4. Dizel yonilg`isining o`z-o`zidan alangalanishini oshirish usullari Qish mavsumlarida ishlatiladigan dizel yonilg`ilari bug`lanuvchanlik va qovushoqlik xususiyatlari bo`yicha amaldagi me`yorlarni qoniqtirish bilan birga, odatda kichik (40 atrofida) tsetan soniga ega bo`ladi. Bunga ko`ra yonilg`ining o`z-o`zidan alangalanishini yaxshilashning maxsus uslublarini qo`llash zarurati paydo bo`ladi. TSetan sonini oshirish ikki usulda amalga oshiriladi: yonilg`iga kimyoviy tarkiblar ta`siri va maxsus qo`shilmalar qo`shish yo`li bilan.
TSetan sonini, yonilg`iga tarkibida kislorod atomlari bo`lgan maxsus qo`shilmalar qo`shib, sezilarli darajada oshirish mumkin. Bunday qo`shilmalar sifatida organik perekislar, azot kislotasining murakkab efirlari (etilnitrat, izoprapilnitrat) va boshqalardan foydalaniladi. Bu qo`shilmalar tsilindrga yonilg`i bilan birgalikda purkalib, ular kuchli oksidlovchi sifatida alangalanish oldi reaktsiyalarini paydo bo`lishi va rivojlanishini tezlashtiradi, buning natijasida butun alangalanish oldi jarayoni tezlashadi.
Natijada alangalanishning kechikish davri sezilarli darajada kamayadi, bu o`z navbatida tsetan soni kichik bo`lgan yonilg`ini tashqi ko`rinishidan tsetan soni yuqori bo`lgan yonilg`i ko`rinishiga mos kelishini ko`rsatadi.
Maxsus qo`shilmalarni qo`shish natijasida yonilg`ining tsetan soni sezilarli darajada ortadi, masalan, hajm birligida bir foiz izopropilnitrat qo`shilganda tsetan soni 8-12 birlikka ortadi.
Yonilg`ining o`z-o`zidan alangalanishini yaxshilashga qaratilgan ekspluatatsion tadbirlardan biri qish mavsumida oson alangalanadigan yurgazib yuborish suyuqliklaridan foydalanishdir. Bu suyuqlikning asosiy tashkil etuvchisi oson bug`lanadigan va yaxshi alangalanadigan etilli efir (C2N5)2O dan iborat.
Atrof muhit harorati past bo`lganda yonuvchi aralashmaning sekin o`t olishi sababli dvigatellarni yurgazib yuborish qiyinlashadi.
Dizelli dvigatellar uchun oson alangalanadigan «Xolod D-40», benzinli dvigatellar uchun «Arktika» yurgazib yuborish suyuqligi ishlab chiqariladi.
Dizellarni yurgazib yuborish suyuqliklariga gazdan olingan benzin (qaynash harorati 30-1000C bo`lgan fraktsiyalar) va izopropilnitrat qo`shilganda yonilg`ining o`z-o`zidan alangalanishi va asosiy yonilg`ining yonishi tezlashadi, yurgazib yuborish davrida dizel yumshoqroq ishlaydi. Benzinli dvigatellarni yurgazib yuborish suyuqligi «Arktika»ga ozgina miqdorda izopropilnitrat qo`shilsa, efir va gazdan olingan benzinning uchqundan alangalanishga tayyorlanishi tezlashadi, gazdan olingan benzin esa asosiy yonilg`ida ishlashga ravon o`tishni ta`minlaydi. Yurgazib yuborish davrida yeyilishni kamaytirish uchun yonilg`iga turbina moyi (8-12 foiz miqdorida) qo`shiladi. Elektrodlarni moy bosganda o`t oldirish svechalarining ishlash darajasi yomonlashadi, buning oldini olish maqsadida «Arktika» suyuqligiga kam miqdorda moy qo`shiladi.