Annotatsiyasi tayanch so‘zlar: folklor, ertak, boshlang‘ich, sinf, xalq ertagi, muallif ertagi, o‘qituvchi, dars, o’qish. Tadqiqot obyekti



Download 1,41 Mb.
bet10/29
Sana08.07.2022
Hajmi1,41 Mb.
#756728
1   ...   6   7   8   9   10   11   12   13   ...   29
Bog'liq
магистр мех

Ertaklarning janriy tabiati. Ertaklar xalq og‘zaki badiiy ijodiyotinig epik turiga mansub bo‘lib, o’ziga xos g‘oyaviy-mavzuviy yo‘nalishga, axloqiy-ta’limiy va ijtimoiy-estetik vazifalarga ega. Ertaklar ham og’zaki tarzda jamoa ijodi mahsuli sifatida anonim ko‘rinishda yaratiladi. Garchi uning tug’ilish ibtidosi individual idrokga borib taqalsada, og‘izdan-og‘izga, urug‘dan-urug‘ga, avloddan-avlodga o‘tish jarayonida dastlabki ijrochisiga xos belgilarni, obrazlarni, motivlarni va badiiy vositalarni deyarli saqlab qoladi. Shu bilan birga versiya va variantlilik hosil qiladi.
Ertaklar asosan, professional ijrochilikka asoslanadi. Kishilarda cheksiz badiiy zavq uyg‘ota olish imkoniyatiga egaligi boisdan ko‘p hollarda ta’limiy-tarbiyaviy maqsadlarga aytiladi.
Ertak janri barcha xalqlarning og‘zaki ijodida mavjud bo‘lib, har bir xalqning umuminsoniy fazilatlari, olijanob qarashlari, yuksak orzulari va intilishlarini o‘ziga xos milliy ruhda ifodalaydi. Jumladan, o‘zbek xalqi ertaklarida xalqimizning o‘tmish va kelajak maishiy turmushi haqidagi qarashlari, axloqiy me’yorlari, ruhiy olami, o‘y-istaklari, orzu-armonlari, shuningdek, jonajon diyorimizning tabiiy iqlimi, geografik muhiti, hayvonot va nabobot olami, ona tilimizning boy imkoniyatlaridan foydalanilgan holda badiiy obrazli tarzda aks ettirilgan. Shu vajdan har bir xalqning ertagi o‘sha davr ma’naviy-madaniy turmush tarzini, ichki dunyosini, imon-e’tiqodini boshqa qardosh elu-elatlar bilan ijtimoiy munosabatlarini, urf-odatlarini, yashash joyining iqlimi va tabiiy shart-sharoitlarini o’rganishda muhim manba vazifasini bajaradi.
Deyarli barcha ertaklarning g‘oyaviy yo‘nalishi yagona maqsadga mehnat ahlining buyuk va yorqin kelajak uchun olib borgan kurashlarini, intilish va orzularini aks ettirishga qaratilgan. Shuning uchun ertaklar hamisha yaxshilik va murodga yetishdan iborat umidbaxsh g‘oya bilan yakun topadi.
Ertaklar tasvirlanayotgan voqelikning hayotiy qamrovi, syujetning hajmi va murakkabligi, qahramonlarning ko’pligi va g’ayritabiiyligi jihatidan og‘zaki nasrning asotir, afsona, rivoyat va naql singari janrlaridan farq qiladi.
Ularning syujeti qiziqarliligi, uydirmalarga boyligi, sarguzashtga to‘laligi bilan diqqatni tez jalb qiladi va albatta, o’z nihoyasida ezgulikning yovuzlik, oydinlikning qorong’ulik, adolatning jaholat va to’g’rilikning egrilik ustidan g’alaba qozonishini tarannum etadi.
Ertaklar o’z janriy tabiatiga xos badiiy-kompozitsion qurilishga ega. Ular bir xil badiiy shakliy qoliplar doirasida yaratiladi va ijro etiladi. Kirish, boshlama, tugun, epik sarguzasht va tugallama ertak kompozitsion qurilmasining asosini tashkil etadi.
Ertaklar janriy tabiatiga xos badiiy-kompozitsion qurilishga ega.Ular bir xil badiiy shakiliy qoliplar doirasida yaratiladi va ijro etiladi. Kirish, boshlama, tugun, epik sarguzasht va tugallama ertak kompozitsion qurilmasining asosini tashkil etadi.
Ertaklarning an’anaviy kirish bilan boshlanishi jahondagi barcha xalqlar ertakchiligi uchun mushtarak xususiyat hisoblanadi. Goho shunchaki kirish, goho an’anaviy zachin deb yuritiluvchi bu hodisani rus fol’klorshunosi V.Dal “dokuchniye skazki” istilohi bilan atab, bolalar fol’klorining mustaqil janri tarzida tavsiflaydi. Chindan-da, so’zma-so’z tarjima “ezma ertak” tarzida ifodalash mumkin bo’lgan bu hodisa o’zbek bolalar fol’klorida ham ermaklar silsilasini tashkil etadi.Qolaversa, ular qat’iy bir ertak bilan uzviy mantiqiy bog’liq holda yashamaydi, balki istalgan ertakni boshlashdan avval aytilishiga ko‘ra nisbatan mustaqil bo‘lib, sayyor holda ijro etilaveradi. Ularga xos bu xususiyatni o‘zbek ertakshunosi K.Imomov ham “kirish qismi ba’zan sodda, primitiv syujet shaklini oladi”, deya qisman tan olsa-da, har qalay uni ertak kompozitsiyasining ajralmas tarkibiy qismi sifatida qarashni afzal biladi.
An’anaviy kirishning vazifasi tinglovchilar e’tiborini bir nuqtaga jalb etish, ertak tinglashga hozirlashdir. An’anaviy kirishlar syujet tabiatiga mos tushadigan xayoliy fan yaratishni, auditoriya, tinglovchilar qalbida ko’tarinki ruh, xushchaqchaq kayfiyat paydo qilishni ko’zlaydi.
Goho kirish qismi ertakdagi hajviy ruhdagi ishora xarakterida bo‘lishi mumkin: “Taraqa-turuq, omochu-bo’yinturuq, Shomirzoi qoqquruq, Boqi charaqi, baroq ko‘z darvozaboni, hayhot, og‘zingga novvot, siynani siynaga qo‘yib, oftobda shayton ko’ndalang, o‘rikda maymun tippa-tik, qonim joningga jippo-jip. Ammo lekin, tomga bekin, zamonlarning zamonida bir podsho bor ekan” kabi.
Kirish ayrim hollardagina ertak boshlamasiga ulansa, ayrim hollarda o‘zicha mustaqil holda qolaveradi. Ertakda boshlama syujet chizig‘ida doimiy element hisoblansa-da, syujet rivojiga aloqador emas, balki harakatning tashkil topishiga turtki bermaydi. U qahramonlar haqida ma’lumot beradi. Syujet chizig‘ida sodir bo‘ladigan voqea-hodisalarning qaysi zamon va makonda kechajagidan xabar beradi. Boshlama syujet yo‘nalishida noaniqlik va umumiylik kasb etadi.
Boshlamalar har gal bir-birini inkor etuvchi muddaoni ifoda etadi. Gohida topografik xarakterda bo‘lib, taxminan va umumiylik ifodalaydi. Gohida esa boshlama hazil-mutoyibali bo’lib, tinglovchilar e’tiborini markazlashtirishni ko‘zlaydi.
Boshlamalarda voqea va hodisalarning bo‘lib o‘tgan o‘rni noma’lum bo‘lib, nomi aytilmaydi, ularda noaniqlik, hukmronlik qiladi.”Bir shahar, bir mamlakat” deb ta’kidlanadi, xolos.
Sehrli ertaklar boshlamalarida aksaran qahramonlar nomi sir saqlanadi, laqabigina izohlanadi ”Uch og’ayni bor ekan. To‘ng‘ichning oti-Yulduz sanar, o‘rtanchasining oti-Daryo bog’lar, kenjasining oti-Qilich qora ekan”.
Ertak boshlamalari ko‘rinishiga ko‘ra uzun yo qisqa bo‘lib, voqea-hodisalarning kelajak o‘rni va vaqti haqida noaniq, umumiy va mavhum ma’lumot beradi. Ba’zan boshlama ertak voqeligi bilan qo’shib yuborilishi ham kuzatiladi.
Umuman ertak epigrafi, an’anaviy kirish qismi va boshlamasi ertakchining mahoratini baholashga xizmat qiladi, ular, asosan, saj’ orqali yaratilgan bo‘lib, ertak ohangdorligining jozibasini ta’minlaydi, ertakka ta’sirchanlik baxsh etib turadi.
Shuni alohida ta’kidlash joizki, boshlama ekspozitsiya emas, balki –ekspozitsiyaga yo‘l ochadi, o’rin beradi. Boshlama syujetga daxldor asarning tuguni bilan aloqador; syujet chizig’ini tashkil etuvchi hodisalar harakati, konflikt va voqealar rivoji ekspozitsiyadan boshlanadi.
Ekspozitsiya, asosan, ertak bosh qahramonlarini aniqlaydi, yo‘l-yo‘lakay ularning axloq-odobi, qiyofasi, xarakter-xususiyati haqida ma’lumotlarni oydinlashtiradi.
Ekspozitsiya ana shu zaylda ertak kompozitsiyasining ma’lum elementi sifatida syujet voqealariga aniqlik va noaniqlik baxsh etadi va tugunga ishora tarzida yakun topadi.
Ertak syujetlari xilma-xil bo‘lganidek, ulardagi tugun ham xarakter e’tiboriga ko‘ra xilma-xil bo‘ladi.
-Hayotiy ertaklarda tugun hayotiy real bo‘ladi, bosh qahramonning biror malikaga oshiq bo‘lishini izohlaydi: Endi o’sha qizni izlab topish jarayoni epik sarguzashtni yuzaga keltiradi va shu asnoda tugun yechimga yuz tutadi.
-Sehrli fantastik ertaklarda esa tugun xayoliy uydirmalar shaklida namoyon bo‘ladi. Bu tipdagi tugun ertakda xayoliy fon yaratadi. Sehrli-fantastik ertaklardagi tugun mazmun-mohiyatiga ko‘ra ikki-ya’ni, oilaviy shart-sharoit bilan bog‘liq holda yuzaga keladigan va sirli yoki dahshatli ko‘ringan tabiat kuchlari bilan bog‘liq holda tugun yuzaga keladigan yo‘nalishga ega.
-Satirik va hayvonlar haqidagi ertaklarda ham tugun hayotiy-real bo’ladi va tanqidiy vazifani ado etadi.
Hayvonlar haqidagi ertaklarda:-“Shu ho‘kiz qo‘shga yaramay qoldi, bozorga olib borib sotib kel, - debdi. Xizmatkor ho‘kizni yetaklab bozorga borayotganida, bir daraxtdagi sassiqpopushak “pop-pop” debdi.
-Ha, uka ho’kiz olasanmi?-debdi xizmatkor. Popushak yana popoplabdi. Xizmatkor:
-Ikki yuz tangani qachon berasan, debdi-yu, ho‘kizni daraxtga boylab ketibdi.
Ko‘rinayotirki, tugunlarning mazmuniy yo‘nalishi ekspozitsiyadayoq ma’lum bo‘ladi. Ertak tuguni voqealar rivojini yuzaga keltiradi, natijada syujetning shakllanish jarayoni sodir bo’ladi.
Ertaklarning syujeti, odatda ikki asosiy qismdan tashkil topadi: birinchisi-bayon qismi, ikkinchisi-sarguzasht qismi. Birinchisida syujet voqealarning rivojini ta’minlovchi asosiy ziddiyatlar aytilsa, ikkinchisida shu ziddiyatlar bevosita ochib beriladi.
Ertaklarning oxirida tugallama keladi, ular ertaklarning yakuniy qismini ta’riflaydi va hamisha optimistik ruhda intiho sifatida xalqning yengilmas ruhi va qudratini namoyish etadi.
Yozuvchining ertagi badiiy adabiyotda butun bir yo‘nalishdir. Bu janr o‘zining shakllanish va taraqqiyotining uzoq yillari davomida atrofdagi hayot va tabiatning barcha hodisalarini, fan va texnika yutuqlarini qamrab oluvchi universal tus oldi. Yozuvchi ertagining asosi folklorshunoslarning yozuvlari tufayli mashhur bo'lgan xalq ertagi edi.
I.1. Xalq ertaklarining janriy xususiyati va ularning o‘qish kitoblaridagi o‘ziga xos o‘rni

Ertak qadimiylik xarakteriga ega bo‘lib, xalq og‘zaki ijodining eng ko‘p tarqalgan, ommaviy janrlaridan biridir. Unda xalqning ming yillar davomida yig‘ilgan hayotiy tajribalari, tabiat va jamiyat haqidagi tushunchalari o‘zining badiiy ifodasini topgan. Ertaklar folklor asarlarining boshqa janrlari kabi avloddan-avlodga o‘tib, og‘zaki an’ana shaklida bizgacha yetib kelgan. Ertak folklorning epik turiga mansub bo‘lib, xayol asosida qurilgan badiiy uydirmadan iborat janr sanaladi. Uning o‘ziga xos xususiyati – voqeabandligi, biror voqeani mukammal hikoya tarzida bayon qilishidir.


“Ertak” atamasi tarixi uzoq davrlarga borib taqaladi. XI asrning filolog olimi Mahmud Koshg‘ariyning “Devonu lug‘otit turk” asari I tomida ko‘rsatilgan “etuk” (hikoya qilish ma’nosida) termini hozirgi kunga qadar matal, ushuk, cho‘pchak, o‘tirik, tugal va oxiri ertak shakllarida yetib kelgan va bularning hammasida bayon qilish ma’nosi yotadi.
“Hayot haqiqati bilan bog‘liq bo‘lib, fantastik hamda hayotiy uydirmalar asosiga qurilgan, didaktik g‘oya tashuvchi og‘zaki hikoyalar ertak deb ataladi”7. Ertaklar kishilarda hayotga muhabbat uyg‘otadi, kelajakka umid ko‘zi bilan qarashga, eng yaxshi turmush, farovon hayot uchun kurashishga chaqiradi, yer yuzida adolat va insofning tantana qilishiga ishonch hosil qiladi. Ertaklar yordamida bolalarning xotirasi, diqqat, tafakkuri rivojlantiriladi, tasavvur va fantaziyalari uyg‘otiladi.
Ertaklarning o‘ziga xos janriy xususiyatlari quyidagilar:
1) og‘zaki hikoyaga asoslangan qiziqarli sujetga ega bo‘lishi;
2) voqealarning ongli tarzda xayoliy uydirmalar orqali aks ettirilishi;
3) estetik vazifaning yetakchilik qilishi;
4) o‘ziga xos badiiy shakliy qolip hamda tilga ega bo‘lishi.
5) obrazlarning ramziy ma’no tashishi;
6) sehrli vositalar, sehrli raqamlar qo‘llanilishi.
Xalq og‘zaki ijodini o‘rganuvchi tadqiqotchilar ta’kidlashlaricha, dunyodagi hamma xalqlar og‘zaki ijodida bir-biriga yaqin turgan janr ertaklardir. Bular ko‘proq “sayyor sujetli ertaklar” deb yuritiladi. Ertak janriga xos xususiyat barcha xalqlar ertaklari uchun mushtarakdir. Bu narsani ertaklarning sujeti, kompozitsiyasi, g‘oyaviy mazmunida ko‘rish mumkin. Ertaklarning bu xususiyati ularning juda qadimdan yaratilganligidan, turli xalqlar maishiy hayotida o‘xshashliklar ko‘pligidan, bir xildagi iqtisodiy, ijtimoiy-tarixiy taraqqiyot yo‘lini bosib o‘tganligidan darak beradi. Shunday bo‘lsa-da, ertak matnidagi qahramonlar ismlarida, maishiy masalalar ifodasida, tabiat tasviri, voqealar bayonida milliy til, milliy ruh alohida aks etadi.
Dastlabki ertaklarda mifologik obrazlar ko‘p uchragan bo‘lsa, asrlar o‘tishi bilan kishilarning ongi o‘sishi, jamiyatdagi voqea-hodisalar, odamlarning o‘zaro muomala-munosabatlari zaminida ertaklar tobora hayotga yaqinlashtirilgan. Keyinchalik aniq maqsad va yo‘nalishlarda ertaklar yaratilgan. Ularning yaratilishidan asosiy maqsad shunchaki qiziqarli voqealar bayoni emas, balki maslahat va yo‘nalishlar bera olish, ibrat va namunalar ko‘rsatishga aylangan.
XIX asr oxiri XX asr boshlarida rus olimlari chekka o‘lkalardagi yerli xalqning urf-odati, psixologiyasi, dini, dunyoqarashi hamda tarixi, geografiyasi, tili va etnografiyasi hamda og‘zaki ijodini o‘rganish maqsadida O‘rta Osiyoga ekspeditsiya uyushtirdilar. Albatta, bundan ko‘zlangan maqsad ezgu emasdi. Foydali jihati shuki, olimlar tomonidan to‘plangan maqollar, topishmoqlar, ertaklar, afsonalar o‘zbek folklori tarixida faktik materiallarning yig‘ilishiga sabab bo‘ldi. Izlanishlar natijasida 1892-yilda Ostroumovning “Sart xalq ertaklari” to‘plami e’lon qilindi. Mazkur to‘plamda 26 ta ertak jamlangan edi. O‘zbek xalqining og‘zaki ijodi namunalari, jumladan, ertaklarni xalq og‘zidan yozib olish va uni chinakamiga ilmiy asosda o‘rganish XX asrning 20-yillaridan boshlandi. Gazeta, jurnal sahifalarida, to‘plam va turli o‘qish kitoblarida, darsliklarda o‘zbek xalq ertaklaridan namunalar, xalq ertaklari asosida yozilgan she’riy asarlar bosilib turdi. Keyinchalik ajoyib talantli baxshilar, ertakchilar aniqlandiki, ulardan yozib olingan folklor asarlari o‘zining g‘oyaviy-badiiy va tarbiyaviy kuchi bilan shuhrat qozondi.
Buyuk Karimov birinchi marta 1939-yilda “O‘zbek xalq ertaklari”8 nomli to‘plamni nashr ettirdi. Muallif mazkur to‘plamga 21 ta ertak kiritgan. Buyuk Karimov ishida xalq hajviyotini ko‘rsatish asosiy maqsad qilib olingan bo‘lsa, 1953-yilda nashr qilingan M. Afzalov va H. Rasulov hamkorligida tayyorlangan “O‘zbek xalq ertaklari”9da xalq fantaziyasining ajoyib namunalari ifodalangan ertaklarni jamlash va elga tortiq qilish e’tiborda tutilgan. Kitobning kirish so‘zida o‘zbek xalq ertaklari o‘zbek folklorining alohida janri ekanligi aytilsa-da, biroq uni ichki turlarga ajratishda noaniqlikka yo‘l qo‘yilgan. Bu noaniqlik dastlabki tasnif bo‘lganligi bilan belgilanadi. Ertaklar tarixiy, hayotiy-realistik va hayvonlar haqidagi ertak va latifalarga ajratilgan. Ko‘rinadiki, bu turlar orasida sehrli-fantastik ertaklar turi yo‘q va latifa ertak janri tarkibiga kiritilgan. Holbuki, latifa alohida janr bo‘lib, epik turga mansubligi tufayli olimlar dastlabki tasnifda janrlarni farqlamaganlar.
Xalq ertaklari haqida bahs yurituvchi tadqiqotlar orasida M. Afzalovning “O‘zbek xalq ertaklari haqida”10 nomli monografiyasi e’tiborga loyiqdir. Monografiya ko‘p yillik ilmiy izlanishlar mevasi bo‘lib, ishda, asosan, ertak janriga xos bo‘lgan masalalar yoritiladi. Olim M. Afzalov xalq ertaklarini shartli uch xil ichki turga bo’lib o’rgangan: hayvonlar haqidagi ertaklar, sehrli-fantastik ertaklar hamda hayotiy-satirik ertaklar. Tasnif ma’lum ma’noda mukammallik kasb etgan.
G’.Jalolov ertaklarni uch turga ajratib o’rgangan. Bular: majoziy ertaklar, sehrli-fantastik ertaklar va hayotiy satirik ertaklar. Bu yerda hayvonlar haqidagi ertaklar tushib qolgan yoki majoziy ertaklarga qo’shib yuborilgan.11
Ba’zi tasniflarda ertaklar sehrli-fantastik, majoziy, hayotiy ertaklar, maishiy-satirik ertaklarga bo’lingan12. 5-sinf Adabiyot kitobida xalq ertaklarini tasniflashning mana shu varianti asos qilib olingan: “Ertaklar turli mavzuda bo‘lishi mumkin. Ular shartli ravishda hayvonlar haqidagi ertaklar, sehrli ertaklar, hayotiy-maishiy ertaklar, hajviy ertaklarga bo‘linadi”13. Biroq
Shu o‘rinda ta’kidlash lozimki, satira janrning tabiati bo‘lib, istagan ertakda uchrashi mumkinligi bois ertak turi bo‘lolmaydi.
Taniqli folklorshunos olim K. Imomov xalq ertaklarini obrazlar talqini, g‘oyaviy mazmuni va konflikti; sujet va konflikti; fantastik uydirmalarning o‘rni va funksiyasi; tili va uslubiga ko‘ra shartli ravishda uch guruhga bo‘ladi:
1. Hayvonlar haqidagi ertaklar.
2. Sehrli ertaklar.
3. Hayotiy-maishiy ertaklar.14
Bu tasnif keyinchalik eng maqbul tasnif hisoblanganini ta’kidlash lozim. Biz o‘z ishimizda ertaklarni shu tasnifga asosan tahlil qilib o‘rgandik.
Bugungi kunga kelib maktab darsliklari xalq ertaklari bilan to‘yindi. Jumladan, 31 ta xalq ertagi 1-4-sinf o‘qish kitoblaridan o‘rin olgan. Mazkur ertaklardan 9 tasi hayvonlar haqidagi ertaklar sirasiga kirsa, 22 tasi maishiy ertaklar turkumiga mansubdir. Boshlang‘ich sinf o‘qish kitoblariga kiritilgan xalq ertaklarining 90 %i o‘zbek xalq ertaklaridir. O‘qish kitoblaridan o‘zbek xalq ertaklari bilan bir qatorda hind (“Noahillik oqibati”), qirg‘iz (“Ahillik – ulug‘ baxt”), eron (“Tulki va xo‘roz”) xalq ertaklari ham o‘rin olgan. Shu o‘rinda ta’kidlash lozimki, ayrim ertaklar qaysi xalqqa daxldorligi aytilmay berilgan. Masalan, 2-sinf “O‘qish kitobi”dagi “Uch o‘g‘il”, “Uch o‘rtoq” kabilar shular jumlasidandir. Bu, bizningcha, maqsadga muvofiq emas. O‘qish kitoblari mualliflari bebaho ma’naviy xazinamiz, xalq ijodiyotining yorqin namunasi bo‘lmish ertaklar orasidan bugungi kun bolasi uchun har tomonlama ijobiy ta’sir kuchiga ega bo‘lgan xalq ertaklarini darsliklarga kiritishgan.
Ertakdagi o‘tkir maroqli sujet, voqеa rivojidagi favqulodda ajoyib vaziyat bolalarni maftun qiladi; undagi mard, kuchli, topqir, dovyurak, chaqqon qahramonlar, ertakning g‘oyaviy yo‘nalishi, unda ezgu kuchning – yaxshilikning doimo g‘alaba qilishi bolalarni o‘ziga tortadi. Ertakda qabul qilingan hikoya qilish shakli, bir xil so‘z va iboralarning qayta-qayta takrorlanishi, ohangdorligi, tilining ta’sirchanligi, ifodali vositalarning jonliligi bolalar uchun g‘oyatda qiziqarlidir.
O‘zbek xalq ertaklarining salmoqli qismini hayvonlar haqidagi ertaklar tashkil etadi. Hayvonlar haqidagi ertaklar eng qadimgi zamonlarda paydo bo‘lib, ibtidoiy odamning olam haqidagi totemistik va animistik qarashlarini ifodalagan. Ibtidoiy odam hayvon ham odam kabi gapiradi, o‘ylaydi, deb tushungan. Bu haqida E. Teylor o‘zining “Ibtidoiy madaniyat” asarida shunday yozadi: “Ibtidoiy odam o‘z atrofidagi hayvon va qushlarni o‘zlariga o‘xshatadi, ya’ni ular odam kabi so‘zlashadi, fikrlaydi, urishadi, do‘stlashadi, bir-birini sevadi, psixologik kechinmalarni kechiradi. Shu bilan qadimgi inson tushunchasida turli hayvonlar, qushlar haqida miflar, ertaklar, masallar yuzaga kelgan”15. Ya’ni ibtidoiy odam ba’zi sezgir va zo‘r kuchga ega bo‘lgan hayvonlarni muqaddas sanab unga sig‘ingan, yovuz kuch va ofatlardan himoya qilishni so‘rab iltijo qilgan, afsun o‘qigan. Sezgir yo zo‘r kuchga ega bo‘lgan hayvonlarni ulug‘lash, madh etish, ularga sig‘inish mazkur turkumdagi ertaklarning asosiy mavzuyini tashkil etadi. Laylak, ilon, sigir, ayiq, tulki, ot va bo‘rini totem sanash O‘rta Osiyo xalqlari, jumladan, o‘zbeklar orasida juda keng tarqalgan.
Sof hayvonlar haqidagi ertaklar nisbatan keyin, totemlar o‘z kuchini yo‘qota boshlagan davrda, u yoki bu hayvonni ulug‘lash, unga sig‘inish susaygan paytlarda yaratilgan. Ijtimoiy hayotning ovchilik bosqichidan chorvachilik bosqichiga o‘tish jarayoni, aniqrog‘i, mehnatning hal qiluvchi roli, aqliy bilish va tafakkur mazkur tip ertaklarda mavjud hayvon – personajlarning majoziy ma’no kasb etishiga olib keldi. Bir vaqtlar totem sanalgan hayvonlar ijtimoiy-siyosiy mazmunni aks ettirgan ko‘chma ma’nodagi personajlarga aylandi. Ularda odamlarda mavjud salbiy axloq namunalari umumlashtirildi. Bo‘ri, tulki, ayiq, qarg‘a, ilon timsolida salbiy axloq, chumoli, xo‘roz, qaldirg‘och, qo‘y, buqa timsolida esa ijobiy axloq namunalari ifodalandi.
Boshlang‘ich sinf O‘qish kitoblarida hayvonlar haqidagi jami 9 ta xalq ertagi mavjud. Bular: “Sher va sichqon”, “Ochko‘z sichqon”, “Hakka va uning bolalari”, “Uch o‘rtoq”, “Tulki va xo‘roz”, “Hakka bilan tulki”, “Tabiatning ne’mati ko‘p”, “Noahillik oqibati”, “Ko‘zacha bilan tulki” ertaklaridir.
Hayvonlar haqidagi ertaklar majoziy ertaklar bo‘lib, ko‘pchilik xalqlar folklorida hayvonlar haqidagi ertaklar, ayrimlarida majoziy ertaklar nomi bilan yuritiladi. Hayvonlar haqidagi ertaklar deganda, faqat to‘rt oyoqli hayvonlarnigina emas, barcha jonzotlarni tushunmoq joiz. Xalq ertaklarida sichqon va chumolidan tortib, burgut va ayiq kabi hayvonlar ishtirok etadilar. Shuningdek, o‘zbek xalq og‘zaki poetik ijodiyotidagi bu tur ertaklar faqat hayvonlar haqidagina bo‘lmay, ular orasida tabiat hodisalari, narsalar (“Minora va laylak”) haqida yaratilganlari ham mavjud.
Hayvonlar haqidagi ertaklar sujetida inson ishtirok etish-etmasligiga ko‘ra ikki turlidir:
1. Inson va hayvon munosabati asosiga qurilgan ertaklar. “O‘tinchi yigit bilan she’r”, “Bo‘ri bilan mergan”, “Tulkiboy” kabi ertaklar shunday ertaklar sirasiga kiradi.
2. Insonnning mutloqo ishtirokisiz, o‘zaro hayvonlar munosabati asosida qurilgan ertaklar – “Ko‘zacha bilan tulki”, “Tulki va xo‘roz”, “Qarg‘a bilan qo‘zi” singari ertaklardir.
Boshlang‘ich sinf o‘qish kitoblaridagi hayvonlar haqidagi ertaklar orasida inson va hayvon munosabati asosiga qurilgan ertaklar uchramaydi, ularning barchasi o‘zaro hayvonlar munosabati asosida qurilgan ertaklardir. “Sher va sichqon” ertagida voqealar sher va sichqon orasida, “Tulki va xo‘roz” ertagida tulki bilan xo‘roz o‘rtasida, “Tabiatning ne’mati ko‘p” ertagida chumchuq hamda eshak orasida bo‘lib o‘tadi. G‘oyaviy mazmuni va obrazlar talqinida majoz asosiy o‘rinda turuvchi mazkur ertaklarda hayvonlar xuddi odamlardek harakat qiladi, so‘zlashadi. Hayvonlar haqidagi ertaklar garchi majoziy mazmun kasb etsa-da, ularda har bir hayvonning tabiiy xususiyatini bo‘rttirib ko‘rsatish yetakchi o‘rinda turadi. Bunday ertaklarda hayvonlar qanchalik odamlashtirilmasin, baribir, hayvonot dunyosi uchun xos bo‘lgan xususiyatlar ularda mujassamlashgan bo‘ladi. Hayvonlar va parrandalarning hayotda bajara oladigan ishlarining ertakda mahorat bilan ko‘rsatilishi undagi reallikning oshishi va sujetning ishonarli, qiziqarli chiqishiga asos bo‘ladi. Yosh bolalar yovvoyi hayvonlarni faqat rasmlarda, hayvonot bog‘larida ko‘rganlar. Fikr yuritilayotgan asarlar bu hayvonlar haqida bola tasavvurini kengaytiradi, aniqroq ma’lumotga ega bo‘lish imkonini beradi.
Hayvonlar haqidagi ertaklar tuzilish jihatdan boshqa tur ertaklardan farq qiladi. Ularning kompozitsion qurilmasi o‘zining soddaligi bilan ajralib turadi. Sujet doirasini tashkil etuvchi obraz va voqealar miqdori kam bo‘ladi. Bunday ertaklarda hamisha adolatsizlikdan aql kuchi bilan qutulish mumkin, degan xulosa mavjud. Hayvonlar haqidagi ertaklar ibratomuz g‘oya va ta’limiy funksiyasi bilan alohida ahamiyat kasb etadi.
Sehrli ertaklar sehrli, fantastik uydirmalar asosiga qurilganligi bilan ajralib turadi. Sehrli ertaklarning yuzaga kelishi qadimiy tarixga ega bo‘lib, ildizi boshlang‘ich jamiyatga borib yetadi. Ma’lumki, ibtidoiy inson noma’lum bo‘lib ko‘ringan tabiat hodisalari oldida talvasaga tushgan. Har qadamda uchraydigan xavf-xatarlar uning ruhiga ham ta’sir etgan. Ana shular dunyo haqida yuzaki mulohaza yuritishga va g‘ayritabiiy bo‘lib ko‘ringan hodisalarni o‘zicha izohlashga majbur qilgan. Ibtidoiy dunyoqarash, dastlabki fikr-mulohazalar, kichik-kichik afsona va ertaklar, fantastik uydirmalarning yaratilishiga sabab bo‘lgan.
Garchi o‘zbek xalq ertakchiligi repertuarida sehrli ertaklar salmoqli o‘rin egallasa-da, boshlang‘ich sinf darsliklarida mazkur ertaklar uchramaydi. O‘quv dasturida 4-sinfda o‘quvchilar xalq og‘zaki ijodi bo‘limida xalqimizning ming yillar mobaynida yaratgan sehrli-fantastik ertaklarini o‘qishlari lozimligi16 belgilangan bo‘lsa-da, 4-sinf O‘qish kitobiga, umuman, boshlang‘ich sinf O‘qish kitoblariga sehrli-fantastik ertaklar kiritilmagan.
Fantastika elementlari yordamchi motivlar shaklida namoyon bo‘lgan 4-sinf O‘qish kitobidagi “Ochko‘z boy” ertagi maishiy yoki sehrli ertaklar sirasiga kirishi borasida tadqiqotchi olimlarning turli fikrlari uchraydi. Mazkur ertak real, hayotiy uydirmalar asosiga qurilgan bo‘lib, unda maishiy ertaklar me’yoriga zid holda ajdaho obrazi ishtirok etadi. Ajdaho fantastik elementi sujet chizig‘ida yordamchi vazifa bajarib, konflikt yechimida asosiy va hal qiluvchi rol o‘ynamaydi. Agar sehrli ertaklardan afsun, mo‘jiza, jodu, sehr belgilari olib tashlansa, bu asarlarning mazmun-mohiyatiga katta zarar yetkazilgan bo‘ladi. Ularning yaratilishidan nazarda tutilgan sehr amalga oshmay qoladi. Bu amallarni maishiy ertaklarda qo‘llasak, asar mazmuniga keskin zarar yetmaydi. Sotsial motiv asosiy mavzu bo‘lgan mazkur ertakda inson markaziy siymo – asosiy qahramon sanaladi. Tarvuz ichidan chiquvchi ajdahoning vazifasi maishiy ertaklarda o‘zgacha. Sehrli ertaklardagi salbiy obraz sanalmish ajdaho bu ertakda yordamchi motiv bo‘lib xizmat qilgan, xolos. Shu bois mazkur ertakni maishiy ertak sifatida talqin etish maqsadga muvofiq. “Ochko‘z boy” ertagidagi badiiy to‘qima – o‘rdak, tarvuz, ajdaholar insonparvarlik, mehnatsevarlik, saxiylik kabi fazilatlarni tarbiyalab, xasislik, ayyorlik, yuxolik, adolatsizlik kabi yaramas belgilarni fosh etadi.
Ajdaho qatnashgan sehrli ertaklarda u katta gavdali ilon, og‘zidan olov, tutun chiqadigan maxluq sifatida tasvirlanadi. Ajdaho – insonning eng yovuz dushmani. U odam yeydi, mamlakatni xarob etadi, ekinlarga, xalq ro‘zg‘origa juda katta talofot yetkazadi, mollarni qiradi. Ajdaho go‘zal qizlar, malikalar, parilarga o‘ch. Sehrli ertaklarda ajdaho podsho qizini yutmoqchi bo‘lib turganda, botir yigit ajdahoni o‘ldirib, qizni qutqaradi. Ba’zan esa u butun shahar, qishloq, hatto mamlakatni yutib yubormoqchi bo‘lganda, ertak qahramoni yetib kelib, xalqi va yurtini ofatdan saqlaydi. Demak, ajdaho sehrli ertaklarda zulm, yovuzlik, yomonlikning timsoli sifatida harakat qilsa, maishiy ertaklarga kirib qolganlari esa yaxshilik bilan yomonlik, egrilik bilan to‘g‘rilik o‘rtasidagi farqni ochib beruvchi vosita, xolos.
Maishiy ertaklar kundalik turmush voqealarini ertakona libosda ifoda etadi. Bunday ertaklardagi voqealarning aksariyati hayotga yaqin, hayotdan olingan. Ammo maishiy ertaklarda voqealar qanchalik real tasvirlanmasin, ularda fantaziya, mubolag‘a, juda bo‘lmaganda, ularning elementlari bo‘ladi. Chunki ertak bo‘lishi uchun har qanday asarda fantaziya va uydirmalar bo‘lmog‘i lozim. Bu ko‘rinishdagi ertaklarda razolat ustidan ezgulik, zulm va nohaqlik ustidan adolat g‘alaba qiladi. Biroq bu g‘alaba sehrli ertaklardagi singari osonlikcha, sehrgarlik bilan qo‘lga kiritilmaydi. Balki, tinimsiz qilingan harakat, tadbirkorlik, halollik, o‘z mehnati mevasini ko‘rish uchun kurashga intilish oxir-oqibat qahramonlarni yorug‘ kunlarga olib chiqadi.
O‘zbek maishiy ertaklari orasida pand-nasihat ruhidagi maishiy ertaklar salmoqli o‘rin egallaydi. Bunday pandona ertaklarda ota-bobolarimizning asrlar davomida yaratgan, hayot tajribalarida sinalgan fikrlarining xulosasi lo‘nda ifoda etilgan. Ular mehnatkash xalqning pedagogik qarashlarini mujassamlashtirgan. Mehnatkash xalq o‘z bolalarini savodli qilish, o‘qitishga qurbi yetmaganligi uchun ularni chin inson qilib yetkazish, mehnatni sevish va unga hurmat bilan qarash, kattalarni hurmat etish, hunar o‘rganish, kishilarga doim yordam berish kabi qator ezgu niyatlarni o‘z ertaklari orqali yoshlarga yetkazgan. Chunonchi, maishiy ertaklar orasida boshlang‘ich sinf darsliklaridan o‘rin olgan “Rostgo‘y bola”, “Aqlli bog‘bon”, “Aql va boylik”, “Halollik”, “Hunarsiz kishi o‘limga yaqin” kabilarni eslash mumkin.
Maishiy ertaklar 1-sinf O‘qish kitobida uchta: “Rostgo‘y bola”, “Aqlli bog‘bon”, “Aql va boylik”, 2-sinf O‘qish kitobida beshta: “Uch o‘g‘il”, “Tansihatlik – tuman boylik”, “Kenja o‘g‘il”, ”Eng yaxshi sovg‘a”, “Aqlli bola”, 3-sinf O‘qish kitobida to‘rtta: “Botir mergan va chaqimchi”, “Halollik”, “Donishmand yigit”, “Ahillik – ulug‘ baxt”, 4-sinf O‘qish kitobida o‘nta: ”Eng ulug‘ fazilat”, “Chaqimchiga mukofot”, “Omonatga xiyonat”, “Ilm afzal”, “Davlat”, “Ochko‘z boy”, “Hiylagarning jazosi”, “Ziyrak bola”, “Hunarsiz kishi o‘limga yaqin”, “Ziyrak uch yigit” – jami 22 tani tashkil etadi.
Yuqorida tilga olingan maishiy ertaklar kishida jiddiy fikr-mulohazalar uyg‘otadigan, muayyan tarbiyaviy yo‘nalishga ega bo‘lgan asarlardir. O‘quvchilar ular bilan tanishgach, botirlik, yurtga fidoyilik, odamgarchilik, vafodorlik, himmat va saxovat haqida aniq tasavvurga ega bo‘ladilar, o‘zlarida ham xuddi ertak qahramonlaridagi kabi yaxshi fazilatlar bo‘lishini xohlashadi.
Kichik maktab yoshidagi bolalar ertakni maroq bilan tinglashadi. Boshqa janrlarga qaraganda, ertak janridagi asar o‘quvchiga kuchli emotsional ta’sir ko‘rsatadi, yillar o‘tsa-da, ertak uning yodidan chiqmaydi.
“O‘qish kitobi” darsliklarida ertak janriga oid qanday ma’lumotlar borligi haqida to‘xtalsak. 1-sinf o‘qish kitobida hech qanday nazariy ma’lumot yo‘q. Holbuki, darslik boshida maqol, topishmoq, tez aytish janriga; darslikning oxirrog‘ida ertak janriga qisqa ta’rifni qoida shaklida berish foydali edi. O‘quvchi qoidani yodlardi va sekin-asta qoida mohiyatini tushunib borardi. 2-sinf “O‘qish kitobi” darsligida ertak haqida quyidagi nazariy ma’lumot berilgan: “Ertakni xalqimiz o‘z hayoti davomida yaratadi. Ular og‘izdan og‘izga ko‘chib yuradi. U ba’zan to‘qib aytiladi, ba’zan uydirmalarga asoslanadi. Ba’zida sehrli sarguzashtlar bo‘lishi mumkin. Ular kundalik turmush mazmuniga ham ega bo‘ladi”.
Darslikda shuningdek afsona va rivoyatga qisqa, tushunarli ta’rif qoida tarzida berilganda, o‘quvchi tugul o‘qituvchi ham folklorning bu ikki mustaqil janrini farqlardi. Negaki “O‘qish kitobi” darsliklarida bu ikki janr farqlanmagan. 3-sinf “O‘qish kitobi” darsligida “Xalq og‘zaki ijodi” bo‘limi bor. Bo‘lim sarlavhasidan so‘ng folklor va uning janrlari nomlari keltirilgan. Shu o‘rinda xalq og‘zaki ijodi 4 turga bo‘linadi deyilsa hamda quyidagi shaklda turlar berilsa, yomon bo‘lmasdi:

4-sinf “O‘qish kitobi” darsligida ham hech qanday nazariy ma’lumot yo‘q. Ma’qul jihati shuki, darslik boshida asar janrlari shartli belgilar bilan belgilanib, asar nomidan keyin uning janri to‘g‘ridan to‘g‘ri yozilmay, o‘sha shartli belgi qo‘yilgan. Bu o‘quvchi hushyorligini oshiradi, o‘quvchi asar janrini eslab qoladi. Ammo darslikda adabiy ertak bilan xalq ertagi bir belgi ostida berilgan. Bizningcha, darslikda adabiy ertak va xalq ertagi farqi nazariy asoslanib berilishi va belgilari alohida bo`lishi maqsadga muvofiq edi. Chunki adabiy ertaklar nafaqat nasriy, balki she’riy ham bo‘lishi mumkinligi ta’kidlansa, 5-sinfda o‘quvchi ertaknavis shoir va yozuvchilar ro‘yxatini nazardan o‘tkazayotganida gap adabiy ertak haqida ekanini anglardi.
O‘zining badiiy obrazlari bilan, sujetining mo‘jazligi, badiiy ifodaning o‘tkirligi jihatidan hayvonlar haqidagi ertaklar xalq latifalari va masallarga ancha yaqin turadi17. Mashhur hind durdonasi “Kalila va Dimna” hamda Gulxaniyning “Zarbulmasal” asarida uchraydigan, duradgorlik talab qilib, yog‘och kesmoqchi bo‘lgan maymun misolida kasbini egallamagan odamning kulgili ahvolga tushib qolishi obrazli ifodalangan “Maymun va duradgor”18 asari masal janriga mansub bo‘lib, 1-sinf O‘qish kitobida uning janri ertak sifatida noto‘g‘ri talqin etilgan. Xuddi shuningdek, “Kalila va Dimna”dan olingan “Do‘stlar” asari ham masal janriga mansubdir. 3-sinf O‘qish kitobida mazkur asar janri ertak sifatida noto‘g‘ri ko‘rsatilgan.
Bizningcha, “O‘qish kitobi”da ertak va masalni aralashtirib berish o‘quvchilarning yuqori sinflarda chalkash fikrlashiga olib keladi. Janrlarni belgilash jarayoni to‘g‘ri amalga oshishi zarur. Ayni damda xalq og‘zaki ijodiga mansub ertaklar bilan bir qatorda muallifi aniq yozma ertaklarni ham ertak deb berish maqsadga muvofiq emas.Yozma ertaklar adabiy ertaklar deb berilishi lozim.
Shu o‘rinda hayvonlar haqida ertaklar hamda masallarning o‘zaro farqlarini keltirib o‘tamiz:
1. Ertaklarning hajmi masallardan ko‘ra katta bo‘ladi, ular voqeaband bo‘lib, biror voqea mukammal hikoya tarzida bayon qilinadi.
2. Odatda, masal xotimasida yoki kirish qismida asardan chiqariladigan xotima – qissadan hissa beriladi.
3. Masallardagiga o‘xshab hayvonlar o‘zaro so‘zlashadilar. Ammo ularning o‘z xarakteri saqlanib qoladi. Ertaklarda esa insoniy belgilar nisbatan rivojlangan bo‘ladi.
4. Ertaklarda hayvonlar umuman so‘zlashmasliklari, o‘z holicha hayot kechirishlari ham mumkin.
Darsliklarda berilayotgan ertaklar olingan manbalar ko‘rsatilsa, o‘qituvchi uchun muhim ahamiyat kasb etardi. Ertaklar goho qisqartirib berilayotganday taassurot uyg‘otadi. Agar ertak O‘qish kitoblari mualliflari tomonidan qisqartirilgan bo‘lsa, o‘qituvchi xalq ertagini asl holida o‘qigani ma’qul. Ertak manbasining darslikda ko‘rsatilishi ikki salbiy holning:
1. Xalq ertagini haddan ziyod qisqartirish;
2. Xalq rivoyatlarini yoki masallarni ertak deb berish, demakki, ma’lum janrlarni adashtirishdek nuqsonlarning oldini oladi.

Download 1,41 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   6   7   8   9   10   11   12   13   ...   29




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©www.hozir.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling

kiriting | ro'yxatdan o'tish
    Bosh sahifa
юртда тантана
Боғда битган
Бугун юртда
Эшитганлар жилманглар
Эшитмадим деманглар
битган бодомлар
Yangiariq tumani
qitish marakazi
Raqamli texnologiyalar
ilishida muhokamadan
tasdiqqa tavsiya
tavsiya etilgan
iqtisodiyot kafedrasi
steiermarkischen landesregierung
asarlaringizni yuboring
o'zingizning asarlaringizni
Iltimos faqat
faqat o'zingizning
steierm rkischen
landesregierung fachabteilung
rkischen landesregierung
hamshira loyihasi
loyihasi mavsum
faolyatining oqibatlari
asosiy adabiyotlar
fakulteti ahborot
ahborot havfsizligi
havfsizligi kafedrasi
fanidan bo’yicha
fakulteti iqtisodiyot
boshqaruv fakulteti
chiqarishda boshqaruv
ishlab chiqarishda
iqtisodiyot fakultet
multiservis tarmoqlari
fanidan asosiy
Uzbek fanidan
mavzulari potok
asosidagi multiservis
'aliyyil a'ziym
billahil 'aliyyil
illaa billahil
quvvata illaa
falah' deganida
Kompyuter savodxonligi
bo’yicha mustaqil
'alal falah'
Hayya 'alal
'alas soloh
Hayya 'alas
mavsum boyicha


yuklab olish