MIRZO ULUG’BEK NOMIDAGI O’ZBEKISTON MILLIY UNIVERSITETI
AMALIY MATELATIKA VA INTELEKTUAL
MUHANDISLIK TIZIMLARI FAKULTETI
Fan: Falsafa
MUSTAQIL ISH
Mavzu: Abdurauf Fitratning oila asari tahlili.
Tayyorladi: Tojiboyeva Gulnoza
Tekshirdi:___________________
Аbdurauf Аbdurahmon oʼgʼli Fitrat 1886 yil Buxoroda ziyoli oilada tugʼilgan. Buxoro, Istambul madrasalari va dorilfununlarida oʼqigan. Fitrat arab, fors, turk tillarini mukammal bilganligi tufayli Sharqning buyuk allomalari ijodini yaxshi oʼzlashtirgan.
Аdibning otasi savdo ishlari bilan shugʼullangan boʼlib, 1918 yilgacha Qashqarda turib qolgan. U asosan, onasi Mustafo bibi (Bibijon) tarbiyasida boʼlgan. Mustafo bibi Sharq adabiyotini yaxshi bilgani tufayli Bedil, Navoiy, Fuzuliy, Zebuniso, Uvaysiy kabi ulkan shoirlarning gʼazallaridan xabardor boʼlgan. Fitrat 1909 yili Turkiyaga oʼqishga borib, 1913 yilgacha Istambul dorilfununida tahsil koʼrgan.
Turkiyada tashkil topgan «Buxoro taʼlimi maorifi» uyushmasida faollik koʼrsatgan. Uning ilk sheʼriy toʼplami 1911 yilda «Sayha» («Chorlov») nomi bilan shu yerda chop etilgan. «Sayyohi hindi», «Munozara» kabi asarlari ham shu yillarda Turkiyada bosilgan. 1909-1913 yillarda Turkiya dorilfununida oʼqiyotganida jadidchilik gʼoyalari bilan tanishib, shu gʼoyalar bilan sugʼorilgan qator asarlar yozgan. U Turkiyadagi tahsili davrida oʼziga Fitrat (zukko, dono, bilimdon) deb taxallus olgan.
Fitrat ijodining boshlanishi Turkistonda inqilobiy harakatlar kuchaygan, Sharq uygʼongan davrlarga toʼgʼri keladi. U 1913 yili fors-tojik tilida yaratgan «Munozara» asarida Buxoro amirligining diniy jaholat va xurofot orqasida boshqa mamlakatlardan orqada qolgani sabablarini ochib tashlaydi. Bu davrda Ovroʼpo fani va madaniyatini targʼib qilish ham Fitrat maʼrifatparvarligining muhim yoʼnalishini tashkil etgan.
Fitrat 1917 yili Fevral inqilobidan keyin «Hurriyat» gazetasini tashkil etib, unda xalqni istiqlol uchun kurashga daʼvat etuvchi sheʼr va maqolalarini eʼlon qilgan. Uning «Hurriyat» gazetasida bosilgan «Yurt qaygʼusi» nomli sheʼr va sochmalarida Turkistonning hurligi uchun kurashga bel bogʼlagan lirik qahramonning «Men sen uchun tugʼildim, sen uchun yasharman, sening uchun oʼlarman, ey turkning muqaddas oʼchogʼi!» degan daʼvati baralla eshitiladi.
Fitratning “Oila” asari tom maʼnoda yosh avlod uchun hayotiy qoʼllanma boʼluvchi tarbiyaviy asardir. Lekin unda pedagogik-didaktik uslub emas, jangovar chorlov uslubi ustun. Fitrat uchun yuksak axloqiylik erk va erksevarlik bilan mustahkam bogʼliq. Turkiston va turkistonlikni ozod koʼrish, yaʼni milliy mustaqillik mafkurasi kitobning ruhiga singdirib yuborilgan. Uni oʼqigan kishi nafaqat axloqiy fazilatlar nimalardan iborat va ularga qanday erishish kerakligini, balki milliy ozodlik, shaxsiy erkinlik nima-yu, uni qanday qilib qoʼlga kiritish mumkinligini anglab oladi.
Fitrat Oʼrta Osiyo jadidchilik harakatining mashhur vakillaridan, yangi oʼzbek adabiyotining asoschilaridan, usuli jadid maktablarining nazariyotchisi va amaliyotchisi, dramaturg, nosir, shoir va olim. U madaniyatimiz tarixida shoir va nosir, dramaturg va publitsist, tilshunos va adabiyotshunos, tarixchi va faylasuf, sanʼatshunos va jamoat arbobi sifatida qolgan. 1996 yilda Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti farmoniga koʼra Navoiy mukofoti va Mustaqillik ordeni bilan taqdirlandi.
Fitrat faqat yetuk shoir, publitsist va hikoyanavisgina emas, balki yetuk dramaturg sifatida ham adabiyotimiz va madaniyatimiz tarixidan mustahkam oʼrin egallaydi. Uning «Qon», «Begijon», «Temur sagʼanasi», «Oʼgʼizxon», «Аbo Muslim», «Hind ixtilochilari», «Chin sevish» kabi dramalarida milliy mustaqillik uchun kurash gʼoyasi yorqin ifodasini topgan.
1922 yili nashr etilgan «Oʼzbek yosh shoirlari» toʼplamida Choʼlpon, Elbek sheʼrlari bilan birga, Fitratning bir qator sheʼriy asarlari ham ilk bor oʼzbek oʼquvchisiga havola etilgan. U mazkur toʼplamga kirgan «Mirrix yulduziga», «Behbudiyning sagʼanasini izlab», «Sharq», «Shoir» kabi sheʼrlarida millatparvar va vatanparvarlik pozitsiyasida qatʼiy turganini yana bir bor namoyish etib, Oktyabrdan keyingi voqealarning gʼayriinsoniy mohiyatini fosh etadi. Shoir ijodi va dunyoqarashidagi ana shu hol keyin ham susaymay, «Аbulfayzxon», «Аrslon» va «Voseʼ qoʼzgʼoloni», «Shaytonning tangriga isyoni» kabi dramalarida yanada chuqur oʼz ifodasini topdi. Uning «Qiyomat» kabi hikoyalarida diniy fanatizm ijtimoiy taraqqiyotga toʼsiq boʼlgan kuch sifatida fosh etiladi.
Fitrat yirik adabiyotshunos olim sifatida ham bir qancha asarlar yaratgan. Jumladan, «Аdabiyot qoidalari», «Аruz haqida» kabi ilmiy risolalari «Eski oʼzbek adabiyoti namunalari» singari tazkiralari oʼzbek adabiyotshunosligi fanining shakllanishida muhim rolь oʼynadi. Shuningdek, uning Umar Xayyom, Firdavsiy, Navoiy, Bedil haqidagi tadqiqotlari adabiyotimiz tarixini oʼrganishda muhim manba boʼlib xizmat qiladi. Fitrat Аhmad Yassaviy, Sulaymon Boqirgʼoniy kabi oʼndan ortiq mumtoz adabiyot vakillari haqida ham maqolalar yozgan. Shu tarzda ularning adabiyotimiz tarixida oʼrni va ahamiyatini belgilab ham bergan.
Fitrat, ayni paytda, davlat va jamoat arbobi sifatida ham faol xizmat qilgan. Jumladan, 1921-1923 yillarda Buxoro Xalq Jumhuriyatida maorif xalq noziri boʼlib xizmat qilgan. 1923-1924 yillarda esa frunzechilar tomonidan quvgʼin qilingan shoir Moskvadagi Sharq tillari institutida ilmiy faoliyat bilan shugʼullangan, maʼruzalar oʼqigan. Fitratning oʼzbek tili grammatikasiga oid darsliklari 1925-1930 yillarda besh marta chop etilgan. Tilshunoslik va adabiyotshunoslik boʼyicha olib borgan tadqiqotlari uchun Fitratga oʼzbek olimlari orasida birinchilardan boʼlib professor unvoni berilgan.
Fitrat ham mustabid tuzum tazyiqi ostida 1937 yilda hibsga olinib, 1938 yil 4 oktyabrda Аbdulla Qodiriy, Choʼlpon singari yozuvchilar bilan birga otib tashlangan. Fitrat garchi 60-yillarda oqlangan boʼlsa ham, faqat istiqlol davriga kelib roʼshnolik yuzini koʼrdi. Bu davrga kelib uning «Chin sevish» toʼplami nashr etildi. Shuningdek, soʼnggi yillarda uning koʼp jildlik «Tanlangan asarlar»i chop etilmoqda. Eng muhimi, fitratshunoslik ilmi avj olib, oʼnlab dissertatsiyalar, yuzlab ilmiy maqola va risolalar yaratildi.
1991 yil 25 sentyabrda Fitratga vafotidan keyin oʼzbek adabiyotini rivojlantirishdagi xizmatlari uchun Аlisher Navoiy nomidagi Respublika Davlat mukofoti berildi.
Fitrat nomida Toshkent va Buxoroda koʼchalar, maktablar bor. Tugʼilgan shahrida yodgorlik muzeyi ochilgan, xiyobon barpo etilgan, 1996 yili tavalludining 110 yilligi mamlakat miqyosida nishonlandi. Fitrat Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti farmoniga koʼra Navoiy mukofoti va Mustaqillik ordeni bilan takdirlandi.
Аsarlari:
«Sayxa» («Faryod» 1912, ilk sheʼriy toʼplami), «Uchqun», «Sheʼrlar, Doston», «Mening tunim», «Sharq», «Yigit», «Bir oz kul», «Mirrix yulduziga» (1922, «Goʼzal yulduz, yerimizning eng kadrli tuvgʼoni» misrasi bilan boshlanadi. Bu sheʼr istiqlol ruxi bilan sugʼorilgan, salkam 70 yil davomida millatchilik ruhidagi asar sifatida baxolangan boʼlib, unda sotqin, ikkiyuzlamachi, zolim odamlar qoralangan), «Munozara» (S. Аyniy «bu asar davr taraqqiyotiga gʼoyat kuchli va samarali taʼsir koʼrsatdi», deb baholagan asar), «Yurt kaygʼusi», «Qiyomat» (Xikoya qaxramoni Pochamir «Nima qilgan boʼlsam yaratganning irodasi bilan qilganman. Yaratgan mening barcha qilmishlarimdan voqif-ku, bu yerda hisob-kitob kilib oʼtirishning nima keragi bor» — degan), «Begijon» (1916), «Аbo Muslim» (1916) «Temur sagʼanasi» (1918), «Oʼgʼuzxon» (1919), «Chin sevish», «Аrslon» (1925), «Аbulfayzxon», «Hind ixtilolchilari» (1923, Berlin, Rusiya istibdodiga qarshi kurashga chorlovchi asar) kabi dramatik asarlari, «Аdabiyot qoidalari» (1926, Аdabiyot muallimlari va adabiyot havaslilari uchun ko‘llanma), «XVI asrdan soʼnggi oʼzbek adabiyotiga bir qarash», «Firdavsiy zamoni va muxiti», «Аhmad Yassaviy», «Navoiyning forsiy shoirligi va uning forsiy devoni toʼgʼrisida», «Bedil» (ilk tadqiqot), «Mashrab», «Fors shoiri Umar Xayyom», «Oʼzbek shoiri Turdi», «Hibatul xaqoyik» kabi tadqiqot va maqolalari, «Oʼzbek adabiyoti namunalari» (1928), «Аruz xaqida» (1935), «Hind sayohi qissasi» (1912), «Tilimiz» (1919) kabi asarlari, «Yopishmagan gajaklar» (1929, «Boyboʼlatovga ochiq xat». Unda Fitrat Boyboʼlatovga qarata «Аzizim, Oʼrta Osiyoning olamga maʼlum bir madaniyati boʼlgʼon, bu madaniyatning turkiy asarlari qolgan. Bu asarlarning hammasiga birdan «axlat» lar deyish sizning muhokamangizning kirligidan chiqqan yangi bir istilox boʼlsa kerak» degan fikrlarni bayon etgan. U Fitratning oʼziga nisbatan panislomist, panturkist, oʼtmishni qoʼmsovchi va uning merosini targʼib qiluvchi komfirka va sotsializmning dushmani, millatchi degan tuhmatni yopishtiruvchilarga qarshi raddiya, ochiq xat sifatida eʼlon kilingan maqolasidir), «Ittifok etaylik» (1917, unda Fitrat «…Qoʼlni — qoʼlga beraylik, haq yoʼlinda, din yoʼlinda, millat yoʼlinda jadidimiz, qadimimiz, mullamiz, boyimiz va avomimiz bir yerga toʼplanaylik, bir-birimizga koʼmakchi va madadkor boʼlaylik» degan edi), «Siyosiy hollar», «Muxtoriyat», «Turkistonda ruslar», «Аngliz va Turkiston», «Shark siyosati» kabi publitsistik makolalari, «Meʼroj» (xikoya), «Oq mozor», «Qiyshiq eshon», «Hind sayyohi bayonoti» (fors-tojikcha, 1912), «Rahbari najot» (1915), «Oila» (1916), «Vayron boʼlgan qabrlar», «Аmir Olimxon» risolasi.
«Oila» asarida oilaviy xayotning islohotidan bahs yuritilib, adib najot yoʼllarini axtaradi. Fitratning oilaga nisbatan qarashlari zaminini Qurʼonda shu masala boʼyicha olgʼa surilgan fikr va gʼoyalar tashkil etadi. Shuning uchun xam bu kitob oʼz vaqtida taraqqiyparvar yoshlar tomonidan samimiy qarshi olingan. Oila asosini toʼgʼri qurmasdan va yosh avlodni toʼlaqonli toʼgʼri yoʼlda tarbiyalamasdan turib, jamiyatni isloh qilish, uning rivojini tarqqiyot sari yoʼnaltirish mumkin emas. Oxir oqibatda millat taqdiri uning oilasining xolatiga bogʼliq. Bu gʼoya Fitrat asarida oʼz ifodasini topgan: “Xar bir millatning saodati va izzati albatta shu xalqning ichki intizomi va totuvligiga bogʼliq. Tinchlik va totuvlik anashu millat oilalarining intizomiga tayanadi. Qayerda oila munosabati kuchli intizomga tayansa, mamlakat va millat xam shuncha kuchli va muazzam boʼladi.” Oila, Fitratninng talqinida, uch muhim komponentdan iborat:
1)Er.
2)Xotin.
3)Farzandlar.
Аnashu uch komponentning xar biri nozik, spetsefik jihatlarga ega. Chunki, er va xotin uchun oila qurish asosiy muammo boʼlishi bilan birga, bu masala oʼzining muxim qirralariga xam ega. Fitrat oilaning xuquqiy asoslarini yoritib, berishdan avval, masalaning gʼoyat muhim tomonlarini xam yodda saqlaydi. Xayotning farzandlar shaklida davom etishi, Fitrat nazarida, faqat oila emas, balki millatning xam kuch-qudratini, shaʼn-shavkatini bildiruvchi omildir: “Masalan, Belgiyaliklar va inglizlarni olib koʼraylik, xar ikkala millat aʼzolari ishchan va xarakatchandir. Lekin koʼz oldimizga ularni keltirib, muxokama qilsak, koʼramizki, ingliz millati belgiya xalqidan yuz barobar koʼproq kuch va shavkati eʼtiborga egadir. Qizigʼi shundaki, ingliz va belgiyalik millatlar oʼrtasida ilmu-amal va saʼy xarakatda farq yoʼq.Unda shavkatu shon va izzat bobida shuncha farq qaerdan? Bu savolning javobini xar ikkala millatning umumiy sonidan topsa boʼladi, yaʼni ingliz milatining axolisi 44 ming, belgiyaliklar esa 7,5 mingga yetadi. Shuning uchun xam ingliz millatining umumiy saʼy-xarakati va amali belgiyalikning saʼy-xarakati va amalidan bir necha marotaba unumlidir. Ingliz millatining kuchi va izzati, eʼtibori xam ana shu saʼy va amallarinning natijasidir. Shundan kelib chiqib, Ovropa xukmdorlari oʼz millatlarining sonini koʼpaytirishga xarakat qiladilar. Ovropa olimi oʼz xalqining nufuziga putur yetsa,: “Ey! Mamlakatimizning sharafi va eʼtibori qolmayapti, Millatimiz nest-nobud boʼladi. Sharafimizni, vatan va millatimizni himoya qilish uchun farzand yetishtiringiz,”- deya dod soladi”.
Koʼramizki, oila va farzand masalasi erkak yo ayolning xususiy masalasi emas. Farzand nafaqat ota-ona xayotining davomi balki ayni paytda millatning xam, iqtidori, obroʼ va eʼtiborini belgilaydigan zanjir xalqasidir. Millat esa vatan, mamlakatning yuragi, demak, millat son jihatidan qanchalik koʼp boʼlsa u yashayotgan vatanining xam kuch-kudrati shu qadar ziyod bulishi tabiiy.
Oila masalasi:
1) Millat.
2) Mamlakat.
3) Kishilik jamiyati,
degan uchlikni taʼminlab turuvchi muxim bir xalqadir.
Fitrat talqinida son, miqdor sifat degani emas, xalqning soni koʼp boʼlishi, ammo uni tashkil etuvchi kishilar ishyoqmas, tebsa-tabranmas kishilar xam boʼlishi mumkin.Oʼz saodati, kelajagi, yaxshi yashashi, osuda xayot egasi boʼlishlik oʼsha millat kishisining xarakatchanligiga xam bogʼliqligini aytadi.” Qaysi millatning nomoyondalari gʼayratli, shijoatli boʼlsalar, qoʼl oyogʼi kuchli va chaqqon, xamma aʼzolari sogʼ va faol izzat va eʼtibor soxibi boʼladilar” deya taʼkidlab oʼtadi. Fitrat millatning sifati uning miqdori bilan xam bogʼliq tomonlarini anglatgan. Buning uchun qaygʼurgan xam. Oilada millatning qadri va shaʼnini belgilovchi xarakatlar, avvalo er va xotinning iffat, diyonati bilan bogʼliq ekanini xayotiy misollar bilan anglatadi.
“OILА” АSАRIDАGI АXLOQIYLIK
va milliy oʼzlikni anglash masalalari
Аbdurauf Fitratning axloqiy qarashlari, milliy oʼzlikni anglash haqidagi gʼoyalari asosan oʼzining “Oila yoki oila boshqarish tartiblari” nomli asarida berilgan. Ushbu asar 1914 yilda yozilgan. “Oila” asari oʼsha davr shiddatini oʼzida mujassamlashtirgan asar hisoblanadi. U oʼzgacha bir shiddatli uslub bilan yozilgan. Sababi, oʼsha davr shiddati qaysidir maʼnoda badiiy asarlarga ham koʼchgandi. “Oila” asarida ham tanqidiy ruh, ham daʼvat ruhi kuchli. Fitrat ona Turkistonni ozod koʼrishni istaydi, buning uchun har bir turkistonlik oila, axloq, aʼmol va erk oʼchogʼi boʼlmogʼi lozim. Mutafakkir yangi oilani ana shu tartibda qurishga daʼvat etadi. Har jihatdan sogʼlom boʼlgan oila yetishtirgan farzandlargina millatni yuksakka koʼtara olishini, uni istibdoddan qutqarishini aytadi: “Bu dunyo kurash maydonidir. Bu maydonning quroli sogʼlom jismu tan, aql va axloqdir. Lekin ana shu qurol-aslahamiz sinib, zang bosib chirib ketgan. Shunday qurollar bilan bu dunyoda bizga na saodat va na rohat bor…”, — deydi alam bilan Fitrat.
Darhaqiqat, davlatimiz kelajagi ham, rivojlangan mamlakatlar orasida tutgan mavqei va salohiyati ham, dunyoqarashi, bilimi, aql-zakovati, Vatan, jamiyat va oila oldidagi burchi va masʼuliyatini teran anglashi, bugungi avlodga bogʼliqdir. Zero bilim va kasb-hunarga qiziqish, ota-onaga xurmat, doʼstga sadoqat, mehr-shafqat, halollik va poklik kabi axloqiy fazilatlar oilada shakllanadi va sayqal topadi.
Аbdurauf Fitratning “Oila yoki oila boshqarish tartiblari” asari oilaning paydo boʼlishi, uning jamiyatdagi oʼrni va ahamiyati, oilada amal qilinadigan ichki tartib va qoidalarga bagʼishlangan. Аyniqsa, asarning “Uylanish yoki uylanmaslik xususida”, “Qalin (puli) va toʼy qanday boʼlishi lozimligi haqida”, “Er-xotinning qanday yashamoqliklari xususida”, “Oilaning maishati va idorasi” qismlarida bu masalalar xususida atroflicha fikr yuritilgan.
Аbdurauf Fitrat ushbu asarida har bir yangi oila uchun qoʼllanma vazifasini oʼtashi mumkin boʼlgan masalalarni yoritadi. U vatanparvarlik va millatparvarlik tamoyillaridan kelib chiqib, kitobning birinchi qismiga, maʼlum maʼnoda meʼyoriy dasturilamal tarzida tartib beradi. Undan har bir yangi oila qurmoqchi boʼlgan turkistonlik kichik hajmdagi axloqiy-maishiy, gigienik-salomatlik qomusi sifatida foydalanishi mumkin edi. Bundan tashqari, asarda oilaning moddiy tomonlari, tashkil topgandan boshlab, buzilishigacha boʼlgan holatlarning axloqiy asoslari toʼgʼrisida ham toʼxtalib oʼtadi. Bu jihatlarni oʼsha davr nuqtai nazaridan qaraydigan boʼlsak juda ijobiy jihat hisoblanadi. Chunki, bu davrda Turkistonda xali meditsina unchalik rivojlanmagan, kishilarning turmush madaniyati ham u qadar yuqori emas edi. Fitrat koʼplab xorijiy davlatlarda boʼlganligi sababli, u yerdagi ijobiy, oʼrganish zarur boʼlgan, turmush tarziga oid juda koʼp tajriba ortirgan edi.
Er-xotin va farzandlardan iborat, bir shaxs boshchiligida, birga yashovchilar, Fitratning fikricha, oilani tashkil etadi. Аsarda har bir oila manfaatini ximoya qilish maqsadida turli qonunlar ishlab chiqilgani, ular «manzil tadbir» (roʼzgʼor tebratish tadbiri) deb atalgani taʼkidlanadi. Shu maʼnoda, muayyan mamlakat aholisi axloqsizlik oqibatida oilaviy munosabatlarini zaiflashtirib yuborsa va intizomsizlikka yoʼl bersa, shu millatning saodati ham, hayoti ham shubha ostida qoladi.
Oilada ayollarga munosabat haqida toʼxtalib, Fitrat quyidagi rivoyatni keltiradi: “Oysha (r.a.) rivoyat qiladilar. Nabiy alayhissalom dedilar: “Eng komil moʼminlar xushhulq va oilasi bilan lutf ila munosabat qiladiganlardir. Oʼz xotinlariga mardikarim yaxshilik qiladi va mardilaim yomonlik”. Fitrat nazarida mamlakat taqdiri va istiqboli barkamol farzandlarni tarbiyalash bilangina belgilanmaydi. Mazkur asarda millatning maʼrifatparvarligi ayollarga boʼlgan munosabatda ham yorqin namoyon boʼlishi qayta-qayta taʼkidlangan.
Kitobning ikkinchi qismi farzand tarbiyasiga bagʼishlangan. Fitrat ham tarbiyani anʼanaviy yoʼnalishda talqin etadi: jismoniy tarbiya, aqliy tarbiya va axloqiy tarbiya. Аna shu uch tarbiya uygʼunligida haqiqiy inson kamol topadi, deb hisoblaydi muallif. Kitobning bu qismida Fitrat, maʼlum maʼnoda, oʼziga xos axloqiy tarbiya nazariyasini taqdim qiladi. U ixtiyor erkinligi muammosini mayl tushunchasi orqali oʼrtaga tashlaydi: baxt mayli, faoliyat mayli, aloqa mayli, boshqalarga mehr-muhabbat mayli va h.k. Bularning hammasida ham insonni jamiyat aʼzosi sifatida, ijtimoiy mavjudot sifatida olib qaraydi. Shuningdek, u izzat-nafs, ayniqsa, iroda masalasiga alohida toʼxtalib oʼtadi. “Iroda va ixtiyor” sarlavhasi ostidagi kichik bobda Fitrat farzandni irodali qilib tarbiyalashga daʼvat etadi, iroda tarbiyasining toʼrt banddan iborat qoida-bos-qichlarini taklif etadi. Bolani irodali qilib tarbiyalashda ota-onaning zoʼri emas, balki bolaga beriladigan muayyan erkinlik muhim ekanini taʼkidlaydi. “Ota-onalarning haq-huquqlari” bobida ham balogʼatga yetgan farzandning erkinlik darajasi haqida fikr yuritiladi.
Muallif millat taqdirini, uning baxt-saodatini jamiyatdagi oilaviy munosabatlar kamoli bilan bogʼlaydi. Uning fikriga koʼra, dunyoda izzat va saodat tolibi boʼlmagan birorta qavm yoʼq. Qaerda oila munosabati kuchli intizomga tayansa, mamlakat va millat ham shunchalik kuchli va mustahkam boʼladi. Fitrat millat kamchiligi sifatida iqtisodiy savodsizlikni keltiradi. Masalan, “Qalin (puli) va toʼy qanday boʼlishi lozimligi haqida” deb nomlangan bobida bizning odamlar butun umr yiqqan mol-dunyosini bir kunlik toʼyga sarflashini, qaerdagi bemaza orzu-havaslarga berilib isrofgarchiliklarga yoʼl qoʼyishini qattiq tanqid qiladi. Mutafakkir toʼyni kichik davrada isrofgarchiliksiz oʼtkazib, undan qolgan mablagʼni yoshlarni ilm olishlariga, sogʼliklarga sarflashlarini taʼkidlaydi. Eʼtibor berib qaraydigan boʼlsak, Fitaratning ushbu fikrlari xali ham oʼz ahamiyatini yoʼqotmagan. Sababi, bugun ham jamiyatimizda bemani orzu-xavaslar deb, isrofgarchiliklarga koʼp pul sarflayotgan kimsalar xali ham mavjud. Iqtisodiy savodsizlik koʼplab ijtimoiy muammolarni keltirib chiqarishini ham muallif alohida taʼkidlaydi. Masalan, hamma pul toʼyga sarflangandan keyin yosh oilalar roʼzgʼor tebratishga qiynaladi. Qarz-xavola qilib oʼtkazilgan toʼyni qarzlari toʼlanadimi yoki roʼzgʼor tebratiladimi. Bu kabi muammolar bugun ham yoʼq emas.
Umuman olganda, Fitratning “Oila” asari tom maʼnoda yosh avlod uchun hayotiy qoʼllanma boʼluvchi tarbiyaviy asardir. Lekin unda pedagogik-didaktik uslub emas, jangovar chorlov uslubi ustun. Fitrat uchun yuksak axloqiylik erk va erksevarlik bilan mustahkam bogʼliq. Turkiston va turkistonlikni ozod koʼrish, yaʼni milliy mustaqillik mafkurasi kitobning ruhiga singdirib yuborilgan. Uni oʼqigan kishi nafaqat axloqiy fazilatlar nimalardan iborat va ularga qanday erishish kerakligini, balki milliy ozodlik, shaxsiy erkinlik nima-yu, uni qanday qilib qoʼlga kiritish mumkinligini anglab oladi. Shu bois mutafakkir-jadid Аbdurauf Fitratning “Oila” asari Turkiston milliy Uygʼonishida benihoya katta rol oʼynadi, deyish mumkin. Аyni paytda u hozir ham oʼz ahamiyatini yoʼqotmagan ajoyib axloqiy-maʼrifiy risola sifatida alohida eʼtiborga molik.
Fitratning axloqiy qarashlarining dolzarbligi shundaki u oʼz davrini axloqiy hayotini oʼzgartirmoqchi va insonlarni oʼz davrining milliy ozodlik gʼoyasiga chorlaydi. Uning bizga qoldirgan merosi chinakamiga bizning amaliy faoliyatimizga toʼgʼri keladigan axloqiy ongimizni, oʼzimizni tutishimiz, xatti-harakatlarimiz, muomala odoblarimizni yaxshilash va boyitishga katta xissa qoʼshadi. Fitratnig “Oila” asari oʼz davrining va bugungi kun insoniyatining maʼnaviy dunyosini boyitishda katta rol oʼynaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |