2-SAVOLGA JAVOB.
Agar sub’ekt va ob’ekt ajralmas bo‘lib tizimni shakllantirishsa va uning tashqi muhiti umuman inobatga olinmasa, bunday tizim yopiq tizim deyiladi. Agar tashqi muhit tizim holatiga ta’sir qilsa va bu hol inobatga olinsa, u holda ochiq tizim haqida so‘z gapirsa bo‘ladi.
Lyudvig fon Bertalanfi6 (1901–1972) murakkab tizimlar nazariyasiga birinchi bo‘lib asos soldi. U murakkab tizimlarning umumiy hususiyatlarini ta’riflashga muvaffaq bo‘ldi. U sodda va murakkab tizimlar hususiyatlarini alohida o‘rganib chiqdi. U sodda tizimlar tashqi muhitga nisbatan yopiq bo‘lishi va, aksincha, murakkab tizimlarning tashqi muhitga nisbatan ochiq ekanligini ko‘rsatib bera oldi.
Tashqi muhit bilan aloqa qilish bo‘yicha tizimlar ochiq va yopiq bo‘ladi.
Masalan, universitet – ochiq tizim. Tashqi muhitdan universitetga axborot, moddiy va moliyaviy resurslar, ishga kiruvchi kadrlar, abiturientlar kirib keladi. Universitetdan tashqi muhitga axborot, ishdan bo‘shuvchi kadrlar, bitiruvchilar chiqib ketadi. Yopiq tizim tashqi muhit bilan nisbatan kamroq axborot, energiya, resurs va mahsulotlarni bilan almashinib turadi. Masalan, xalqaro savdo va xalqaro moliyaviy xamkorlik a’zosi bo‘lmagan mamlakat yopiq iqtisodiyotga ega bo‘ladi.
Muvozanat holati bo‘yicha tizimlar muvozanatli va muvozanatsiz bo‘ladi. Muvozanat yoki muvozanatsizlik holati ham dinamik, ham statik tizimda kuzatilishi mumkin.
Masalan, vaqt o‘tgan sari mahsulot bozorida talab va taklif xajmlari eksponensial o‘sish sur’atlarda o‘zgarsa va shu bilan birga ularning xajmi bir-biriga doimo tengligi saqlanib borsa, u holda bozordagi talab va taklif xajmlarining dinamik muvozanati haqida gapirsa bo‘ladi. Agar vaqt o‘tgan sari mahsulot bozorida talab va taklif xajmlari bir hil o‘sish sur’atlarda o‘zgarsa va shu bilan birga ularning xajmi bir-biriga doimo tengligi saqlanib borsa, bunday dinamik muvozanat – statsionar muvozanat deb, bunday dinamik tizim esa – statsionar tizim deb ataladi. Statsionar tizimda muvozanat bo‘lishi shart emas, ammo uning xarakati shakli bir-hil bo‘ladi.
Muvozanat holati tiklanishi bo‘yicha tizimlarni barqaror va barqarorsiz tizimlarga ajratsa bo‘ladi. Agar tizimda tashqi ta’sir natijasida muvozanat buzilsa va bu muvozanat keyinchalik tez orada tiklansa, bunday tizim barqaror tizim deb ataladi.
Agar vaqt o‘tgan sari tizim holati yoki tizim holati bilan birga uning tarkibiy tuzilmasi ham o‘zgarsa, bunday tizim dinamik tizim deb ataladi. Aksincha, agar vaqt o‘tgan sari tizimning holati va tarkibiy tuzilmasi o‘zgarmasa, bunday tizim statik tizim deb ataladi. Dinamik tizimlar o‘z navbatida klassik va evolyusion tizimlarga bo‘linadi. Agar vaqt o‘tgan sari tizim holati o‘zgarib, uning tarkibiy tuzilmasi o‘zgarmasa, bunday dinamik tizim klassik tizim deb ataladi. Aksincha, uning tarkibiy tuzilmasi o‘zgarsa, bunday dinamik tizim evolyusion tizim deb ataladi.
Masalan, jinoyatga qarshi kurashish tizimida vaqt o‘tgan sari haq to‘lash fondida moliyaviy mablag‘lar etishmasligi sababli tergovchilar maoshi kamayib ketdi. Bu esa – jinoyatlarni fosh qilish darajasining tushib ketishiga sabab bo‘ldi, chunki tizimda qo‘nimsizlik oshib ketdi. Shu bilan birga, tizimning tashkiliy-funksional, moddiy-texnik tuzilmasi va xokazo tuzilmalari saqlanib qoldi. Demak, bu erda klassik tizim haqiga gap ketyapti.
Yana bir misol: ko‘p qavatli uyning holati o‘n yildan keyin quvurlarni alishtirish va devorlarni oxaklash kabi ta’mirlash ishlarini amalga oshirishni talab qildi, lekin uyning arxitekturali tuzilmasi saqlanib qoldi.
Evolyusion tizimga misol: Oliy Majlis oldin bir palatali edi, lekin vaqt o‘tgan sari uning tashkiliy-funksional tuzilmasi o‘zgardi – ya’ni, u ikki palatali bo‘ldi va buning natijasida qonun chiqaruvchi xokimiyati organlari tizimi takomillashdi.
Evolyusion tizimlar o‘z navbatida ochiq va yopiq bo‘ladi. Ochiq evolyusion tizimlar – mashhur olim, Nobel mukofoti laureati, Ilya Prigojin7 tomonidan “dissipativ tizimlar” deb nomlanib, ularning hususiyatlari asoslanib berilgan. Bunday tizimlar – muvozanatsiz tizimlar. Tashqi ta’sir muvozanatsiz tizimga ma’lumot yoki materiya (energiya) ni olib kiradi va buning natijasida boshida tizim o‘zining muvozanatini yo‘qotadi va unda o‘zini-o‘zi qayta tashkillashtirish jarayoni boshlanadi, ammo keyinchalik asta-sekin tizimda murakkab tuzilma yuzaga keladi va tizim muvozanat sari intilishga boshlaydi. Lekin tizim muvozanat xolatiga etishga ulgurmaydi va tashqaridan yana ma’lumot yoki materiya (energiya) kirib kelib, muvozanat buzilishiga sabab bo‘ladi: natijada yana qayta tashkillashtirish ro‘y berib, yanada murakkabroq tuzilma vujudga keladi. Demak, dissipativ tizimda ichki va tashqi ta’sirlar orqali “o‘zinio‘zi tashkillashtirish” jarayoni amalga oshadi va shu tariqa tizimda evolyusiya ro‘y beradi. Yopiq evolyusion tizimlarda faqatgina ichki ta’sirlar orqali “o‘zini-o‘zi tashkillashtirish” jarayonlari amalga oshadi.
Maqsad soni bo‘yicha tizimlar bir maqsadli va ko‘p maqsadli tizimlarga bo‘linadi. Murakkab tizimlarning turlari tegishli jadvalda umumlashtirilgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |