“Davra subhati” metodi Mazkur metod aylana stol atrofida berilgan muammo yoki savollar yuzasidan ta’lim oluvchilar tomonidan oʻz fikr-mulohazalarini bildirish orqali olib boriladi.
“Davra suhbati” metodi qoʻllanilganda stol-stullarni doira shaklida joylashtirish kerak. Bu har bir ta’lim oluvchining bir-biri bilan “koʻz aloqasi”ni oʻrnatib turishiga yordam beradi. Davra suhbatining ogʻzaki va yozma shakllari mavjuddir. Ogʻzaki davra suhbatida ta’lim beruvchi mavzuni boshlab beradi va ta’lim oluvchilardan ushbu savol boʻyicha oʻz fikrmulohazalarini bildirishlarini soʻraydi va aylana boʻylab har bir ta’lim oluvchi oʻz fikr-mulohazalarini ogʻzaki bayon etadilar. Soʻzlayotgan ta’lim oluvchini barcha diqqat bilan tinglaydi, agar muhokama qilish lozim boʻlsa, barcha fikr-mulohazalar tinglanib boʻlingandan soʻng muhokama qilinadi. Bu esa ta’lim oluvchilarning mustaqil fikrlashiga va nutq madaniyatining rivojlanishiga yordam beradi.
Davra stolining tuzilmasi Yozma davra suhbatida ham stol-stullar aylana shaklida joylashtirilib, har bir ta’lim oluvchiga konvert qogʻozi beriladi. Har bir ta’lim oluvchi konvert ustiga ma’lum bir mavzu boʻyicha oʻz savolini beradi va «javoblar varaqalari»ning biriga oʻz javobini yozib, konvert ichiga solib qoʻyadi. Shundan soʻng konvertni soat yoʻnalishi boʻyicha yonidagi ta’lim oluvchiga uzatadi. Konvertni olgan ta’lim oluvchi oʻz javobini «javoblar varaqalari»ning biriga yozib, konvert ichiga solib qoʻyadi va yonidagi ta’lim oluvchiga uzatadi. Barcha konvertlar aylana boʻylab harakatlanadi. Yakuniy qismda barcha konvertlar yigʻib olinib, tahlil qilinadi.
Quyida «Davra suhbati» metodining tuzilmasi keltirilgan.
“Davra suhbati” metodining bosqichlari quyidagilardan iborat: Mashgʻulot mavzusi e’lon qilinadi.
Ta’lim beruvchi ta’lim oluvchilarni mashgʻulotni oʻtkazish tartibi bilan tanishtiradi.
Har bir ta’lim oluvchiga bittadan konvert va javoblar yozish uchun guruhda necha ta’lim oluvchi boʻlsa, shunchadan «Javoblar varaqalari»ni tarqatilib, har bir javobni yozish uchun ajratilgan vaqt belgilab qoʻyiladi. Ta’lim oluvchi konvertga va «Javoblar varaqalari»ga oʻz ismi-sharifini yozadi.
Ta’lim oluvchi konvert ustiga mavzu boʻyicha oʻz savolini yozadi va «Javoblar varaqasi»ga oʻz javobini yozib, konvert ichiga solib qoʻyadi.
Konvertga savol yozgan ta’lim oluvchi konvertni soat yoʻnalishi boʻyicha yonidagi ta’lim oluvchiga uzatadi.
Konvertni olgan ta’lim oluvchi konvert ustidagi savolga «Javoblar varaqalari»dan biriga javob yozadi va konvert ichiga solib qoʻyadi hamda yonidagi ta’lim oluvchiga uzatadi.
Konvert davra stoli boʻylab aylanib, yana savol yozgan ta’lim oluvchining oʻziga qaytib keladi. Savol yozgan ta’lim oluvchi konvertdagi «Javoblar varaqalari»ni baholaydi.
Barcha konvertlar yigʻib olinadi va tahlil qilinadi.
Ushbu metod orqali ta’lim oluvchilar berilgan mavzu boʻyicha oʻzlarining bilimlarini qisqa va aniq ifoda eta oladilar. Bundan tashqari ushbu metod orqali ta’lim oluvchilarni muayyan mavzu boʻyicha baholash imkoniyati yaratiladi. Bunda ta’lim oluvchilar oʻzlari bergan savollariga guruhdagi boshqa ta’lim oluvchilar bergan javoblarini baholashlari va ta’lim beruvchi ham ta’lim oluvchilarni ob’ektiv baholashi mumkin.