Vilyam shekspirning “hamlet” asari haqida. Hamlet obrazi tahlili



Download 43,76 Kb.
Sana22.04.2022
Hajmi43,76 Kb.
#573582
Bog'liq
9-MAVZU MATNI


VILYAM SHEKSPIRNING “HAMLET” ASARI HAQIDA. HAMLET OBRAZI TAHLILI

Vilyam Shekspirning “Hamlet” asari juda kо‘p bahslarga sabab bо‘lgan. Asarning bosh qahramoni shahzoda Hamlet va uning harakatlari, iztirob, kechinmalari, aql-tafakkuri, odob-axloqi xususida turli mulohazalar, fikrlar bildirilgan. Asar keng huquqshunoslar bahsiga ham sazovor bо‘lgan. Ularning talqinicha, Shekspir asarlarida tarixiy taqqoslash imkoniyatini beradigan beqiyos yuridik material jamlangan. Shekspir nafaqat ingliz huquqi, balki о‘zi yashagan davrdagi Yevropa xalqlarining huquqini ham yaxshi bilgan va asarlarida unga munosabat bildirgan. Buyuk dramaturgning asarlari majburiyatni buzganlik uchun shaxsiy va mulk majburiyati masalasi bо‘yicha ham (“Venetsiya savdogari”), qonli о‘ch olish huquqi masalasi bо‘yicha ham (“Hamlet”) tom ma’noda huquqiy g‘oyalar xazinasidir. Nemis huquqshunosi Jozef Koler Shekspirning mazkur qarz huquqi va qonli qasos dramalarini chuqur tahlil qilgan1.


“Hamlet”ni о‘qigan har bir kitobxon qalbida Hamletga munosabat tug‘iladi. Hamletni baholaydi, qaysidir harakatini oqlaydi, qaysidir qilmishini qoralab uni ayblaydi. U bilan ba’zan iztiroblar olovida yonadi, ba’zan Hamlet kabi kinoya, achchiq sо‘z izlaydi. Hamletga oshufta yurak jamiyatga, olamga, voqea-hodisalarga boshqacha nigoh tashlaydi.
Aziz talabalar, yaxshisi, taniqli adabiyotshunos Ibrohim Haqqulning Shekspirning shoh asari “Hamlet” va asarning bosh obrazi shahzoda Hamlet haqidagi mulohazalarini о‘qib, fikrlarimizni bir о‘zanga solaylik...


SHEKSPIR MASH’ALI2
Qirq yoshga yaqinlashganda Shekspir ijodiyotida fojiaviylik pafosi ustunlik qila boshlaydi. Kо‘pchilik e’tirof etganidek, “Hamlet” Shekspir adabiy merosining chо‘qqisi. Bu yuksaklikni ishg‘ol aylay olgan ikkinchi bir asarni dunyo adabiyoti hanuzgacha bilmaydi. Ehtimol shu boisdan ham eng tilga tushgan, eng kо‘p о‘qib-о‘rganilgan va qarama-qarshi fikr-mulohazalar “bozor”ini eng kо‘p qizitgan kitob ham “Hamlet”dir. “Hamlet”ni Shekspir о‘ttiz yetti yoshida yaratgan. Demak, u – ijodiy kuch tо‘lib-toshgan, fikr-qarashlar tiniqlashib-teranlashgan, ruhoniyat haddi a’losiga kо‘tarilgan bir faslning mahsuli.
“Hamlet” 1601 yilda sahnaga qо‘yiladi. 1603 yili nashr qilingan. Oradan bir yil о‘tgach, qayta bosiladi. Bu nashrdagi matn jiddiy о‘zgartirilgan va kengaytirilgan edi. Ulkan shekspirshunos A.Anikistning yozishicha, aynan ikkinchi nashrda asarning falsafiy mohiyati chuqurlashtirilib, Hamletning mutafakkir sifatidagi qiyofasi butun murakkabliklari bilan yoritib berilgan.
Hamletning “shaxsiy varaqa”sida dunyo farzandi, jahon qahramoni deb bitilgan. Uning ruhi olamni tо‘ldirishga qodir. Hamletga qо‘shilib unsiz faryod chekkan kishini e’zozlash lozim. Demak, Hamletni tushunadigan, dunyoga faylasuf, mutafakkir kо‘zi bilan qaraydigan bitta shaxs ortgan. Hamletdan kо‘p narsa о‘rgansa bо‘ladi. Masalan, shoirlik va faylasuflikni, mutafakkirlik va haqparastlikni, tо‘g‘rilik va azob-uqubatga tahammulni, burchga sadoqat va murosasizlikni. Aytaversa, bular bisyordir.
Hamlet fazilatga boy, xislatga kon Shaxs bо‘lmaganida, jahon mintaqalarida yashay olmas va insonlik sharafi, diyonat matlabi uchun to hanuz kurasholmasdi. Hamlet qalbidagi yolqin Prometey olovidan yorug‘ va haroratliroq. U botinni nurlantiradi, insonda о‘ziga ishonch hissini kuchaytiradi. Alanga ichida kuymaslikni, “meni pista pо‘chog‘iga joylang, о‘shanda ham о‘zimni sarvari koinot deb his qilaman”, deya olish sir-asrorini о‘rgatadi. Hamlet shaxsiyati orqali о‘zini anglashga jahd etgan kishida axloqiy zaiflik, ruhiy nogironlik, aqliy mahdudlik bilan vidolashuvdan о‘zga chora qolmaydi. Chunki u о‘zni tahlil qilish “tajriba”sini о‘rgatadi. Hamlet – davlat odami. Hamlet – oila posboni; jamiyat g‘amxо‘ri. Hamlet – sharaf va nomus qasoskori. Hamlet – tanazzulga giriftor bir saltanat kelajagi. U – oshiq, sodiq va fidoiy. Olamni quchoqqa sig‘dirib bо‘lmagani singari, Hamlet tabiatini tо‘la-tо‘kis kashf aylash imkonsiz. Biroq sirtdan qaralsa, Hamletni bilishdan osoni yо‘q: xiyonatdan qaqshagan bir valiahd. Amakining qо‘li qon, ona jinoyatga sherik... Ong va idroki uning qotillikni aniqlash bilan band. Biroq ishonchli bandani topish amri mahol. О‘z yog‘iga о‘zi qovrilaverib umidsizlikka tushgach, о‘lim – najot, sukut – farog‘at degan qaror ila nihoyat...
Qо‘polroq ravishda belgilanganda, bular Shekspir tasvirlagan fojianing “pо‘chog‘i”. Mag‘izni pо‘chog‘dan, botinni zohirdan ayirish esa о‘quvchiga havola. “Hamlet” matnida fikr, mazmun bir “qatlam”ni tashkil etsa, ruh, tuyg‘u, qayg‘u, mohiyat bir necha qatlamda aksini topgan. Bulardan har birining rang, ohang, sir, haqiqat, о‘zaro birikish va ta’sir yо‘llarini bexato aniqlash va anglash – daryo suvini ariqqa sig‘dirishni kо‘zlashday bir gap. “Hamlet”ning takrorlanmasligi balki shundadir.
Asar g‘oyasi – bu! Kо‘zlangan maqsad – mana bu! Ilgari surilmoqchi bо‘lgan sarbon tuyg‘u, bosh haqiqat ana bunday! Shekspirda bu xil muddao yо‘q. Bir rangda kamida u tо‘rt-besh rangni uyg‘unlashtirgan, bir ohangda oz deganda, о‘ndan ortiq nola va sado aksini bergan. Birov qorani tezroq kо‘radi, boshqasi qizil yoki yashilni. Kimningdir eshitgani fig‘onu nola, kimdir abadiyat simfoniyasini tinglaydi... Hamlet obrazi xususida sо‘zlaganda masalaning ana shu tomoni bilan hisoblashish shart.
Toju taxt, saltanatga erishish yо‘li, kо‘p hollarda makr va hiyla, g‘irromlik va qabohat yо‘lidir. Hasad va adovat bunda zudlik ila himmat va sadoqat “tо‘ni”ga burkansa, yolg‘on va qо‘rquv mardlik, jasorat qiyofasida maydonga chiqqan. Aslida esa bunaqa vaziyatlarda hukmdor – amaldorlariga, mansab va martaba egalari – hoqonu sultonlariga ishonishmagan. Fitna shundan alangalangan, biri – ikkinchisidan qonli va qо‘rqinchli fojialar taxt, amal hirsining hosili edi. Sharqda ham, G‘arbda ham shundoq bо‘lgan. Hukmdorlik iddaosi ila ota – bolaga, bola – otaga, og‘a-ini – qarindoshga, ini va qarindosh – og‘aga qilich kо‘tarib, qon tо‘kkanki, bu hodisaning sovuq siyoqi dunyoning hamma joyida aytarli bir xildir. Yovuzlik va berahmlik shu sababdan u yoki bu davlat tarixining ajralmas uzviga aylanib qolgan. Hamletga nechog‘lik og‘ir edi: tiriklar jim, tiriklar jinoyatni xaspо‘shlash, yashirish bilan ovora. Otasining arvohi esa tinchitmaydi uni... Kimdan u qasd oladi – amakisi va onasidanmi? Hasrat va kulfatini kimga izhor etadi? Poloniy va gumashtalarigami? О‘z olovida о‘zi yonadi. О‘zi aytib, u о‘zi ingraydi. Qalbi “Qasos!” deydi. Jur’at yetishmaydi. Jur’atsizlik, sustkashlik uchun yana о‘zini-о‘zi ayblaydi. О‘ziga о‘zi malomatgо‘ylik qiladi:
O, qasos – intiqom!
Gapning pо‘skallasi shuki, eshshakman, eshshak!
Axir kimman, о‘ldirilgan otaning о‘g‘li,
Dо‘zax, samo intiqomga chorlab tursa-yu,
Men bu yoqda fohishadek kо‘z yoshi tо‘ksam.
Va qarg‘asam bir chо‘riyu chuvrindi kabi!7
Tuf-yey, la’nat! Uyg‘on, mening idrokim, uyg‘on!
Xullas, Hamlet harakatga tushadi. Ammo haqiqatni oxirigacha bilmoq uchun “madaniy” bir tadbir tashkil etadi:
Aktyorlar amakimning kо‘zi о‘ngida
Otam qatli sahnasini etsinlar ijro.
О‘zim undan kо‘z uzmayman. Kо‘raman, qani,
Qanday ta’sir etar? Unda о‘zim bilaman,
Ne qilishim lozim bо‘lsa, keyin qilaman...
Hammasi shahzoda aytgan va talab qilganday bо‘ladi: sahnadagi ijro ham, amakining ahvoli ham unga intiqomdan о‘zga chora yо‘qligini tо‘la-tо‘kis tasdiqlaydi. Bunda Shekspirning tragediya ichida tragediya yaratish, bir tragediya doirasida gо‘yo о‘zga bir mustaqil fojiani “sahnalashtrish” mahoratiga qoyil deyish kerak.
Asarning ilk sahnasida onasi bilan suhbatlasharkan, Hamletga u:
Qachongacha marhum otang izini izlab,
Tuproqlarga kо‘z tikasan mayus, giryona.
Bu azalning buyrug‘idir: tiriklik о‘lar,
Foniylikdan boqiylikka ravona bо‘lar,
deydi. Bundoq qaralganda, tо‘g‘ri fikr. Buni shahzoda “Ha, azalning buyrug‘i shu” deya gо‘yo e’tirof qilganday bо‘lsa-da, yana shunday gapni ham aytadi:
Mening g‘amim begonadir bо‘yoqqa, illo,
Mana men, deb о‘rtaga ham tushmagay aslo...
Demak, “mana men, deb” yuz kо‘rsatmas jinoyatni ochish, aniqrog‘i, uni fosh qila bilishiga shahzoda avvaldanoq ishongan.
***
Olloh taolo aql desa – aql, xotira desa – xotira, mushohada desa – mushohada – hamma-hammasini Hamletga qо‘shqо‘llab bergan. Ofeliya aytmoqchi: u – ayon, u – askar, u – olim:
Davlat, saltanatning umid guli edi ul,
Nazokatu nafosatning timsoli edi.
Hamlet rolini sahnada ijro etgan xorij aktyorlaridan biri “Taassurot – bu pyesa”, deydi. О‘quvchi va tomoshabin u yoki bu asarni о‘qiganda yo sahnada kо‘rganda shaxsiy taassurot asosida о‘z mustaqil bir “asari”ni yaratolmasa – na she’r, na drama, na nasriy kitob – hech narsani u о‘rtacha miqyosda ham his etolmaydi. Taassurot tilga kirib, shakl axtarganda-chi? Zо‘r kitobning zо‘rligi, bо‘sh va xomxatala ijod namunasining yaroqsizligi о‘z-о‘zidan bilinib qoladi. Chunki “estetik tuyg‘u” deyilgan his-tuyg‘u siyratga tashqaridan olib kirilmaydi – ruh va kо‘ngilda bori harakatlantiriladi. Xuddi shu uchun malakali adabiyotshunos olim, yozuvchiga nisbatan ba’zan oddiy kitobxon badiiy asarni nozik his qilib, puxtaroq anglaydi. Ushbu fikrga yorqin bir dalil “Hamlet”dir. Bu tragediyani tarixchi, adabiyotshunos, dinshunos, faylasuf, psixolog, xullas, juda kо‘p fan sohasi vakillari tadqiq va tahlil qilishgan. Hamletga berilgan ta’rif-tavsiflar jamlansa, “Hamlet о‘zi kim?” degan savolga javob berolmay qolasiz. Biri Hamlet – jasur shahzoda, olim, mutafakkir desa, boshqa biri Hamlet – badbin va xayolparast deydi. Yana birovlar tasavvurida Hamlet xudbin, qat’iyatsiz; norozi va notavonlar peshvosi qiyofasida kо‘rinadi. Uilson Noyt degan bir olimga kо‘ra, Klavdiy “sog‘lom ma’naviy hayot” sohibi, ham о‘ziga, ham atrofidagalariga ishonadigan, faoliyatda erkin, yaratuvchi hukmdor – “buyuk bir inson”. Hamlet dunyodagi qora kuchlarning timsoli. Makbet singari Hamlet ham “yovuzlik g‘oyasi va о‘limning kuch-qudratini ifodalovchi qahramon”. Albatta, bunaqa gap-sо‘zlar tanqidga ham arzimaydi. Hamlet nomiki, yovuzlik g‘oyasi va о‘lim bilan bog‘lansa, ezgulik va haqiqat xususida о‘ylashga hojat qolmaydi.
Qanchadan-qancha shoir, olim, adib va aktyor “Hamlet – bu men...”, “Hamlet – bu biz...”, “Hamletning fojiasi – bizning fojiamiz...” deyishgan. Anatol Frans xayolan Hamletga murojaat qilib, “Shahzodam, Siz barcha asr, barcha mamlakatlarga mansubsiz. Uch asr mobaynida Siz zarra qadar qariganingiz yо‘q. Sizning qalbingiz bizniki bilan tengdosh...”, deydi. Hamletni tushunish – uning idrok olovida yonish, о‘z «Men»ida Hamletga bir holdoshlik borligiga chippa-chin inonmoqdir. Hamlet insondagi ong osti tuyg‘ularni о‘yg‘otib yuboradigan, vijdon hali о‘lmagan, ruh kuchi hali sо‘nmagan bо‘lsa, kimligingni har nechuk senga tanitadigan Shaxs.
“Hamlet”ni qayta-qayta о‘qigandan sо‘ng shunga men amin bо‘lganmanki, hassos va jafokash shahzoda “an’anaviy” axloqchilikka ham, yakrang fikr-mulohazaga ham qarshi. Atrofdagilarga muhim va ahamiyatli hisoblangan narsalardan aksariyati unga bachkana va ahamiyatsiz; saroy muhitidagi har bir turlanish va tuslanish, har bir makkorlik va munofiqlik uning ongida azob, idrokida iztirob qо‘zg‘aydi. Shu uchun ham fikr va mushohadada Hamlet faoldir.
Bir qator olim va tadqiqotchilar о‘sha davr hayotining bо‘g‘iq, tuban va dahshatli tomonlari – sotqinlik, birodarkushlik, amalparastlik; xalq о‘rtasidagi aloqalarning buzilib ketishi Hamletning dunyodan sovishiga sabab bо‘lganini aytishgan. Umuman olganda, bu gapni ma’qullash mumkin. Hamlet dunyoqarashi va xarakteriga teranroq nigoh tashlansa, oxirgi nafasigacha u hayotdan yuz burmaganligi, aksincha, hayotni bulg‘agan, uning tabiiy, muqaddas haqiqatlarini oyoqosti qilganlardan bezganligi ma’lum bо‘ladi. Hayot yaramas, hayot dog‘uli degan aqida yо‘q Hamletda. Asosiy maqsadi, sо‘ngsiz hasrati uning hayotni, jamiyat va muhitni inson qavmi javr-jafolari – xoru zorlik, adolatsizlik, jinoyatkorlik, gunohkorlik va hayvonlikdan har qalay tozalash. Inson qiyofasidagi shaytonlarga qarshi Hamlet о‘zicha jangga kirishadi. Hissiyot, ehtiros, g‘azab “lashkari”ni bu jangda oldinga chiqarish yoki tushkunlikka berilish g‘anim foydasiga xizmat qilishini u hisobga olmaydi. Insof bilan aytganda, Hamletning buyukligi isyonkorligida edi. G‘animlar ham qо‘l qovushtirib о‘tirmasdan, eng avvalo, shu isyon о‘tini о‘chirishga intilishadi.
Hamlet – behad murakkab, zidddiyatli Shaxs. Uning aql va fikr hayotini yaxshiroq bilay desangiz, tuyg‘u, kechinma va holatlarini nazardan qochirasiz. Kо‘ngil ahvolini bundoq kuzatmoq bо‘lsangiz, ruhidagi evrilish, mistik mushohadasidagi sirni ilg‘olmay qolasiz.
Hamlet tuyg‘u, ehtiros, xayol kishisiday kо‘rinsa-da, u tadqiqchi, realist, rostgо‘y. Ofeliyaning “Zaharsiz, shahzodam, zaqqumsiz”, degan ta’nasi asosli – Hamletning tili achchiq. Sо‘zlari qilichday keskir. Uning fikr-tuyg‘ularini ifodalash tarzidan chо‘chigan tadqiqotchilar ham bо‘lgan. “Hozir halol kishi degani о‘n mingdan bittasi bо‘ladi” deydi u. Yuz mingga – о‘n, millionga – yuzta halol va diyonatli kishi tо‘g‘ri kelsa, bunday jamiyatning jahannamdan nima farqi bor?
Boshqalarni yaxshi bilishi uchun inson, avvalo, о‘zini bilmog‘i zarur, degan tushuncha bizda keng tarqalgan. Bu esa ayni paytda о‘zingda о‘zgalarni kо‘rish degani. Hamletda buning teskarisi. Uningcha, “birovni yaxshi bildingmi, bas, о‘zingni ham yaxshi bilasan”. Bu “tajriba”dan qaysisi о‘ng‘ay va afzal? Bizningcha, ikkinchisi. Negaki, boshqalar bilan bog‘lanish, о‘zni qiyoslash, kо‘pchilikka xos fazilat yoki axloqiy illatlarning “manba”sini aniqlash keyingisida bir muncha oson kо‘chadi. Chunonchi: “U kim?” degan savol ayni paytda “Men kimman?” degan savolni unutmaslikni ham talab etadi.
Ozrik ismli bir kimsa haqida Hamletning gapini eshiting: “U ehtimolki, onasining kо‘kragini ham xushomadlar bilan og‘ziga olgandir. Hozirgi xotinmijozlarning hammasi ham shunaqa. Ular yurish-turish, odob-nazokatning faqat tashqi tomonlarini egallab olishganlari uchun behad-behisob did va mayllar girdobida yuzaga qalqib chiqishadi, ammo bir puflasang, bas, pufakdek yorilib, g‘oyib bо‘lishadi”.
Odam ham shuncha uzoqni kо‘rib, tо‘xtovsiz urchiydigan marazlikni shuncha oldindan ta’riflashi mumkinmi? Bizningcha, bu о‘rinda avvalo Shekspirga tan berish kerak. Qaysidir bir ma’noda, Hamletda – Shekspir, Shekspirda – Hamlet yashaydi. Ayrim tushuncha va xususiyatlar Hamletga mansubmi yo Shekspirga – buni ba’zan ajratolmaysiz. Raqiblardan biriga Hamlet bunday deydi: “Siz meni о‘z maqomingizga solib chalmoqchi bо‘lasiz. Mening pardalarimni bosaman deb о‘ylaysiz... Barcha past-baland pardalarim sizga gо‘yo besh panjaday ayon... Meni cholg‘u deb atashingiz, buzishingiz mumkin. Lekin chalolmaysiz”. Hamlet singari Shekspirning “cholg‘uvchi”si ham о‘zi bо‘lgan. Negaki, dunyoda favqulodda siyrak uchraydigan Shekspir kabi zotlarning «Men»iga daxl qilish mumkin emas. О‘zi harakatga tushmasa, о‘zi ohang taratmasa, о‘zi maydonga chiqmasa, ularga qо‘l chо‘zish, ularni “chalishga” urinishdan hech foyda chiqmaydi. Demak, “Hamlet – bu Shekspir”, deyilishi ham uncha e’tirozlimas.
***
Olmon faylasufi F.Nitshe “Dunyoni optimistlar emas – pessimistlar qutqazadi”, deydi. Nimadan yoki kimdan? Buni Nitshe ochiq-oydin aytmagan. Nazarimizda, u riyo, yolg‘on, ojizlik “lashkar”larini kо‘zda tutgan. Hamletdagi “badbinlik”da ham shiddatli bir xaloskorlik kayfiyati bor.
Uningcha, insondagi hamma yomon sifatlar – tamagirlik, xushomad, olchoqlik, korchalonlik va boshqalar – о‘zni kamsitish va ixtiyoriy ravishda о‘zni tahqirlash hisoblanadi. Qismat unga “arslon qudratini” baxsh aylaganiga inonganidan Hamlet axloqiy-ma’naviy tanazzulni tо‘xtatsa bо‘ladi, deb о‘ylaydi. Lekin hayot uni shunday achchiq haqiqatlarga yuzlashtiradiki, insonning fe’l-atvori, ijtimoiy, madaniy qiyofasini о‘zgartirish muammolarning eng muammosi ekanini u tan olishga majbur bо‘ladi. Shunda ham Hamlet inson haqidagi oliy tushuncha va iqrorlaridan chekinmaydi. Hamletning mutafakkirligi ham ana shunda. “Sо‘nggi paytlarda negadir butun xushchaqchaqligim va mashg‘ulotlarga bо‘lgan ishtiyoqimni yо‘qotib qо‘ydim, – deydi u. – Shu qadar shikastamanki, shu koinot gulshani, shu kurrai zamin kо‘zlarimga unumsiz, tap-taqir bir qoya bо‘lib kо‘rinadi, samovotga tutashgan mana shu cheksiz havo chodiri, zarrin shu’lalar bilan muzayyan ana shu shohona gumbaz nazarimda, qо‘lansa va zaharli bug‘larning yig‘indisidir, xolos. Tabiatning qanday ajoyib xilqatidir inson! Uning zakovati qanchalar baland! Layoqati naqadar cheksiz! Suvrat va siyrati naqadar mumtoz va mukammal! Turish-turmushi farishtalarga naqadar yaqin! Nazar-nihoyati Tangri taologa qanchalar qarin! Olamning ziynati! Tamomi tiriklikning toji davlati...”
Modomiki shunday ekan, Hamletning odamlardan nima uchun hafsalasi pir bо‘ladi? Ofeliyadan ham sovib, о‘limga – bila turib, nega ajalga quchoq ochadi? Hayot va mamot masalasini u о‘zicha shunday hal qilgan edi:
Yo hayot, yo mamot: masala shundoq.
Joizmikin ul jobiru jabbor falakning
Jafosiga har daqiqa chidasa yurak?
Yo balolar dengiziga kо‘ndalang bо‘lib,
Koyishlaru tashvishlarga chek qо‘ymoq kerak?
О‘lish. О‘zni unutish. Bas, tamom – vassalom:
Ruhiy iztiroblar, tanning azoblariga
Bilamizki, chegaradir shu og‘ir uyqu...
Bu fikrlarni har kim har xil qabul qilishi, aql va tafakkur darajasiga qarab turlicha izohlashi yoki baholashi tabiiy.
Kimdir “Bu – g‘irt ojizlik!” der. Boshqa birov “Bu – kasalmand xayol hukmi”, deb aytar. Yana kimdir bundan ham keskinroq gapirar. Hamlet esa bunday e’tiroz va aybnomalarga “Odamning eng birinchi vazifasi va oliy burchi – Odam bо‘lish”, degan javob bilan kifoyalanardi. Uning о‘zidan ham, о‘zgalardan ham asosiy talabi shu. Ixtilofga tub sabab ham mana shu.
Sharqda aql – aqli kull, aqli juz – ulug‘ aql va kichik aql deya ikkiga ajratilgan. Aqli kullga – ilohiy aql, aqli juzga – aqli maosh, turmush va tirikchilik tashvishlaridan chetga chiqolmaydigan aql ham deyilgan. Bashariyatning asosiy qismi hamisha past bosqichdagi aqli juz boshqaruvida kun о‘tkazgan. Bu aql odamni moddiy olamga bog‘lab, parchinlab tashlashi bois о‘zining tor, biqiq chegarasidan narini kо‘rish, shahodat dunyosidan yiroqroqdagi hodisa va haqiqatlar mushohadasiga izn bermagan. Va ma’rifat, ishq kashf qilgan narsalarni yolg‘onga chiqarib, inkor qilgan. Holbuki, faqat suratni kо‘rib, yolg‘iz zohirga suyanib, haqiqat deyish – bu tinimsiz zaylda shayton ishini takrorlashning xuddi о‘zi. Agar Iblis Hazrati Odamning tuproqdan yaratilgan vujudini kо‘rish bilan cheklanmasdan, uning ruhi, diniy salohiyatini ham anglay bilganda edi, balki, Haqning qahr va la’natiga yо‘liqmasdi. Hech shak-shubha yо‘qki, Hamlet “Hammamizni qо‘rqoq qilib qо‘yar tafakkur, Noqis aql sochgan о‘sha xira shu’ladan, Azmu qaror rangi о‘chib, bо‘zrayib qolur...”, deganda aqli juzdan yuzaga keladigan avboshlik, zulm, munoqasha va maydakashliklarga diqqatni qaratgan.
Mashhur “Utopiya” kitobining muallifi angliyalik Tomas Mor zolim hukmdor tо‘g‘risida bahs yuritib, “О‘zgalar oh-voh chekib yig‘layotgan bir paytda dabdaba va huzur-halovatda kun kechirish – bu davlatga emas, zindonga qorovul bо‘lish demak”, deb ta’kidlaydi. Hamlet esa “Daniya – zindon” deydi. Rozenkratsning “Unda butun dunyo – zindon”, degan fikriga javoban aytadiki, “Balli, kо‘plab qamoqxonalari, chohlari bо‘lgan g‘aroyib bir zindon, lekin eng quling о‘rgilsini – shu Daniya”.
Hamlet haqlimidi shunday deyishga? Ha, haqli edi. Daniya davlati qotil qirol qо‘liga о‘tgan. Uning butun fikru zikri jinoyatni bekitish, Hamletni avrab-aldab, о‘rtadan yо‘qotish. Ahli saroy shu telbasifat hukmdor kо‘nglini ovlash, farmoyishini bajarish bilan ovora. Xalq eziladimi, ingraydimi, о‘lib yo tiriladimi – bu bilan birovning ishi yо‘q. Hamletni mana shu dahshatga soladi. Zulm va razolat zanjiridagi Daniya uni behad bezdirib, ezib yuboradi. Hamlet bir vaqtlar: “Zamon izdan chiqdi, o, bu mash’um bir alam, Uni izga solmoq uchun tug‘ilgandayman”, deb о‘ylagan bо‘lsa, nihoyat hammasidan charchaydi. Hamma-hammasiga qо‘l siltaydi: hatto sevgilisiga ham.
Izdan chiqqan zamonasini Hamlet izga sololmaydi. Murod-maqsadiga erisholmaydi. Ammo u mag‘lub ham emas edi. Tafakkur va vijdonda, tо‘g‘rilik va haqiqatda yengilmagan Shaxsni mag‘lub deyish noinsoflik. Shu ma’noda Hamlet g‘olib edi. Muzaffar edi. Muhabbatda ham shahzoda yо‘lni tо‘g‘ri tanlay bilgandi.

ADABIYOTLAR



  1. Шекспир В. Танланган асарлар. 3 жилдлик 1-жилд. Ҳамлет (Жамол Камол таржимаси). – Тошкент, Фан, 2008.

  2. Ҳаққул И. Шекспир машъали / Ижод иқлими. – Т.: Фан, 2011.

  3. Saidоv A. 11 frantsuz yurist-adiblari. – T.: “Yangi asr avlоdi”, 2013.

  4. Saidоv A. Dantе – yurist. – T.: “Adоlat”, 2011.

  5. Saidоv A. Shеkspir va yurisprudеntsiya. – T.: “O‘zbekiston”, 2011.

  6. Роман Бевзенко,кандидат юридических наук, Вадим Белов, доктор юридических наук https://zakon.ru/blog/2014/3/29/j_koler_shekspir_s_tochki_zreniya_prava_spb_1899
  7. . Польяков Андрей. Шекспир и право https://www.advgazeta.ru/mneniya/shekspir-i-pravo/



1 Шекспир ва ҳуқуқ мавзусига қизиқувчилар юридик фанлари доктори, проф. А. Саидовнинг “Шекспир ва юриспруденция” – Т.: Ўзбекистон, 2011. китоби, шунингдек, https://www.advgazeta.ru/mneniya/shekspir-i-pravo/ https://zakon.ru/blog/2014/3/29/j_koler_shekspir_s_tochki_zreniya_prava_spb_1899) электрон манзиллардан маълумот олиши мумкин.





2 Мақола қисқартириб олинди. Ҳаққул И. Шекспир машъали / Ижод иқлими. – Т.: Фан, 2011.

Download 43,76 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©www.hozir.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling

kiriting | ro'yxatdan o'tish
    Bosh sahifa
юртда тантана
Боғда битган
Бугун юртда
Эшитганлар жилманглар
Эшитмадим деманглар
битган бодомлар
Yangiariq tumani
qitish marakazi
Raqamli texnologiyalar
ilishida muhokamadan
tasdiqqa tavsiya
tavsiya etilgan
iqtisodiyot kafedrasi
steiermarkischen landesregierung
asarlaringizni yuboring
o'zingizning asarlaringizni
Iltimos faqat
faqat o'zingizning
steierm rkischen
landesregierung fachabteilung
rkischen landesregierung
hamshira loyihasi
loyihasi mavsum
faolyatining oqibatlari
asosiy adabiyotlar
fakulteti ahborot
ahborot havfsizligi
havfsizligi kafedrasi
fanidan bo’yicha
fakulteti iqtisodiyot
boshqaruv fakulteti
chiqarishda boshqaruv
ishlab chiqarishda
iqtisodiyot fakultet
multiservis tarmoqlari
fanidan asosiy
Uzbek fanidan
mavzulari potok
asosidagi multiservis
'aliyyil a'ziym
billahil 'aliyyil
illaa billahil
quvvata illaa
falah' deganida
Kompyuter savodxonligi
bo’yicha mustaqil
'alal falah'
Hayya 'alal
'alas soloh
Hayya 'alas
mavsum boyicha


yuklab olish