- Epiteliy (epi... va yun. — soʻrgʻich), epiteliy toʻqimasi — koʻp hujayrali hayvonlarda — tanani va tana boʻshligʻini qoplab turuvchi, koʻpchilik bezlarning asosiy funksional tarkibini tashkil etuvchi toʻqima. Embriogenezda E. har uchchala murtak varaqlaridan hosil boʻladi va tana qoplogʻichi, ularning hosilalari hamda koʻpchilik bezlarning hosil boʻlishida qatnashadi. E. tez eskirib qolishi tufayli kuchli regeneratsiya qilish xususiyatiga ega. E. bazal membrana bilan chegaralangan, unda tomirlar boʻlmaydi; oziq moddalarni unga yaqin joylashgan biriktiruvchi toʻqimadan oladi. E. cheklovchi, himoya, moddalar almashinuvi (soʻrish, ajratish), sekret ajratish funksiyasini bajaradi. Funksiyasiga binoan, qoplovchi va sekretor E.ga ajratiladi. Qoplovchi E., oʻz navbatida, bir qavatli, koʻp qavatli va oraliq qavatli boʻladi. Bir qavatli E. hujayralari bazal membrana bilan bogʻlangan (oshqozon va ichak devori, mezoteliy tana boʻshligʻini oʻrab turadigan E .).
Do'stlaringiz bilan baham: |