Muhim belgilar deganda ijtimoiy hodisalarning mohiyati, xususiyatini ifodalaydigan belgilar tushuniladi. Tuman shirkat xo‘jaliklarini mahsulot hajmi, ekinlar hosildorligi, mollar mahsuldorligi, mehnat unumdorligi kabi ko‘rsatkichlar bo‘yicha guruhlash muhim belgi bo‘yicha guruhlashga misol bo‘la oladi. Masalan, tuman xo‘jaliklari bo‘yicha paxta tannarxini o‘rganish maqsad qilib qo‘yilgan bo‘lsa, xo‘jaliklarni qaysi belgi bo‘yicha guruhlarga bo‘lish mumkin? Paxta hosildorligi bo‘yichami yoki 1 ga hisobiga qilingan xarajat bo‘yichami, ekin maydoni yoki 1 ga hisobiga sarf bo‘lgan urug‘ xarajati bo‘yichami? Ushbu ko‘rsatkichlar ichida eng muhim omil paxta hosildorligi hisoblanadi, chunki paxta hosildorligi oshgan sayin, paxta tannarxi har doim pasayib, arzonlashib boradi. Shuning uchun xo‘jaliklarni paxta hosildorligi bo‘yicha guruhlarga bo‘lib, tannarx ahvolini va uni pasaytirish imkoniyatlarini o‘rganish maqsadga muvofiq.
4. Guruhlar soni va guruhlash oralig‘i
Guruhlashning muhim belgilari tanlab olingandan keyin guruhlar soni aniqlanadi. Tashkil qilinadigan guruhlar sifat jihatdan turdosh va to‘plamdagi birliklar son jihatidan ulkan bo‘lmog‘i kerak.
Guruhlar sonini aniqlash statistik guruhlashda katta ahamiyatga ega. Agar guruhlash atributiv belgilar (mollar zoti, xodimlar kasbi) bo‘yicha amalga oshirilsa, guruhlar soni har doim belgilarning nomiga mos keladi. Belgilar soni qancha bo‘lsa, guruhlar soni ham shuncha bo‘ladi. Masalan, mollar zoti uch xil bo‘lsa, guruhlar soni ham uchta bo‘ladi.
Ijtimoiy hodisalarni turli miqdoriy belgilar bo‘yicha guruhlashda guruhlar sonini aniqlash asosan ikki ko‘rsatkichni nazariy jihatdan mantiqiy tahlil qilish zarur, ya’ni birinchidan, to‘plamdagi eng katta hamda eng kichik belgilar o‘rtasidagi farqni (hajmini) aniqlash zarur; ikkinchidan to‘plamdagi birliklar sonini bilish zarur. Shundan so‘ng ushbu ikki ko‘rsatkichni ichki qonuniyatlarini mantiqiy nazariy tahlil qilish orqali guruhlar soni aniqlanadi. Guruhlar soni aniqlangandan keyin guruhlash oralig‘i belgilanadi.
Ijtimoiy hodisalarni miqdoriy belgilar bo‘yicha guruhlashda dastlab guruhlash oralig‘i aniqlanadi. Uni aniqlash uchun to‘plamdagi eng katta va eng kichik variantlar orasidagi farqni belgilangan guruhlar soniga bo‘lish kerak.
Guruhlash oraliqlari teng va teng bo‘lmagan, ochiq va ochiq bo‘lmagan hamda maxsus ko‘rinishlarda bo‘lishi mumkin.
Teng miqdordagi oraliq deganda barcha guruhlar uchun bir xil bo‘lgan oraliqni tushunmoq kerak. Teng miqdordagi oraliq intervali quyidagi formula yordamida aniqlanadi:
Bunda: i - teng miqdordagi oraliq;
Xmax - belgining eng katta miqdori;
Xmin - belgining eng kichik miqdori;
n - guruhlar soni.
Agar, masalan, bug‘doy hosildorligining eng yuqori darajasi 50 s/ga, eng past darajasi 25 s/ga, guruhlar soni 5 ta bo‘lishi ko‘zda tutilgan bo‘lsa, har bir guruh uchun oraliq miqdori 5 s/ga teng bo‘ladi.
s/ga
Teng oraliqli guruhlash odatda to‘plam birliklari o‘rtasida tafovut uncha katta bo‘lmagan hollarda qo‘llaniladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |