33-Mavzu Sug‘oriladigan tuproqlarning unumdorligini tiklash
Reja:
1. Tuproqlarning unumdorligi.
2. Tuproqlarning unumdorligiga ta’sir etuvchi omillar.
3. Tuproqlarning unumdorligini tiklash chora tadbirlari.
Rasmiy ma’lumotlarga qaraganda, oxirgi yillari respublikamizdagi mavjud sug‘oriladagan yerlarning unumdorligi keskin pasayib ketmoqda. Jumladan, yer baholash ishlarining natijasi ko‘rsatadiki, 1990 yilga nisbatan 2002 yilgi tuproqlarning o‘rtacha unumdorligi respublika bo‘yicha 4 ballga pasaygan, bu ko‘rsatkich Samarqand, Farg‘ona viloyatlari bo‘yicha 10 ballni, Sirdaryo, Surxondaryo viloyatlari bo‘yicha 7-8 ballni tashkil etadi.
Yerlarni o‘zlashtirishda, mavjud maydonlarning meliorativ holatini yaxshilashda yo‘l qo‘yilayotgan xatolar, shuningdek dehqonchilik madaniyatiga to‘la rioya qilinmayotganlik sababli mamlakatda 2,0 mln. ga sug‘oriladigan yerlar sho‘rlangan, oxirgi 15-20 yil ichida bu jarayon yana kuchaygan.
Bundan tashqari eroziyaga uchragan maydonlar oshmoqda. Qisman respublikamiz bo‘yicha 450,0 ming ga ga yaqini shamol eroziyasiga uchramoqda. Bularning barchasi tuproq unumdorligini pasayishiga olib keladi. Bunday salbiy oqibatlarni oldini olish maqsadida, yerdan foydalanishning qay shakli bo‘lishidan qat’iy nazar, tuproq unumdorligini tiklaydigan tadbirlarni amalga oshirish zarur. Bulardan eng asosiysi-bu izdan chiqqan almashlab ekishni hozirgi sharoitga moslagan holda joriy etishdir. Ma’lumotlar ko‘rsatadiki, agarda 1990 yilda paxta ekish yalpi ekin maydonlarining 60-68% ni tashkil etgan bo‘lsa, 2002 yilga kelib 45-55% ni tashkil etgan. Donli ekinlar 5,0-13,0% dan 35-45% ga oshgan, yem-xashak ekinlari, ayniqsa beda 14,0-20% dan 2,0-6,0% ga tushib qolgan. Bunday qisqarish ayniqsa 1995 yildan keyin keskin ro‘y berdi. Buning natijasida almashlab ekish tarkibi buzildi. To‘g‘ri, qishloq xonadonlari tomorqa yerlarini kengaytirish, qishloq xo‘jalik korxonalari shakllarini o‘zgartirgan holda qayta tashkil etish, yangi tipdagi fermer, dehqon xo‘jaliklarini vujudga keltirish kabi qator tashkiliy ishlarning amalga oshirilganligi ham yuqoridagi holatga o‘zining ma’lum salbiy ta’sirini o‘tkazgan. Lekin tuproq unumdorligini tiklaydigan va oshiradigan, Yerni eroziyaga hamda sho‘rlanishga moyilligini kamaytiradigan, chorvachilikni to‘yimli yem-xashak bilan ta’minlaydigan beda maydonlarining qisqarib ketganligini normal hol deb bo‘lmaydi. Chunonchi, beda maydonlarini Buxoro viloyatida umumiy ekin maydonlariga nisbatan 2,5%, Jizzax viloyatida 2,7%, Sirdaryo 2,6%, Navoiy 3,3% va Andijon viloyatida 4,0% tashkil etganligini ilmiy jihatdan asoslash juda murakkabdir. Natijada, almashlab ekish izdan chiqqan va tuproq unumdorligiga asta-sekinlik bilan pasayib ketgan. Shu sababli ham har bir mintaqa, tumanning tabiiy, ijtimoiy-iqtisodiy sharoitlaridan kelib chiqqan holda shu joyga mos almashlab ekishni qat’iy joriy etish, yerlardan jadal foydalanishni amalga oshirish natijani beradi.
Takrorlash uchun savollar.
1. Tuproqlarning unumdorligi deganda nimani tushunasiz
2. Tuproqlarning unumdorligiga ta’sir etuvchi omillarni sanab bering.
3. Tuproqlarning unumdorligini qayta tiklash uchun qanday chora tadbirlan qo’laniladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |