II. 2.Birinchi jahon urushi arafasida mustamlakalar uchun bo’lgan to’qnashuvlar.
Xitoy hukumati milliy manfaatlarga putur yetkazuvchi shartlarni qabul qilishga majbur etilib, G‘arb davlatlariga “qo‘zg‘olon natijasida chet elliklar ko‘rgan zarar evaziga” o‘lpon to‘lashga, Xitoyga qurol olib kirishni man qilishga rozilik berdi.
Bu davrda chor qo‘shinlari Manjuriyaning bir qismini, Angliya chet el kapitali faollashgan Shanxayni bosib oldi va Yanszi daryosi atrofidagi yerlarda ustun mavqega ega bo‘ldi. Angliya Rossiyani Manjuriyadan “siqib” chiqarishga urindi. Bunda u Germaniya madadiga “ko‘z tikdi”. Lekin Germaniya hukumati bilan Rossiyaga qari ittifoq tuzmadi. Biroq, Angliya ruslarga qarshi ittifoqchi sifatida Yaponiyani “topdi”. 1902 – yilda tuzilgan shartnomaga ko‘ra, ittifoqchilar ulardan biriga tashqaridan harbiy xavf yuzaga kelsa, o‘zaro yordam berish haqida kelishib oldilar. Bundan tashqari, Yaponiya Angliyaning moliyaviy yordamini oldi, busiz Yaponiya Rossiyaga qarshi urush boshlay olmas edi. Rossiyaga qarshi Yaponiyani qo‘llab, AQSH ham unga moliyaviy yordam berib turdi.
1904 – yili Yaponiya to‘satdan, urush e’lon qilmay rus harbiy dengiz flotiga hujum qildi. Rus – yapon urushi boshlanib ketdi. Urushda chor Rossiyasi mag‘lubiyatga uchradi. Buning sababi chorizmning harbiy – iqtisodiy zaifligi va urushga mutlaqo tayyorgarlik ko‘rmaganligida edi. Aslid? Rossiya Yaponiyaning Mukden va Susimadagi mag‘lubiyatidan keyin ham urushni davom ettirishi mumkin edi. Lekin chor hukumati Peterburgda va Rossiyaning boshqa shaharlarida boshlanib ketgan inqilobdan cho‘chib, AQSH hukumati vositachiligida Yaponiya bilan sulh tuzishga shoshildi. Portsmutda tuzilgan sulh shartnomasiga binoan (1905 – yil 23 – avgust ) chor hukumati Yaponiyaga Lyaodun yarimoroli va Port – Arturni ijaraga olish huquqini, Janubiy Manjuriya temir yo‘liga va butun Manjuriyaga amalda hukmronlik qilish huquqini berdi. Rossiya Yaponiyaning Koreyada hukmronligini tan oldi va AQSH ning “siquvi” ostida Yaponiyaga Saxalin orolining janubiy qismini berishga majbur bo‘ldi.
Fransiya “Uchlar ittifoqi” ni zaiflashtirib, Italiya bilan yaqinlashish yo‘lini tutdi. Chunki Italiya Fransiya bilan olib borilayotgan savdo urushidan katta zarar ko‘rayotgan edi. Bojxona janjallariga chek qo‘yish maqsadida Fransiya bilan Italiya o‘rtasida savdo shartnomasi tuzildi. 1900 – yilda Italiyada iqtisodiy inqiroz yuz berib, u katta miqdorda Fransiyadan kredit oldi. 1902 – yilgi bitimga muvofiq, Fransiya Tri politaniyaga bo‘lgan da’vosidan, Italiya esa Marokashga bo‘lgan da’vosidan voz kechdi. Fransiya bilan Italiya shuningdek, harbiy nizolar paytida betaraflikni saqlash majburiyatini oldilar. Bu bitim imzolanishi bilan amalda Italiyaning “Uchlar ittifoqi”dan chetlanishi, ya’ni Italiyaning undagi ishtiroki bundan keyin foydasiz ekanligi ma’lum bo‘lib qoldi.
1904 – yil aprelida Angliya va Fransiya hukumatlari mustamlakachilik masalalari yuzasidan bitimga kelishdi. Fransiya “Angliyaning Misrdagi harakatlariga bundan buyon to‘sqinlik qilmasligini”, Misrning inglizlar “ta’sir doirasida” ekanligini e’tirof qildi. Bunga javoban ingliz hukumati Fransiyaning Marokashdagi harakatlariga to‘sqinlik qilmaslikka va’da berdi. Maxsus tuzilgan maxfiy bitimda Marokash sultoni “o‘z vazifasini bajara olmasligi” ehtimoldan holi emasligi va shunday bo‘lgan taqdirda Marokash hududining Gibraltar bo‘g‘oziga bevosita tutashgan qismi Ispaniyaga berilishi, Marokashning qolgan qismini Fransiya o‘z qo‘liga olishi ko‘zda tutilgan edi. Ingliz hukumati Gibraltar bo‘g‘ozi Fransiyaning emas, balki Angliya uchun “xavfsizroq” Ispaniya tasarrufida bo‘lishini afzal bildi.
Fransiya Germaniyaning agressiyasidan xavfsiradi. 1904 – yil oxirida Germaniya hukumati Rossiyaning rus – yapon urushida mag‘lubiyatga uchraganidan foydalanib, uni o‘zi uchun qulay bo‘lgan savdo shartnomasini tuzishga majbur qildi.
Vilgelm II bu bilan cheklanmay, Nikolay II bilan Rossiya – Germaniya o‘rtasida ittifoq tuzish haqida og‘zaki muzokaralar boshladi. Shartnoma tuzilgan taqdirda Fransiyaning Rossiyaga qarshi urush boshlashi uchun yo‘l ochilgan bo‘lardi. Nikolay II Vilgelm II talablarini rad etdi. Germaniya mavjud vaziyatni hisobga olib, ingliz – fransuz “Antanta”siga qarshi chiqdi. Vilgelm II Marokash mustaqilligini himoya qilish niqobi ostida 1905 – yil 31 – martda Marokashning Tanjer portiga bordi. U o‘z nutqida Germaniya Marokashga boshqa davlatlar bilan bir qatorda “teng huquq” berishini ta’kidladi. Shundan so‘ng Germaniya hukumati xalqaro konferensiya chaqirishni talab qildi. Germaniya konferensiyasidan Marokash haqidagi ingliz – fransuz bitimini bekor qilish uchun foydalanishni nazarda tutardi. Fransiya Marokash masalasini xalqaro konferensiya muhokamasiga qo‘yishga rozi bo‘ldi. Fransiya Bosh varizi Ruve esa Marokash masalasida Germaniya bilan muzokara boshladi1.
Bismark Yevropada Germaniya imperiyasining pozitsiyalarini mustahkamlash uchun Fransuz respublikasi yakkalab qo‘yishga harakat qildi. U 1882 yilda Germaniya, Avstriya – Vengriya va Italiya o‘rtasida ittifoq tuzish haqida maxfiy shartnoma imzolanishiga erishdi. Shu tariqa Uchlar ittifoqi – birinchi navbatda Fransiya bilan Rossiyaga qarshi qaratilgan agressiv harbiy – siyosiy blok tuzildi.
Germaniya 80 – yillarda mustamlakalar bosib olishga kirishdi. U Afrikada katta – katta hududlar ustidan nazorat o‘rnatdi, Tinch okeanidagi bir qancha orollarni bosib oldi. 90 – yillarda Germaniyaning mustamlakalari uning o‘z hududidan diyarli 5 barobar ortiq edi, lekin ingliz mustamlakalaridan 12 barobar kam edi.
90 – yillar oxiriga kelib Germaniyaning ekspansiyasida XX asr boshlari uchun xos bo‘lgan bir necha asosiy yo‘nalish aniqlandi. Birinchidan, Germaniyaning Yevropada hukmron bo‘lish haqidagi da’volari kuchaydi, qo‘shni davlatlarni yo‘q qilib tashlash, ularning xalqlarini qul qilish rejalari ishlab chiqildi, shu bilan birga Bismarkning ikki frontda urush olib borish xavfli ekanligi va Rossiyani yo‘q qilib tashlab bo‘lmasligi to‘g‘risidagi ogohlantirishlari inkor etildi.
Ikkinchidan, jahon bozorlaria raqobatchilik kurashi avj olib ketib, ularda Germaniya Buyuk Britaniyaning asosiy raqibi bo‘lib qoldi.
Uchinchidan, Germaniya imperializmi Afrika xalqlarini talashni kuchaytirdi va AFrikani qayta taqsimlash uchun kurashga kirishdiki, bu hol Germaniyani Fransiya va Angliya bilan yangi to‘qnashuvlarga olib keldi.
To‘rtinchidan, Germaniyaning Bolqondagi, Yaqin, O‘rta va Uzoq Sharqdagi ekspansiyasi faollashib, u “Sharqqa hujum” (“Drang nax Osten”) degan nom oldi va faqat Angliya va Fransiya bilangina emas, balki Rossiya bilan ham nizolar keltirib chiqardi.
Germaniyaning hukmron doiralari “jahon siyosatiga” o‘tganliklarini e’lon qilib, “yorug‘ dunyodan joy” talab qilib, barcha xalqaro nizolardan o‘z manfaatlari yo‘lida foydalanishga harakat qildilar. Chunonchi, ular Rossiyaning manfaatlarini e’tiborga olmasdan, Avstriya – Vengriyaning Bolqondagi ekspansiyasini qo‘llab – quvvatladilar. Xitoyni bo‘lib olishga boshqa davlatlardan o‘zib ketishga harakat qilib, Germaniya Shandun yarim oroli ustidan nazorat o‘rnatdi. Vilgelm II Xitoydagi xalq qo‘zg‘oloninin bostirish uchun qo‘shin yuborar ekan, bunday degan edi: “Hech kimga rahm qilinmasin! Asir olinmasin! Kim qo‘lingizga tushsa, o‘shani o‘ldirishingiz kerak!” Germaniya Marokashga da’vo qilib, Fransiya bilan to‘qnashdi. Bu to‘qnashuv oz bo‘lmasa, urushga olib kelayozdi.
Germaniya Usmoniylar imperiyasida ustun ta’sirga ega bo‘lib oldi. U Berlin – Bosfor temir yo‘lini Bag‘dodgacha va undan ham nari – Fors ko‘rfazigacha davom ettirish uchun konsessiyasi* oldi. Keyinchalik turk armiyasiga nemis ofitserlari maslahatchilar sifatida taklif qilindi.
Hamma yerda Germaniyaning ekspansiyasi Angliya manfaatlariga daxl qilar va qarshiligiga duch kelar edi. Kayzer “Germaniyaning kelajagi dengizda” deb e’lon qilib, “dengizlar hukmdorini” kurashga chaqirdi. Germaniya eng yangi harbiy kemalar qurilishini jadallashtirib yubordi va uning harbiy floti kuch jihatdan Britaniya flotidan keyin ikkinchi o‘ringa chiqib oldi.
Germaniyaning hukmron doiralari urushga olib boradigan yo‘lni tutdilar. 1905 yildayoq Bosh shtab boshlig‘i general A.Shliffen ikki frontda Fransiyaga va Rossiyaga qarshi urush olib borish rejasini ishlab chiqdi Germaniya urushga iqtisodiy, harbiy va hatto ideologik jihatdan tayyorlanishda o‘z raqiblaridan o‘zib ketdi.
O‘z mamlakatining juda katta resurslarini va Rossiyadan sotib olingan Alyaskani o‘zlashtirish bilan band bo‘lgan AQSH kapitalistlari mustamlakalar va ta’sir doiralarini qo‘lga kiritishga boshqalardan ko‘ra kechroq kirishdilar. Asosiy e’tibor Karib havzasi va Tinch okeani mamlakatlariga qaratildi.
Bu yo‘ldagi birinchi qadam Tinch okeanining eng markazida, Osiyoga olib boradigan strategik jihatdan muhim bo‘lgan dengiz yo‘llari kesishgan joydagi Gavay orollarini 1898 yilda bosib olishdan iborat bo‘ldi.
AQSH Ispaniya mustamlakalari xalqlarining ozodlik kurashini qo‘llab – quvvatlash haqidagi munofiqona bayonotlar bilan niqoblanib, 1898 yilda Ispaniyaga qarshi urush e’lon qildi. Bu birinchi imperialistik urush – dunyoni qaytadan bo‘lib olish uchun boshlangan urush edi. Oradan uch oy o‘tgach, Ispaniya tor – mor qilindi. Natijada Puerto – Riko oroli Qo‘shma Shtatlar ixtiyoriga o‘tdi, mustaqil respublika bo‘lgan Kubaga talonchilikdan iborat shartnoma zo‘rlab qabul qildirildi. U to 1959 yildagi xalq revolyutsiyasi g‘alaba qozonguncha AQSH ga qaram bo‘lib keldi.
Tinch okeanida Qo‘shma Shtatlar Guam orolini, shuningdek Filippin orollarini bosib oldi. Ular diyarli o‘n yil mobaynida mustaqillik uchun kurashib kelgan filippinlik vatarparvarlarni shafqatsizlik bilan jazoladilar, Filippinni o‘z mustamlakalariga aylantirdilar.
AQSH Osiyo qit’asiga yaqin yerlarda mustahkamlanib olib, 1899 yilda “ochiq eshiklar” doktrinasini (prinsipini) e’lon qildilar, barcha davlatlarning Xitoydagi “ta’sir doirasi” Shimoliy Amerika tovarlarini olib kirish uchun ochiq bo‘lishini talab qildilar. AQSH o‘zining iqtisodiy ustunligiga tayanib, raqobatchilarni Xitoydan siqib chiqarishga umid qilgan edi.
Qo‘shma Shtatlar hukumati trestlarning Lotin Amerikasi mamlakatlari va Uzoq Sharqdagi hatti – harakatlarini faol quvvatlay boshladi. AQSH prezidenti U. Taft o‘zi o‘tkazayotgan “dollar diplomatiyasi” “o‘q o‘rniga dollarlardan” foydalanishga asoslanganligini aytgan edi.
“Dollar diplomatiyasi” XX asrning boshlaridayoq prezdent T.Ruzvelt e’lon qilgan “katta tayoq” siyosati bilan qo‘llab – quvvatlandi. “Katta tayoq” siyosati hamisha kuch ishlatish bilan dag‘dag‘a qilib, Lotin Amerikasi mamlakatlarini AQShning buyrug‘iga bo‘ysundirishdan iborat edi.
Mana shunday siyosatni o‘tkazib, Qo‘shma Shtatlar Panama xalqining mustaqillikka intilishidan foydalanib qoldilar. Ular bu xalqning Kolumbiya hukumatiga qarshi chiqishini qo‘llab – quvvatladilar. Panama respublikasi tashkil etilgandan keyin esa AQSH uning hukumatiga talonchilikdan iborat shartnomani zo‘rlab qabul qildirdi. Bu shartnomaga muvofiq AQSH kanal o‘tkazish va faqat qurilish zonasi ustidangina emas, balki amalda respublikaning butun hududi ustidan nazorat o‘rnatish huquqini oldi. Kanal qurilishi o‘n yil davom etdi. Uning barpo etilishi natijasida Amerikaning Atlantika sohili bilan Tinch okeani sohili o‘rtasidagi yo‘l ancha qisqardi. Asta – sekin AQSH kapitali Dominikan respublikasida, Gaitida, Nikaraguada, Gondurasda va boshqa Lotin Amerikasi davlatlarida qaror topib, Yevropa kapitallarini siqib chiqardi. AQSH o‘ziga o‘zi G‘arbiy yarim sharda nazoratchi rolini berdi. 1
1906 – yil yanvarida Ispaniyaning Alxiseras shahrida Marokash masalsi bo‘yicha konferensiya boshlandi. Konferensiyada Germaniya yakkalanib qoldi. Angliya, Rossiya va hatto, Germaniyaning rasman ittifoqchisi bo‘lgan Italiya ham Fransiyani qo‘llab – quvvatladi. AQSH ham Fransiyani quvvatlab chiqdi. Germaniya Marokashdan Fransiyani “siqib” chiqara olmadi. Marokash suveren davlat deb e’tirof qilingan bo‘lsa – da, amalda uning mustaqilligi cheklandi. Marokash politsiyasini tashkil qilish Fransiya bilan Ispaniyaga (har biri o‘z “ta’sir doirasida”) topshirilgan edi. Bu avvalo, Fransiyaga “tartib saqlab turish” bahonasi bilan Marokashda o‘z ta’sirni o‘tkazib turish imkonini berdi.
Marokash davlat bankini tashkil qilish masalasida Germaniyaga “yon berildi”. Bu bank german, ingliz, fransuz va ispan banklari ishtirokidagi konsorsium asosida tashkil qilinadigan bo‘ldi. Marokashning bojxona daromadlari xalqaro nazorat ostiga olindi. Biroq,Germaniya Marokashdan “umidini uzmadi”.
1904 – yilda Fransiya – Rossiya ittifoqi Rossiyaning Angliya bilan yaqinlashuviga yordam berdi. Urush va inqilobdan zaiflashgan Rossiyaga fransuz zayomlaridan tashqari, birinchi marta ingliz kapitali kirib kela boshladi.
Bu “yaqinlashuv”ning yana bir sababi, bu paytda Angliya mustamlakasi bo‘lgan Hindistonda ham Rossiyadagidek inqilobiy harakatlar boshlanayotgan edi. Buning oldini olishda Angliya Rossiyani o‘z ittifoqchisi deb bilardi. Eronda inqilob ko‘tarilganida chor Rossiyasi bilan Angliya birgalashib, bu inqilobga qarshi yurish qilishdi. O‘zaro munosabatlardagi bu o‘zgarishlar 1907 – yilda Angliya bilan Rossiya o‘rtasida bitim tuzilishiga olib keldi.
Bu bitimga ko‘ra, Eron uch zonaga bo‘lindi. Shimoliy Eron (eng boy va aholi ko‘p qismi) Rossiyaning “ta’sir doirasida” ekanligi e’tirof qilindi. Markaziy Eron “betaraf zona” deb e’lon qilindi, neftga boy hamda Hindistonga o‘tadigan yo‘llar mavjud Janubi – Sharqiy Eron inglizlari “ta’sir doirasiga” o‘tdi. Ingliz – rus bitimi Afg‘onistonga ham taalluqli edi. Tibet Xitoyning suvereniteti ostida bo‘lsada, amalda inglizlarning bosqinchilik niyatlari obyekti bo‘lib qoldi. Shunday qilib, uch davlatning yaqinlashuvi 1907 – yili Antantaning tarkib topishi bilan chkunlandi.
Italiya Usmoniy turk imperiyasining bir viloyati bo‘lgan Tripolitaniyani bosib olishga ko‘pdan harakat qilib kelardi. 1900-yilgi Fransiya – Italiya shartnomasiga ko‘ra, Italiya mustamlaka egallashga qaratilgan bu urushga Fransiyaning roziligini oldi.
Italiya qo‘shinlari Tripolitaniyada joylashgan uncha kuchli bo‘lmagan turk partizanlari ustidan osonlik bilan g‘alaba qozondilar. Lekin Tripolitaniyadagi arab qabilalari bosqinchilariga qattiq qarshilik ko‘rsatdilar. Turk hukumati Tripolitaniyaning bosib olinishiga qarshi norozilik bildirib keldi. Biroq, Bolqonda boshlanib ketgan urush tufayli Turkiya 1912 – yilda sulh shartnomasini imzolashga va Tripolitaniyani Italiyaga berishga majbur bo‘ldi.
1912 – yilda Bolgariya bilan Serbiya chor Rossiyasining, shuningdek Antantaga kirgan boshqa davlatlarning yordami bilan o‘zaro ittifoq bo‘lish haqida shartnoma tuzdilar. Bolqon masalasi Yevropa davlatlarining aralashuvi bilan yanada murakkablashdi. Turkiyani o‘ziga bo‘ysundiromqchi bo‘lgan Germaniya va uning ittifoqchisi Avstriya – Vengriya Bolqon xalqlarining ozodlik kurashiga to‘sqinlik qilmoqchi bo‘ldilar. Rossiya Bolqon davlatlarini qo‘llab – quvvatlardi.
Bolqon ittifoqi davlatlari Turkiyaga qarshi 1912 – yil oktabrida urush boshladilar. Rossiya ularning bu xatti – harakatlarini ma’qullamadi. Chunki Rossiyaga Bolqon ittifoqi Turkiyaga qarshi urush uchun emas, balki Germaniya va Avstriya – Vengriyaga qarshi kurashish uchun zarur edi.
Turkiya juda tez fursatda yengildi. Bolqon qo‘shinlari konstantinopol tomon yo‘l oldilar, grek qo‘shinlari Salonikini ishg‘ol qildi. 1912-yil noyabrda Turkiya sulh tuzishni so‘radi Muzokaralar uzoq davom etdi. Kelishmovchilik tufayli vaziyat murakkablashdi.
Serbiya Albaniyani ololmaganidan so‘ng buning evaziga Makedoniyani “bo‘lishda” o‘zining hissasini ko‘paytirishga Bolgariya hukumatining rozilik berishini talab qildi. Gretsiya bu masalada Serbiyani quvvatladi. Serbiya bilan Gretsiya Bolgariyaga qarshi ittifoq tuzdilar. Bu janjalga buyuk davlatlarning aralashishi natijasida ahvol yanada murakkablashdi. Bolqon ittifoqini barbod etish maqsadida Germaniya bilan Avstriya-Vengriya Bolgariyani Serbiya va Gretsiyaga hujum qilishga undadi. 1913-yil 29-iyunda bolgar qo‘shinlari serb armiyasiga qarshi urush boshladi. Shu tariqa ikkinchi Bolqon urushi boshlandi.
Serbiya, Gretsiyaga Ruminiya va Turkiya ham qo‘shildi. Bolgariya yengildi. 1913 – yil 10 – avgustda Buxarestda sulh shartnomasi imzolandi. Bolgariya Ruminiyaga Dobrujdani, Serbiyaga Makedoniyaning kattagina qismini, Turkiyaga Adrianopolni qaytarib berishga majbur bo‘ldi. Gretsiya Bolqon urushlari natijasida Egey dengizidagi barcha orollarni, Janubiy Makedoniyani, Saloniki va Kiprni qo‘lga kiritdi. Bolqon urushlari asosan, Bolqon slavyanlarining turklar zulmidan ozod bo‘lishi bilan tugallandi.
O‘sha davrdagi mavjud notinch vaziyatda har bir xalqaro nizo va janjal jahon urushiga olib kelishi mumkin edi. Avstriya – Vengriya va Serbiya o‘rtasidagi ziddiyatlardan biri jahon urushi boshlanishiga bahona bo‘ldi. Serbiyada Janubiy slavyanlarni Avstriya – Vengriya zulmidan ozod qilishni maqsad qilgan juda ko‘p milliy tashkilotlar bor edi. Ularning ko‘pchiligi yakka terrorchilik taktikasini qo‘llar edi. Avstriya – Vengriya armiyasining Bosh qo‘mondoni ers – gersog Frans Ferdinand Bosniyadagi harbiy mashqlarda qatnashayotgan edi. Milliy tashkilotlardan “Mladi Bosni” (“Yosh Bosniya”) Frans Ferdinandni o‘lim jazosiga hukm qildi. Harbiy mashqlardan Sarayevoga qaytib kelgan shahzoda “Mladi Bosni” inqilobiy vatanparvarlik tashkilotining a’zosi Navriko Prinsip tomonidan o‘ldirildi. Frans Ferdinand Avstriya - Vengriya monarxiyasining taxt vorisi edi. Voqealarning bunday rivojidan foydalanmoqchi bo‘lgan Avstriya - Vengriya 1914 - yil 28 - iyulda Serbiyaga qarshi urush e’lon qildi. Dunyo ikki tarafga bo‘linib, jahon urushi boshlanib ketdi
Yevropa mamlakatlari imperializm bosqichiga kirishi va iqtisodiy taraqqiyot notekisligining kuchayishi XX asr boshlarida eng yirik kapitalistik davlatar o‘rtasidagi ziddiyatlarning keskinlashuviga sabab bo‘ldi. Butun dunyo ikki harbiy – siyosiy ittifoqning kurash maydoniga aylandi.
Bu ittifoqlardan biriga - Uchlar ittifoqiga Germaniya 1882 yildayoq asos solgan edi. XX asr boshlarida Germaniyaning bu blokdagi yetakchilik roli kuchaydi. Bolqonni bosib olishga harakat qilgan va u yerda Rossiyaning manfaatlariga to‘qnash kelgan Avstriya – Vengriya bu rolni e’tirof qildi. Uchlar ittifoqining zaif bo‘g‘ini Italiya bo‘lib chiqdi, chunki uning ekonomikasi kuchaygan Bolqonda borgan sari ko‘proq Avstriya – Vengriya bilan to‘qnash keldi, Fransiya esa Italiyaning O‘rta dengiz sharqiy qismidagi bosqinchiliklariga e’tiroz bildirmas edi. Germaniya Turkiyani o‘z tomoniga og‘dirib olishga va Bolqonda ittifoqchilar topishga harakat qildi.
Ikkinchi harbiy – siyosiy ittifoqqa 1893 yilda kuchga kirgan Fransiya – Rossiya konvensiyasi bilan hamda Angliya bilan Fransiya 1904 yilda erishgan “samimiy kelishuv” – ta’sir doiralarini kengaytirish hamda ularni saqlab qolish uchun bir – birini qo‘llab – quvvatlash to‘g‘risidagi bitim bilan asos solingan edi. Angliya bilan Rossiya o‘rtasidagi Osiyodagi bir qancha ziddiyalarga barham berilganidan keyin bu ittifoq 1907 yilgi Angliya – Rossiya konvensiyasi bilan uzil – kesil tashkil topdi. Bu ittifoq Antanta “Fransuzcha Entente – rozilik” deb atalgan bo‘lib, unda Angliya gegemonlikni da’vo qilgan, Fransiya bilan Rossiyaga zarbdor kuch rolini bergan edi.
Angliyaning hukmron doiralari ingliz floti kemalar soni va o‘t ochish quvvati jihatidan qolgan ikki g‘oyat kuchli davlatning birgalikdagi flotidan hamma vaqt ustun bo‘lishiga harakat qilib, Germaniyaning harbiy floti kuchaytirilishiga javoban ingliz harbiy flotini kuchaytirish rejasini amalga oshirar edilar. Fransiya o‘z qurollarini to‘xtovsiz ko‘paytirib bordi. Talonchilikdan iborat urushni tayyorlash uchun burjua partiyalarining hukmron bloki milliy manfaatlarni himoya qilish shiorlari ostida 1913 yilda R.Puankareni prezident qilib sayladi. U Germaniyaga qarshi revansh urushining asosiy targ‘ibotchilaridan biri edi. Bu prezident o‘z siyosati uchun “Puankare – urush” degan laqab oldi.
Kuchsiz mamlakatlarga qarshi talonchilik bosib olish diyarli to‘xtovsiz yuz berib turar edi. Dunyoni qaytadan bo‘lib olish uchun urushlar chiqib turdi: Ispaniya – Amerika urushidan keyin (1898 yil) rus – yapon urushi boshlanib ketdi (1904 – 1905 yillar), so‘ngra esa 1911 yilda Italiya Usmoniylar imperiyasiga urush e’lon qilib, unga qarashli Liviyani bosib oldi. Uchlar ittifoqi qatnashchilari bilan Antanta o‘rtasidagi Marokash bilan Bolqon tufayli yuz bergan nizolar borgan sari ko‘paydi va keskinroq tus oldi. Bu yerda Bolqon xalqlarining Usmoniylar imperiyasiga qarshi ozodlik kurashi nihoyasiga yetmoqda edi. Buyuk davlatlar o‘rtasidagi urush faqat shuning uchun kechiktirilmoqda ediki, ularning qurol – aslahalarni ko‘paytirish rejalari hali to‘la amalga oshirilmagan edi.
Barcha buyuk davlatlar eng yangi harbiy texnika bilan jadal qurollanmoqda, armiya va flot xizmatchilarini ko‘paytirib, ularga ta’lim bermoqda, jangovor aviatsiyani vujudga keltirmoqda edilar. Bu davlatlarning hukmron doiralari aholidan olinadigan soliqlarni ko‘paytirib, harbiy sanoat egalari, moliya oligarxiyasi olayotgan ustama foydaning muhim manbaiga aylanib qolgan harbiy xarajatlarni to‘lar edilar. Yevropadagi buyuk davlatlar 1900 – 1913 yillar mobaynida harbiy maqsadlar uchun qariyb 90 milliard marka sarfladilar.
Xulosa
XIX asr oxiri XX asr boshlarida Yevropada xalqaro munosabatlar tarixini o‘rganar ekanmiz XIX asr oxiri XX asr boshlarida dunyo taraqqiyotining o‘ziga xos xususiyatlari mavjud edi.
Do'stlaringiz bilan baham: |