Oddiy marshantsiya. 1-otalik tallom; 2-onalik tallom; 3-tallomning ko’ndalang kesimi-havo kamerasi, ustitsa, assimilyator va parenxima hujayralarining ko’rinishi; 4-arxegoniyli tirgovchi; 5-arxegoniy; 6-anteridiyli tirgovchi; 7-anteridiy; 8-kurtakli savatchaning kesimi; 9-kurtak; 10-sporogon; 11-elatera va sporalar; 12-sporalarni sochilishi.
Har bir havo bo’liqlarida bittadan ustitsa (og’izcha) o’rin olgan. Ular birgalikda havo bilan tutashgan bo’ladi. Bulardan tashqari, tallomni asosiy qatlamini tashkil etadigan parenxima xujayralari bo’lib, ularda kraxmal yig’iladi. Ostki epidermisdan esa rizoidlar vujudga keladi.
Marshantsiya vegetativ yo’l bilan ko’payganda, tallomni ustki yuzasida mayda dumaloq savatchalar hosil bo’ladi. Savatchalarni ichki tomonini pastki yuzasida ko’payish kurtaklari joy olgan. Kurtaklar yomg’ir tomchilari qattiq ta’sir etishi natijasida, savatchalardan ajralib qulay sharoitga tushganda, o’sib yangi tallomlarni hosil qiladi.
Jinsiy yo’l bilan ko’payish, bahor oylarining oxirlariga to’g’ri keladi. Bu vaqtda tallomda alohida anteridiyli va arxegoniyli tirgovuchlar yetishadi. Anteridiyli tirgovchi ikki qismidan ya’ni cheti qisman bo’laklarga ajralgan lappak va banddan iborat. Lappak qismi bir nechta oval bo’shliqlardan iborat bo’lib, bu-anteridial bo’shliqlardir. Ularning har birida bittadan anteridiy bor. Anteridiy ellipsimon tuzilishga ega bo’lib, kalta banddan iborat. Ikki xivchinli spermatozoidlar ana shu anteriydagi spermagen xujayralaridan hosil bo’lib, keyinchalik tashqariga chiqadi.
Arxegoniyli tirgovchi shaklan ko’p shu’lali yulduzga o’xshash tanacha va banddan iborat. Arxegoniylar tirgovuchning pastki tomonida yulduzcha shu’lalari orasidan joy olgan. Har bir arxegoniyni tuzilishi kolbachaga o’xshash bo’lib, qavarib turgan pastki qismida, ya’ni qorinchasida tuxum xujayra yetiladi. Uning ustki tor qismi ingichkalashib bo’yinchasini hosil qiladi. Bo’yinchadan kanal o’tadi. Arxegoniylar perixetsiya degan maxsus qoplag’ich bilan o’ralgan holda to’da-to’da bo’lib ularni bo’yin qismi pastga qaragan bo’ladi. Har bir arxegoniy yana alohida periantsiy deb ataluvchi qavat bilan ximoyalangan. Arxegoniy yetilgan vaqtda, bo’yin qismini uchi ochiladi va undagi kanalcha xujayralari shilimshiq modda ishlab chiqarib, kanalning ichini to’ldiradi. Ayni shu vaqtda anteridiyda yetilgan ikki xivchinli spermatozoidlar tashqariga chiqib, suv tomchilari bilan arxegoniylarga kelib tushadi.
Kelib tushgan spermatozoidlar kanal orqali, tuxum xujayraga yetib kelib qo’shiladi va natijada otalanish sodir bo’ladi. Otalangan tuxum xujayradan jinssiz nasl sporogoniy hosil bo’ladi. yetilgan sporogoniy qisqa band va ko’sakchadan iboratdir. Ko’sakchada gaploid to’plamga ega bo’lgan sporalar bilan prujinachalar yoki elateralar rivojlanadi. Sporalar yetilgandan so’ng, ko’sakcha Yuqori tomonidan yoriladi va bir necha spora va prujinachalar tashqariga sochiladi. Sporalarni tarqalishiga asosan prujinachalar yordam beradi. Spora qulay sharoitga tushgandan keyin o’sa boshlaydi. Dastlab u protonema ipini, keyinchalik plastinkagacha aylanib, yangi marshantsiya o’simligi tallomini hosil qiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |