5. Tabiiy ofatlardan muhofazalanish yo'llari
Yuqorida ta'kidlab o'tganimizdek, tabiiy ofatlar hozirgi zamon jahon hamjamiyatining hamma xalqlari uchun birdek xavfli bo'lgan, ayniqsa, tabiiy ofatlar bo'lishi mumkin bo'lgan hududlarga joylashgan xalqlar uchun juda katta yo'qotishlar va tashvishlar olib keladigan va keltiradigan zarari hattoki, yadro quroli darajasidan kam bo'lmagan ofat hisoblanadi.
Shuni ham ta'kidlash joizki, tabiiy ofatlarning ba'zi birlarini paydo bo'lishidan birmuncha vaqt oldindan bilish imkoniyati bo'lsada, ba'zi birlari, masalan, yer qimirlashni hozirgi zamon fani birmuncha yutuqlarga erishgan bo'lishidan qat'i nazar, hozir aniq aytib berish imkoniyati chegaralangan. Agar fanda erishilgan yutuqlardan foydalanib tabiiy ofatlarni bo'lish muddatini oldindan aytib berish imkoniyati bo'lganda, uning oqibatida kelib chiqadigan qurbonlar va ancha katta miqdordagi moddiy boyliklar saqlab qolingan bo'lar edi. Hozirgi zamon fani yutuqlaridan foydalanib tabiiy ofatlarning turlaridan biri bo'lgan qishloq xo'jaligi zararkunandalarining keng ko'lamda ko'payib ketishini va ba'zi bir kasalliklar tarqalishini oldini olishga qaratilgan ba'zi bir holatlarni oldindan bashorat qilish imkonyati tug'ildi. Buning uchun ko'p yillik yig'ilgan statistika ma'lumotlaridan foydalanib bunday sharoitlarning takrorlanish davr oraliqlari aniqlanadi va yer sun'iy yo'ldoshlari yordamida olingan quyosh aktivligi davriy qaytarilishi muddatlarini olib solishtiriladi, shuningdek, ularni obi-havo, zilzilani o'rganish, vulqonshunoslik va boshqa kuzatuv stansiya ma'lumotlari olinib, umumiy hisob qilib chiqiladi. Masalan, mamlakat miqyosida xalqaro kelishuvga asosan to'fonlar, bo'ronlar, vulqonlar otilishi va sel oqimlari haqidagi ma'lumotlar yerning meteorologik yo'ldoshlari yordamida olingan ma'lumotlar asosida bashorat qilinadi. Yer qimirlashlarni esa yer qimirlash xavfi bo'lgan zonalarda suvning kimyoviy tarkibini muntazam o'rganish, yer yuzasi holatini geodezik o'lchash, tuproqning elastiklik, elektr va magnik xususiyatlarini o'lchash, quduqlarda suv sathining o'zgarishini o'rganish va hayvonlar, sudralib yuruvchilar, baliqlar va qushlarning o'zini tutish holatlariga qarab bashorat qilinadi.
O'rmonlar va cho'llardagi keng miqyosdagi yong'inlarni ularning obi-havo sharoiti, harorati, joylashish mintaqasi, statistika ma'lumotlari va boshqa qo'shimcha ma'lumotlar koeffitsiyentlari yig'indilaridan kelib chiqadigan xulosalar asosida bashorat qilinadi.
Tabiiy ofatlarni kelib chiqishini oldini olishga qaratilgan choratadbirlarning ba'zi bir yo'nalishlari ustida ham ish olib borilmoqda, jumladan, yonayotgan o'rmonlarni ustiga sun'iy yomg'ir yog'dirish, shuningdek, bunday yomg'irlar qurg'oqchilikka qarshi ham yaxshi natija beradi, do'l yog'ishini oldini olish uchun bulutlarni raketalar yordamida snaryadlar bilan kimyoviy moddalar sepish yo'li bilan ularni yomg'irga aylantirish, shuningdek, bunday vositalar yordamida atmosfera qatlamlarida paydo bo'layotgan bo'ronlar va to'fonlar hosil qilish mumkin bo'lgan jarayonlarni boshlang'ich etaplarida yo'qotish va uning iloji bolmasa, kuchini kamaytirishga qaratilgan chora-tadbirlarni ishlab chiqish ustida butun dunyo miqyosida tinmasdan izlanishlar olib borilmoqda.
Yer yuzidagi aholining ko'pchilik qismi yer qimirlashi xavfi ostida yashaydi. Shuning uchun ham bu yo'nalishdagi ishlar butun dunyo miqyosida olib borilmoqda. Bu sohada yer sharining har xil burchaklarida 1200 seysmik stansiyalar faoliyat ko'rsat-moqda.
Hozirgi vaqtda yer qimirlashiga qarshi vositalar sifatida sun'iy yer qimirlashlar tashkil qilish masalasi asosiy masala hisoblanadi. Xalqaro seysmologiya institutlarining ba'zi bir ko'zga ko'ringan namoyandalari tabiatda hosil qilingan sun'iy yer qimirlashlar yer ostida yig'ilgan kuchlanishlarni tashqi turtki natijasida buzib yuborish yoki birmuncha oldinroq bu kuchlarni ishga solib yuborish ko'p miqdorda yig'ilgan potensial energiyani o'zicha yer qimirlashning tabiiy holati sifatida sarflanishiga qaraganda ancha kam zarar yetkazishi mumkinligi haqida so'z yuritmoqdalar. Bu fikr mulohazalarning dalili sifatida Simipalatinsk yadro poligoni seysmik hududga joylashgan bo'lishiga qaramay, u yerlarda o'tkazib kelingan yer osti yadro quroli sinovlari natijasida bu yerda va unga yaqin joylashgan Olma-Ota hududlarida yer qimirlash
bo'lmaganligini ko'rsatmoqdalar. Avvallari bu yerlar zilzila xavfi bo'lgan hududlar hisoblanardi. Bu keltirilgan mulohazalar munozarali bo'lsa ham, undan taxminiy yo'nalish (gipoteza) sifatida foydalanish mumkin. Buning uchun hozirgi ilm-fan rivojlanishi natijasida olingani bashorat bilan yer osti, jarayonlari kuchaygan va zilzila yuz berishi muqarrar bo'lib qolgan hududda uncha katta bo'lmagan yadro zaryadini yer ostida portlatish u yerda yig'ilgan kuchlanishlarni kuchsizlantirishga olib kelishi mumkin. Bu ehtimol zilzilani oldini olishning yaqin kelajakdagi imkoniyat darajasi bo'lishi mumkin.
Zilzila oqibatlarini susaytirishning sinalgan va ishlatib-kelinayotgan usuli ham mavjud. Bu zilzila bo'lishi mumkin bo'lgan hududlarda qurilayotgan binolarni zilzilaga bardoshli qilib qurishdir. Zilzila vaqtida asosan zilzilaga bardoshliligi hisobga olinmay, qurilgan imoratlarning qulashi natijasida ko'plab qurbonlar berilishi aniq. Buni 1966-yilgi Toshkentda bo'lgan zilzila oqibatlarini tahlil qilingan ma'lumotlardan ham ko'rsa bo'ladi. Bu yerda qulagan binolarning deyarli hamrnasi zilzilaga bardoshliligi! hisobga olinmasdan qurilgan eski shahar atrofidagi eski binolar edi. Qisman zilzilaga bardoshliligi oshirilgan eski otabobolarimizdan qolgan sinch devorli binolarning zilzila o'chog'i bo'lgan tumanda ham o'z barqarorligini yo'qotmagani ma'lum. Demak, binolarni zilzilaga bardoshliligini oshirish zilzila oqibatlarini kamaytirishning asosiy omili hisoblanadi. Bunga misol tariqasida zilzilaga bardoshliligi oshirilgan Yaponiyadagi ko'pgina osmono'par binolar zilzilaga bardosh berganini va talofotlar kamayganini ko'rsatish mumkin. Shuni ham ta'kidlash kerakki, bunday vositalar bizda qabul qilingan shkala bo'yicha 9 baldan ortiq bo'lmagan zilzilalar uchun belgilangan chora-tadbirlar hisoblanadi. Rixter shkalasi bo'yicha 9 balli zilzilaga hech qanday bino bardosh bera olmasligi aniq. Olimlarning bashoratiga qaraganda bizning hududimizda bo'ladigan yer qimirlashlar oddiy o'zimizda qabul qilingan 12 balli shkala bo'yicha 8 balldan oshmasligi ta'kidlanadi.
Tabiiy ofatlardan saqlanishda turlicha usullardan foydalaniladi. Dunyoning ko'plab hududlarida kuzatiladigan tabiiy ofatlar bizning Respublikamizda deyarli uchramaydi. Masalan, Rossiya Federatsiyasi ko'pgina hududlarida bo'ladigan suv toshqinlari, ayniqsa, bahor faslida kuzatiladigan muz ko'chishi bilan bo'ladigan toshqinlar ahyon-ahyonda tog'li hududlarda kuzatilsa ham unday holat doimiy emas. Shuning uchun biz diqqat-e'tiborni hududimizda sodir bo'lishi aniq va doimiy bo'ladigan tabiiy ofatlar sirasiga kiradigan zilzilalar va yong'inlar haqida sumumiy ma'lumotlar bilan tanishib chiqamiz.
Do'stlaringiz bilan baham: |