-Boshqalar farzandlar-chi?
-Yo‘q, boshqalar bu yo‘ldan borishmadi. Hayot olatasirlarida o‘z yo‘llarini topib ketishdi. Lekin singillarimda, xolamda adabiyotga ishtiyoq kuchli. Balki qondan o‘tgandir… kim bilsin.
— Nima deb o‘ylaysiz, ijodkor uchun ustoz kerakmi? Har bir sohada murabbiy talab etiladi, ammo ijod qilish uchun shunday tug‘ilish kerak, deyishadi. Ijodkor uchun hayotning o‘zi ustozmi yoki? Sizning ustozingiz bo‘lganmi?
-Ustozsiz sira iloji yo‘q. Bir ijodkorning shakllanishida ota-onasi, yaqinlari, murabbiylari bilan bir qatorda, turli-tuman kishilarning – hamyurtlar, tengdoshlar, do‘stu birodarlar, qisqasi, umr davomida taqdir ro‘para qilgan minglab kishilarning ulushi bo‘ladi. Shu sababli ustozlarimizga, ulug‘larimizga, teng-to‘sh do‘stlaru aka-singillarga, el-yurt aro oddiygina umr kechirayotgan hamda asar yaralishiga o‘zlarining mavjudiyatlari bilan hissa qo‘shgan barcha kishilarga cheksiz hurmat va ehtirom ko‘rsatish kerak.
-Yaqindagina Stokgolmda bo‘lib o‘tgan “Open Eurasian Book Forum” tanlovida g‘oliblardan biri bo‘lganingiz bilan tabriklaymiz. Aytingchi, jahon standartlarida yozish uchun nimalar talab etiladi? Shunday xalqaro tanlovlarda qatnashishni istagan yosh qalam ahliga qanday tavsiya bergan bo‘lardingiz?
-Siz aytgan tanlov Angliyaning “Hertfortshire Press” nashriyoti hamda “Eurasian Creative Guild”tomonidan 2011-yildan buyon o‘tkazilib kelinadi. Bu yil unda O‘zbekistonimizdan 47 kishi qatnashdi, besh kishi finalgacha yetib bordi. Dunyoning 37 mamlakatidan 1100 dan oshiq yozuvchi ishtirok etgan tanlovda bu juda katta natija.
Shartlariga kelsak, bunday tadbirlarda avvalo originallikka, ya’ni olamning biz ko‘rib turgan qismidagi ilg‘anmagan jihatlariga, shuningdek, tijoriy tomonlariga ham e’tibor qaratiladi. Yanada kattaroq tanlovlarda esa insonni ilgari chorlovchi, ilhomlantiruchi g‘oyalarga diqqat qaratiladi. Aslida jahon andozalariga ko‘ra yozish degan tushuncha yo‘q. O‘z muhitida odam bolasini hayotda tutib turuvchi eng quvvatli tuyg‘u, mulohaza qaysi? Unga nima kuch-qudrat ato etayotir? U g‘oya olamdagi barcha insonlarga o‘rnak bo‘la oladimi? Mana shu singari jihatlar izlanadi. Yosh uka-singillarimizga esa shuni aytardimki, sira tortinmaslik kerak. Bizning o‘zbekona tarbiyamiz yoshlar ongiga “El-ulus oldida, kattalar qarshisida odob saqlab tur” deb uqtiradi. Bu- o‘z muhitimizda, O‘zbekistonimizda to‘g‘ri. Xalqaro tanlovlarda qatnashishga har kimni chorlagan bo‘lardim. Chunki dunyo miqyosidagi yoki xorijiy tanlovlarda O‘zbekiston nomi yangrashining o‘zi katta gap.
Do'stlaringiz bilan baham: |