1-mavzu: adabiyotshunoslik va uning dolzarb masalalari reja



Download 36,07 Kb.
bet1/4
Sana23.01.2022
Hajmi36,07 Kb.
#404243
  1   2   3   4
Bog'liq
1-mavzu


1-MAVZU: ADABIYOTSHUNOSLIK VA UNING DOLZARB MASALALARI

Reja:


  1. Adabiyotshunoslik kursining maqsad va vazifalari.

  2. Adabiyotning o‘ziga xos xususiyati.

  3. Adabiyotshunoslikning yangi bosqichi.

  4. Adabiyotshunoslikning yetakchi tamoyillari.

  5. Oʻzbek adabiy-estetik tafakkurining jahon madaniyatida tutgan oʻrni.


Tayanch tushunchalar: adabiyot nazariyasi, ommaviylik, matnshunoslik, manbashunoslik, badiiylik, ob’ekt, sub’ekt, mazmunidagi salmoqdorlik, mazmun va shakl, ijtimoiy muammolar, adabiy jarayon, adabiyot va san’atning o‘zaro aloqadorligi, musiqa, rasm, raqs, kinofilm bilan bog‘liqligi, adabiyotning ijtimoiy vazifa (vazifasi).

Badiiy adabiyot ko‘pincha boshqa adabiyotlardan farq etilmay, «adabiyot» termini, umuman ko‘pchilikning o‘qishi uchun yaratilgan asarlar ma’nosida ishlatilar edi. Dunyodagi bir qancha xalqlar tilida literature (literatura) termini bilan ifoda etilayotgan bu tushuncha aslida lotincha littera (littera), ya’ni «harf» so‘zi asosida tuzilgandir. O‘zbek tilidagi «adabiyot» so‘zi aslida «adab» so‘zidan yasalgan bo‘lib, kishilarga yaxshi hulq va umuman, hayotni to‘g‘ri tushunish maqsadida yozilgan asarlarni ko‘zda tutar edi.

Adabiyot ijtimoiy ongning shakllaridan yoki sohalaridan biridir. Shu bilan birga,xalq fikrining o‘ziga xos bir ifodasidir. Bu o‘ziga xoslik Shundan iboratki, tabiiy yoki ijtimoiiy fanlardan farqli o‘laroq, adabiyot san’at sohasiga mansubdir. San’atning boshqa turlari (musiqa,rasm,raqs, kinofilm...) kabi adabiyot bizni fikrimizni, hayot haqidagi tushunchalarimizni boyitadigan emas, balki chuqur emotsiyalar (his-hayajon) ham uyg‘otadi: u bizni hayajonga soladi, quvontiradi, g‘azab yoki xayrixohlik xislarini uyg‘otadi. Aristotelning « Poyetika» sida qayd etilgandek, san’at va adabiyot kishini ruhan «tozalash» kuchiga egadir. Adabiyot ijtimoiy ongning badiiy shakldagi ifodasidir. Adabiyotning asosiy quroli - tildir. Chunki so‘z, til umuman ijtimoiy ongning qurolidir (tabiat fanlarining vakili ham, ijtimoiy fanlar mutaxassisi ham o‘z fikrlarini, badiiy adabiyot vakili - Yozuvchidek, so‘z orqali ifoda etadi). Adabiyot - ijtimoiy ongning so‘z orqali badiiy ifodasidir.

Aslida yozuvchilik o‘zi talantli odamda boshqalarning xayoliga kelmagan, ammo hamma uchun juda muhim bo‘lgan g‘oyalarning tug‘ilishidan va Shu g‘oyalarni mumkin qadar ko‘proq kishilar ongiga uyetkazish ehtiyojini sezishdan, bu ehtiyojni talantga tinchlik bermasligidan boshlanadi.

«Adabiyot» termini uzoq muddat mobaynida izlanishlar natijasida yuzaga keldi. Adabiyotning eng muhim xususiyati ommaviylikdir.

Adabiyotning ikkinchi xususiyati uning ma’lum shaxslar,jamiyat egalari tomonidan yaratilishidir. Adabiyotning uchinchi xususiyati badiiylikdir, ya’ni hayotning unda obrazlar orqali aks etishidir.Adabiyot nazariyasi haqida dastlabki ilmiy-nazariy fikrlar ham dastlab O‘rta Osiyo mutafakkirlarining asarlarida paydo bo‘lgan.

Abdurauf Fitrat: «San'at lug`atda hunar demakdirkim, bir narsani yaxshi ishlab chiqarishdan iboratdir» - deb yozgan edi. Bir qarashda Fitrat «san'at» so`zining ma'nosini, san'atning mohiyatini jo`nlashtirayotgandek ko`rinishi mumkin. Biroq e'tibor qilinsa, olim «yaxshi» so`ziga ayricha urg`u berayotgani, unga juda katta ma'no yuklayotgani anglashiladi. Xo`sh, ko`chirmadagi «yaxshi» so`ziga qanday ma'nolar yuklangan? Darhaqiqat, tilimizda ishlatiluvchi «san'at» so`zining ma'no qirralari ancha keng. Masalan, «rassomlik san'ati», «kulollik san'atini egallamoq», «yuksak san'at bilan ishlangan» kabi birikmalarning har birida «san'at» so`zi turli ma'no qirralarini ifodalaydi. Shunga qaramay, ularda «san'at» so`zi ifodalayotgan ma'no qirralarini birlashtiruvchi umumiy nuqtalar mavjudki, bu mazkur so`zning har uchala holda ham «go`zallik», «mahorat», «did» tushunchalari bilan bog`liqligidir.

«San'at» so`zi jonli tilimizda nechog`li keng ma'noda qo`llanmasin, tabiiyki, bizni uning lug`aviy ma'nosi emas, istilohiy ma'nosi qiziqtiradi. Istilohiy ma'noda san'at deganda insonning go`zallik qonuniyatlari asosida borliqni badiiy o`zlashtirish(va o`zgartirish)ga qaratilgan yaratuvchilik faoliyati hamda uning natijasi o`laroq vujudga kelgan narsalar jami tushuniladi. Demak, bu ma'noda tushunilsa, go`zallik qonunlari asosida mahorat va did bilan yaratilgan narsalarning hammasi san'atga aloqadordir. Shu bois ham biz «amaliy san'at» va «badiiy (nafis) san'at» turlarini ajratamiz. Amaliy san'at turlariga kulolchilik, naqqoshlik, kashtachilik, zardo`zlik, modelerlik kabi qator sohalarni kiritsak, badiiy san'atlarga rassomlik, musiqa, haykaltaroshlik, kino, teatr kabilarni mansub etamiz. Modomiki biz keng ma'nodagi «san'at» ichida amaliy va badiiy san'at turlarini ajratar ekanmiz, ularning umumlashtiruvchi va farqli jihatlari bo`lishi lozim. Bu o`rinda umumlashtiruvchi jihat shuki, har ikkisi ham go`zallik qonunlari asosida did va mahorat bilan yaratiladi. Farqli jihatlariga kelsak, ulardan eng muhimi shuki, amaliy san'at mahsuloti insonning moddiy ehtiyojlarini qondirishga xizmat qilsa, badiiy san'at namunalari insonning ma'naviy-ruhiy ehtiyojlarini qondirishga qaratilgandir. Demak, amaliy san'at mahsuloti insonning kundalik turmushda foydalanishini ko`zda tutadi, ayni paytda unga zavq beradi. Masalan, kulol ishlagan piyola qanchalik nafis va go`zal bo`lmasin, biz unda choy (umuman, ichimlik) ichamiz. Mohiyat e'tibori bilan nafis ishlangan piyola ham, jo`n piyola ham amaliy foydaliligi jihatidan teng. Biroq nafis ishlangan piyola kishining choy ichishiga vosita bo`lishidan tashqari unga zavq ham beradi, kayfiyatini ko`taradi. Shunday bo`lsa-da, zavq bag`ishlashlik piyolaning ikkilamchi funksiyasi. Demak, amaliy san'at mahsulotining qimmati birinchi navbatda amaliy jihatdan foydaliligi bilan belgilanadi. Endi qiyos uchun, masalan, qadim yunon haykaltaroshi yaratgan biror bir haykalni olaylik. Haykalni yaratar ekan yunon undan amalda foydalanishni ko`zda tutgan emas. Aytaylik, u o`zi topingan ma'budlardan birining haykalini yaratdi. Haykaltarosh o`sha ma'budni avvalo o`zining tasavvurida yaratdi, ijodiy fantaziya quvvati bilan tasavvur qila olgani obrazda — qotirib qo`yilgan lahzada ma'budining go`zalligi, qudrati, mehri-yu qahrini ko`ra oldi, undan zavqlandi, hayratlandi, unga topindi va ayni shu holatni toshda yo`nib muhrladi. Haykalni ko`rar ekan tomoshabin o`sha zavqni, hayratni o`ziga yuqtiradi, haykaldan boshqa maqsadda foydalanishni o`ylamaydi ham. Ko`ramizki, haykal boshqa bir odamning zavqi-yu hayratini boshqa odamga ko`chirdi, uning ruhiyatiga oziq berdi.

Maʼnaviy-madaniy merosni tahlil va tadqiq etish, hozirgi adabiy jarayon hodisalarini tanqidiy oʻrganish, oʻzlashtirish, estetik baholash adabiyot ilmining asosini tashkil qiladi. Mazkur ustuvor yoʻnalishlar qatorida, yana adabiyot nazariyasi, poetika, sheʼrshunoslik, matnshunoslik, manbashunoslik, xalqaro adabiy aloqalar va adabiy taʼsir masalalari, folklorshunoslik, mumtoz adabiyot tarixi, tarjimashunoslik, adabiy-estetik, badiiy-falsafiy tafakkur takomili, muayyan bosqichlardagi dinamikasi, qomusiy izohli adabiy terminlar lugʻatlarini yaratish, bibliografik koʻrsatkichlar tuzish singari soha-yoʻnalishlari ham adabiyot ilmining tarkibiy qismini belgilaydi. Ular adabiyotshunoslikning alohida fan tarmoqlari tariqasida ilmimizning sajiya-salohiyatidan, har bir takomil bosqichidagi holatidan, miqyosi va darajasidan voqif etadi.

Maʼlumki, ijtimoiy-siyosiy, falsafiy tizimlarning oʻzgarishi, avvalo, dunyoqarashlarning oʻrin almashuvidir. Bu, shubhasiz, yangi tushunchalar, talqinlar, tasavvurlar silsilasini yuzaga keltiradi. Bu – dunyo shevalarini, inson va jamiyat munosabatlarini, ijtimoiy voqelikni yangicha idrok qilayotgan eʼtiqodning shakllanishi, oʻzligini namoyon etishi demakdir. Mustaqillik asnosida, umumbashariy qadriyatlarga tayangan, goʻzallik-ezgulik-adolat prinsiplariga asoslangan adabiyot ilmi qaror topdi; yangi-yangi talqin va tahlil metodlari, usullari bilan oʻz imkoniyatlarini kengaytirib bormoqda, ildiz otib, palak yozmoqda. Bu borada, Prezidentimiz Islom Karimovning “Istiqlol va maʼnaviyat”, “Yuksak maʼnaviyat – yengilmas kuch”, “Adabiyotga eʼtibor – maʼnaviyatga, kelajakka eʼtibor” asarlarida ilgari surilgan ijtimoiy-falsafiy, adabiy-estetik nazariy gʻoyalar adabiyotshunosligimiz uchun ham metodologik asos vazifasini oʻtamoqda.



Birinchidan, adabiyotshunoslikda badiiy asarlarni gʻoyaviy-tematik tahlil qilishga butkul chek qoʻyildi. Adabiy asar mazmunini badiiy qadriyat, ijodkor izlanishlarini maʼnaviy-intellektual qadriyat, adabiy jarayonni esa, hamisha harakatdagi goʻzallik hodisasi, badiiyat tarixi tariqasida oʻrganish tamoyili qaror topdi. Shu maʼnoda, xoh adabiyot tarixi, xoh madaniy-diniy meros, xoh bugungi kun adabiy hayoti hodisalari oʻrganilgan, nazariy umumlashtirilgan tadqiqotlarda, ilmiy asarlarda yaxlit bir konsepsiya yetakchilik qilmoqda. Xususan, badiiy barkamol asar fenomeni nafaqat ijodkor shaxsiyati va dunyoqarashining, shuningdek, oʻzi yaratilgan ijtimoiy-maʼnaviy sharoit bilan jamiyatning ham maʼlum darajadagi koʻzgusidir, degan falsafiy-estetik nuqtai nazardir.

Xususan, akademik Azizxon Qayumovning 12 kitobdan iborat saylanma asarlari nihoyasiga yetdi. Ustoz adabiyotshunosning bir umrlik ijodiy izlanishlarini oʻzida mujassamlashtirgan mazkur jildlarda eramizning ilk tongi IV–VII asrlarga mansub tosh bitiglarning badiiy xususiyatlari tadqiq etilgan “Qadimiyat obidalari”dan XIX asr oʻrtalari – XX asr boshlarigacha boʻlgan adabiy jarayon (“XVI asr oʻzbek adabiyoti”, “Qoʻqon adabiy muhiti”, “Hind adabiy sarmanzillari”); ulkan soʻz sanʼatkorlarining adabiy merosi, badiiy-estetik, ijtimoiy-falsafiy, maʼrifiy-axloqiy qarashlari oʻrganilgan (“Xorazmlik ulugʻ alloma”, “Ahmad Fargʻoniy”, “Abu Rayhon Beruniy”, “Abu Ali ibn Sino”, “Amir Temur qissalari”, “Shohruhbek Mirzo”, “Ulugʻbek Mirzo”, “Zahiriddin Muhammad Bobur ijodiyoti”, “Chimyonli shoir Huvaydo”, “Komil Xorazmiy”, “Shoir Furqat”) isteʼdodli asarlari mumtoz adabiyotimiz sarvati va salobatini namoyon etish barobarida, olimning zukko tahlil madaniyatini, ilmiy-nazariy tafakkur darajasini ham tasdiqlaydi.

Ushbu silsilada Alisher Navoiy hayoti va ijod yoʻliga, badiiy mahoratiga, asarlarining ijtimoiy-estetik ahamiyatiga doir, tarixiy-tipologik tahlil asosiga qurilgan tadqiqotlar salmoqli oʻrin tutadi. Akademik Izzat Sultonning qayta nashr etilgan “Navoiyning qalb daftari” asarida ham yangicha nuqtai nazar balqib turadi. Xususan, ijodkor shaxsiyatiga, asarlariga tarixiy-madaniy, intellektual hodisa tariqasida yondashiladi, oʻrganiladi, nazariy umumlashtiriladi.

Ikkinchidan, adabiyot ilmining turli fan sohalari (falsafa, folklor, tarix, falakiyot, tasviriy va amaliy sanʼat, din, kino, teatr, musiqa bilan aloqalari, bir-biriga taʼsir koʻrsatish, taʼsirlanish jarayonlari chuqurlashdi. Shu maʼnoda, estetikaning goʻzallik va xunuklik, fojelik va komiklik, koʻtarinkilik va tubanlik singari kategoriyalarining maʼno ufqlari kengayib ketdi. Endilikda, badiiylik, badiiy shartlilik, badiiy obraz, timsol, ramziylik, muallif shaxsiyati estetikaning universal kategoriyalari sifatida oʻrganila boshlandi. Bir soʻz bilan aytganda, badiiy ijod estetikasi va uning voqelikka, inson ong-shuuriga munosabati, ushbu jarayonning ijtimoiy-falsafiy mazmunini yoritish ustuvorlik kasb etdi. Professor Naim Karimovning “Choʻlpon”, “Maqsud Shayxzoda” maʼrifiy-biografik romanlari bilan “XX asr adabiyoti manzaralari” fundamental tadqiqoti 1-kitobini, professor Umarali Normatovning “Qodiriy moʻjizasi” monografiyasi bilan adabiy-tanqidiy maqolalar, esse, xotira, qayd va suhbatlardan tarkib topgan “Nafosat gurunglari” majmuasini, professor Anqaboy Quljonovning uch jildlik saylanma asarlarini, professor Abdugʻafur Rasulovning “Tanqid, talqin, baholash”, “Badiiylik – bezavol yangilik” adabiy-ilmiy maqolalar, talqinlar, etyudlar, “Betakror oʻzlik” adabiy-tanqidiy maqolalar majmualarini taʼkidlash joiz. Ularda adabiy xarakterning mulki borliq bilan murakkab munosabatlarga kirishuvi, sanʼat asarining betakror, oʻziga xos dunyo ekanligi, undagi soʻz, timsollar aro aloqalar, adabiy avlodlar, badiiy asar va ijodkor fenomeni, soʻz sanʼati jarayonlari hamda muammolari xususida bahs yuritiladi.

Professor Naim Karimovning “Maqsud Shayxzoda” maʼrifiy-biografik romanida shoir, dramaturg, adabiyotshunos olim, tarjimon va pedagog Maqsud Shayxzodaning hayoti, taqdiri haqida zamondoshlarining xotiralari, maxfiy maʼlumotlar asosida, Ozarbayjon, Dogʻiston, Oʻzbekistonda kechgan hayoti sahifalari katta mehr-muhabbat, samimiyat, yuksak ehtiros bilan aks ettiriladi. Siyosiy-mafkuraviy tazyiqlar iskanjasini yorib chiqqan, el-yurt-millat yuragiga yoʻl topgan beqiyos aql-tafakkur ziyolaridan boxabar qiladi. Naim Karimov soʻz sanʼati, ilmiy-badiiy tafakkur madaniyatining bosh vazifasi, bu – insonni maʼnan va axloqan, intellektual jihatdan tarbiyalash, shaxsiyatini maʼrifat shuʼlalari bilan ziynatlashdan iborat, deb biladi. Ushbu konsepsiya Naim Karimov estetik qarashlaridagi maʼrifiy gʻoyalar magʻzini tashkil qiladi. Xususan, Maqsud Shayxzoda tirikligi, hayoti, faoliyati badalida ezgu soʻz vositasida odamlarni ruhoniy goʻzallikka, haqiqatparvarlikka, insonsevarlikka undab yashadi. Uning taqdiri maʼnaviy-axloqiy komillikning benazir timsolidir. Inson shaʼni va shaxsini oyoqosti qilishga qaratilgan diktatura tuzumiga, zulm – yovuzlikka qarshi isyondir. Despotizmga asoslangan shoʻro tuzumi inson shaxsini bukishi, tutqunlik asoratiga solishi, ming bir qiynoqlarga giriftor qilishi mumkin. Va, lekin, erkin fikrini, ozod ruhini, adolatli soʻzini qul qilolmaydi, degan maʼrifiy gʻoyalar “Maqsud Shayxzoda” asarining yuksak badiiyatini belgilaydi.

Ana shunday holatlarda ezgu soʻz, adolatli fikr goʻzallikka, hayot haqiqatiga tiklangan haykal misoli muhtashamdir, degan maʼrifiy maʼnolar olim estetik qarashlarining ustuvor yoʻnalishini tashkil etadi. Odamlarni, jamiyatlarni axloqiy-aqliy kamol topdirish adabiyotning va, demakki, badiiy soʻz sanʼatining bosh maqsadidir, degan maʼno Naim Karimov asarida balqib turgan yana bir fazilat.

Professor Abdugʻafur Rasulovning “Betakror oʻzlik” asari adabiy-tanqidiy maqolalardan tarkib topgan. U Abdulla Qahhor (“Abdulla Qahhor universiteti”, “Saralar sandigʻidagi roman”, “Sarob”da yozuvchi mahorati”, “Badiiy tasvir vositalari”, “Sarob”da psixologik tasvir”), Rahmat Fayziy (“Hazrati inson yodi”), Pirimqul Qodirov (“Zamon sanʼatkor talqinida”), Oʻlmas Umarbekov (“Asarlari yashayaptiki…”), Xudoyberdi Toʻxtaboyev (“Gʻaroyib saltanat”, “Betakror uslubning kashf etilishi”, “Hoshimjon. Sehrli qalpoqcha. Sariq dev”, “Akrom bilagʻon Hoshimning doʻsti, Garri Poterning ogʻasi”, “Shoʻrpeshona Orifjon”, “Mangu muammo”), Tursunboy Adashboyev (“Ijodiy oʻzlik sari yoʻl”) badiiyati chizilgan, Homil Yoqubov (“Tanqid maydonida turish mashaqqati”), Ozod Sharafiddinov (“Ozod Sharafiddinovni anglash”), Ibrohim Gʻafurov (“Munavvar siymo”) singari adabiyotimiz ilmining yorqin siymolari ijodiy qiyofasi yoritilgan kuzatishlari boʻladimi, barchasida badiiy asarning tahlili adabiy-estetik qarashlari bilan uygʻun olib boriladi. Soʻzning adabiy matnda, badiiy asar bagʻrida nechogʻliq katta salohiyat, ijtimoiy-estetik ahamiyat kasb etishi hassoslik bilan tahlil qilingan. Va, eng muhimi, oddiy soʻz estetik mazmunga aylanish jarayonida umumbashariy qadriyat maqomiga ega boʻladi, degan qonuniyatni asoslashga erishadi.



Uchinchidan, keyingi yillar adabiyotshunosligimizda namoyon boʻlgan yetakchi tamoyillardan yana biri – bu oʻzbek adabiyotining yetuk badiiyat namunalarini jahon kontekstida tahlil qilishda koʻzga tashlanmoqda. Jahon badiiyati tarixini yaratib kelayotgan asarlar bilan muqoyasada izchil, qatʼiy yoʻnalish kasb etadi. Qiyosiy adabiyotshunoslik, adabiy taʼsir va xalqaro adabiy aloqalar yoʻnalishida tipologik, tarixiy-analitik tahlil metodlari asosida qutlugʻ samaralarga erishilmoqda. Bu jihatdan taniqli adabiyotshunos Pariza Mirzaahmedovaning rus tilidagi “Klassika va zamonaviylik adabiy aloqalar yoʻnalishida” (“Klassika i sovremennost v aspekte vzaimodeystviya”) monografiyasi hamda “Chingiz Aytmatov va zamonamizning madaniyatshunoslik masalalari” asari, Pariza Mirzaahmedova masʼul muharrirligida chop etilgan “Adabiy aloqalar milliy adabiyotlar taraqqiyotining manbai tariqasida” (“Vzaimodeystviye kak istochnik obogashʼeniya natsionalnoy literaturiʼ”) jamoaviy tadqiqoti, adabiyotshunos Ulugʻbek Saidovning “Sharq va Gʻarb: madaniyatlar tutashgan manzillar”, “Globallashuv va madaniyatlararo muloqot” monografiyalari, Murod Ibrohimov (marhum)ning “Adabiyot – mening borligʻim” tadqiqot va maqolalar kitobi ushbu yoʻnalish takomilida salmoqli oʻrin tutadi. Adabiyotshunos olima Muhabbat Sharafiddinovaning “XX asr oʻzbek nasri jahon adabiyoti kontekstida” monografiyasi, isteʼdodli adabiyotshunos Zamira Qosimovaning rus tilidagi “Milliy va jahon adabiyoti anʼanalari nuqtai nazaridan zamon va inson konsepsiyasi: A. Fitrat, A. Qodiriy, Choʻlpon asarlari misolida” nomli doktorlik dissertatsiyasi, yosh adabiyotshunos Dilshoda Ibrohimovaing nemis tilida yozilgan va rus tiliga oʻgirilgan “Xildenbrand haqida qoʻshiq asari, uning sharqona va gʻarbona mushtarak xususiyatlari (Matn strukturasi, qiyosiy tahlil muammolari)” mavzuidagi tadqiqoti xalqaro adabiy aloqalar borasida jiddiy samaralarga erishilayotganining dalolatidir.

Adabiyotshunos Ulugʻbek Saidovning “Sharq va Gʻarb: madaniyatlar tutashgan manzillar” tadqiqotidan oʻrin olgan: “Fitrat va Milton yoxud oʻzgani tanish orqali oʻzlikni anglash”, “Attor va Gʻarb falsafasi”, “Umar Xayyom va Dante falsafasida inson talqini”, “Tarixiy xotira va milliy oʻzlikni anglash”, “Barkamol avlod tarbiyasi – milliy yuksalish omili”, “Erkinlik gʻoyasi takomili” kabi fasllar falsafiy adabiyotning umumbashariy mohiyati toʻgʻrisida, oʻtkinchi davrning azaliy va abadiy ziddiyatlari izdihomida inson tafakkurining maʼnaviy-intellektual qadriyatlar, madaniy tarix yaratishi xususida bahs yuritadi.

Adabiyotshunos Murod Ibrohimovning “Adabiyot – mening borligʻim” kitobidan oʻrin olgan “Rus adabiy-nazariy tafakkur tarixiga doir (XX asrgacha)” tadqiqotida olim jahon estetikasida muayyan bosqichni tashkil qilgan davriy hodisani yoritadi. Lomonosov, Belinskiy, Chernishevskiy kabi mutafakkirlar adabiy-estetik qarashlarini tadqiq etadi. Bu borada, “Realistik sanʼat qonuniyatlari”, “Goʻzallikning falsafiy-estetik talqini”, “Real tanqid va ijodkor dunyoqarashi”, “Xalqchillik nazariyasining mukammallashtirilishi”, “Adabiyotshunoslik sohalari aro sintezlashuv” singari boblar yuqori ilmiy-nazariy saviyasi bilan ajralib turadi.

Professor Muhammadjon Xolbekovning xalqaro adabiy aloqalar borasidagi salmoqli risola va monografiyalari (“Oʻzbek adabiyoti Fransiyada”, “Oʻzbek-fransuz adabiy aloqalari”) jamoatchilik nazariga tushgan edi. Keyingi yillarda taniqli olimning “Amir Temurning Yevropa qirollari bilan yozishmalari”, “Alisher Navoiy asarlari fransuz tilida” risolalari, “Jahon adabiyotida umuminsoniy tamoyillar” tadqiqoti ushbu yoʻnalishda yanayam sobitqadam izlanishlar olib borayotganligini tasdiqlaydi.

Bir-biridan uzoq hududlarda joylashgan xalqlar badiiy madaniyatining oʻzaro aloqalari, adabiyotlarning biri ikkinchisiga taʼsiri, aks taʼsirlanish jarayonlari milliy maʼnaviyatlar taraqqiyotini belgilash barobarida jahon adabiyotining ham sifat-mazmun jihatdan yangi takomil bosqichini tayin etadi, degan nuqtai nazar professor Muhammadjon Xolbekov tadqiqotlariga alohida fayz bagʻishlaydi; ilmiy xulosalarining yangiligini, nazariy salmogʻini koʻrsatadi. Ushbu hodisaning tabiiy va qonuniy hosilasi tariqasida milliy ruhga tayangan bashariy qadriyatlarning yuzaga kelishi, shubhasizdir, deydi professor Muhammadjon Xolbekov.

Toʻrtinchidan, oʻzbek adabiy-estetik tafakkurining jahon madaniyatida tutgan oʻrni, ijtimoiy-falsafiy qadri, ahamiyatiga oid tadqiqotlar ham alohida yoʻnalish kasb etdi. Bu – istiqlol yillari adabiyotshunosligimiz erishgan qutlugʻ samaralar sirasidandir.

Sharqning badiiy-falsafiy, maʼnaviy ummonidan bahramand boʻlgan sanʼatkorlar jahon madaniyati tarixida nihoyatda koʻp. Ular qatorida Ovrupo tarixida muqaddas Qurʼon oyatlaridan taʼsirlanib asar yaratgan, ilohiy hikmatlarni kashf eta olgan ijodkorlar ham bor. Gyotening “Gʻarbu Sharq devoni”, Pushkinning “Qurʼondan iqtibos” sheʼriy turkumi fikrimiz dalilidir. Adabiyotshunos D. Qambarovaning “Qurʼon baxsh etgan ilhom” monografiyasida Pushkinning “Qurʼondan iqtibos” asari Qurʼonning arabiy matni, ruscha tarjimasi va Gyotening Qurʼon taʼsirida yozgan sheʼrlari bilan qiyosiy tahlil qilingan.



Adabiy aloqa va taʼsir masalalari ijodkorlarning ongi-dunyoqarashidagi evrilishlar, badiiy asarlari poetikasi bilan bogʻliq kechishiga oid ilmiy ishlar ham nufuzlidir. Bu borada, R. Vohidov, M. Hoshimovaning “Adabiy qardoshlik sarhad bilmaydi”, K. Quramboyevaning “Mirtemir va qaroqalpoq adabiy muhiti” tadqiqotlarini koʻrsatish joiz.

Beshinchidan, istiqlol sharofati bilan qodiriyshunoslik, fitratshunoslik, choʻlponshunoslik alohida fan tarmoqlari sifatida yuzaga keldi, shakllandi. Va, bugungi kunda yangi-yangi tadqiqotlar bilan oʻz hadlarini kengaytirib bormoqda. Oybekning dastlabki tadqiqoti “Abdulla Qodiriyning ijodiy yoʻli” ushbu yoʻnalishga tamal toshini qoʻygan edi. Akademik Izzat Sultonning “Yozuvchi Abdulla Qodiriy haqida” “Ulkan adib saboqlari”, “Abdulla Qodiriyning oʻtgan kunlari” asarlari, “Adabiyot nazariyasi” darsligining asosiy fasllari Abdulla Qodiriy ijodi tahliliga bagʻishlangan; akademik Matyoqub Qoʻshjonovning “Abdulla Qodiriyning tasvirlash sanʼati”, “Qodiriy erksizlik qurboni”, Ahmad Aliyevning “Abdulla Qodiriy”, “Ijod va izlanishlar” asarlari, professor Sobir Mirvaliyevning “Abdulla Qodiriy” tadqiqoti, professor Umarali Normatovning “Qodiriy bogʻi”, “Haqiqat taqozosi” badealari, professor Bahodir Karimning “Abdulla Qodiriy: tahlil va talqin” monografiyasi, Habibullo Qodiriyning “Otam haqida”, “Qodiriyning soʻnggi kunlari” asarlari qodiriyshunoslik takomilida fayzli oʻrin tutadi.

Oltinchidan, tarjimashunoslikda anchadan beri adabiy jarayonni ilmiy-nazariy umumlashtirishga qaratilgan salmoqli tadqiqotlar yaratilmayotgan edi. Professor Ninel Vladimirovaning “XX asr oʻzbek nasri ravnaqi va badiiy tarjima muammolari” (rus tilida) monografiyasi, atoqli adabiyotshunos, zakiy tarjimon Ibrohim Gʻafurovning “Tarjimashunoslik asoslari” oʻquv qoʻllanmasi, Zuhriddin Isomiddinovning “Turkiy epos va tarjima masalalari” monografiyasi tarjimashunosligimiz tarixi va nazariyasini yaratishda salmoqli oʻrin tutadi.

Yettinchidan, hozirgi adabiy jarayon hodisalarini ijodiy shaxsiyatlar maydoni, mahoratshunoslik – badiiyat tarixi, hayotiy hamda ijtimoiy haqiqatlarning sintezi tariqasida nazariy umumlashtirish mayli ildiz otib bormoqda. Bu borada professor Naim Karimov qalamiga mansub “Qurbon Beregin” asarini, professor Umarali Normatovning “Ijod sehri”, adabiyotshunos Ibrohim Gʻafurovning “Hayo – xaloskor”, “Mangu latofat”, “Dil erkinligi” asarlarini, professor Noʻmon Rahimjonovning “Asqad Muxtor poetikasi”, “Tarixiy qissalar haqiqat izlaydi” (hammualliflikda), “Halima Xudoyberdiyeva lirikasi” (hammualliflikda), “Mustaqillik davri oʻzbek sheʼriyati” monografiyalarini, professor Qozoqboy Yoʻldoshevning “Yoniq soʻz”, professor Yoʻldosh Solijonovning “Haqiqatning sinchkov koʻzlari”, professor Hakimjon Karimovning “Adabiyot nazariyasining ilmiy asoslari”, Dilrabo Quvvatovaning “XX asrning ikkinchi yarmi oʻzbek poemachiligida janr va uslub rang-barangligi”, Tohir Shermurodovning “Jozib izhor izlab” kitoblari, oʻnlab olimlarning risolalari, monografik tadqiqotlari ilmiy-adabiy jamoatchilik eʼtiborini tortdi.

Taniqli adabiyotshunos, yozuvchi, tarjimon Ibrohim Gʻafurov ikki jilddan iborat asarlarining yuksak ilmiy-nazariy, badiiy saviyasini alohida taʼkidlash joiz. “Hayo – xaloskor” kitobiga keyingi yillarda yozilgan mansuralari, mumtoz adabiyot, mumtoz siymolar, mumtoz tarix yoʻlidagi badealari, hikoyalari kiritilgan. Muallif moʻjaz lirik asarlarini: “mening romanlarim”, deb ataydi. Darhaqiqat, ular rang-barang hayot, gʻaroyib inson umrlarining har soniyasida boʻlib turgan, hali yozilmagan, lekin, asli moʻjizaga teng jonli romanlarning qaymogʻi, javhari kabi goʻzal taassurot qoldiradi. Ularda davr ichida oʻrtanayotgan, boy kechinmalar botinida yashayotgan, insonlikning asl maʼnosini qidirayotgan zamondoshimiz gavdalanadi. U oʻquvchini goʻzal koʻngil va goʻzal aql dunyolarida tinimsiz roʻy berayotgan ajib fikrlar, goʻzal tuygʻular bazmiga chorlayotgandek boʻladi.

“Mangu latofat” kitobidagi “Millatning billurlashuvi” faslida millatning tugʻilishi, shakllanishi, milliy ongning uygʻonishi va juda murakkab, qiyin tarixiy, ijtimoiy jarayonlarda oʻzini tanishi, hozirgi zamon dunyosiga kirib borishi haqidagi najib kuzatishlari, oʻy-xayollari aks etgan risolalari (“Adiblar gulshani”, “Axloqni sogʻinish”) jamlangan. Adabiy-badiiy badealarida axloq, maʼnaviyat, insonning hozirgi zamondagi oʻrni toʻgʻrisida bahs yuritiladi. Dostoyevskiy “dunyoni goʻzallik qutqaradi”, degan umidbaxsh hikmatni aytgan edi. Ibrohim Gʻafurov Dostoyevskiyga payrov boʻlib, dunyoni aslida hayo, odob va axloq qutqaradi, degan gʻoyani ilgari suradi. Muallifning chuqur eʼtiqodiga koʻra, “mangu latofat” bu – hayo, odob va axloqdir. Qalbimizda mujassam mangu goʻzal, samoviy axloq insonning insoniyligi uchun yagona mezondir.

Sakkizinchidan, shonli istiqlol yillari soʻz sanʼatkorlari shaxsiyati bilan badiiyati, asarlarining yaratilish tarixiga oid adabiy ijod psixologiyasi yangi yoʻnalish sifatida sobit qadamlarini tashladi. Bu borada, ustoz adabiyotshunos Ozod Sharafiddinovning “Choʻlponni anglash” asari, Naim Karimovning “Choʻlpon” maʼrifiy-biografik romani, Noʻmon Rahimjonovning akademik Izzat Sulton dramalarining yozilish tarixiga, adabiy-estetik qarashlariga oid “Badiiy asar biografiyasi” tadqiqot-qoʻllanmasi, Sh. Ergashevaning Saida Zunnunova lirikasi bilan dostonlari yaratilishiga bagʻishlangan “Koʻngilning mohipaykari” risolasini taʼkidlagim keladi.

Toʻqqizinchidan, adabiyotshunoslik ilmida atoqli adiblar va adabiyotshunoslar haqidagi xotiralar yangi bir tamoyil tariqasida takomillashib bormoqda. Mazkur yoʻnalishning yangiligi, fazilati shundaki, ijodkor shaxsiyati, isteʼdodi va asarlarini milliy-bashariy qadriyat tarzida oʻrganish, baholash madaniyati yuz koʻrsatdi.

Yana bir xususiyat bu – adiblaru olimlarning adabiy-estetik, falsafiy, maʼrifiy-axloqiy qarashlarini davr-jamiyat-ijtimoiy voqelik bilan yaxlit birlikda yagona jarayon sifatida yondashish, tahlil qilish, umumlashtirish mayli boʻrtib koʻzga tashlanadi. Bu borada “Gʻafur Gʻulom zamondoshlari xotirasida”, Maqsud Shayxzodaning 100 yilligiga atalgan “Zamon allomasi”, “Asqad Muxtor zamondoshlari xotirasida”, “Shuhrat zamondoshlari xotirasida”, “Shukur Xolmirzayev zamondoshlar xotirasida”, “Bolajonlik saodati” (Safar Barnoyev zamondoshlari xotirasida), “Professor Gʻaffor Moʻminov dildoshlari xotirasida”, “Professor Asil Rashidov doʻstlar nigohida”, “Sobitlik” (professor Hamidjon Homidiy haqida), “Koʻngil sezib turar” (professor Pirmat Shermuhamedovga oid), Umrzoq Oʻljaboyevning “Xotiraga koʻchgan umrlar” majmualari ahamiyatlidir.



Oʻninchidan, adabiyot haqidagi fan taraqqiyotida adiblarning adabiy-estetik qarashlari ham salmoqli oʻrin tutadi. Erkin Vohidovning “Iztirob”, Abdulla Oripov tanlangan asarlarining toʻrtinchi jildi hamda “Adolat koʻzgusi” majmuasi mundarijasini belgilagan adabiy-tanqidiy maqolalar, Muhammad Alining “Oshiq boʻlmay haq diydorin koʻrsa boʻlmas”, Mirpoʻlat Mirzoning “Surur”, Ulugʻbek Hamdamning “Badiiy tafakkur tadriji” asarlari adib shaxsiyati, isteʼdodi va ijodining hayotda, jamiyatda nechogʻliq muhim oʻrin tutishi, asarlarining badiiyati, mahorati xususida soʻz yuritadi. Yana shuni taʼkidlash lozimki, Zulfiya, I. Sulton, Shukrullo, R. Bobojon, H. Gʻulom, O. Yoqubov, P. Qodirov, M. Qoriyev, Oʻ. Umarbekov, U. Nazarov, Sh. Xolmirzayev, Oʻ. Hoshimov. O. Muxtor, I. Gʻafurov. X. Doʻstmuhammad, A. Dilmurod, I. Otamurod, N. Eshonqul singari shoir-yozuvchilarning badiiy ijod sirlari, adabiy jarayon psixologiyasi, adabiy mehnat va badiiy mahorat, soʻzning ijtimoiy ahamiyati va estetik taʼsir salohiyati, badiiy idrok va ifoda sanʼati, tasvir usullari va imkoniyatlariga doir suhbatlari, chiqishlari, maqolalari ham adabiyotshunoslikning nazariy masalalarini oʻrganishda salmoqli oʻrin tutadi.

Soʻz sanʼatida azal-azaldan yozilmagan bir qonuniyat bor. Xususan, katta adabiyotni benazir isteʼdod egalari – katta shaxslar yaratadi. Bu narsa, avvalo, soʻz sanʼatkorining isteʼdod darajasi va shaxslik miqyosi, nuqtai nazari bilan adibning estetik gʻoyalari, qarashlari badiiy obrazlarga singdirilgan holda ifodalangani bois, yuksak qadr-qimmat topadi. Betakror mazmun-mohiyat kasb etadi. Estetik hodisa sifatida badiiy madaniyatda yangi sahifa boʻlib qoladi. Fitrat, A. Qodiriy, Choʻlpon, Oybek. M. Shayxzoda, Mirtemir, Zulfiya, I. Sulton, A. Muxtor, O. Yoqubov, P. Qodirov, U. Nazarov, R. Parfi, Sh. Xolmirzayev, Oʻ. Hoshimov, A. Oripov, J. Kamol, N. Aminov singari ijodkorlar ijodi nafaqat turkiy xalqlar adabiyotida, shuningdek, jahon badiiyatida ham betakror goʻzallik hodisasidir, degan nuqtai nazar olimlarimiz ijodiy izlanishlari mehvarini tashkil qiladi.



Yuqoridagi mulohazalardan kelib chiqadigan ayrim xulosalar quyidagilardan iborat:

  1. Adabiyotshunosligimizda adabiy hodisalarni, badiiy asarlarni, ijodkor fenomenini maʼnaviy madaniyatning, milliy qadriyatlarning oʻziga xos tarzda namoyon boʻlishi tariqasida oʻrganish, baholash, ilmiy xulosalar chiqarish tamoyili qaror topdi.

  2. Adabiyotshunoslikning ham adabiyot va sanʼat singari davr didini, millatning badiiy-estetik saviyasini, jamiyat maʼnaviyatini kamol topdirishda betakror oʻrni bor. Ilm ahli oʻz zamonasidagi ana shu yuksak masʼuliyatni teran anglagan holda, adabiyotni, madaniy-tarixiy-diniy merosni umubashariy qadriyat sifatida oʻrganishi, baholashi, asnosida, nazariy umumlashtirish madaniyati tobora takomillashib bormoqda.

  3. Keng oʻquvchilar ommasi ilm ahlidan, avvalo, badiiy asar va yozuvchi fenomenini tushuntirib berishini kutadi. Shu maʼnoda, ana shu bir-biri bilan uzviy bogʻliq ikki hodisa millat tarixiy taraqqiyotining muayyan bosqichidagi madaniyatining, maʼnaviy-intellektual darajasining bir belgisidir, degan tamoyil yetakchilik qilmoqda. Badiiy adabiyotning umumiy holati adabiyotshunoslik ilmining ham darajasini belgilab beradi. Tarix, falsafa, din, sanʼat, kino, teatr, musiqa, tasviriy va amaliy sanʼat ijodkor shaxsiga nechogʻliq katta taʼsir koʻrsatayotgan paytda, asarlarni ana shu omillar sintezi sifatida oʻrganish, oʻzlashtirish tamoyili kuchaydi. Tarixiy, qiyosiy, biografik tahlil metodi tobora ustuvor mavqe kasb etib bormoqda.

Endi, kemtikliklar, yetishmovchiliklar haqida bir-ikki ogʻiz mulohaza.

Birinchidan, yosh tadqiqotchi yoxud atoqli olim boʻladimi, u yoki bu masala xususida ilmiy ish yozishga taraddudlanar ekan, izlanishni bibliografiya tuzishdan boshlaydi. Shu maʼnoda, bibliografiya ilmiy tadqiqotning bismillosi, deyish mumkin. Taniqli adabiyotshunos Sherali Turdiyev bilan Boyis Qoriyev (Oltoy)ning “Oʻzbek adabiyotshunosligi va tanqidchiligi bibliografiyasi” (1900–1941 yillar)ning toʻldirilgan ikkinchi nashri yuzaga keldi. Albatta, u bibliografik koʻrsatkichlarga boʻlgan katta tashnalik oldida bir tomchi, xolos. Vaholanki, nasr, nazm, dramaturgiya va hokazo adabiyotning barcha tur hamda janrlari boʻyicha yaratilgan adabiyotshunoslik tadqiqotlariga, gazeta va jurnal maqolalari jamlangan bibliografiyalarga nisbatan maʼnaviy-intellektual ehtiyoj hamon dolzarb boʻlib qolmoqda.

XX asr tongidan bugungi kungacha vaqtli matbuotda, davriy nashrlarda eʼlon qilingan adabiyotshunoslik va tanqidchilik asarlari bibliografiyasini yaratish bugungi kunning eng muhim talablaridan biridir.

Ikkinchidan, Ninel Vladimirovaning “XX asr oʻzbek nasri rivoji va badiiy tarjima muammolari” tadqiqoti bilan Ibrohim Gʻafurovning “Tarjimashunoslik asoslari” oʻquv qoʻllanmasi tarjimashunoslik tarixi va nazariyasini yaratishda nufuzli oʻrin tutadi. “Jahon adabiyoti” jurnalining tashkil etilganiga ham yigirma yil boʻlayapti. Shu orada, jahon klassikasining barkamol namunalari oʻzbek kitobxonining maʼnaviy mulkiga aylandi. Homerdan tortib Platon, Aristotel, Dante, Shekspir, Tolstoy, Dostoyevskiy kabi jahon badiiy soʻz sehrgarlarining, Konfutsiy, Nizomiy, Dehlaviy, Rumiy, Attor singari Sharq maʼnaviyati gultojlari milliy madaniyatimizdan sobit oʻrin oldi. Badiiy-ilmiy asarlar tarjimasining ulkan xirmoni koʻtarildi. Va, lekin, keyingi yillarda Ibrohim Gʻafurovning muqaddas “Qurʼoni karim”ning toʻrt muallif tomonidan amalga oshirilgan oʻziga xos tarjimalarining maʼnolar teranligiga bagʻishlangan muhtasham tadqiqotidan boʻlak, madaniy hayotimizda iz qoldirgan chiqishlar kuzatilmayapti. Asliyatlardan (ingliz, fransuz, nemis, ispan, arab, xitoy, yapon, hind tillaridan) tarjima qilayotgan tarjimonlarning yangi avlodi yetishdi. Bu mustaqillikning betimsol sharofatidir. Endilikda, tarjimashunoslarning yangi avlodini tarbiyalash, voyaga yetkazish vazifasi turibdi. Ilmimizda tarjimashunoslikni mustaqil fan sifatida namoyon etish masʼuliyati ham bor.

Uchinchidan, badiiy-estetik tafakkurning boshqa fan sohalari bilan aloqasi kuchayishi natijasida, ushbu yoʻnalishlar bilan bogʻliq koʻplab yangi terminlar paydo boʻldi. Absurd, absurd sanʼat, avangardizm, aksiologiya, aleatorika, analitik estetika, antifazis, antromorfizm, apokalipsis, assotsiatsiya, asteizm, astrofizm, atributsiya, attikizm va hokazo. Adabiyot nazariyasi, estetika, falsafa bilan bogʻliq adabiyotshunoslik terminlarining qomusiy lugʻatlarini yaratishdek gʻoyat samarali va zavqli, mashaqqatli yumushlar ham adabiyotshunosligimiz zimmasida.

Xullas, adabiyotshunoslik ilmini jahon andozalari darajasiga koʻtarish borasidagi sharafli izlanishlar uning kelajagiga katta umid uygʻotadi.



 

Download 36,07 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
  1   2   3   4




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©www.hozir.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling

kiriting | ro'yxatdan o'tish
    Bosh sahifa
юртда тантана
Боғда битган
Бугун юртда
Эшитганлар жилманглар
Эшитмадим деманглар
битган бодомлар
Yangiariq tumani
qitish marakazi
Raqamli texnologiyalar
ilishida muhokamadan
tasdiqqa tavsiya
tavsiya etilgan
iqtisodiyot kafedrasi
steiermarkischen landesregierung
asarlaringizni yuboring
o'zingizning asarlaringizni
Iltimos faqat
faqat o'zingizning
steierm rkischen
landesregierung fachabteilung
rkischen landesregierung
hamshira loyihasi
loyihasi mavsum
faolyatining oqibatlari
asosiy adabiyotlar
fakulteti ahborot
ahborot havfsizligi
havfsizligi kafedrasi
fanidan bo’yicha
fakulteti iqtisodiyot
boshqaruv fakulteti
chiqarishda boshqaruv
ishlab chiqarishda
iqtisodiyot fakultet
multiservis tarmoqlari
fanidan asosiy
Uzbek fanidan
mavzulari potok
asosidagi multiservis
'aliyyil a'ziym
billahil 'aliyyil
illaa billahil
quvvata illaa
falah' deganida
Kompyuter savodxonligi
bo’yicha mustaqil
'alal falah'
Hayya 'alal
'alas soloh
Hayya 'alas
mavsum boyicha


yuklab olish