8-§. Ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashish sohasidagi normativ-huquqiy bazani takomillashtirish
Hozirgi kunda O‘zbekiston Respublikasida ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashish sohasida yetarli darajada samarali qonunchilik bazasi mavjud bo‘lib, davlat organlarining ushbu yo‘nalishdagi vakolatlari, shu jumladan fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilishning asosiy tamoyillari belgilangan.
O‘zbekistonda ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashish sohasida qabul qilingan qonunlar va boshqa normativ-huquqiy hujjatlar fuqarolarning huquqlari himoyasini ta’minlashga, shuningdek, aholining, ayniqsa, yoshlarning huquqiy ongi darajasini oshirishga qaratilgan.
Dunyodagi ijtimoiy-siyosiy vaziyat jadal o‘zgarib borayotgani, shuningdek, ekstremizm, terrorizm va ularni moliyalashtirishdan kelib chiqayotgan yangi xavf, tahdid va xatarlarni hisobga olgan holda, vaqti-vaqti bilan normativ-huquqiy baza baholanib, O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining asosiy huquq va erkinliklari, siyosiy barqarorlik va fuqarolarning xafsizligini ta’minlash nuqtai nazaridan takomillashtiriladi.
9-§. Xalqaro va mintaqaviy hamkorlik
Hozirgi kunda ekstremizm va terrorizm dunyo xavfsizligiga tahdid soluvchi asosiy xatarlar qatorida qolmoqda. Shu munosabat bilan, ushbu salbiy hodisalarga qarshi kurashish nafaqat milliy darajada, balki xalqaro miqyosda hal qilinishi zarur bo‘lgan umumiy muammoga aylandi.
O‘zbekiston Respublikasi ekstremizm, terrorizm va ularni moliyalashtirishga qarshi kurashish sohasidagi fundamental xalqaro aktlarning hamda tashkilotlarning faol ishtirokchisidir.
O‘zbekiston mintaqadagi va xalqaro hamkorlar bilan Afg‘onistonda tinchlik va osoyishtalikni o‘rnatish bo‘yicha faol hamkorlikni davom ettirmoqda.
Shu bilan birga, O‘zbekiston ekstremizm, terrorizm va ularni moliyalashtirishga qarshi kurashishda xalqaro hamkorlikni mustahkamlashning muhimligini hisobga olib, quyidagi vazifalarni amalga oshirishni zarur deb hisoblaydi:
a) ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashishning xalqaro-huquqiy asoslarni takomillashtirishga ko‘maklashish;
b) diplomatik vakolatxonalar va konsullik muassasalari, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi, shuningdek, chet elga uzoq vaqtga ketayotgan hamda yashab kelayotgan fuqarolar bilan shug‘ullanuvchi boshqa idoralarning kadrlar salohiyati va resurslarini mustahkamlash;
v) boshqa davlatlar, mintaqaviy va xalqaro tashkilotlar bilan ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashish sohasidagi hamkorlikning shartnomaviy-huquqiy asoslarini kengaytirish;
g) xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlar bilan ekstremizm, terrorizm va ularni moliyalashtirishga qarshi kurashish sohasida axborot hamda tajriba almashish;
d) faoliyati ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashishga qaratilgan xalqaro va mintaqaviy tashkilotlarda faol ishtirok etish;
e) Markaziy Osiyoda BMTning Global aksilterror strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha hamkorlikdagi sa’y-harakatlarni Birgalikdagi harakatlar rejasi doirasida muvofiqlashtirish;
j) Markaziy Osiyoda ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashish bo‘yicha birgalikdagi ishlar doirasida axborot almashinuvi va hamkorlikni rivojlantirishga yordam beruvchi xalqaro tashabbuslarni amalga oshirishda O‘zbekistonning rolini kengaytirish;
z) dunyo hamjamiyati va mintaqaviy tashkilotlar e’tiborini Afg‘onistonda tinchlik va hamjihatlikni ta’minlashga jalb qilish borasidagi tashabbuslarni jadallashtirish va ushbu mamlakatning mintaqaviy hamkorlik jarayonlariga, shu jumladan ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashishga jalb qilish.
Do'stlaringiz bilan baham: |