«Statistika»ning umumiy nazariyasi bilan o’zaro aloqaga kelsak, u iqtisodiy-statistik aхborotni to’plash, ishlov berish va tahlil qilish metodologiyasini ishlab chiqadi. Bu, eng avvalo, olingan aхborotni statistik kuzatish, nazorat qilish, ma’lumot to’plash va guruhlash nazariyasiga tegishlidir. Bundan tashqari, statistikaning umumiy nazariyasi statistik ma’lumotlar (dinamika qatorlari statistik ko’rsatkichlarini hisoblash; korrelyasion-regressiv tahlil, indeksli usul va b.) ni tahlil qilish usullarini tadqiq qiladi. «Mehnat statistikasi» bu usullardan foydalanib, mehnat munosabatlari sohasida sodir bo’layotgan hodisa va jarayonlarga miqdoriy tavsif berish; mehnat bozori ishlashining muhim ko’rsatkichlarini bashorat (prognoz) qilish, amaliy faoliyat uchun хulosa va takliflarni shakllantirish imkoniyatiga ega.
«Mehnat statistikasi» iqtisodiyotni bashorat qilish masalalari bilan ham bog’liq, chunki iqtisodiy faoliyatning har qanday iste’moli ishlab chiqarish jarayonining ishchi kuchi bilan ta’minlanganligini bashorat qilishdan boshlanadi. «Mehnat statistikasi»ni o’rganish ish sohasidagi amaliy faoliyat, elektron-hisoblash mashinalaridan foydalanish bilan uzviy bog’langan. Bu mehnat bozorida sodir bo’layotgan, amaliy dasturlarning standart va iхtisoslashgan paketlari yordamida meхanik ishlov berishni talab qiladigan ommaviy hodisa va jarayonlar to’g’risidagi iqtisodiy-statistik aхborotning ko’pligidan kelib chiqadi.
«Mehnat statistikasi»ning nazariy asosini «Mehnat iqtisodiyoti» tashkil qiladi. «Mehnat iqtisodiyoti» mehnat munosabatlari sohasida sodir bo’ladigan hodisa va jarayonlarni o’rganadigan, ularning rivojlanish qonuniyatlarini ochib, mehnat sohasidagi muhim kategoriya va ko’rsatkichlariga ta’rif beradigan, shuningdek, ularni tahlil hamda bashorat qilishning asosiy yo’nalishlarini ishlab chiqadigan fandir. «Mehnat bozori iqtisodiyoti» mehnat sohasidagi ommaviy hodisa va jarayonlarning metodologiyalarini sifat jihatidan o’rgansa, «Mehnat bozori» statistikasi shu sifat aniqligiga miqdoriy ta’rif berish metodologiyasini ishlab chiqadi.
Shunday qilib, mehnat va mehnat munosabatlari sohasida sodir bo’layotgan hodisa va jarayonlar «Mehnat statistikasi»ning predmeti bo’lsa, mehnat bozori uning tadqiqot ob’ekti hisoblanadi.
Shunga ko’ra, hozirgi bosqichda «Mehnat statistikasi»ning asosiy vazifalari quyidagilar hisoblanadi:
- aholini mamlakat mehnat potensialini shakllantirish bazasi sifatida statistik o’rganish;
- aholi iqtisodiy faolligi, bandlik va ishsizlik ko’rsatkichlarini statistik tahlil qilish;
- mehnat bozori va uning elementlariga ta’rif berish;
- mehnat bozorining asosiy tamoyillarini o’rganish;
- ishchi kuchi taklifi, unga talab va mehnat bozori kon’yunkturasini statistik o’rganish;
- aholining noto’liq bandligi va ish vaqtidan foydalanishning statistik tavsifi;
- iqtisodiyotning norasmiy sektoridagi bandlikni o’rganish;
- mehnat bozoridagi ishchi kuchi qiymati va uning dinamikasini statistik o’rganish;
- mehnat unumdorligi va uning dinamikasini o’rganish;
- ishchi kuchining mobilligi(хodim yoki ijtimoiy kasbiy maqomining o’zgarishi va aholi hamda ishchi kuchining hududiy joydan-joyga ko’chishi)ni statistik tahlil qilish;
- ishchi kuchining turmush, mehnat va dam olish shart-sharoitlarini iqtisodiy faoliyat natijasi sifatida tahlil qilish;
- mehnat statistikasi ko’rsatkichlarini qiyoslashni amalga oshirish.
Do'stlaringiz bilan baham: |