Depozitlarning turlari: talab qilib olinguncha depozitlar;
jamg‘arma depozitlari;
muddatli depozitlar;
jamg‘arma (depozitli) sertifikati;
boshqa depozitlar.
Talab qilib olinguncha depozitlar Talab qilib olinguncha depozitlar yuridik va jismoniy shaxslarning kundalik maqsadlar uchun hohlagan vaqtda talab qilib olishlari mumkin bo‘lgan talab qilib olinguncha hisobvaraqlardagi mablag‘laridir. Bank depozitorning birinchi talabiga ko‘ra (depozit shartnomasida boshqa muddatlar ko‘zda tutilmagan bo‘lsa, depozitorning tegishli ko‘rsatmasi bankka kelib tushgan kunning ertasidan kechikmagan holda) uning to‘lovlar bo‘yicha topshirig‘ini bajarishi zarur.
Talab qilib olinguncha depozit hisobvarag‘i bo‘yicha xizmat ko‘rsatish uchun haq to‘lash shartnomada belgilangan miqdorda amalga oshiriladi. Hisobvaraqqa undagi qoldiqning o‘rtacha miqdori oldindan kelishilgan holda bank bepul xizmat ko‘rsatadi. Mijoz tomonidan ushbu shartlarga rioya qilinmagan taqdirda, ya’ni hisobvaraq qoldig‘ining kelishilgan miqdori kamaytirilsa, mijoz bankning pul-hisob-kitob operatsiyalari bo‘yicha xizmat ko‘rsatish bilan bog‘liq bo‘lgan barcha operatsiyalari xarajatlarini bank bilan mijoz o‘rtasida tuzilgan shartnomada belgilangan miqdorda to‘laydi.
Talab qilib olinguncha depozitlar mijozning topshirig‘iga ko‘ra shartnomaning oldindan kelishilgan shartlari asosida ushbu mijozning boshqa turdagi depozitlariga o‘tkazilishi mumkin.
Jamg‘arma depozitlari. Davriy badallar asosida shakllanadigan jamg‘arma depozitlari muayyan maqsadni amalga oshirish uchun depozit hisobvaraqda ma’lum miqdorda pul summasini jamlash maqsadida yuridik va jismoniy shaxslar nomiga ochiladi.
Agar shaxs nomiga berilgan omonat daftarchasi yo‘qolsa yoki taqdim etish uchun yaroqsiz holga kelib qolsa, bank omonatchining arizasiga ko‘ra unga yangi omonat daftarchasini beradi.
Jamg‘arma depozitlarining asosiy shakllari quyidagilardan iborat: omonat daftarchalaridagi depozitlar (taqdim etuvchining nomiga berilgan, egasi ko‘rsatilgan);
hisobvaraq holati ko‘chirma qilinadigan depozitlar;
xabarli depozitlar.
Jamg‘arma depozit hisobvarag‘i ochilganda bank jismoniy shaxsga bankning barcha operatsiyalari aks ettiriladigan omonat daftarchasini beradi. Hisobvaraq yopilgan taqdirda, omonat daftarchasi bankka qaytarilishi lozim. Depozitor omonat daftarchasiga hech qachon biron-bir yozuv kiritmasligi zarur, chunki bank noto‘g‘ri rasmiylashtirilgan va tan olinmagan yozuvlar uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olmaydi.
YUridik shaxslar jamg‘arma depozit hisobvarag‘ini shartnoma asosida belgilangan tartibda ochadi.Hisobvaraqdagi holati ko‘chirma qilinadigan depozitlar omonat daftarchalari depozitlaridan farqli ravishda shaxsiy hisobvaraqlarda yuritiladi, ulardan ko‘chirmalar shartnoma shartlarida ko‘rsatilgan muddatlarda davriy ravishda depozitorning manziliga jo‘natib turiladi. Bu depozitorlarni bankka qatnashdan ozod qiladi va ular bilan pochta orqali aloqa bog‘lab turish imkonini beradi. Bank pochta orqali omonatchining hisobvarag‘idan ko‘chirmalarni jo‘natish xarajatlarini uning hisobvarag‘idan undiradi. Xabarli jamg‘arma depozitning o‘ziga xosligi shundaki, depozitni hisobvaraq hisobidan chiqarish oldindan xabar berish orqali shartnomada kelishilgan muddatda amalga oshiriladi. Xabar qilish muddati qanchalik uzoq bo‘lsa, depozit uchun foizlar stavkasi shuncha yuqori bo‘lishi mumkin.
Hisobvaraqdan olingan ko‘chirmalar va summaga doir daftarchadagi barcha o‘zgarishlarni depozitor o‘rganib chiqishi hamda har qanday nomuvofiqlik to‘g‘risida zudlik bilan xabar qilishi kerak. Xabar qilingan nomuvofiqlikni bank birlamchi hujjatlar asosida bartaraf qilishi zarur.