S INF RAHBARLARIGA 10 TAVSIYA
O
Sinf rahbari uchun o‘quvchi shaxsini har tomonlama chuqur o‘rganish, ular bilan do‘stona munosabat muhitini yarata olish juda ham zarur. Buning uchun sinf rahbari o‘quvchilarning qiziqishi, qobiliyati, layoqati va ruhiyatini bilishi hamda bu ma’lumotlardan ta’lim jarayonini tashkil etishda to‘g‘ri foydalana olishi lozim.
Ayniqsa, boshlang‘ich sinf rahbarlari o‘quvchilarda o‘qituvchiga nisbatan iliq munosabat shakllantirsalar, o‘quvchining maktab va boshqa o‘qituvchilarga ham munosabati ijobiy, sinfda ham muhit yaxshi bo‘ladi.
Sentabr oyidan boshlab olib borilgan psixologik-pedagogik kuzatuvlar asosida o‘quvchilar bilan I-II choraklarda rivojlantiruvchi mashg‘ulotlar olib boriladi.
2–4-sinflarda esa o‘quvchilarga motivatsiya berib borilishi lozim. Yuqoridagilardan kelib chiqib sinf rahbarlariga quyidagilar tavsiya qilinadi:
1. Sinf rahbari har bir o‘quvchining xarakterini bilishi, ota-onalar bilan yaqindan munosabat o‘rnatishi, hamkorlikda ishlashi kerak.
2. Oilasidagi muhitni bilish uchun o‘quvchining ota-onasi bilan o‘tkazgan suhbatlari, ota-onalar yig‘ilishlari, sinf soatlarida bildirgan fikr-mulohazalar orqali ma’lumot yig‘ishi lozim.
3. Sinfdagi har bir o‘quvchining shaxsiy “men”ini rivojlantirishi, bu bo‘yicha ularga individual yondashishi joiz.
4. Yoqtirgan(yoqtirmagan) fanlari, qiziqishlari va harakatlari, umuman
uning dunyoqarashi, orzu-istaklari bilan qiziqishi kerak.
5. O‘quvchilarning o‘z xohishi bilan maktab va maktabdan tashqari to‘garaklarni tanlashiga ko‘mak berishi, fan olimpiadalarida ishtirok etishda motivatsiya berishi lozim.
6. Fan o‘qituvchilarining har biri bilan o‘z sinfi o‘quvchilari haqida doimo muloqotda bo‘lib turishi, ularga ham o‘quvchilarining xarakterlarini tushuntirishi, fikr almashib turishi zarur.
7. Sinf o‘quvchilarining qanday kasblarga layoqati yuqoriligini aniqlash va bu borada ularni rivojlantirib borish maqsadida o‘quv yili davomida kasbiy o‘yinlar, suhbatlar, ijodiy ishlar olib borish maqsadga muvofiq. Natija va xulosalardan kelib chiqib o‘quvchilar qiziqishlarini tahlil qilib borishi lozim.
8. Sinf rahbari yil davomida bolaning turli xil tadbirlarda, jamoat ishlarida, sport musobaqalarida ishtiroki va atrofdagilar bilan munosabatlarini kuzatishi, tegishli tavsiyalar berishi, jamoa bilan hamjihatlikda faoliyat yuritishga undashi kerak.
9. Agar bolaning xatti-harakatlarida kamchilik yoki nuqsonlar(uyatchanlik, tajovuzkorlik, sirlilik, giperaktivlik, passivlik) sezsa, maktab psixologiga yozma ravishda bildirib, ota-onasini ogohlantirgan holda, bolaga maktab psixologini biriktirishi va ular bilan hamkorlikda ishlashi kerak.
10. Maktab ichki nazoratida yoki IIB nazoratida turuvchi o‘quvchilar bo‘lsa, ular bilan ko‘proq suhbatlar o‘tkazishi, maktab direktorining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari bilan hamkorlikda uning xulqi va ruhiyatidagi o‘zgarishlarni doim kuzatishi, ularga alohida mehr ko‘rsatishi lozim.
Do'stlaringiz bilan baham: |