Umumiy o‘rta ta’limning davlat ta’lim standarti, tayanch va variativ o‘quv rejalari hamda dasturlarini ishlab chiqish



Download 126,76 Kb.
bet1/2
Sana12.07.2022
Hajmi126,76 Kb.
#784152
  1   2
Bog'liq
108 26.02.2021




[OKOZ:

1.13.00.00.00 Ta’lim. Fan. Madaniyat / 13.01.00.00 Ta’lim / 13.01.02.00 Ta’lim tizimini boshqarish]

[TSZ:

1.Ijtimoiy-madaniy masalalar / Ta’lim]

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi huzuridagi Respublika ta’lim markazi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Ta’lim-tarbiya tizimini yanada takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2020-yil 6-noyabrdagi PQ-4884-son qarori ijrosini ta’minlash, shuningdek, umumiy o‘rta ta’lim tizimida fanlarni o‘qitish metodikalari, uzluksiz metodik xizmat ko‘rsatish tartibi va o‘qituvchilarning kasbiy mahoratini oshirish, ta’lim jarayoniga zamonaviy ta’lim texnologiyalarini joriy etish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi huzuridagi Respublika ta’lim markazining (keyingi o‘rinlarda — Markaz) asosiy vazifalari etib belgilansin:
umumiy o‘rta ta’limning davlat ta’lim standarti, tayanch va variativ o‘quv rejalari hamda dasturlarini ishlab chiqish;
Xalq ta’limi vazirligi buyurtmasiga asosan tuzuvchilarni tanlash hamda darsliklar va o‘qituvchilar uchun metodik qo‘llanmalarning yagona maketlarini yaratish;
yaratilgan darsliklar va o‘qituvchilar uchun metodik qo‘llanmalarni ekspertizadan o‘tkazish, ularni ta’lim tizimida qo‘llash bo‘yicha xulosa berish;
o‘quv rejasi, dasturlari, yaratilgan darsliklar va o‘qituvchilar uchun metodik qo‘llanmalarni tajriba-sinovdan o‘tkazish ishlariga rahbarlik qilish;
fanlarni o‘qitish metodikasi va o‘quvchilar bilimlarini baholashning zamonaviy uslublarini ishlab chiqish, shuningdek, ta’lim dasturlarining integratsiyalashuviga asoslangan o‘qitishning fanlararo yondashuvini joriy qilish va bu boradagi ijobiy tajribani umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida ommalashtirish;
umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida o‘qitiladigan fanlarni, ayniqsa, birinchi bosqichda matematika, informatika, kimyo, biologiya va o‘zbek tili (ona tili va davlat tili sifatida) fanlari uchun o‘quv-metodik ta’minotni yaxshilash hamda darsliklarning sifatli tayyorlanishini ta’minlash;
o‘quv-tarbiya jarayoniga “STEAM” fanlarini (Science — tabiiy fanlar, Technology — texnologiyalar, Engineering — texnik ijodkorlik, Art — san’at, Mathematics — matematika) o‘qitish bo‘yicha ilg‘or pedagogik texnologiyalar va boshqa maqbul metodikalarni joriy etish;
Xalq ta’limi vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan baholash mezonlari (KPI) asosida tuman (shahar) xalq ta’limi bo‘limlari fan metodistlari faoliyatining samaradorligini tahlil qilish va ularning reytingini shakllantirish.
2. Belgilab qo‘yilsinki:
2021-yil 1-apreldan boshlab Markaz direktorining mehnatga haq to‘lash shartlariga ko‘ra bazaviy lavozim maosh miqdorlari oliy ta’lim muassasasi rektoriga, direktorning birinchi o‘rinbosari va o‘rinbosarlari — oliy ta’lim muassasasi prorektoriga, tarkibiy bo‘linmalar boshliqlari — oliy ta’lim muassasasining fakultet dekaniga, metodistlarining ish haqi miqdori — oliy toifali o‘qituvchining bazaviy tarif stavkasi miqdoriga tenglashtiriladi;
Markaz ta’lim sifatini oshirish maqsadida qo‘shimcha ravishda ishga jalb qilish bo‘yicha yuqori malakali mutaxassislar, shu jumladan, xorijiy ekspertlar va xorijda yashaydigan vatandoshlar bilan fuqarolik-huquqiy shartnomalar imzolashi mumkin;
umumiy o‘rta ta’lim muassasalari uchun darsliklar va o‘quv-metodik majmualarni yaratish, ekspertizadan o‘tkazish va taqriz berish hamda ekspertlar va taqrizchilarga haq to‘lash xarajatlari O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Respublika maqsadli kitob jamg‘armasi budjet va aylanma mablag‘lari hisobidan Respublika ta’lim markazi uchun ochilgan maxsus shaxsiy g‘azna hisobvaraqlari orqali moliyalashtiriladi.
3. Quyidagilar Markaz faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib belgilansin:
O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘lari, shu jumladan, davlat ilmiy-texnik dasturlarini amalga oshirish uchun ajratilgan mablag‘lar;
respublika ilmiy-tadqiqot loyiha grantlari;
xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlarining grantlari;
shartnoma asosida xizmatlar ko‘rsatishdan tushadigan tushumlar;
jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari;
qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.
4. Markazga shartnoma asosida quyidagi xizmatlarni ko‘rsatish huquqi berilsin:
xalqaro ta’lim platformalarida mavjud bo‘lgan elektron resurslarni, shu jumladan, umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining pedagog kadrlari uchun o‘quv-metodik resurslar, maktab yoshidagi bolalarga mo‘ljallangan videodarslar, ta’lim bilan bog‘liq o‘yinlar va boshqa mahsulotlarni mahalliylashtirish yo‘nalishida bepul va pulli xizmatlar ko‘rsatish;
nodavlat umumiy o‘rta ta’lim muassasalari tomonidan tavsiya etilgan o‘quv rejasi va dasturlari, darsliklar hamda o‘quv-metodik resurslarni amaliyotda qo‘llash yuzasidan ilmiy xulosalar berish.
5. O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi:
bir oy muddatda Markazning asosiy vazifalaridan kelib chiqib, uning Nizomi, tuzilmasini ishlab chiqsin va belgilangan tartibda tasdiqlasin;
ikki oy muddatda Markaz xodimlarining tarkibini tanqidiy ko‘rib chiqib, Markazga yuqori malakali va ilmiy salohiyatli kadrlarni jalb qilsin, bunda besh yildan kam bo‘lmagan pedagogik yoki ta’lim sohasidagi boshqaruv organlarida ish stajiga ega bo‘lgan mutaxassislarni ishga qabul qilish amaliyotini yo‘lga qo‘ysin;
umumiy o‘rta ta’limning milliy o‘quv dasturi, darslik va o‘quv-metodik majmualar, o‘qitish metodikasi va baholash, zamonaviy ta’lim muhitini tatbiq qilish bo‘yicha tajriba-sinov ishlarini tashkil etish maqsadida Toshkent shahridagi umumiy o‘rta ta’lim maktablaridan birining (keyingi o‘rinlarda — tayanch maktab) Markazga biriktirilishini ta’minlasin;
tayanch maktabda STEAM ta’limi laboratoriyasini tashkil etsin va unda ilg‘or xorijiy davlatlarning ta’lim texnologiyalarini sinovdan o‘tkazish amaliyotini yo‘lga qo‘ysin;
Toshkent shahrining, Yakkasaroy tumanidagi, Bobur ko‘chasi 9-uy manzilida joylashgan o‘ziga tegishli binoning moddiy-texnik holatini davlat-xususiy sheriklik asosida tubdan yaxshilash va unga Markazni joylashtirish choralarini ko‘rsin.
6. Quyidagilar:
Umumiy o‘rta ta’lim muassasalari uchun darsliklar va o‘quv-metodik majmualarni ishlab chiqish uchun tuzuvchilarni tanlab olish va tasdiqlash tartibi to‘g‘risidagi nizom 1-ilovaga muvofiq;
Umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining umumta’lim fanlari bo‘yicha darsliklar va o‘quv-metodik majmualarni ekspertizadan o‘tkazish, ularga taqriz berish hamda ekspertlar va taqrizchilarga haq to‘lash tartibi to‘g‘risidagi nizom 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
7. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi:
Qoraqalpog‘iston Respublikasida mahalliy budjet mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladigan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi huzuridagi Respublika o‘quv-metodika markazini belgilangan tartibda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ta’lim markaziga aylantirsin:
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ta’lim markazining direktori, direktor o‘rinbosari va metodistlarining oylik ish haqlari mahalliy budjet mablag‘lari hisobidan doimiy ravishda O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi huzuridagi Respublika ta’lim markazi metodistlarining oylik ish haqiga tenglashtirib borilishini ta’minlasin.
8. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi mazkur qarorda nazarda tutilgan xarajatlarni moliyalashtirishni 2021-yilda O‘zbekiston Respublikasining respublika budjetidan birinchi darajali budjet mablag‘larini taqsimlovchi sifatida O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligiga ajratiladigan mablag‘lar doirasida, 2022-yildan boshlab esa O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti parametrlarida nazarda tutsin.
9. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining ijtimoiy rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari B.A. Musayev va O‘zbekiston Respublikasi xalq ta’limi vaziri Sh.X. Shermatov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2021-yil 26-fevral,
108-son
Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 26-fevraldagi 108-son qaroriga
1-ILOVA
Umumiy o‘rta ta’lim muassasalari uchun darsliklar va o‘quv-metodik majmualarni ishlab chiqish uchun tuzuvchilarni tanlab olish va tasdiqlash tartibi to‘g‘risida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom umumiy o‘rta ta’lim muassasalari, jismoniy yoki psixik rivojlanishida nuqsoni bo‘lgan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktablar va maktab-internatlarning (keyingi o‘rinlarda — umumiy o‘rta ta’lim muassasalari) barcha sinflari uchun darsliklar va o‘quv-metodik majmualarni ishlab chiqish uchun tuzuvchilarni tanlab olish va tasdiqlash tartibini belgilaydi.
2. Mazkur Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qo‘llaniladi:
darslik — davlat ta’lim standartlariga muvofiq o‘quv dasturi asosida didaktik, metodik, pedagogik-psixologik, estetik va gigiyenik talablarga javob beradigan, o‘quv fanining mavzulari to‘liq yoritilgan va asoslari mukammal o‘zlashtirilishiga qaratilgan, o‘quv fanining maqsad va vazifalaridan kelib chiqib, ta’lim oluvchilarning yoshi va psixofiziologik xususiyatlarini hisobga olgan holda ishlab chiqiladigan, nazariy ma’lumotlardan tashqari amaliy tajriba va sinov mashqlarini qamrab olgan kitob shaklidagi o‘quv nashri;
tanlov komissiyasi — O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi (keyingi o‘rinlarda — Xalq ta’limi vazirligi) tomonidan tasdiqlanadigan, darsliklar va o‘quv-metodik majmualarni yaratadigan tuzuvchilar guruhini aniqlash bo‘yicha ishlarni muvofiqlashtiruvchi ishchi organ;
tuzuvchi (tuzuvchilar guruhi) — ijodiy mehnati bilan asar yaratadigan jismoniy shaxs yoki jismoniy shaxslar guruhi;
o‘quv-metodik majmua — mashq daftari, o‘qituvchi uchun metodik qo‘llanma, darsliklarning multimediali ilovasidan iborat majmua;
ekspertlar guruhi — Xalq ta’limi vazirligi huzuridagi Respublika ta’lim markazi (keyingi o‘rinlarda — Markaz) huzurida tashkil etiladigan turli fan yo‘nalishlari bo‘yicha darsliklar va o‘quv-metodik majmualarni baholovchi ekspertlardan (mutaxassislardan) iborat guruh.
3. Darsliklar va o‘quv-metodik majmualarni ishlab chiqish uchun tuzuvchilar tarkibi tanlov asosida shakllantiriladi.
4. Quyidagilar tuzuvchilar tarkibini tanlov asosida shakllantirishning maqsadi hisoblanadi:
o‘quvchilarni takomillashtirilgan davlat ta’lim standartlari, o‘quv rejalari va dasturlari asosida yaratilgan darslik va o‘quv-metodik-majmualar bilan ta’minlash;
Xalq ta’limi vazirligining buyurtmasi asosida darsliklar va o‘quv-metodik majmualarni ishlab chiqish tizimida raqobat muhitini yaratish, shuningdek, uning ochiqligi va shaffofligini ta’minlash;
darsliklar va o‘quv-metodik majmualarni ishlab chiqish uchun yuqori malakali mutaxassislarni jalb etish, shuningdek, yosh iste’dodli tuzuvchilar va tuzuvchilar jamoalarini qo‘llab-quvvatlash.
5. Tanlovda ta’lim muassasalari uchun darsliklar va o‘quv-metodik majmualarni yaratish tajribasiga ega bo‘lgan jismoniy shaxslar va yuridik shaxslar, shu jumladan, davlat tashkilotlari hamda ijodiy jamoalar qatnashishi mumkin.
6. Markaz takomillashtirilgan milliy o‘quv dasturlarining bosqichma-bosqich joriy etilishini hisobga olgan holda, tanlov asosida yaratiladigan darsliklar va o‘quv-metodik majmualar ro‘yxatini shakllantiradi hamda Xalq ta’limi vazirligiga tasdiqlash uchun kiritadi.
7. Xalq ta’limi vazirligi tuzuvchilar tarkibini tanlab olish asosida ishlab chiqish uchun zarur bo‘lgan darsliklar va o‘quv-metodik majmualar ro‘yxatini ko‘rib chiqadi va tasdiqlaydi.
2-bob. Tanlovni o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rish
8. Tuzuvchilar Markaz huzurida tuziladigan tanlov komissiyasi tomonidan tanlab olinadi.
Tanlov komissiyasi a’zolarining soni (kamida 9 kishi) toq bo‘lgan tarkibda tuziladi, uning shaxsiy tarkibi Xalq ta’limi vazirligi tomonidan tasdiqlanadi.
Tanlov komissiyasi tarkibiga quyidagilar kiritiladi:
Xalq ta’limi vazirligining vakillari;
ilmiy-pedagogik jamoatchilik vakillari;
yetakchi amaliyotchi o‘qituvchilar, metodik kabinetlar mutaxassislari, ota-onalar qo‘mitasi a’zolari.
Xalq ta’limi vaziri yoki uning o‘rinbosarlaridan biri tanlov komissiyasi raisi hisoblanadi.
9. Darsliklar va o‘quv-metodik majmualarni ishlab chiqish uchun tuzuvchilar tarkibini tanlov asosida shakllantirish va tasdiqlash tartibi ushbu Nizomga ilovadagi sxemaga muvofiq amalga oshiriladi.
10. Tanlov asosida yaratiladigan darsliklar va o‘quv-metodik majmualar ro‘yxati Xalq ta’limi vazirligi tomonidan tasdiqlangach, tanlov komissiyasi ommaviy axborot vositalarida tanlov o‘tkazilishi to‘g‘risida e’lon beradi.
E’lon buyurtmalarni qabul qilish muddati tugashidan kamida o‘ttiz kun oldin beriladi.
11. E’londa quyidagilar nazarda tutiladi:
talabgorlarning arizasi shakli;
talabgorlarning shaxsiy varaqasi (anketasi) shakli;
umumta’lim fanlari bo‘yicha zamonaviy darsliklarni yaratishga qo‘yiladigan metodologik, didaktik-metodik va ergonomik talablar;
o‘quv-metodik va didaktik adabiyotlar reja-loyihalari hamda bitta bobning sinov matni;
tanlov takliflarini qabul qilishning oxirgi muddati;
tanlovni o‘tkazish va shartnoma tuzish tartibining tavsifi va muddati;
tanlov to‘g‘risida qo‘shimcha ma’lumot olish uchun manzil va aloqa telefonlari.
Talabgorlarning arizasi va anketasi shakllari Markaz tomonidan tasdiqlanadi.
12. Talabgorlar tomonidan tanlovda ishtirok etish uchun Markazga ariza bilan birga quyidagi hujjatlar taqdim etiladi:
talabgorlarning shaxsiy varaqasi (anketasi);
darslik va o‘quv-metodik majmuaning maketi;
darslik va o‘quv-metodik majmuaning elektron nusxasi (konvertga muhrlangan holda) joylangan CD-disk;
yuridik shaxs yoki mualliflar jamoasi nomidan tanlovda ishtirok etish huquqini tasdiqlovchi ishonchnoma (agar tanlovda yuridik shaxs yoki mualliflar jamoasi vakili ishtirok etsa).
13. Talabgorlarning tanlov takliflari muhrlangan holda qabul qilinadi. Belgilangan muddatdan keyin taqdim etilgan takliflar ko‘rib chiqilmaydi va konvertlar ochilmagan holda talabgorlarga qaytariladi.
Talabgorlarning tomonidan tanlov takliflarining to‘liq bo‘lmagan holda taqdim etilishi ham takliflarning ko‘rib chiqilmasligi uchun asos bo‘ladi.
Talabgorlar tanlov takliflarini taqdim etish muddati tugagandan so‘ng o‘z takliflariga o‘zgartirish kiritishi yoki qaytarib olishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
14. Buyurtmachining rahbarlari, tanlov komissiyasi va ekspert guruhlarining a’zolari tanlovda ishtirok etishi mumkin emas.
3-bob. Tanlov orqali tanlab olish shartlari
15. Tanlov takliflarini taqdim etish muddati tugagandan keyin tanlov komissiyasi uch kun ichida tanlov ishtirokchilari guvohligida tanlov takliflari joylangan konvertlarni ochadi.
16. Konvertlar ochilgandan so‘ng tanlov komissiyasi tomonidan bayonnoma tuziladi hamda unda quyidagilar to‘g‘risidagi ma’lumotlar qayd etiladi:
kelib tushgan takliflarning soni;
ishtirokchilar va ularga biriktirilgan kod raqamlari;
tanlovga kiritilmagan talabgorlar ro‘yxati va ularning takliflari rad etilishining aniq sabablari.
17. Tanlov komissiyasi tomonidan ilmiy va pedagogik jamoatchilik, olimlar, amaliyotchi o‘qituvchilar, metodistlar va talab etiladigan ixtisoslikning boshqa mutaxassislaridan iborat tarkibda tegishli fanlar bo‘yicha fuqarolik-huquqiy shartnomalar asosida jalb qilinadigan ekspert guruhi tuziladi.
Ekspert guruhi tarkibiga darsliklar va o‘quv-metodik majmualarning ilmiy, uslubiy, pedagogik, psixologik jihatlarini tanqidiy ko‘rib chiqib, ekspertizadan o‘tkazish va asoslangan xulosa berish salohiyatiga va tajribasiga ega bo‘lgan muayyan soha mutaxassislari kiritiladi.
Ekspert guruhi a’zolarining tarkibi oshkor qilinmaydi.
Ekspert guruhi tuzuvchilarning taqdim etilgan takliflarini ularning kod raqamlari bo‘yicha o‘ttiz kundan ortiq bo‘lmagan muddatda ekspertizadan o‘tkazadi va asoslangan xulosalarini tanlov komissiyasiga kiritadi.
Ekspertiza jarayonida darsliklar va o‘quv-metodik majmualar quyidagilar yuzasidan o‘rganiladi:
darsliklar va o‘quv-metodik majmualarning davlat ta’lim standartlariga, o‘quv dasturiga hamda undagi mavzularning o‘quv rejasidagi dars soatlariga muvofiqligi;
mavzular, savol va topshiriqlarning ketma-ketligi va uzviyligi ta’minlanganligi;
mavzularni yoritishda materiallarning ilmiy jihatdan to‘g‘ri berilganligi;
darsliklarning o‘quvchilar yoshiga va bilim darajasiga mosligi;
til uslubi, darsliklar materiallarining imlo (orfografik) va uslubiy jihatdan mukammalligi;
matn va illyustratsiyalarning o‘zaro uyg‘unligi;
darsliklar materiallarining amaliyot, hayotda yuz berayotgan hodisalar, voqealar va kasbga yo‘naltirish bilan bog‘liqligi;
darsliklar mavzularini o‘zlashtirish uchun mashqlar, topshiriqlar va amaliy mashg‘ulotlarning yetarliligi hamda ularning pedagogik texnologiyalar asosida tuzilganligi.
18. Tanlov komissiyasi ekspert guruhlarining xulosalari asosida g‘oliblarni tanlab olish uchun taqdimnomalarni o‘n kun muddatda Xalq ta’limi vazirligiga yuboradi.
Tanlov g‘oliblari to‘g‘risidagi qaror Xalq ta’limi vazirligi tomonidan taqdimnomalar kelib tushgandan so‘ng o‘n kun muddatda qabul qilinadi.
Tanlov komissiyasi tanlov natijalari to‘g‘risidagi axborotni tanlov g‘oliblari aniqlangandan so‘ng uch kun ichida ommaviy axborot vositalarida e’lon qiladi.
19. Tanlovda ishtirok etish uchun ariza bergan talabgorlar soni uchtadan kam bo‘lganda tanlov o‘tkazilmaydi. Bunda tanlov komissiyasi takroriy tanlov o‘tkazish to‘g‘risida qaror qabul qiladi.
20. Tanlov natijalariga ko‘ra tuzuvchilar guruhi shakllangandan so‘ng ularning tarkibiga shartnoma asosida olimlar, metodistlar va tajribali amaliyotchi o‘qituvchilar jalb qilinishi mumkin.
21. Tuzuvchilarning darsliklar va o‘quv-metodik majmualarni yaratish bo‘yicha faoliyati qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda Markaz bilan tuziladigan shartnomalar asosida amalga oshiriladi.
4-bob. Yakunlovchi qoidalar
22. Markaz darsliklar va o‘quv-metodik majmualarni yaratish jarayonlarining tizimli ravishda nazorat qilinishini ta’minlaydi.
23. Tuzuvchilar yoki tuzuvchilar guruhi darsliklar va o‘quv-metodik majmualarni sifatli va belgilangan muddatda tayyorlash uchun javobgar hisoblanadi.
24. Ushbu Nizom talablarini buzgan shaxslar qonunchilik hujjatlariga muvofiq javobgar bo‘ladi.
Umumiy o‘rta ta’lim muassasalari uchun darslik va o‘quv-metodik majmualarni ishlab chiqish uchun tuzuvchilarni tanlab olish va tasdiqlash tartibi to‘g‘risidagi nizomga
ILOVA
Darsliklar va o‘quv-metodik majmualarni ishlab chiqish uchun tuzuvchilarni tanlab olish va tasdiqlash
SXEMASI

Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 26-fevraldagi 108-son qaroriga
2-ILOVA
Umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining umumta’lim fanlari bo‘yicha darsliklar va o‘quv-metodik majmualarini ekspertizadan o‘tkazish, ularga taqriz berish hamda ekspertlar va taqrizchilarga haq to‘lash tartibi to‘g‘risida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining umumta’lim fanlari bo‘yicha darsliklar va o‘quv-metodik majmualarini (keyingi o‘rinlarda — darsliklar va o‘quv-metodik majmualar) ekspertizadan o‘tkazish, ularga taqriz berish hamda ekspertlar va taqrizchilarga haq to‘lash tartibini belgilaydi.
Darsliklar va o‘quv-metodik majmualarni ekspertizadan o‘tkazish va ularga taqriz berish hamda ekspertlar va taqrizchilarga haq to‘lash ilovaga muvofiq sxema bo‘yicha amalga oshiriladi.
2. Darsliklar va o‘quv-metodik majmualarning sifatini oshirish, raqobatbardoshligini ta’minlash maqsadida ularning mazmuni umumiy o‘rta ta’limning davlat ta’lim standartlariga, o‘quvchilarning yosh va psixologik xususiyatlariga, ilm-fan yutuqlariga mosligini, shuningdek, ta’limning tegishli bosqichi uchun o‘quv fanining izchilligi ta’minlanganligini baholash ekspertizadan o‘tkazish va taqriz berishning asosiy maqsadi hisoblanadi.
3. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qo‘llaniladi:
dastlabki ekspertiza — darsliklar va o‘quv-metodik majmualarning original maketini dastlabki tekshiruvdan o‘tkazish;
qayta ishlangan va to‘ldirilgan nashr — Davlat ta’lim standartlari, o‘quv dasturlari asosida darsliklar va o‘quv-metodik majmualarning mazmuni 10 foizdan 50 foizgacha qayta ishlangan va takomillashtirilgan nashr;
qayta nashr — Davlat ta’lim standartlari, o‘quv dasturlari asosida darsliklar va o‘quv-metodik majmualarning mazmuni 10 foizgacha qayta ishlangan nashr;
taqriz berish — darsliklar va o‘quv-metodik majmualarning ilmiy, uslubiy, pedagogik, psixologik jihatlarini tanqidiy nuqtai nazardan ko‘rib chiqish, baholash, asoslangan xulosa berish;
taqrizchi — darsliklar va o‘quv-metodik majmualarning ilmiy, uslubiy, pedagogik, psixologik jihatlarini tanqidiy nuqtai-nazardan ko‘rib chiqib, baholovchi va shu asosda fikr-mulohaza va asoslangan xulosa beruvchi muayyan soha mutaxassisi;
ekspertlar guruhi — O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligining (keyingi o‘rinlarda — Xalq ta’limi vazirligi) Respublika ta’lim markazi (keyingi o‘rinlarda — Markaz) huzurida tashkil etiladigan turli fan yo‘nalishlari bo‘yicha darsliklar va o‘quv-metodik majmualarni baholovchi ekspertlardan (mutaxassislardan) iborat guruh;
yakuniy ekspertiza — dastlabki ekspertiza xulosalari asosida qayta ishlangan darsliklar va o‘quv-metodik majmualarni chop etishga ruxsat berilishi oldidan yakuniy tekshiruvdan o‘tkazish;
yangi nashr — Davlat ta’lim standartlari, o‘quv dasturlari asosida darsliklar va o‘quv-metodik majmualarning mazmuniga kiritilgan o‘zgartirishlar 50 foiz va undan yuqori bo‘lgan va yangidan yaratilgan nashr.
4. Markaz ekspertizadan o‘tkazish va taqriz berish jarayonini tashkil etish uchun ekspertlar guruhi va taqrizchilarga zarur shart-sharoitlar yaratib beradi.
2-bob. Ekspertlar va taqrizchilarga qo‘yiladigan talablar
5. Ekspertizadan o‘tkazish va taqriz berish jarayoniga quyidagi talablardan kamida bittasiga javob beruvchi, xususan:
oliy ma’lumot va pedagogika sohasida kamida besh yillik ish stajiga ega bo‘lgan;
ilmiy darajaga (unvonga) ega bo‘lgan;
ta’lim sohasida yutuqlarga erishgan;
fan yo‘nalishlari bo‘yicha respublika ko‘rik tanlovlarida sovrinli o‘rinni egallagan mutaxassislar jalb etiladi.
6. Har bir o‘quv fani yo‘nalishida yetakchi oliy ta’lim muassasalarida faoliyat olib borayotgan ilmiy salohiyatli soha mutaxassislari, olimlar, tadqiqotchilardan — 2 nafar, umumiy o‘rta ta’lim maktablarida dars berayotgan o‘qituvchi va pedagoglardan — 2 nafar, kasb-hunar ta’limi tizimida faoliyat olib borayotgan pedagog va o‘qituvchilardan — 1 nafar, shuningdek, lozim bo‘lganda boshqa tashkilotlardan qo‘shimcha mutaxassislar ekspert sifatida jalb etiladi.
7. Imkoniyati cheklangan bolalar uchun maxsus o‘quv qo‘llanmalarini ekspertizadan o‘tkazishga defektologlar va tegishli ta’lim muassasalari mutaxassislari jalb etiladi.
8. Darsliklar va o‘quv-metodik majmualarga taqriz berishda tegishli fan yo‘nalishida faoliyat olib borayotgan ilmiy soha mutaxassislari, olimlar yoki tadqiqotchilardan kamida bir kishi jalb etiladi.
9. Ekspertizadan o‘tkaziladigan darsliklar va o‘quv-metodik majmualar tuzuvchilarining ekspertlar guruhi tarkibiga kiritilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
3-bob. Darsliklar va o‘quv-metodik majmualarni ekspertizadan o‘tkazish va taqriz berish
10. Qayta nashr etiladigan darsliklar va o‘quv-metodik majmualar ekspertizadan o‘tkazilmaydi.
11. Markaz ekspertizadan o‘tkaziladigan va taqriz beriladigan darsliklar va o‘quv-metodik majmualarni ekspertlar guruhiga va taqrizchilarga rasmiy xat bilan topshiradi hamda unda darsliklar (o‘quv-metodik majmualar) nomi, sinfi, maxsus kod (tuzuvchi va nashriyotning maxfiylashtirilgan raqami) va nashr tili (o‘zbek, rus, qoraqalpoq va boshqa tillar) ko‘rsatiladi.
12. Markaz xatiga quyidagilar ilova qilinadi:
darsliklar va o‘quv-metodik majmualarning bosma (uch nusxada) va elektron nusxalari;
umumta’lim fanlari bo‘yicha zamonaviy darsliklarni yaratishga qo‘yiladigan metodologik, didaktik-metodik va ergonomik talablar, shuningdek, Milliy o‘quv dasturi (uch nusxada).
13. Ekspertiza ikki bosqichda amalga oshiriladi: dastlabki ekspertiza va yakuniy ekspertiza.
14. Ekspertlar darsliklar va o‘quv-metodik majmualarni dastlabki ekspertizadan o‘tkazish jarayonida quyidagilarga e’tibor qaratishi lozim:
darsliklarning davlat ta’lim standarti va uzviylashtirilgan o‘quv dasturlariga hamda o‘quv rejasida belgilangan dars soatlariga mos kelishiga;
ularning ilmiy, pedagogik va metodik jihatdan puxta ishlanganligiga;
darslikning mazmunidagi xatoliklarga;
o‘quv materialining bosqichli ketma-ketlik tamoyilida yoritilganligiga;
mavzularni yoritishda uzviylik va uzluksizlikning ta’minlanganligiga;
tarixiy manbalar, sanalar va raqamlarning to‘g‘riligiga;
darslik va o‘quv qo‘llanmalarning tili, ifoda uslubiga;
matbaa sifati va dizaynining amaldagi talablarga mos kelishi va zamonaviyligiga;
darsliklar va o‘quv-metodik majmualar mazmuniga jamiyatimizda ro‘y berayotgan siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy o‘zgarishlar, milliy qadriyatlar, milliy g‘oya, mahalliy materiallarning singdirilganligiga;
darslikda berilgan materiallarning imloviy, lug‘aviy (orfografik, stilistik xatoliklar) va uslubiy jihatdan savodxonlik hamda matnlarning murakkablik darajasiga.
15. Ekspertlar guruhi o‘z vakolati doirasida darsliklar va o‘quv-metodik majmualarni dastlabki ekspertizadan o‘tkazadi hamda asoslangan xulosalar, tavsiyalar va takliflarni Markazga taqdim etadi.
Ekspertlar guruhi a’zolarining har biri alohida xulosa beradi hamda umumlashtirilgan xulosa taqdim etadi.
Zarurat bo‘lganda, ekspert tomonidan qo‘shimcha ma’lumotlar beriladi.
16. Fanlar yo‘nalishidagi sinflar kesimida har bir darslikni dastlabki ekspertizadan o‘tkazish uchun o‘n besh ish kuni beriladi.
17. Ekspertizadan o‘tkazilayotgan va taqriz berilayotgan darsliklar va o‘quv-metodik majmualar Xalq ta’limi vazirligi tomonidan www.eduportal.uz veb-saytidagi axborot ta’lim portaliga joylashtiriladi hamda keng jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilib, bir oy davomida taklif va fikr-mulohazalar to‘planadi.
18. Ekspertlar guruhi dastlabki ekspertiza bo‘yicha xulosalarni tayyorlashda www.eduportal.uz veb-saytidagi hamda bevosita jamoatchilik tomonidan darsliklarning sifati bo‘yicha bildirilgan asosli fikr-mulohazalar, takliflardan ham foydalanishi mumkin.
19. Ekspertiza xulosalari ushbu Nizomning 14-bandida ko‘rsatilgan talablarga rioya qilinmagan holda taqdim etilganda, Markaz bunday ekspertiza xulosasini qabul qilmaslikka haqli.
20. Shartnoma tuzilgan kundan e’tiboran ekspertlar guruhi va taqrizchi tomonidan o‘n besh ish kuni mobaynida umumlashtirilgan ekspertiza xulosasi va taqriz taqdim qilinmagan hollarda, Markaz boshqa ekspertlar guruhini va (yoki) taqrizchini jalb qiladi va oldingi shartnomalarni bir tomonlama bekor qiladi.
21. Ekspertiza xulosasi va beriladigan taqrizlarda ularning tayyorlangan sanasi ko‘rsatiladi.
22. Darsliklar va o‘quv-metodik majmualar ushbu Nizomning 14-bandida ko‘rsatilgan talablarga mos kelmagan hollarda, ekspertiza xulosasi yoki taqriz salbiy bo‘ladi. Ekspertlar guruhining yoki taqrizchining salbiy xulosalari yetarli darajada asoslantirilgan holda taqdim etilishi shart.
23. Ekspertlar guruhi va taqrizchining xulosalari ikki nusxada imzolanib, Markazga topshiriladi. Agar ekspertlar guruhi xulosalarida kelishmovchiliklar yuzaga kelsa, ko‘pchilikning ovozi bilan qaror qabul qilinadi.
24. Dastlabki ekspertiza xulosalari olingandan so‘ng uch ish kuni ichida Markaz tomonidan tegishli nashriyotlarga (mualliflar, tuzuvchilarga) ekspertizadan o‘tkazilayotgan darsliklar va o‘quv-metodik majmualar qayta ishlash uchun taqdim etiladi va uning ijrosi nazoratga olinadi. Darsliklar va o‘quv-metodik majmualarni qayta ishlash uchun bir hafta muddat beriladi, yangidan yaratilgan darsliklar va o‘quv-metodik majmualar ekspertizasi bundan mustasno.
25. Dastlabki ekspertiza xulosalari asosida qayta ishlangan darsliklar va o‘quv-metodik majmualar chop etishga ruxsat berilishidan oldin yakuniy ekspertizadan o‘tkaziladi.
26. Har bir darslik va o‘quv-metodik majmuaning yakuniy ekspertizasi uchun yetti ish kuni ajratiladi.
27. Yakuniy ekspertiza natijalari va taqrizlar Markaz huzuridagi Ilmiy-metodik kengashda muhokama qilinadi.
28. Ilmiy-metodik kengash Markaz tomonidan taqdim etilgan ekspertiza xulosalari, taqrizlar hamda ularni asoslovchi hujjatlarni bir hafta muddatda ko‘rib chiqadi va tegishli qaror qabul qiladi.
Ilmiy-metodik kengashning qaroriga muvofiq:
darsliklar va o‘quv-metodik majmualar ijobiy ekspertiza xulosasi va taqrizga asosan chop etish uchun tavsiya etiladi. Bunda darsliklar va o‘quv-metodik majmualar chop etilgandan so‘ng aniqlangan kamchilik va nuqsonlar uchun to‘liq javobgarlik ekspertlar guruhi zimmasida bo‘ladi;
darsliklar va o‘quv-metodik majmualar talab darajasida ekspertizadan o‘tkazilmagan taqdirda, sabablari ko‘rsatilgan holda qayta ekspertizadan o‘tkazish uchun qaytariladi, bunda qayta ekspertiza uchun haq to‘lanmaydi.
Darsliklar va o‘quv-metodik majmualar talab darajasida ekspertizadan o‘tkazilishiga Markaz mas’ul hisoblanadi.
Ekspertiza jarayonini o‘tkazish va ekspertiza xulosalari bilan bog‘liq shikoyatlar Markaz tomonidan ko‘rib chiqiladi va tegishli choralar ko‘riladi.
29. Ekspertiza natijalari bo‘yicha Ilmiy-metodik kengashning qarori bayonnoma bilan rasmiylashtiriladi va kengash raisi tomonidan tasdiqlanadi.
30. Ekspertiza xulosalari va taqrizlar Markazda besh yil davomida saqlanadi.
31. Ilmiy-metodik kengash a’zolarining ekspertlar guruhi tarkibiga kiritilishi taqiqlanadi.
32. Darslik, o‘quv-metodik majmua uchun bitta taqriz beriladi va bir marta haq to‘lanadi.
4-bob. Ekspertlar guruhi va taqrizchilarning xizmatlari uchun haq to‘lash
33. Darsliklar va o‘quv-metodik majmualarni ekspertizadan o‘tkazish va taqriz berish hamda ekspertlar va taqrizchilarga haq to‘lash xarajatlari O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Respublika maqsadli kitob jamg‘armasining (keyingi o‘rinlarda — Jamg‘arma) budjet va aylanma mablag‘lari hisobidan Markaz uchun ochilgan maxsus shaxsiy g‘azna hisobvaraqlari orqali moliyalashtiriladi. Bunda:
umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining 1-sinfi uchun, jismoniy, aqliy, sensor (sezgi) yoki ruhiy nuqsonlari bo‘lgan hamda uzoq vaqt davolanishga muhtoj bo‘lgan bolalarga ta’lim beruvchi davlat ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalarining 1 — 11-sinflari uchun darsliklar va o‘quv-metodik majmualar, shuningdek, o‘qituvchilar uchun metodik qo‘llanmalar ijara asosida birlamchi ta’minlanadigan darsliklar va mashq daftarlari — O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan;
umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining ijara asosida ta’minlanadigan 2 — 11-sinf darsliklari va mashq daftarlari — Jamg‘armaning aylanma mablag‘lari hisobidan qoplanadi.
34. Kelgusi moliya yili uchun ekspertlar va taqrizchilar xizmatlari bo‘yicha xarajatlarning prognoz ko‘rsatkichlari Jamg‘arma daromadlari va xarajatlarining parametr ko‘rsatkichlari loyihasini ishlab chiqish va tasdiqlash bilan bog‘liq holda amalga oshiriladi. Bunda Markaz prognoz ko‘rsatkichlarini Xalq ta’limi vazirligi bilan kelishgan holda, darsliklar va o‘quv-metodik majmualarning ta’lim tili, nomi, shartli bosma tabog‘i va sinfi kesimida Jamg‘armaga taqdim etadi.
35. Markaz tasdiqlangan prognoz ko‘rsatkichlar doirasida xarajatlar smetasini tasdiqlaydi va Jamg‘arma ijro etuvchi direksiyasi tomonidan belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazish.
36. Ekspertlar va taqrizchilar xizmatlari uchun to‘lovlar xarajatlar smetasi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi G‘aznachiligi orqali amalga oshiriladi. Bunda ekspertlar va taqrizchilar xizmatlari bo‘yicha xarajatlar Jamg‘arma tomonidan Markazning asoslangan buyurtmasiga asosan moliyalashtiriladi.
37. Darsliklar va o‘quv-metodik majmualarni ekspertizadan o‘tkazish va taqriz berish uchun jalb etilgan mutaxassislarga ular bilan Markaz o‘rtasida ikki tomonlama tuziladigan fuqarolik-huquqiy shartnomalar asosida haq to‘lanadi.
38. Darsliklar va o‘quv-metodik majmualarni ekspertizadan o‘tkazish va taqriz berish uchun jalb etilgan mutaxassislarga quyidagi miqdorlarda haq to‘lanadi:
ekspertlar guruhiga ekspertiza qilinadigan har bir darslik va o‘quv-metodik majmuaning bir shartli bosma tobog‘iga bazaviy hisoblash miqdorining uch baravari miqdorida;
har bir darslik va o‘quv-metodik majmua bo‘yicha asoslangan taqriz uchun taqrizchiga bazaviy hisoblash miqdorining uch baravari miqdorida.
Bunda to‘lanishi lozim bo‘lgan haq ekspertlar guruhining xar bir a’zosiga teng ulushlarda taqsimlanadi.
Dastlabki va yakuniy ekspertiza uchun alohida haq to‘lanadi.
39. Markaz tomonidan xarajatlar smetasida nazarda tutilgan mablag‘larni boshqa maqsadlarga sarflash taqiqlanadi.
5-bob. Buxgalteriya hisobi va hisobot hamda nazorat qilish
40. Markaz buxgalterlik hisobini yuritadi va maxsus ochilgan shaxsiy g‘azna hisobvaraqlari bo‘yicha ekspertizadan o‘tkazish va taqriz berishga jalb qilingan mutaxassislar uchun ajratilgan mablag‘larni to‘laydi, soliq to‘lovlarini amalga oshiradi hamda tegishli hisobotlar tuzadi.
41. Markaz tomonidan darsliklar va o‘quv-metodik majmualarni ekspertizadan o‘tkazish va taqriz berish xarajatlari bo‘yicha hisobot har chorakda hisobot davridan keyingi oyining yigirmanchi sanasiga qadar Jamg‘arma ijro etuvchi direksiyasiga taqdim etiladi.
42. Jamg‘armaning aylanma mablag‘laridan darsliklar va o‘quv-metodik majmualarni ekspertizadan o‘tkazish va taqriz berish xarajatlari bo‘yicha to‘g‘ri va maqsadli foydalanilishi yuzasidan javobgarlik Markazga yuklanadi.
6-bob. Yakunlovchi qoidalar
43. Ekspertizadan o‘tkazish va taqriz berishga jalb qilingan mutaxassislar uchun xizmat safari bilan bog‘liq barcha to‘lovlar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda asosiy ish joyidan to‘lanadi.
44. Ekspertlar guruhi va taqrizchilarga haq to‘lash uchun ajratilgan mablag‘larning asosli va maqsadli sarflanishi Xalq ta’limi vazirligi tomonidan nazorat qilinadi.
45. Ushbu Nizom bilan bog‘liq nizolar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.
46. Ushbu Nizom talablarini buzganlikda aybdor bo‘lgan shaxslar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javobgar bo‘ladi.
Umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining umumta’lim fanlari bo‘yicha darsliklari va o‘quv-metodik majmualarini ekspertizadan o‘tkazish, ularga taqriz berish hamda ekspertlar va taqrizchilarga haq to‘lash tartibi to‘g‘risidagi nizomga
ILOVA
Umumiy o‘rta ta’lim maktablari uchun yaratiladigan darsliklar va o‘quv-metodik majmualarni ekspertizadan o‘tkazish (taqriz berish) va ekspertlarga (taqrizchilarga) haq to‘lash tartibi
SXEMASI


Download 126,76 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
  1   2




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©www.hozir.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling

kiriting | ro'yxatdan o'tish
    Bosh sahifa
юртда тантана
Боғда битган
Бугун юртда
Эшитганлар жилманглар
Эшитмадим деманглар
битган бодомлар
Yangiariq tumani
qitish marakazi
Raqamli texnologiyalar
ilishida muhokamadan
tasdiqqa tavsiya
tavsiya etilgan
iqtisodiyot kafedrasi
steiermarkischen landesregierung
asarlaringizni yuboring
o'zingizning asarlaringizni
Iltimos faqat
faqat o'zingizning
steierm rkischen
landesregierung fachabteilung
rkischen landesregierung
hamshira loyihasi
loyihasi mavsum
faolyatining oqibatlari
asosiy adabiyotlar
fakulteti ahborot
ahborot havfsizligi
havfsizligi kafedrasi
fanidan bo’yicha
fakulteti iqtisodiyot
boshqaruv fakulteti
chiqarishda boshqaruv
ishlab chiqarishda
iqtisodiyot fakultet
multiservis tarmoqlari
fanidan asosiy
Uzbek fanidan
mavzulari potok
asosidagi multiservis
'aliyyil a'ziym
billahil 'aliyyil
illaa billahil
quvvata illaa
falah' deganida
Kompyuter savodxonligi
bo’yicha mustaqil
'alal falah'
Hayya 'alal
'alas soloh
Hayya 'alas
mavsum boyicha


yuklab olish