mazhabga taqlid vositasida amal qilish masalasida yakdil bo‘lib keldi. Ushbu yakdillikda yaqqol foyda va imtiyozlar bor, ayniqsa, g‘ayrat butunlay so‘nib qolgan va ruhlar o‘z ehtiroslaridan mast bo‘lishga mahkum etilgan kunlarda har kim o‘z fikri borligidan lazzat olar edi». Bu bizga islomning turli fikrlar ehtimoli va qonuniyligini rad etadigan totalitar din emasligini eslatib turadi. «Musulmon ulamolari mujtahid o‘zining shariat hukmlarini chiqarishday qonuniy ijtihodi masalasida gunohga yo‘l qo‘yishi mumkin emas. [Faqat] Bishir al-Marisiy, Abu Bakr al-Asamm va mu'tazaliylar va o‘n ikki imomga ergashuvchi shialar ta'limoti singari qiyos ilmini rad etuvchilargina har bir fiqhiy muammo uchun yagona to‘g‘ri hukm borligiga, kimki unga erishmasa, gunohkor ekaniga ishonadilar". (Amidi, IV, 244.) Albatta, bu islomning ilohiy rahmati, sog‘lom va saxiy bag‘rikengligi ramzidir. «Alloh sizlarga yengillikni istaydi, og‘irlikni xohlamaydi» (Qur'on, «Baqara» surasi, 185-oyat). "Men qiyinlashtirish uchun emas, osonlashtirish uchun yuborilganman". (Buxoriy, "Ilm", 12.) "Allohning rasuliga - unga rahmatlar va salomlar bo‘lsin - hech qachon ikki fikrdan birini tanlash imkoni berilmagan edi. Agar gunoh bo‘lmasa, ulardan osonrog‘ini tanlar edilar". (Buxoriy, "Manoqib", 23.) Biroq Dehlaviy yashagan davrda odamlar Sunnatning ushbu printsipini mensimagani uchun shikoyatlarga sabab bo‘lgan jarayon bugungi kunga kelib yanada zaharliroq bo‘lib qoldi. Eng zararli narsa shuki, nafs shunchalik katta kuchga aylandi, ba'zi bir davralarda ko‘hna musulmonchilikka xos xushmuomalalik va bag‘rikenglikka asoslangan adab yo‘qolib ketdi, odamlar boshqa musulmonlarning o‘zinikidan boshqacha bo‘lgan fikrini qabul qilishi qiyin bo‘lib qoldi. Ko‘pgina yosh musulmon faollari, ehtimol, o‘zini doimiy xavf ostida sezgani uchundir, Imom Malikday allomaning fiqh xususida berilgan 40 savolning 36 tasiga, bilmayman, (la adri) deb javob berganiga qaramasdan, o‘z dini haqida nimanidir bilmasligi mumkin ekanini tan ololmaydi. (Amidi, IV, 221.) So‘nggi mushohada sifatida ushbu bob fiqhni zamonaviy sharoitlarga javoban kengaytirish va rivojlantirishga qarshi e'tiroz deb tushunilmasligi kerakligini qo‘shib qo‘ymoqchi edim. Ayni paytda o‘ta jiddiy ijtihod talab etilmoqda; ushbu kitobda aytilgan fikr shuki, bunday ijtihodni havaskorlar emas, yuksak malakali ulamolar amalga oshirishi shart. Historia monotheistica (lot.) - yakkaxudolilik tarixi. Puer aeternus (lot.) - abadiy bola. Homo Islamicus (lot.) - islom kishisi. Bioetika (ingl.) - biologik tadqiqot va amaliyotlarning etika, ya'ni axloqqa oid jihatlarini o‘rganuvchi fan. - Tarj.
Do'stlaringiz bilan baham: |