Diplomatik immunitetlar va imtiyozlar davlat organi sifatida diplomatik vakolatxonaga va vakolatxona xodimlariga tegishli hisob lanadi.
Diplomatik vakolatxona binolari (xonalari) daxlsizdir. Qabul qiluvchi mamlakat ma’murlari ularga faqat vakolatxona boshlig‘i roziligi asosidagina kirishlari mumkin. Shu bilan birga, ular binolarga (xonalarga) bostirib kirish va ziyon-zahmat yetkazishdan himoyalash borasida zarur choralar ko‘rishga, vakolatxona faoliyat yuritishi uchun tegishli shart-sharoitni ta’minlashga majburdir. Daxlsizlik kemalar, samolyotlar kabi transport vositalariga ham taalluqli bo‘lib, ular tintuvdan, rekvizitsiyadan, hibsdan va ijro harakatlaridan xolidir. Bunda avtoinspeksiyaning ko‘cha harakati qoidalari buzilganligi holatlarini qayd etish va bular haqida Tashqi ishlar vazirligiga xabar berish huquqi istisno etilmaydi. Transport vositalari daxlsizligi diplomat hisoblanmaydigan haydovchilarga taalluqli emas. Misol uchun, 1995-yilning sentabrida Moskvada garovda ushlab turishda ayblangan Saudiya Arabistoni elchixonasining haydovchisi hibsga olingan va so‘ng sudlangan.
Vakolatxona arxivlari va hujjatlari har qanday vaqtda va ularning qayerda joylashganidan, shu jumladan muvaqqat saqlash joylarida ekanidan qat’i nazar, daxlsizdir. Ushbu qoida hatto diplomatik aloqalar uzilgan hollarda ham amal qilaveradi.
Vakolatxona bino (xona) bilan bog‘liq barcha soliqlardan ozod etiladi (moliyaviy immunitet), biroq foydalanish sarf-xarajatlari (elektr ener- giyasi, suv ta’minoti bo‘yicha va boshqa to‘lovlar) bundan mustasnodir. Vakolatxona rasmiy ishlar uchun mo‘ljallangan narsalarga bojxona to‘lovi to‘lashdan ozod etiladi (bojxona immuniteti).
Vakolatxona o‘z davlat bayrog‘i va emblemasidan, navbatdan tashqari telegraf va telefon aloqasidan foydalanish imtiyozlariga ega. U rasmiy maqsadlarga qaratilgan aloqalarni amalga oshirishda, shu jumladan shifrdan foydalanishda erkindir. Diplomatik pochtani ochish mumkin emas, uni kuzatib boruvchi diplomatik kuryerlar esa shaxsiy daxlsizlikdan foydalanadi.
Vakolatxona xizmatchilariga qanday immunitet berilishi tegishli shaxsning qaysi xodimlar toifasiga mansub ekaniga bog‘liqdir. Diplomatik darajaga ega diplomatik xodimlar to‘liq immunitetdan foydalanadilar. Ular hibsga olinishi yoki biror shaklda ushlanishi mumkin emas. Diplomatning turar joyi, hatto muvaqqat, masalan, mehmon- xonadagi joyi, shuningdek unga tegishli buyumlar ham daxlsizdir.
Diplomat jinoiy, fuqarolik va ma’muriy yurisdiksiyalari immu- nitetlaridan foydalanadi. Bu diplomat sudlov yurisdiksiyasi va huquqni majburiy joriy etish yurisdiksiyasidan chiqarilgan, deganidir. Tayinlash yurisdiksiyasiga ko‘ra esa, diplomat immunitetga ega bo‘lmaydi, chunki u qabul qiluvchi mamlakat qonunlariga, shu jumladan maxsus diplomatlar uchun mo‘ljallangan qonun hujjatlariga itoat etishga majbur. Shu bilan bir qatorda, diplomatlar o‘zi mansub davlatning to‘liq yurisdiksiyasida bo‘ladilar.
Fuqarolik yurisdiksiyasi immuniteti muayyan cheklashlarga ega bo‘lib, bunda diplomat rasmiy maqomda bo‘lmaydigan holatlar ko‘zda tutilgan. Diplomatga nisbatan tegishli xususiy ko‘chmas mulk yuzasidan mulk da’vosi; u vasiyatnoma ijrochisi, meros mulk vasiysi, merosxo‘r yoki rad javobini oluvchi xususiy shaxs sifatida namoyon bo‘lgan o‘rinlarda esa, meros da’vosi qo‘zg‘atilishi mumkin.
Jinoiy yurisdiksiya immuniteti mutlaq mazmun kasb etadi hamda immunitet suiiste’mol etilgan hollarda ham ta’sir kuchiga ega bo‘ladi. Bunda diplomatni nomaqbul shaxs deb tan olish va uni chaqirib olishlarini talab qilish asosiy jazo chorasi hisoblanadi. Diplomatni tavsiya etgan davlat uni o‘zi akkreditatsiya qilingan mamlakatda sodir etgan jinoyati uchun jinoiy javobgarlikka tortish huquqiga egadir.
Diplomat qabul qiluvchi mamlakat sudlarida guvoh sifatida ishtirok etishga majbur emas, lekin bu diplomatni qabul qiluvchi mamlakat iltimosiga binoan bunday guvohlik uchun rozilik berishini istisno etmaydi.
Diplomat bojxona immunitetidan foydalanadi. Uning yuklari orasida olib kirish yoki olib chiqish taqiqlangan narsalar borligi yuzasidan jiddiy asoslar mavjud bo‘lgan holatlar bundan mustasnodir. Bunday hollarda yukni ko‘zdan kechirish diplomat yoki uning vakili huzurida amalga oshirilishi shart.
Diplomatiya xodimlari moliyaviy immunitetdan foydalanadi ular bevosita soliqlardan ozod etiladi. Diplomat bilan birga yashaydigan oila a’zolari ham, agar ular qabul qiluvchi davlat fuqarosi hisoblanmasa, bunday immunitetdan foydalanadi.
Tegishli davlatdagi vakolatxonalarning diplomatik xodimlari diplo- matik korpusni tashkil etadi va ularga qabul qiluvchi mamlakatda eng uzoq muddat ishlayotgan vakolatxona boshlig‘i duayen boshchilik qiladi. Ushbu korpus va uning duayeni protokol bo‘yicha o‘z vazifasini ado etadi. Diplomatik immunitet buzilganda, korpus norozilik bildirgan holatlar ma’lum.
Vakolatxona xizmatchilarining ikkinchi toifasi ma’muriy-texnik xodimlardan iborat. Ular tarkibiga hisobotchi, shifrlovchilar, devonxona xizmatchilari, tarjimonlar va boshqalar kiradi. Keng tarqalgan amaliyotga muvofiq, 1961-yildagi Vena konvensiyasida ma’muriy-texnik xodimlar va ularning oila a’zolari, ayrim ahamiyatli istisnolar ko‘zda tutilgan holda, diplomatiya xodimlariga sezilarli darajada tenglashtirib qo‘yildi. Fuqarolik va ma’muriy yurisdiksiya immuniteti xizmat vazifasidan tashqari hollarda sodir etilgan xatti-harakat uchun taalluqli emas. Mazkur xodimlar dastlabki zarur narsalar, ro‘zg‘or buyumlarini poshlinasiz olib kirishlari mumkin, ammo ular bojxona nazoratidan ozod etilmaydilar.
Uchinchi toifa xizmat ko‘rsatuvchi xodimlar (oshpazlar, bog‘bonlar, qo‘riqchilar, haydovchilar va boshqalar)dir. Bu guruh a’zolari o‘zlarining xizmat vazifasini bajarish davrida sodir etgan xatti-harakatlariga nisbatan immunitetdan foydalanadilar va ularning xizmat maoshlari, agar ular qabul qiluvchi mamlakat fuqarolari bo‘lmasa, soliqlardan ozod etiladi.
Xalqaro tashkilotlar va ular xodimlarining imtiyozlari hamda immunitetlari tashkilotlar nizomlarida, ko‘p tomonlama konvensiyalarda va qabul qiluvchi mamlakat bilan tuzilgan ikki tomonlama bitimlarda belgilab qo‘yiladi.
1946-yilda Bosh Assambleya BMT imtiyozlari va immunitetlari to‘g‘risidagi konvensiyani qabul qilgan. Konvensiyaga muvofiq, BMT mol-mulki sudlov harakatlari daxl qilmasligi immunitetidan foydalanadi, shu bilan birga, ayrim hollarda bunday daxlsizlik huquqidan voz kechish ham mumkin. Tegishli binolar va arxivlar daxlsiz hisoblanadi. BMT mulki soliqlar va bojxona to‘lovlaridan ozod qilinadi. Tashkilot aloqa vositalarining barcha turlarini qo‘llaydi. BMT Bosh kotibi va uning o‘rinbosarlari, shuningdek ularning oila a’zolari to‘liq diplomatik immunitetdan foydalanadi. Boshqa mansabdor shaxslar funksional immunitetdan foydalanadi: ular mansabdor shaxs sifatida sodir etgan xatti-harakati uchun sud oldida javobgar bo‘lmaydi; BMT to‘laydigan maoshlari soliqlarga tortishdan ozod etiladi. Mabodo tegishli immunitet odil sudlovni ro‘yobga chiqarishga xalal bersa, Bosh kotib mansabdor shaxsga berilgan immunitetdan voz kechishi mumkin. BMTning ixtisoslashgan muassasalari va boshqa xalqaro tashkilotlar ham shu kabi immunitet va imtiyozlarga egadir.
Xalqaro tashkilotlar huzuridagi davlatlar vakillarining immunitet va imtiyozlari mazkur tashkilotlarning ta’sis hujjatlari, ular a’zolarining ko‘p tomonlama bitimlari, shuningdek tashkilotlar bilan qabul qiluvchi davlatlar o‘rtasidagi ikki tomonlama bitimlarda belgilanadi. Bu boradagi birtalay odat normalari 1975-yilda qabul qilingan va hozircha kuchga kirmagan Davlatlarning universal mazmundagi xalqaro tashkilotlar bilan o‘zaro munosabatlaridagi vakilligi to‘g‘risidagi Vena konvensiyasida kodifikatsiyalangan.
Xalqaro tashkilotlar huzuridagi doimiy vakolatxonalarning faoliyati davlatlardagi diplomatik vakolatxonalar faoliyatiga bir qadar yaqindir. Ulardagi farq, avvalo, vakolatxonalarni ta’sis etish va xodimlarni tayinlash tartibida ko‘rinadi. Vakolatxonani yoki kuzatuvchilar missiyasini ta’sis etish masalasi qabul qiluvchi davlat ishtirokisiz hal etiladi. Ishonch yorlig‘i tashkilotning bosh mansabdor shaxsiga topshiriladi. Mavjud immunitet va imtiyozlar ham diplomatik immunitetlarga o‘xshashdir.
Shunday qilib, diplomatik huquq xalqaro huquqning eng qadimiy va muhim mustaqil sohasidir. Xalqaro huquqni diplomatik huquq sohasisiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Diplomatik huquq zamonaviy xalqaro huquqning eng kodifikatsiyalangan sohalaridan biridir. Hozirgi kunda diplomatik huquq davlatlarning tashqi siyosiy funksiyalarini amalga oshiruvchi ichki davlat organlari faoliyatini borgan sari ko‘proq tartibga solmoqda. Bundan tashqari, davlatlarning diplomatik faoliyatini tartibga soluvchi ichki davlat qonunchiligi ham jadal rivojlanmoqda.
Zamonaviy diplomatik huquqning manbalari xilma-xildir. Ular qatoriga xalqaro shartnoma, xalqaro huquqiy odat va qo‘shimcha manba sifatida milliy qonunchilik kiradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |