagi 1049-son qaroriga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida” 2020-yil 22-maydagi 320-son qarorida belgilangan tartibda taqsimlanadi;
tug‘ilganlik haqidagi guvohnomani rasmiylashtirish bo‘yicha davlat xizmatini ko‘rsatish uchun gerb yig‘imi Vazirlar Mahkamasining “Gerbli guvohnomalar berganlik uchun gerb yig‘imi miqdorini tasdiqlash to‘g‘risida” 2012-yil 25-apreldagi 119-son qarorida belgilangan tartibda taqsimlanadi.