Yevropaning mashhur notiqlari



Download 98,5 Kb.
Sana02.06.2022
Hajmi98,5 Kb.
#629715
Bog'liq
YEVROPANING MASHHUR NOTIQLARI


YEVROPANING MASHHUR NOTIQLARI
Reja:

  1. Yevropaning mashhur notiqlari

  2. Antik davr adabiy tanqidiy tafakkuri

Qo'lingizdagi kitob talabalarni yevropa adabiy tanqidiy tafakkuri tarixi bilan tanishtirish yo'lidagi bir urinishdir. Ushbu masalani o'rganish uchun o'zbek tilidagi manbalarning juda kamligini e'tiborga olib, unga ikki qismdan iborat qilib tartib berish maqsadga muvofiq ko'rindi. Kitobning birinchi qismida yevropa madaniyati tarixidagi to'rtta bosqich - antik davr, o'rta asrlar, Uyg'onish davri va XVII asrdagi adabiy tanqidiy tafakkur rivoji haqida ma'lumot beruvchi muxtasar ocherklar havola etiladi. Kitobning ikkinchi qismi majmua tarzida tuzilgan bo'lib, unga kiritilgan materiallarning aksariyati tuzuvchilar tomonidan tarjima qilingan va ilk bor o'zbek tilida chop etilayotir. Shu bilan birga, hozirda matnlarni topish imkoniyati ancha cheklanganini hisobga olib, majmuaga Oybek, M.Mahmudov, J.Kamol tomonidan qilingan tarjimalardan ham parchalar kiritildi.


Aytish joizki, kichik ocherk doirasida katta bir davrni to'la yoritish mumkin bo'lmaganidek, majmuaga ham ko'plab mualliflarni kiritish imkoni bo'lmadi: bir tomoni - hajm, ikkinchi tomoni, mavzuga oid ko'plab manbalarni hozircha topib bo'lmadi. Shu bois qo'llanmaning hozirgi holati bilan qanoatlanib, uni keyincha to'ldirib borish niyatida qolib turamiz. Umid qilamizki, o'quvchilar ilk tajribamizdagi nuqsonlarni ma'zur tutib, o'qish jarayonida tug'ilgan e'tirozlari, xolis taklif va mulohazalarini biz bilan o'rtoqlashadilar, bu esa keyingi nashrlarning mukammallashib borishiga xizmat qiladi.

Antik davr adabiy tanqidiy tafakkuri


Adabiyotning o'zini anglash ehtiyoji uning o'ziga egiz tug'ilgan, desak, aslo mubolag'a bo'lmaydi. Negaki, badiiy ijod tabiati, adabiyotning mohiyati va vazifalari haqidagi o'y-mulohazalar bizgacha yetib kelgan eng ko'hna yozma manbalarda ham uchraydi. Shuni ham qayd etish lozimki, ko'hna yozma manbalar orasida ilmiy muomalada kengroq ommalashgani va chuqurroq o'rganilgani qadimgi yunon-rim yozma yodgorliklaridir. Shu bois ham qadimiyat haqida so'z ketganda ko'proq shu manbalarga tayaniladi. Holbuki, qadim Shumer yoki Misr, Xitoy yoki Hind madaniyati ahamiyati jihatidan aslo kam emas, biroq yuqoridagi sabablarga ko'ra ularni istifoda etish hozircha qiyinroq. Masalaning yana bir jihatini ham e'tiborda tutmoq zarur: aslida, agar folklorning yozma adabiyotdan qadimiyligini e'tiborga olsak, adabiyot haqidagi qarashlarning ildizlari xalq og'zaki ijodidan suv ichishi tayin. Biroq bu haqiqatni e'tirof etgan holda, xalq og'zaki ijodi namunalarining yozuvda muhrlanishi keyingi davrlarda amalga oshgani, bunga qadar ularning qadimiy matni saqlanmaganini hisobga olib, yana yozma manbalarga qaytishga majbur bo'lamiz.
Antik yunon madaniyatining arxaik davrlariga mansub Gomer, Gesiod, Pindar singari ijodkorlarning asarlaridayoq adabiyot haqidagi qarashlarga duch kelinadi. Aniqrog'i, bu asarlar mualliflarning adabiyotni qanday tushunganlari haqida tasavvur bera oladi. Tabiiyki, bu qarashlar mualliflarining dunyoqarashlariga mos edi. Qadimgi yunonlarning tasavvurlariga ko'ra, olamning tuzilishi anchayin sodda: Olimpda - xudolar, yerda odamlar yashaydi, olam shu ikkisining birligidan tashkil topadi. Ularning e'tiqodicha, Olimp xudolari yerdagi hayotni yo'lga solib turishadi, yana ham aniqrog'i, ular Olimpdagi tartibotlarni yerdagi tartibotlarga monand tasavvur etishgan. Masalan, ularning e'tiqodiga ko'ra, yerdagi har bir kasbning o'z ilohi bor. Jumladan, san'at ilohi - Apollon, Olimpda undan boshqa yana ko'plab ilohalar - Muzalar borki, ular odamni ijodga ilhomlantiradi. Shu bois ham, masalan, Gomerning "Iliada"sida o'sha muzalarga qayta-qayta murojaat qilinadi. Bir o'rinda Gomer "Olimp xudolari har yerda hozir va ko'k gumbazi ostidagi har nedan voqif" ekanini e'tirof etarkan, "biz (ya'ni, odamlar - mual.) hyech narsani bilmaymiz" deydi. Gomer Muzalardan o'tinib "danayaliklarning sardorlari kimlar" bo'lgani, "Troya ostonasiga kelgan jangchilarning barini eslatib" qo'yishlarini so'raydi. Ko'rib turganimizdek, Gomer san'atda hamma narsani ilohlar hal qiladi, ilohlar suyib saylagan kishilargina san'atkor bo'la oladi, san'atkor ilohlar "diliga solgan" narsalarnigina kuylay oladi, deb hisoblaydi.
Adabiyotning vazifalari, uning insonga ta'siri masalalariga ham juda qadim zamonlardayoq diqqat qilingan. Bu haqda Gesiodning (mil.av.VII-VI asrlar) "Teogoniya" asarida fikr bildiriladi. Uning aytishicha, "Muzalar suygan kishi tolelidir", shunday kishining "lablaridan uchgan sas bag'oyat totlidir". Agar kishi dilini "nogahoniy qayg'u qoplasa, ko'nglini g'am-anduh kemirayotgan bo'lsa, Muzalar xizmatchisining qo'shig'ini tinglash kifoya: butun qayg'u hasratlarini unutadi".
Agar arxaik davrda adabiyotni, badiiy ijodni ilohiy deb tushunish ustuvorlik qilgan bo'lsa, yunon madaniyatining klassik davriga (mil.av. V-IV asrlar) kelib yozuvchi mehnatiga bir kasb sifatida qarash ustuvorlik qila boshladi. Yunonlarda mohir ustaning biron kasb sohasidagi faoliyati "texne" deb yuritilgan bo'lib, bu so'z "mahorat", "hunar", "san'at" kabi ma'nolarni anglatadi. Bu davrga kelib so'z san'ati ham "texne" sirasiga kiritildi. Bu xil qarashning paydo bo'lishi ritorikaning maxsus fan sifatida tezkor rivojlanishi bilan bog'liq edi. O'z navbatida, ritorikaning taraqqiy etishi antik Gretsiyada notiqlik san'atining ulkan ahamiyat kasb eta boshlagani bilan izohlanadi.
Darhaqiqat, bu davrga kelib antik Gretsiyada davlat-boshqaruv ishlarida notiqlik san'ati o'ta muhim ahamiyatga ega bo'lib ulgurgan edi. Davlat ahamiyatiga molik muhim masalalarning qay yo'sin hal qilinishi, jamiyat hayotiga bevosita aloqador biron bir tadbirning joriy etilishi yoki rad qilinishi, sudlov ishlarining qanday ajrimga kelishi - bularning bari muhokama jarayonida masala mohiyatining qanday yetkazib berilishiga ko'p jihatdan bog'liq edi. Albatta, bunday sharoitda nutq qurilishi, uni mantiqli, izchil, ta'sirli qilish yo'llarini o'rganuvchi maxsus fanning rivojlanishi tabiiy. Muhimi, bu fan adabiyotning asosi - nutqni o'rganishga qaratilgan, bas, notiqlik san'ati bo'yicha bildirilgan fikrlar adabiyotga bevosita aloqador edi.
O'z faoliyatlarida ritorika masalalariga katta e'tibor qaratgan yunon sofistlarining bu boradagi xizmatlari salmoqli. Jumladan, ulardan biri - ritorika fani asoschilaridan sanaluvchi Protagor (mil.av.480-410 yy.) nutqning tinglovchiga huzur bag'ishlashi yoki tasavvurida o'tmishni jonlantirishining o'zi kam, u tinglovchi tasavvurlarini notiq istaganidek o'zgartirishi, shakllantirishi lozimligini ta'kidlaydi. E'tibor berilsa, bu o'rinda adabiyotga xos g'oyaviy yo'naltirilganlik, kommunikatsiyaga (jumladan, badiiy kommunikatsiyaga) xos apellyativ maqsad haqida so'z borayotgani anglash qiyin emas. Yoki boshqa bir sofist - Gorgiy (mil.av.483-375 yy.) poeziyada "so'z qalbni o'zgalar kulfatiyu shodligini o'zinikidek his etishga majbur qilishi"ga diqqat qiladi. Ko'rib turganimizdek, Gorgiy badiiy tilning emotsionalligi, badiiy retsepsiya jarayonidagi hamdardlik ("soperejivanie"), qahramonlar ruhiga kirish ("vjivanie") singari adabiyotshunoslik, umuman, estetikaning muhim masalalariga e'tibor qilgan. Qadimgi Gretsiyadagi ilk notiqlik maktabiga asos solgan Isokrat (mil.av.436-338 yy.) o'z faoliyatida ko'proq yozma nutq xususiyatlarini o'rgandi. Shundan bo'lsa kerak, u til normalarini ishlab chiqish, lug'at tarkibini tasniflash kabi masalalarga ayricha e'tibor beradi. Isokrat taklif etgan tasnifga ko'ra, so'zlar uch guruhga bo'linadi: "yangi", "xorijiy" va "ko'chma ma'noli". Isokrat va uning shogirdlari nutq oldiga bir qator talablarni qo'yadilar. Masalan: nutq ravon bo'lishi lozim, buning uchun esa unlilarning yondosh kelishiga yo'l qo'ymaslik kerak; fikrning yarmisinigina ifodalash kerak, biroq shundayki, qolgan yarimi tinglovchiga shundoq ham tushunarli bo'lsin; proza butkul proza bo'lmasin, bu holda u quruq bo'lib qoladi, biroq uning to'la vaznli bo'lishi ham nomaqbul - ko'zga yaqqol tashlanib qoladi va boshq.
Sofistlarning faoliyati tamomila amaliy yo'naltirilgan, ya'ni muhokamalarda tinglovchilar fikrini shakllantira oladigan notiqlar tayyorlash, shunga muvofiq nutq irod qilish yo'llarini o'rganish va o'rgatishdan iborat edi. Shu bois ham ular nutqning ifodali bo'lishi bilan birga dalilli bo'lishiga ham jiddiy e'tibor berganlar. Jumladan, ular voqyelikni tasvirlash, fikrni dalillashda "haqiqatga o'xshashlik", "ehtimollik" ("eykos") prinsipiga amal qilganlar. Bu prinsipga ko'ra muayyan voqyea, shaxs yoki uning xatti-harakati haqida tinglovchilarda notiqqa kerak bahoni hosil qilish birlamchi, haqiqat esa ikkilamchi bo'lib qoladi. Natijada sofistlar faoliyatida "notiqlik notiqlik uchun" qabilidagi holat yuzaga keladiki, bu antik davrdayoq qattiq tanqidga uchragan. Shunga qaramasdan, sofistlarning adabiy tanqidiy tafakkur rivojidagi xizmati katta. Adabiyotni kasb deb tushunib, texnik tomonlariga ko'proq e'tibor qilganlari uchun ham sofistlar uni inson faoliyati mahsuli deb bildilarki, bu esa, A.F.Losev aytmoqchi, "naturfilosofiyaning kosmologizmidan sub'ektiv antropologizmga o'tishning ilk bosqichi" edi.
Qadimgi Gretsiyadagi estetik qarashlarning muayyan tizimga solinishi ko'p jihatdan buyuk faylasuflar - Platon va Aristotel nomlari bilan bog'liqdir.
Platon (mil.av. 427-347 yy.) o'zining dialog shaklidagi asarlarida san'at va adabiyot bilan bog'liq qator muhim masalalarni o'rtaga qo'yadi. Jumladan, "Davlat" nomli asarida faylasuf ideal davlat fuqarosini tarbiyalash masalasini muhokama etarkan, bunda so'z san'atidan qay yo'sin foydalanish borasida yo'riqlar beradi. Uning fikricha, tarbiyada ikki jihatni birlikda olib borish lozim: tana uchun "gimnastik tarbiya", qalb uchun "musik tarbiya" (hozirdagi "estetik tarbiya" - mual.) amalga oshirilishi kerak. Faylasuf "musik tarbiya"da so'z san'ati asosiy o'rin tutishini ta'kidlaydi. Platonning fikricha, "musik tarbiya gimnastik tarbiyadan avval boshlanadi", chunki "murg'ak bolalarga avvalo miflar so'zlab beriladi". Platon bolalarga duch kelgan miflarni emas, saylab olingan miflarni hikoya qilish lozim deb biladi. Uning fikricha, "muvaffaqiyatsiz to'qima" asosiga qurilgan, xudolar yoki qahramonlarga nomaqbul sifatlar berilgan miflar - yolg'on, ularni o'qitish esa nojoizdir. Platon xayolida qurilayotgan ideal davlatda "Kimki xudolar haqida nomaqbul gaplar aytsa, ... unga xor berilmaydi (ya'ni, asarlari ijro qilinmaydi � mual.), o'qituvchilarning yoshlar tarbiyasida bunday asarlardan foydalanishlariga yo'l qo'yilmaydi". Platon xayolidagi davlat asoschisi sifatida aytadiki: "Asoschilarga mif yaratish lozim emas - ular poetik ijodning asosiy belgilari qanday bo'lishi kerakligini bilsa va ulardan chekinishga yo'l qo'ymasa kifoya". Ko'rib turganimizdek, faylasuf xayolidagi ideal davlatda adabiyot davlat manfaatlariga to'la bo'ysundiriladi, adabiyotning g'oyaviy, ma'naviy-axloqiy me'yorlari qat'iy belgilab qo'yiladi.
Platon adabiyot inson ruhiyatiga, ayniqsa, shakllanayotgan shaxs ruhiyatiga kuchli ta'sir qiladi deb biladi. Shu sabab ham, uningcha, Aid saltanati (narigi dunyo � mual.) dahshatlari tasvirlangan miflar bunga ishongan kishilarning o'limdan qo'rqmaydigan jangchi bo'lib yetishishiga halal beradi. Shunga ko'ra, bunday sahnalari bo'lgan miflarni �hikoya qilishga jazm etuvchilardan Aidda neki bo'lsa barini birdek qoralayvermaslikni, aksincha, maqtashlarini talab qilishimiz lozim: axir, ular bu nav qoralashlarida haq emaslar, boz ustiga, bu bo'lg'uvsi jangchilar uchun foydali ham emas�.
Platon san'at narsaning mohiyatiga yetish, haqiqatni bilish imkonidan mahrum, chunki u narsaning o'ziga emas, u haqdagi tasavvur - narsaning soyasiga taqlid qiladi, deb hisoblaydi. Bundan tashqari, faylasuf fikricha eng yomoni ham shu, taqlidiy poeziya hayotdagi yuksak narsalar bilan bir qatorda tuban narsalarni ham aks ettirishi mumkinki, keyingi hol tufayli "hatto haqiqiy insonlarning ma'naviyatiga ham putur yetkazadi". Xo'sh, qanday qilib? Platon o'qish (tinglash, tomosha qilish) davomida kishi qahramonlarga hamdard bo'lishi, ularga "poetik taqlid qilishi"ni, xuddi shu jarayonda uning dilida ham ayni damda qahramonlarda kechayotgan ehtiros va mayllar uyg'onishini aytadi. Holbuki, boshqa sharoitda bu ehtiros va mayllar aql tomonidan so'ndirib kelinadi, taqlidiy poeziya esa ularni uyg'otadi, "sug'oradi". Shulardan kelib chiqib Platon shogirdi Glavkonga "Gomerni ulug'lab, bu shoir Elladani tarbiyalagan" deguvchilarga yon berishni tayinlaydi, ayni paytda, "bizning davlatimizga poeziya faqat xudolarga madhiya va ezgu kishilarga maqtov bo'lgani uchungina kiritiladi" deb uqtiradi.

Ko'ramizki, Platon ta'limotida, xususan, uning tasavvuridagi ideal davlatda san'at va adabiyotga ikkinchi darajali rol ajratiladi, unga bir vosita sifatidagina qaraladi. Bu, albatta, bejiz emas. Avvalo shuki, Platonning ijodiy faoliyati qadimgi Gretsiya davlatchiligi - "polis demokratiyasi" inqirozga yuz tutgan davrga to'g'ri keladi. Shunday ekan, faylasufning ideal davlat haqida maxsus asar yaratishga qo'l urishi shaxsiylangan ijtimoiy zarurat natijasi deb qaralishi mumkin. Tabiiyki, davlatchilikdagi inqiroz jamiyat a'zolarining ma'naviy-axloqiy qiyofasida ham jiddiy o'zgarishlar yasaydi, yana ham aniqrog'i, bu ikkisida inqiroz bir-biriga uzviy bog'liq holda, biri ikkinchisini taqozo etgan va keltirib chiqargan holda kechgan. Bunday sharoitda, birinchidan, Platonning ideal davlatdagi tarbiya masalasiga ayricha e'tibor qilishi, ikkinchidan, ilgarigi qadriyatlarga tanqidiy munosabatda bo'lishi (masalan, Gomer ijodi va uning ahamiyati masalasida) ham tabiiy va zaruriydir.


Platonning adabiy-estetik qarashlari uning boshqa muammolarga bag'ishlangan asarlarida o'z ifodasini topgan. Tabiiyki, bu holda san'at va adabiyot masalalari asosiy muammo nuqtai nazaridan qo'yiladi, yoritiladi va baholanadi. Masalan, poeziyaning mohiyati, taqlid qilish yoki ifoda usullari masalalariga to'xtalishdan ko'zlangan maqsad - uning davlat tizimidagi o'rni, ahamiyati haqidagi yuqoridagicha qarashlarini asoslash. Zero, shogirdlar bilan suhbat yo'sinida qurilgan asarda "tom ustiga tom bosib" borish, har jihatdan asoslab tushuntirishga intilish ham tabiiy. Shu yo'ldan borgan faylasuf adabiyotshunoslik uchun muhim ko'plab masalalarni muhokama qiladi, qimmatli fikrlarni bayon qiladi. Uning adabiy turlar masalasidagi qarashlari, hyech shubhasiz, shunday fikrlar sirasiga kiradi.
Birinchi bo'lib adabiyotni turlarga ajratgan Platon tasniflash asosi sifatida taqlid qilish usulini oladi. Unga ko'ra, "shoir va roviylar nima haqda gapirmasin, bu yo o'tmish, yo hozir va yo kelajak haqidagi hikoya" bo'ladi. Hikoya qilish esa "yo oddiy rivoya, yo taqlid qilish vositasida va yo ikkisining birligi asosida amalga oshishi mumkin. Shu o'rinda Platon "taqlid qilish" deganda nimani nazarda tutishini aniqlashtirib olish foydadan holi emas. Platon shoir yoki roviy o'zganing tilidan aytgan nutqni - personajlar nutqini taqlid qilish deb biladi. Chunki bu holda shoir yoki roviy "o'z nutqini o'sha personaj nutqiga imkon qadar o'xshatishga harakat qiladi, ya'ni taqlid qiladi. Shulardan kelib chiqqan holda Platon aytadiki, "poeziya va mifnavislikning bir turi to'laligicha taqliddan tarkib topadi - bu, sen aytgandek, tragediya va komediya; boshqa turi to'laligicha shoirning aytganlaridan iborat - buni ko'proq difiramblarda topasan; epik poeziya va boshqa ko'plab xillarda bu ikkala usul" qorishiq holda keladi. Ko'rib turganimizdek, bu o'rinda uchta adabiy tur - drama, poeziya va eposga xos xususiyatlar farqlanadi.
Platonning qarashlari, garchi u san'at va adabiyotga oid maxsus asar yaratmagan esa-da, adabiy-estetik tafakkur rivojiga sezilarli hissa bo'lib qo'shildi. Platon adabiyotga ma'naviy-axloqiy me'yorlar nuqtai nazaridan yondashdi, shu mavqyedan o'zigacha yaratilgan boy adabiy manbani tanqidiy o'rgandi, adabiyotning mohiyati va vazifalari, badiiy shakl va mazmun, badiiy asarni qabul qilish jarayoni, uning inson ongi va ruhiga ta'siri kabi qator muhim muammolar yuzasidan qimmatli fikrlarni bayon qildi. Uning falsafiy, adabiy-estetik qarashlari keyingi davrlar adabiyotshunosligida muhim manba bo'lib xizmat qildi: ayrimlar uning fikrlarini rivojlantirib, boshqalari muxolif mavqyeda turib adabiy tanqidiy tafakkurni boyitdi.
Platonning shogirdi Aristotelning (mil.av.384-322 yy.) adabiyot, san'at haqidagi qarashlari adabiy tanqidiy tafakkur taraqqiyotida katta ahamiyatga egadir. Uning "Poetika" asari antik davrlardan bizgacha yetib kelgan so'z san'ati haqidagi ilk maxsus tadqiqot sanaladi. Shuni ham aytish kerakki, faylasufning adabiy-estetik qarashlari birgina "Poetika"da emas, boshqa masalalarga bag'ishlangan asarlarida ham o'z aksini topgan. Jumladan, "Etika" asarida Aristotel san'atning mohiyati masalasiga to'xtaladi. Faylasuf san'atning ijodiy tabiati, uning har vaqt "yaratish" tushunchasi bilan bog'liqligini ta'kidlaydi. San'atni "muzalar uyg'otgan ilhom natijasi" deb bilgan ustozi Platondan farqli o'laroq, Aristotel uni "ong tomonidan boshqariladigan ijodiy qobiliyat" mahsuli deb ta'riflaydi. Shu tariqa uning estetik ta'limotida inson markazga qo'yiladi, unga ko'ra, san'atning ibtidosi uning yaratuvchisi - san'atkorning o'zidadir. Faylasufning fikriga ko'ra, san'atda ijodiy qobiliyatning muhim elementi - badiiy fantaziya, badiiy to'qima muhim o'rin tutadi, shunga ko'ra, "ongli ravishda adashadigan" (ya'ni, fantaziya, to'qimaga yo'l qo'ygan) san'atkor qadrliroq sanaladi. Aristotel ta'limotida "san'atkor", "san'at", "san'at asari" tushunchalari bir-biriga uzviy bog'liq holda talqin qilinadi. Masalan, u san'atda mukammallikka erishmoqni mahorat derkan, san'at asarining mukammaligi mahorat bilan bog'liqligini ta'kidlaydi. Platon singari, Aristotel ham adabiyot va san'atning tarbiyaviy ahamiyati kattaligini e'tirof etadi, shu bois ham o'zining davlat haqidagi ta'limoti jamlangan "Siyosat" asarida bu masalaga maxsus to'xtaladi.
Aristotelning "Poetika"si so'z san'atiga bag'ishlangan maxsus tadqiqot ekanligi, unda faylasufning adabiy-estetik qarashlari muayyan tizim holida ancha to'liq ifodasini topganligi bilan qimmatlidir. Afsuski, asar matni to'la emas: poeziyaning tabiati haqidagi umumiy mulohazalar bildirilgan va, asosan, tragediya janri tadqiq qilingan dastlabki qismigina bizgacha yetib kelgan; epos, lirika va komediyaga bag'ishlangan keyingi qismlari saqlangan emas.
Aristotel ham, Platon singari, san'atning mohiyatini belgilovchi xususiyat sifatida taqlid(mimesis)ni ko'rsatadi. Biroq, ustozidan farqli o'laroq, Aristotel taqlidga juda katta ahamiyatga molik narsa sifatida qaraydi. Agar Platon taqlidiy san'atlar, jumladan, so'z san'ati haqiqatni bilish imkoniyatidan mahrum deb hisoblasa, Aristotel taqlidni bilishning usullaridan biri sifatida tushunadi: "Ko'rinadiki, poeziyani ikkita omil vujudga keltirgan, bu ikki omil ham tabiiy. Axir insonlarda taqlid qilish - bolalikdan tug'ma xususiyat, ular boshqa mavjudotlardan shunisi bilan farqlanadi, zero, inson taqlid qilishga boshqalardan ko'ra ko'proq qobil va shu yo'l bilan u dastlabki bilimlarni hosil qiladi". Aristotel fikrini davom ettirib, juda qadim zamonlarda ham taqlid qilish iqtidoriga (shuningdek, ritm va uyg'unlik tuyg'usiga) ega kishilar bo'lganini, ular buni asta-sekin rivojlantirib, "improvizatsiyadan haqiqiy poeziyani" vujudga keltirganlarini aytadi. Bundan ko'rinadiki, o'z vaqtida Aristotel so'z san'ati xalq og'zaki ijodidan, folklorning sinkretik shakllaridan ajralib chiqqaniga ishora qilgan ekan.
Aristotel san'atlarni "nima bilan", "nimaga" va "qanday" taqlid qilishiga ko'ra farqlaydi. Aytish kerakki, hozirgi estetikada ham ayni shu xil tasnif tamoyili asos sifatida saqlanib qolgan. Agar birinchi jihat - "nima bilan" taqlid qilish asosida musiqa, raqs, haykaltaroshlik, adabiyot kabi san'at turlari farqlansa, ikkinchi jihat - "nimaga" taqlid qilish asosida etik va estetik belgilari ajratiladi. Uchinchi jihat - "qanday" taqlid qilish asosida Aristotel adabiy turlarni bir-biridan farqlaydi. Unga ko'ra, taqlid "... voqyeani, Gomerga o'xshab, o'zidan tashqaridagi narsadek hikoya qilish orqali; yoki shundayki, taqlid qiluvchi qiyofasini o'zgartirmagan, o'z-o'zicha qolgan holda; yoki barcha tasvirlanayotgan shaxslarni harakat qilayotgan, faoliyatdagi kishilar sifatida taqdim etgan holda" amalga oshishi mumkin. To'g'ri, bir qarashda Platon va Aristotelning turlarga ajratish prinsiplari bir xildek ko'rinishi mumkin. Biroq, e'tibor qilinsa, Platon ko'proq nutq shakliga tayansa, Aristotel taqlidchi va taqlid qilinayotgan ob'ekt munosabatiga tayangani ko'rinadi. Keyinroq Aristotel qarashlari Gegel ta'limotida rivojlantirilgani, hozirda ham adabiyotni turlarga ajratishda yuqoridagi ikki prinsip, asosan, saqlangani e'tiborga olinsa, bu ikki faylasufning adabiy-estetik tafakkur taraqqiyotida nechog'li katta o'rin tutishi yorqinroq anglashiladi.
Aristotel moddiyun falsafasiga juda yaqin kelgan mutafakkir sifatida ta'riflanadi. Shu sababli ham uning qarashlari, bunga yuqorida ham qisman to'xtaldik, Platon qarashlaridan qator muhim nuqtalarda jiddiy farqlanadi. Jumladan, umumiy ("ideya") va xususiy ("narsa") munosabati masalasida bu narsa yaqqol ko'zga tashlanadi. Platon "ideya"ni narsadan butkul tashqarida deb bilsa, Aristotel "ideya"ni narsadan ajratmaydi. Shunga muvofiq, u umumiy ("ideya") xususiy("narsa")da namoyon bo'ladi deb hisoblaydi. Xuddi shu qarash adabiyotga ham tadbiq etiladi:

"Haqiqatda, tarixchi va shoirning farqi birining vaznli, ikkinchisining vaznsiz nutq bilan gapirishida emas (axir Gerodot asarini vaznli nutqqa o'tkazish mumkin, shunga qaramay, vaznli yoki vaznsiz bo'lsin, u tarixligicha qoladi), farqi shundaki, biri haqiqatda yuz bergan hodisalar haqida, ikkinchisi yuz berishi mumkin bo'lgan hodisalar haqida hikoya qiladi. Shuning uchun ham poeziya tarixga qaraganda falsafiyroq, jiddiyroq: poeziya umumiyni, tarix esa xususiyni ifodalaydi".

Aristotel poeziyadagi shakl va mazmun munosabatida mazmunni yetakchi deb biladi. Shu bois ham "shoir avvalo fabula yaratishi lozim, vaznli nutq emas", deydi. Chunki, uning ta'kidlashicha, shoir voqyea orqali taqlid qiladi. Aytish kerakki, Aristotel davrida adabiyotda voqyea (mif) birinchi o'rinda turgan: g'oyani ifodalashda voqyeaning roli yetakchi hisoblangan. Agar voqyeani rivojlantirishda fabulaning hal qiluvchi ahamiyat kasb etishi e'tiborga olinsa, Aristotelning fabula yaratish, unga qo'yiladigan talablarga "Poetika"da ancha mufassal to'xtalishining sababi oydinlashadi. Shunga monand, xarakter va fabula munosabatida ham keyingisiga kattaroq ahamiyat berilib, buning sababi quyidagicha izohlanadi: "... tragediyaning maqsadini voqyealar, rivoyat tashkil qiladi, maqsad esa hammasidan muhim. Bundan tashqari, harakatsiz (ya'ni, voqyeasiz - mual.) tragediya mavjud bo'lishi mumkin emas, xaraktersiz esa - mumkin".

Aristotel ta'limotida xarakter asarning ma'naviy-axloqiy (etik) tomonini ifodalovchi unsur sifatida talqin qilinadi. Faylasuf xarakter oldiga qo'ygan to'rtta talab ham shunga muvofiq bo'lib, "...birinchi va eng muhimi - ularning oliyjanob bo'lishi. Agar personaj, aytib o'tilganidek, o'zining nutqi yoki xatti-harakatida, qandayligidan qat'i nazar, iroda yo'nalishini namoyon etsa, xarakterga ega bo'ladi; lekin bu xarakter ezgu iroda yo'nalishini namoyon etsagina oliyjanob bo'ladi". Ko'rib turganimizdek, Aristotel xarakter oldiga qo'ygan asosiy talab ma'naviy-axloqiy (etik) yondashuv asosida belgilangan. Keyingi uchta talab - muvofiqlik, haqqoniylik va izchillik - ko'proq badiiy haqiqat mezonlari bilan, ya'ni estetik yondashuv asosida belgilangan bo'lib, personajning hayotiy va to'laqonli, ishonarli bo'lishini ta'minlashga qaratilgandir.

"Poetika"ning ilmiy qimmatini belgilagan narsa shuki, undagi nazariy umumlashmalar, ishlab chiqilgan talablar qadimgi yunon adabiyotining boy materiali tahliliga tayanadi. Ikkinchi muhim jihat esa unda izchil, tizimli fikr yuritilgani, qo'yilgan har bir masala bo'yicha yaxlit ilmiy konsepsiyaning ifodalanishi bilan belgilanadi. Masalan, tragediya janriga to'xtalarkan, Aristotel avvalo uning janr spetsifikasini belgilab oladi, so'ng uni tashkil qilayotgan tarkibiy qismlar - voqyea (mif), fabula, xarakter, til va uslub kabi masalalarni navbati bilan bir-bir ko'rib o'tadi, muhimi, har birini butun tarkibidagi o'rni nuqtai nazaridan o'rganarkan, boshqa unsurlar bilan o'zaro munosabatini nazardan qochirmaydi. Bu xususiyatlar "Poetika"ning adabiyotshunoslikka oid qadimiygina emas, chin ma'noda mumtoz asarligidan dalolatdir.

Aristotelning yana bir asari - "Ritorika" notiqlik san'atiga bag'ishlangan bo'lib, bizga qadar nisbatan to'liqroq holda yetib kelgan. Asarda notiqlik san'ati bilan bog'liq holda qo'yilgan masalalar adabiyotshunoslikka bevosita aloqadordir. Masalan, notiqlik san'atida dalillash yo'llari haqida bildirilgan fikrlar yoki inson fe'l-atvori, his- tuyg'ularining u egallagan mavqye, yosh xususiyatlari, konkret hayotiy holat kabi omillarga bog'liqligining misollar bilan ochib berilgani - bular badiiy ijodda ham, badiiy asarni o'qishda ham, tahlil qilishda ham birdek ahamiyatlidir. Asarda badiiy til, uslub masalalariga ancha keng o'rin berilgan bo'lib, muallif bu yo'nalishda ritorika fani erishgan yutuqlarni umumlashtirishga intiladi, ilk bor til normalarini ishlab chiqadi.

Shunday qilib, qadimgi yunon adabiyotining katta bir davrida to'plangan ijodiy tajriba, adabiy-estetik qarashlarni umumlashtirib, tizim holidagi ta'limot shakliga solish vazifasi Aristotel chekiga tushdi va faylasuf bu vazifani sharaf bilan uddaladi. Aristotel adabiy-estetik tafakkur taraqqiyotida o'ziga xos bir marra bo'lib qoldiki, ba'zi mutaxassislarning "Aristotelgacha bo'lgan davr" va "Aristoteldan keyingi davr" tarzida mulohaza yuritishlari ham bejiz emas. Darvoqye, aslida ham shunday. Zero, Aristotelning ijodiy faoliyati yunon madaniyati klassik davrining oxiriga to'g'ri keladi, undan keyin qariyb sakkiz yuz yil davom etgan ellinizm davri boshlanadi.

Makedoniyalik fotihlarning yurishlari Qadimiy Gretsiyadagi polis demokratiyasiga asoslangan davlatchilikka barham berdi. Dunyoni egallashga chog'langan Aleksandr Makedonskiy davlati uning o'limidan so'ng ko'p o'tmay parchalanib, kichik monarxik davlatlarga bo'linib ketdi. Aleksandr Makedonskiy qo'shini bilan Sharqqa yurish qilgan yunonlarning bir qismi yangi joylarda qolib ketdi, yangi shaharlar barpo bo'ldi - yunon madaniyati Sharqqa yoyildi. O'z navbatida, yurishlardan qaytgan jangchilar Gretsiyaga Sharq madaniyatini olib kirdilar. Bu jarayonlar ijtimoiy hayotning barcha sohalari - davlatchilik, turmush tarzi, ma'naviy-axloqiy normalar, diniy tasavvurlar, san'at va adabiyotga - bariga o'z ta'sirini o'tkazdi. Ta'kidlash joizki, madaniyatlar sintezida yunon madaniyatining ulushi ancha salmoqli, aniqrog'i, belgilovchi maqomida edi. Ikkinchi tomondan, bu madaniyatning qadriyatlari endi turli hudud va elatlarga mansub kishilar tomonidan yaratildi. Shularga ko'ra, antik adabiyotning bu davri "ellinizm" (mil.av. IV asr so'nggi choragi -mil. IV asr) davri deb yuritiladi.

Ellinizm davrining ilk bosqichlarida (mil.av. III - I asrlar) ham Afina falsafa ilmining markazi maqomini saqlab qoldi. Platon va Aristotel asos solgan maktablarda ularning ta'limotlari shogirdlari tomonidan rivojlantirildi. Biroq yangicha ijtimoiy-tarixiy sharoit falsafiy dunyoqarashga ham ta'sir qildi: yangi falsafiy ta'limotlar vujudga keldi. Ular orasida epikurchilik, kiniklik va stoiklik ta'limotlari, ayniqsa, keng ommalashdi. Bir-biridan nechog'liq farqlanmasi, bu ta'limotlar uchun umumiy jihat sifatida reallikdan, ijtimoiy hayotdan qochish, individualizmga moyillikni ko'rsatish mumkin.

Mazkur sharoitda sof filologik tadqiqotlarga qiziqishning kuchayishi, filologiyaning falsafadan ajralib chiqishga intilishi kuzatiladi. Ellinizm davrida yirik madaniy va ilmiy markazlardan biriga aylangan Aleksandriyada (mil.av. III - mil. IV asr) bu yo'nalishdagi tadqiqotlar, ayniqsa, samarali yo'lga qo'yilgan edi. Misrni idora qilgan Ptolemeylar sulolasining sa'y-harakati bilan Aleksandriya kutubxonasi antik dunyoning eng boy kutubxonasiga aylangan edi. Aleksandriya maktabiga mansub olimlarning badiiy asar matni, til xususiyatlarini o'rganish, o'tmish adabiyoti namunalarini tarixiy, ilmiy jihatdan tadqiq qilish, ularni izohlar bilan nashrga tayyorlash ishlariga katta e'tibor bilan qaraganlarida bu faktning katta ahamiyati bor. Zero, bu maktabning Zenodot Efesli, Aristofan Vizantiyali, Aristarx Samofrakiyali singari atoqli namoyandalari o'z vaqtida shu kutubxonani boshqarib turganlar. Ya'ni, aytmoqchimizki, ko'rsatilgan yo'nalishdagi tadqiqotlar ma'lum darajada ularning kasb vazifalari doirasiga kirardi ham.

Mavjud ma'lumotlarga ko'ra, Zenodot Efesli (mil.av. 257-180 yy.) tomonidan Gomer poemalarining ilk ilmiy nashri (albatta, qo'lyozma sifatidagi) tayyorlangan bo'lib, bu nashrda ilk bor "Iliada" va "Odisseya" poemalari har biri 24 tadan qo'shiqni o'z ichiga olgan ikki poema sifatida berilgan. Bundan tashqari, Zenodot bu poemalarning til xususiyatlariga bag'ishlangan maxsus tadqiqotlar yaratgan. Keyinroq Aristofan Vizantiyali (mil.av. 257-180 yy.) tomonidan Gomer, Gesiod va boshqa antik shoirlar asarlarining ilmiy nashrlari amalga oshirilgan. Ularni nashrga tayyorlarkan, Aristofan matndagi mantiqiy ziddiyatlar, uslubiy g'alizliklar, noo'rin takror va noaniq o'rinlarni izlab topish, ularni bartaraf etishga harakat qiladi. Aristofan o'zi nashrga tayyorlagan tragediyalarga so'z boshilar yozib, ular haqida muhim adabiy-tarixiy ma'lumotlar berganki, bu ma'lumotlar antik adabiyot tarixini o'rganishda muhim ahamiyatga molikdir. Shunga ko'ra, Aristofan haqli ravishda so'z boshi janri asoschisi sifatida tan olinadi.

Yana ta'kidlash kerakki, Aleksandriya maktabi vakillari badiiy til masalasiga katta e'tibor bilan qaraganlar. Bu maktab vakillarini "Aleksandriya grammatiklari" deb atalishi ham bejiz emas, albatta. Ularning qay birini olib qaramang, asarlari orasida badiiy til, uslub masalalariga bag'ishlanganlari albatta topiladi. Jumladan, Aristofan ilk bor tinish belgilari ham urg'u belgilarini yozuvga joriy etgan bo'lsa, shogirdi Aristarx Samofrakiyali (mil.av. 215-145 yy) so'zlarni ilk bor turkumlarga ajratgan. Bularning davomchisi Dionisiy Frakiyali (mil avv. II asr) esa dunyodagi ilk "Grammatika" tuzuvchisi sanaladi.

Gomer poemalari tadqiqi bilan shuhrat topgan olimlardan yana biri Aristarx Samofrakiyalidir. Aristarx Gomer asarlarini tarixiy jihatdan tekshiradi, muallifda falakiyot va tibbiyot sohalari bo'yicha bilimlarning yetishmasligi bilan bog'liq yuzaga kelgan nuqsonlarni ko'rsatadi. Aristarx o'z tadqiqotlarida adabiyotshunoslik ilmining keyingi rivoji uchun muhim fikrlarni oldinga surdi. Avvalo, u shoirning tasvirlanayotgan material, jumladan, mifologik materialdan ham o'zining ijodiy niyatidan kelib chiqqan holda erkin foydalanish huquqini yoqlab chiqdi. Agar yuqorida to'xtalganimiz Platonning bu masaladagi ma'naviy-axloqiy normalar va davlat manfaatlari nuqtai nazaridan belgilagan cheklovlari yodga olinsa, Aristarxning bu fikri o'z davri uchun nechog'li ahamiyatli ekanligini anglash qiyin emas. Aristarx birinchi bo'lib qahramonning muallif ijodiy niyati va badiiy mantig'idan mustaqil holda harakat qila olishi mumkinligini asoslab berdi. Shuningdek, u qahramon xarakter xususiyatlari asar qurilishiga ta'sir qilishi mumkin degan fikrni ham oldinga surdi. Ko'rib turganimizdek, Aristarxning adabiy-estetik qarashlarida badiiy asarda qahramon (xarakter) salmoqliroq o'rin egallaydiki, bu badiiy ijod amaliyoti va adabiy-nazariy tafakkur rivojidagi asosiy tamoyillardan biri edi.

Ellinizm davri olimlari mifologiya masalalari bilan ham jiddiy shug'ullanganlarki, antik adabiyotda miflarning o'rni nechog'li katta ekanligi e'tiborga olinsa, bu yo'nalishdagi tadqiqotlarning qanchalik dolzarb bo'lgani ayon bo'ladi. Shunisi muhimki, ular bunga qadar adabiyotda istifoda etilgan miflar bilangina cheklanmay, o'sha davrda xalq orasida yurgan miflarni yozib olish, ularni muayyan tizim holiga keltirish ishlarini amalga oshirganlar. Shu davrda yaratilib, bizgacha yetib kelgan "Apollodor kutubxonasi" nomli to'plamda ko'plab yunon miflarining mazmuni bayon qilingan. Shoir Parfeniy (mil.av. I asr) tomonidan tuzilgan "Ishq iztiroblari haqida" nomli to'plamga sevgi-muhabbat mavzuidagi miflar jamlangan bo'lib, u keyincha ko'plab rim shoirlari ijodiga ta'sir etganligi e'tirof etilgan. Xuddi shu shoir tomonidan tuzilgan, lekin bizgacha yetib kelmagan "Metamorfozalar" to'plamiga qahramonning mo'jizaviy evrilishi bilan nihoyalanuvchi miflar to'plangan. Ma'lumki, xuddi shu davrda shoir Ovidiy ijodida ham ushbu mavzu ishlangan edi. Keyinroq Antonin Liberal (mil. II asr) tomonidan shu tipdagi miflar "Metamorfozalar" nomi bilan jamlangani, Eratosfenning "Katasterismlar" to'plamidan qahramonning yulduzga aylanib qolishi bilan nihoyalanuvchi miflar joy olgani bu xildagi miflarga qiziqish katta bo'lganidan dalolatdir. Boshqa bir muhim tomoni shuki, bunday to'plamlar o'z davri shoirlari uchun obrazli fikrlash manbasi sifatida xizmat qilgan bo'lsa, keyingi davrlarda ular yaratgan obrazlarni tushunish uchun kalit vazifasini o'tagan.

Miloddan avvalgi II asrdan boshlab yunon davlatlarini bir-bir o'ziga tobe etgan Rim miloddan avvalgi 30 yilda so'nggi yunon podshohligi - Misrni fath etdi. Rimliklar fath etilgan yunon davlatlaridan nafaqat behisob moddiy boyliklarni, balki ulkan madaniy-ma'naviy boyliklarni ham o'zlashtirdilar. Qadimgi Rimning mashhur shoiri Goratsiy e'tirof etganidek, "Asir qilingan Gretsiya o'zining qo'pol fotihlarini asir etgan" edi. Aslini olganda, yunon madaniyatining Rimga jiddiy ta'sir qilishi miloddan avvalgi II asrdayoq boshlangan edi. Avvalo, bu davrga kelib yunon davlatlarining Rim bilan ixtiyoriy-majburiy tarzdagi aloqalari kuchaydi. Yunon madaniyatining taniqli namoyandalari turli munosabatlar bilan Rimda bo'lishib, rimliklarni yunon madaniyati bilan tanishtirganlar. Ikkinchi tomondan, tanazzulga yuz tutgan yunon davlatlaridan bo'lmish ko'plab iqtidorli yoshlar, olimlar, shoirlar, notiqlar, me'moru quruvchilar yuksalish pallasiga kirgan Rimga oqib kela boshlaydi. Zero, o'zlari tug'ilgan yurtlar endi ularga iqtidorlarini to'la namoyon etish imkonini bera olmas edi. Aksincha, taraqqiy etayotgan Rim shu imkoniyatni taqdim eta olar edi. Bundan tashqari, yunon tili Rimning ilg'or aslzodalari tiliga aylanib qolgani bu yerda yunon tilida ijod qilish va muvaffaqiyat qozonishning o'ziga xos garovi ham edi. Xullas, ikki asr davomida kechgan jarayonlar natijasida Rim antik dunyoning nafaqat siyosiy, balki tom ma'nodagi madaniy va ilmiy markaziga aylandi.

Rim imperiyasi davriga kelib badiiy ijodga qiziqishning susayishi, poeziya taraqqiyotida turg'unlik holati kuzatiladi. Bunga zid o'laroq, prozada, xususan, tarixnavislik va ritorlik prozasida yuksalish ko'zga tashlanadi. Agar Rimdagi ritorlik maktablari maorif tarqatuvchi muhim va asosiy o'choqlarga aylangani e'tiborga olinsa, davr adabiyotining asosiy xususiyatlarini ritorika belgilashi tabiiy ekanligi ayon bo'ladi. Shunga muvofiq, adabiy tanqidiy qarashlarning rivoji ham ritorika sohasining bilimdonlari nomi bilan bog'liqdir.

Dionisiy Galikarnasli mil.av. 30 yilda Rimga kelib, zodagon xonadonlarda saboq berish bilan mashg'ul bo'lgan yunon olimlaridan biridir. Undan ritorika masalalariga bag'ishlangan bir qator asarlar saqlanib qolgan. Jumladan, "Qadimgi notiqlar haqida" nomli asarida antik Gretsiyaning mashhur notiqlari - Lisiy, Isokrat, Isey, Demosfen, Dinarx, Fukididlar haqida, ularning ijodi haqida muhim ma'lumotlar berilgan. Muallif o'tmishdagi notiqlik san'atini namuna deb biladi, uning o'rniga "namoyishkorona sharmandalik, na falsafa va na boshqa gumanitar fanlardan xabari bo'lmagan notiqlik" kelganini afsus bilan qayd etadi. Darhaqiqat, ellinizm davri notiqlik amaliyotida sun'iy ko'tarinkilik, ortiqcha jimjimadorlik avj oldi, nutqning mantiqiy izchilligi, puxta dalillanganligi, ravonligiga emas, tashqi effektga e'tibor kuchaydi. Nutq qurilishining bu uslubini "azianizm" deb yuritilib, unga "attikizm" - qadimgi yunon notiqlik uslubi qarshi qo'yiladi. Dionisiy o'z asarlarida "attikizm" tarafdori va targ'ibotchisi, "azianizm"ning murosasiz tanqidchisi sifatida ko'rinadi.

Dionisiyning "Ritorika"si amaliy yo'naltirilgan bo'lib, chamasi, undan pedagogik faoliyatida qo'llanma sifatida foydalanish ko'zda tutilgan. Unda tantanali nutqlarni yozish bo'yicha yo'riqlar berilgan, ilova qismida esa nutq figuralaridan foydalanish yo'llari va me'yorlari, yo'l qo'yilishi mumkin bo'lgan tipik xatolar va ulardan saqlanish yo'llari ko'rsatilgan. "So'zlarning birikuvi haqida" nomli asarida so'z va fikr munosabati, so'z turkumlari, nutq ritmi va musiqiyligi kabi masalalar xususida mulohaza yuritiladi. Bu ikki asarning amaliy ahamiyatini kuchaytiradigan jihat shuki, muallif o'z fikrlarini konkret misollar yordamida izohlaydi, boshqa olimlardan olingan iqtiboslar bilan quvvatlaydi.



Dionisiyning kimligi aniqlanmagan Pompey ismli shaxsga yo'llagan xatida ham e'tiborga molik fikrlar bildirilgan. Xatda ta'kidlanishicha, qanday yozish qo'yilgan maqsadga bog'liq. Agar o'rganilayotgan predmetni maqtash maqsad qilinsa, unda o'sha predmetning fazilatlari bo'rttiriladi. Agar predmetlar sirasida birini - eng yaxshisini ajratish maqsad qilinsa, u holda "juda aniq tadqiq etish kerakki, predmetning yaxshi tomonlari ham, yomon tomonlari ham nazardan qochmasin, zero, shu yo'l bilangina haqiqat aniqlanishi mumkin, haqiqat esa eng qimmatlisidir". Shu prinsipdan kelib chiqib Platon va Demosfen mahoratiga to'xtalarkan, keyingisini oldingi o'ringa qo'yadi va buni asoslashga intiladi. Uning fikricha, Platon fikrini sodda, aniq jumlalarda bayon qilganida, bir qarashda jo'n ko'ringan ifodalarda joziba kuchi bor - shu narsa uni boshqalardan yuqoriga ko'taradi; aksincha, chiroyli gapirish niyatida nutq figuralaridan me'yordan ortiq foydalanib, ko'pso'zlilikka yo'l qo'yganida "o'zidan pastroq turadi", ya'ni o'z imkoniyatlarini namoyon etolmaydi. E'tiborli jihati shuki, Platon antik dunyoda juda katta obro'ga ega, buni Dionisiy ham qayta-qayta ta'kidlaydi, biroq uning maqsadi, o'zining aytishicha, Platonni kamsitish emas, balki "u ham ba'zan kamchiliklarga yo'l qo'ygani"ni ko'rsatish, xolos. Zero, "bunday buyuk yozuvchi o'zini bu kabi e'tirozlardan ehtiyot qilishi lozim". Ko'rib turganimizdek, Dionisiy ilmda xolislik tarafdori, xolis ilmiy fikr esa yozuvchining shaxsi yoki mavqyeiga qarab emas, asarning xususiyatlaridan kelib chiqqan holda chiqariladi. Xuddi shu prinsip asosida Dionisiy Gerodot va Fukididning tarixiy asarlariga to'xtaladi. Ushbu mualliflarning tarixiy asarlarni chinakam badiiy asar deb atarkan, Dionisiy ularning oldiga qo'yiladigan asosiy talablarni bayon qiladi. Unga ko'ra bular quyidagilar: 1) arziydigan va o'quvchiga yoqadigan mavzuni tanlash; 2) voqyeani qaerdan boshlab qaerda tugatishni belgilash; 3) nimani asarga kiritib, nimani kiritmaslikni obdon o'ylash; 4) materialni ustalik bilan joylashtirish; 5) tasvirlanayotgan voqyealarga munosabat. Dionisiy ikkala yozuvchini shu talablardan kelib chiqqan holda qiyoslaydi. Masalan, beshinchi talab bo'yicha u Fukididni ayblaydi. Uningcha, Fukidid yurtidan haydalgani uchun alamzada, shu sababli vatandoshlarining muvaffaqiyatsizliklarini batafsil tasvirlaydi, yutuqlarini esa yo umuman tilga olmaydi, yo ular haqida istamaygina to'xtaladi. Qiyoslanayotgan tarixlarni badiiy asar hisoblagan Dionisiy ikkala asar ham go'zal deb biladi, biroq farqi shuki, Gerodotdagi go'zallik o'quvchiga quvonch bag'ishlasa, Fukididdagi go'zallik uni dahshatga soladi.
Download 98,5 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©www.hozir.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling

kiriting | ro'yxatdan o'tish
    Bosh sahifa
юртда тантана
Боғда битган
Бугун юртда
Эшитганлар жилманглар
Эшитмадим деманглар
битган бодомлар
Yangiariq tumani
qitish marakazi
Raqamli texnologiyalar
ilishida muhokamadan
tasdiqqa tavsiya
tavsiya etilgan
iqtisodiyot kafedrasi
steiermarkischen landesregierung
asarlaringizni yuboring
o'zingizning asarlaringizni
Iltimos faqat
faqat o'zingizning
steierm rkischen
landesregierung fachabteilung
rkischen landesregierung
hamshira loyihasi
loyihasi mavsum
faolyatining oqibatlari
asosiy adabiyotlar
fakulteti ahborot
ahborot havfsizligi
havfsizligi kafedrasi
fanidan bo’yicha
fakulteti iqtisodiyot
boshqaruv fakulteti
chiqarishda boshqaruv
ishlab chiqarishda
iqtisodiyot fakultet
multiservis tarmoqlari
fanidan asosiy
Uzbek fanidan
mavzulari potok
asosidagi multiservis
'aliyyil a'ziym
billahil 'aliyyil
illaa billahil
quvvata illaa
falah' deganida
Kompyuter savodxonligi
bo’yicha mustaqil
'alal falah'
Hayya 'alal
'alas soloh
Hayya 'alas
mavsum boyicha


yuklab olish