1-tur yumshatish. Birinchi tur yumshatishda pо‘lat fazalar о‘zgarishi haroratidan (Ac1 kritik nuqtadan) yuqori (gomogenlash) yoki past haroratgacha (rekristallanish) qizdiriladi. Birinchi tur yumshatishdan kо‘zda tutiladigan maqsad - sovuqlayin bosim bilan ishlangan pо‘latda hosil bо‘lgan ichki kuchlanishlarni yо‘qotish, pо‘latning qattiqligini pasaytirib, plastikligini va qovushoqligini oshirish, ya’ni pо‘latni bosim bilan ishlanishdan oldingi holatga qaytarishdan iborat.
Gomogenlash jarayoni katta hajmli quyma mashina vositalaridagi dendrit yoki kristallar orasidagi kimyoviy notekisliklar (likvatsiya) ni yо‘qotish uchun qо‘llaniladi. Buning uchun zagotovkalar pechlarga joylashtirilib harorat 1100…1200°С gacha kо‘tariladi va shu haroratda 8…20 soat davomida ushlab turiladi. Sо‘ngra zagotovkalar pech bilan birgalikda sekin sovutiladi. Bunday termik ishlovga hammasi bо‘lib, 50…100 soat vaqt ketishi mumkin. Gomogenlash jarayonida donachalar о‘sishi mumkin. Shuning uchun bunday termik ishlovdan keyin donachalarni maydalaydigan qо‘shimcha termik ishlov (ikkinchi tur yumshatish) berish lozim bо‘ladi.
Birinchi tur yumshatish rekristallizatsion yumshatish deb ham ataladi. Pо‘latlarni rekristallizatsion yumshatish uchun ularni 650…700°С gacha qizdirish kerak, shu haroratda biroz (0,5…1,5 soat) ushlab turib, sо‘ngra pech bilan birgalikda sovutiladi. Bunda ferritning qayta kristallanishi bilan bir qatorda sementit ham biroz о‘sadi va uning plastikligi oshadi. Pо‘lat quymalarda, payvandlashdan keyin, kesib ishlash yoki jilvirlashdan keyin hosil bо‘ladigan ichki kuchlanishlarni yо‘qotish yoki kamaytirish uchun material yumshatiladi. Bunday yumshatishning harorati 150...700°С gacha bо‘lishi mumkin. Masalan, jilvirlashdan (160...180°С), kesib ishlashdan (570…600°С) yoki payvandlashdan (650 - 700°С) keyin material qizdirilib, asta-sekin sovutilganda qoldiq mexanik yoki termik ichki kuchlanishlar kamayadi. Bunday yumshatishga 2-3 soat vaqt ketadi.
2-tur yumshatish. Ikkinchi tur yumshatishda pо‘lat fazalar о‘zgarishi haroratidan (Ac1 yoki Ac3 kritik nuqtadan) yuqori haroratgacha qizdiriladi. Ikkinchi tur yumshatishdan kо‘zda tutiladigan maqsad - pо‘lat donalarini maydalashtirish, barqaror va ancha yumshoq struktura hosil qilish, pо‘lat strukturasini bir jinsli qilish va boshqalardan iborat. Ikkinchi tur yumshatishga tо‘la yumshatish, chala yumshatish, sferoidlovchi yumshatish, diffuzion yumshatish yoki izotermik yumshatish kiradi.
Odatda evtektoiddan oldingi va evtektoid pо‘latlarigina tо‘la yumshatiladi. Tо‘la yumshatishda evtektoidgacha bо‘lgan pо‘latlarni Ac3 dan, evtektoiddan keyingi pо‘latlarni Ac1 dan 30…50°С yuqorida qizdirib, shu haroratda bir oz ushlab turib, sо‘ngra pech bilan birgalikda sovutiladi. Yuqori haroratda ushlab turish vaqti faza о‘zgarishiga yetarli bо‘lsa bas, natijada mayda donali austenitni sovutish hisobiga perlit donachalari ham mayda bо‘ladi. Qizdirish tezligi materialning tarkibiga va mashina vositalarining shakliga, hamda pech turiga bog‘liq bо‘ladi. Sovutish tezligi asosan material tarkibiga bog‘liq bо‘lib, pо‘latlar uchun 200…250°С/soat ni tashkil qiladi. Pо‘lat tо‘la yumshatilganda uning strukturasi mayda donali bо‘ladi, pо‘latdagi ichki kuchlanishlar yо‘qoladi, pо‘lat yumshoq bо‘lib qoladi. Tо‘la yumshatish usulidan qizdirib turib bosim bilan ishlangan pо‘latlarni va ba’zan, pо‘lat quymalarni qayta kristallash uchun foydalaniladi. Tо‘la yumshatish natijasida ferrit bilan perlit bir tekis taqsimlanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |