O‘zbekiston respublikasi oliy va o‘rta maxsus ta‘lim vazirligi toshkent moliya instituti


-mavzu. Soliqlar yoki boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash hamda byudjet mablag‘larini talon-taroj qilishga qarshi kurashish



Download 1,44 Mb.
bet29/240
Sana10.06.2022
Hajmi1,44 Mb.
#651087
1   ...   25   26   27   28   29   30   31   32   ...   240
Bog'liq
KOMPLEKS Iqtisodiy Jinoyatchilik

10-mavzu. Soliqlar yoki boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash hamda byudjet mablag‘larini talon-taroj qilishga qarshi kurashish


1. Soliqlar yoki boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash.
2. Byudjet intizomini buzish.


Tayanch so‘z va iboralar: so­liqlar, yig‘imlar, bojlar, soliqlar yoki boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash, yuridik shaxslardan olinadigan foyda solig‘i, jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i, qo‘shilgan qiymat solig‘i, aksiz solig‘i, yer qa‘ridan foydalanuvchilar uchun soliqlar va maxsus to‘lovlar, suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq, mol-mulk solig‘i, yer solig‘i, obodonlashtirish va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish solig‘i, jismoniy shaxslardan transport vositalariga benzin, dizel yoqilg‘isi va gaz ishlatganlik uchun olinadigan soliq, ijtimoiy jamg‘armalarga majburiy to‘lovlar, yagona ijtimoiy to‘lov, fuqarolarning byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasiga sug‘urta badallari, byudjetdan tashqari pensiya jamg‘armasiga majburiy ajratmalar, respublika yo‘l jamg‘armasiga majburiy to‘lovlar, respublika yo‘l jamg‘armasiga majburiy ajratmalar, respublika yo‘l jamg‘armasiga yig‘imlar, davlat boji, bojxona to‘lovlari, ayrim turdagi tovarlar bilan chakana savdo qilish va ayrim turdagi xizmatlarni ko‘rsatish huquqi uchun yig‘im, byudjet, smeta.


1. Soliqlar yoki boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 51-moddasiga muvo­fiq fuqarolar qonunda belgilangan soliq va boshqa majburiy to‘lovlarni o‘z vaqtida to‘lashga majburdirlar.
Yuridik va jismoniy shaxslarning davlat tomonidan belgilangan so­liq, yig‘im, boj va boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lamasligi, foyda (daromad)ni yoki soliq solinadigan boshqa o‘bektlarni qasddan yashirishi, kamaytirib ko‘rsatishi, shuningdek, soliq yoki boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lashdan o‘zga tarzda, jumladan, nazorat-kassa mashinalarining fiskal xotirasi xizmati dasturini noqonuniy o‘zgartirish yo‘li bilan qasddan bo‘yin tovlashi byudjet siyosati barqarorligiga putur yetkazadi. Soliqdan yashirilgan mablag‘lardan, aksariyat hollarda, jamiyat manfaat­lariga zid ravishda foydalanilishi soliq qonunchiligi sohasida sodir etiladigan huquqbuzarliklarning ijtimoiy xavfliligini oshiradi. Bundan tashqari, soliq turlaridan bosh tortish, boshqa jinoyatlarni sodir etish yashirin iqtisodiyot shakllanishi uchun zamin yaratadi, bozor munosabatlari rivojlanishi va faoliyatiga to‘sqinlik qiladi, byudjet siyosatining barqarorligini buzadi, jamiyatda ijtimoiy keskinlik va siyosiy beqarorlikni vujudga keltiradi. Buning hammasi tahlil qilinayotgan qilmish iqtisodiyot sohasida sodir etilayotgan eng og‘ir jinoyatlardan hisoblanishini tasdiqlaydi.
Shu nuqtai nazardan tahlil etilayotgan jinoyatning bevosita o‘bekti soliq va boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lash yuzasidan o‘rnatilgan tartibni ta‘minlovchi ijtimoiy munosabatlar hisoblanadi.
Jinoyat kodeksi 184-moddasida javobgarlikni nazarda tutuvchi jino­yatning predmeti - soliqlar, yig‘imlar, bojlar va boshqa to‘lovlar hisob­lanadi. Bu tushunchalarning mazmunini aniqlash uchun O‘zbekiston Res­publikasi Soliq kodeksiga, shuningdek, amaldagi soliq qonunchiligida qo‘llanilgan ta‘riflarga murojaat etamiz.
O‘zbekiston Respublikasi hududida O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksida nazarda tutilgan soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlar amal qiladi.
Soliqlar deganda O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksida belgilangan, muayyan miqdorlarda undiriladigan, muntazam, qaytarib berilmaydigan va beg‘araz xususiyatga ega bo‘lgan, byudjetga yo‘naltiriladigan majburiy pul to‘lovlari tushuniladi (SK 12-m. 1-q.).
Soliqlarga quyidagilar kiradi:

  1. yuridik shaxslardan olinadigan foyda solig‘i;

  2. jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i;

  3. qo‘shilgan qiymat solig‘i;

  4. aksiz solig‘i;

  5. yer qa‘ridan foydalanuvchilar uchun soliqlar va maxsus to‘lovlar;

  6. suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq;

  7. mol-mulk solig‘i;

  8. yer solig‘i;

  9. obodonlashtirish va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish solig‘i;

  10. jismoniy shaxslardan transport vositalariga benzin, dizel yoqilg‘isi va gaz ishlatganlik uchun olinadigan soliq.

Boshqa majburiy to‘lovlar deganda O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksida belgilangan davlat maqsadli jamg‘armalariga majburiy pul to‘lovlari, bojxona to‘lovlari, shuningdek, vakolatli organlar hamda mansabdor shaxslar tomonidan yuridik ahamiyatga molik harakatlarni to‘lovchilarga nisbatan amalga oshirish uchun, shu jumladan muayyan huquqlarni yoki litsenziyalar va boshqa ruxsat beruvchi hujjatlarni berish uchun to‘lanishi lozim bo‘lgan yig‘imlar, davlat boji tushuniladi.
Boshqa majburiy to‘lovlarga quyidagilar kiradi:

  1. ijtimoiy jamg‘armalarga majburiy to‘lovlar:

yagona ijtimoiy to‘lov;
fuqarolarning byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasiga sug‘urta badallari;
byudjetdan tashqari pensiya jamg‘armasiga majburiy ajratmalar;

  1. respublika yo‘l jamg‘armasiga majburiy to‘lovlar:

respublika yo‘l jamg‘armasiga majburiy ajratmalar;
respublika yo‘l jamg‘armasiga yig‘imlar;

  1. davlat boji;

  2. bojxona to‘lovlari;

  3. ayrim turdagi tovarlar bilan chakana savdo qilish va ayrim turdagi xizmatlarni ko‘rsatish huquqi uchun yig‘im.

Davlat boji yuridik ahamiyatga molik harakatlarni amalga oshirganlik va (yoki) bunday harakatlar uchun vakolatli muassasalar va (yoki) mansabdor shaxslar tomonidan hujjatlar berganlik uchun olinadigan majburiy to‘lovdir (SK 326-m.).
Ko‘rilayotgan jinoyat o‘bektiv tomondan foyda (daromad) yoki soliq solinadigan boshqa o‘bektlarni qasddan yashirish, kamaytirib ko‘rsatish, shuningdek, davlat tomonidan belgilangan soliqlarni yoki boshqa majbu­riy to‘lovlarni to‘lashdan qasddan bo‘yin tovlash, shunday qilmishlar uchun ma‘muriy jazo qo‘llanilganidan keyin ancha miqdorda sodir etilishi bilan tavsiflanadi.
Jinoyat kodeksining 184-moddasi dispozitsiyasiga binoan soliqlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash harakatda, xuddi shuningdek, harakatsizlikda ham ifodalanishi mumkin.
Foydani, daromadni yoki soliq solinadigan boshqa o‘bektlarni ya­shirish, kamaytirib ko‘rsatish bu fuqarolarning yoki mansabdor shaxslarning soliq to‘lashdan bo‘yin tovlash usullaridir.
Foydani, daromadni yoki soliq solinadigan boshqa o‘bektlarni ya­shirish deganda soliq organlariga taqdim etiladigan tegishli hisobot huj­jatlarida ularni olganlik to‘g‘risida haqiqiy ma‘lumotlarni qasddan ko‘rsatmaslik, shuningdek, ularning mavjudligi to‘g‘risidagi ma‘lumotni ya- shirib qolish maqsadida ularning kelib tushishini hisobga olish tartibini buzish tushuniladi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2003-yil 6-iyundagi “Soliq va boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lashdan bo‘yin tovlaganlik uchun javobgarlik to‘g‘risidagi qonunlarning sudlar tomonidan qo‘llanilishi haqida”gi 6-sonli qarorida foyda (daromad)ni qasddan yashirishning quyidagi belgilari qayd etilgan:

  • hujjatlarni soxtalashtirish (o‘chirish, g‘ayriqonuniy tuzatish); qalbaki boshlang‘ich buxgalteriya hujjatlaridan foydalanish; foydalanilmagan moddiy xarajatlarni ishlab chiqarish hisobiga qo‘shib hisobdan chiqarish;

  • korxonada ishlamaydigan, lekin hisobda turadigan xodimlarga ish haqi yozish yo‘li bilan mehnatga haq to‘lash xarajatlarini oshirish;

  • sotishdan olingan tushumni hisobot davridan keyingi davrga o‘tkazish (sotish hajmini va daromad (foyda)ni qasddan kamaytirish);

  • moddiy, yoqilg‘i-energetika resurslari xarajatlarini va amortizatsiya (eskirish) miqdorini sun’iy ravishda oshirish yoki normativ (limit)larni noto‘g‘ri qo‘llash;

  • hujjatlarni yo‘q qilish yoki ularni taqdim etishni rad etish; buxgalteriya hujjatlari va boshqa hujjatlar bilan tegishli ravishda rasmiylashtirilmagan mahsulot (tovar)larni sotish;

  • davlat ro‘yxatidan o‘tmasdan va soliq organlarida hisobda turmasdan xo‘jalik faoliyatini yuritish;

  • davlat soliq xizmati organining yozma bildirgisi mavjud bo‘lgani holda ikki va undan ortiq manbalardan daromad oluvchi jismoniy shaxslar tomonidan barcha daromadlari haqida deklaratsiya taqdim etmaslik va boshqalardir.

Foydani, daromadni yoki soliq solinadigan boshqa o‘bektlarni kamaytirib ko‘rsatish soliq organlariga taqdim qilinadigan hisobot hujjat­lariga bila turib soliqning miqdori to‘g‘risida haqiqatga to‘g‘ri kelmay­digan, balki uni pasaytirish va kamaytirish tomoniga ma‘lumotlar kiritishda ifodalanadi.
Soliqlarni yoki boshqa majburiy to ‘lovlarni to ‘lashdan bo ‘yin tovlash - bu soliq organlariga taqdim etiladigan hisobot hujjatlarida haqiqiy ma‘lumotnomalarni qasddan ko‘rsatmaslik yoki ularga bila turib soliqning miqdori to‘g‘risida haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan, uni pasay­tirish yoki kamaytirish tomonga o‘zgartirilgan ma‘lumotlarni kiritishda ifodalanadi.
Ta‘kidlash kerakki, nazorat-kassa mashinalari fiskal xotirasi xizmati dasturining noqonuniy o‘zgartirilishi - daromad (foyda)ning haqiqiy miqdorini yashirishga sharoit yaratganligi tufayli soliq to‘lashdan qasddan bo‘yin tovlashning bir usuli hisoblanadi.
Bu toifadagi ishlar bo‘yicha surishtiruv, tergov organlari hamda sudlar javobgarlikning muqarrarligi prinsipiga amal qilinishini ta‘minlashga alohida e‘tibor qaratishlari zarur14.
Foyda (daromad) deganda jami daromad bilan O‘zbekiston Respub­likasi Soliq kodeksiga muvofiq belgilanadigan chegirmalar o‘rtasidagi farq tushuniladi.
Jami daromadga jo‘natilgan tovar, bajarilgan ishlar, ko‘rsatilgan xizmatlar va boshqa operatsiyalar uchun yuridik shaxs olishi lozim bo‘lgan (olgan) yoki tekinga olgan pul yoxud boshqa mablag‘lar kiradi.
Chegirmalar - bu qonunda nazarda tutilgan hollarda soliq solina­digan bazaning kamayishiga olib keluvchi soliq to‘lovchining xarajatlari hisoblanadi.
Sof foyda deganda soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlar to‘langanidan keyin yuridik shaxs ixtiyorida qoladigan foyda tushuniladi.
Soliq solish o‘bekti soliq to‘lovchida soliq yoki boshqa majburiy to‘lov hisoblab chiqarilishi va (yoki) to‘lanishi yuzasidan majburiyat keltirib chiqaruvchi mol-mulk, harakat, harakat natijasidir (SK 25-m.).
Soliq va boshqa majburiy to‘lovning har bir turi bo‘yicha soliq solish o‘bekti hamda soliq solish bilan bog‘liq o‘bektlar Soliq kodeksiga muvofiq belgilanadi.
O‘z o‘rnida ta‘kidlash kerakki, ancha miqdorda (eng kam oylik ish haqining yuz baravaridan uch yuz baravarigacha) soliq yoki boshqa to‘lovlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash Ma‘muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks 174-moddasining ikkinchi qismi bilan ma‘muriy javobgarlikka tortish uchun asos bo‘ladi.
Shunday huquqbuzarlik uchun ma‘muriy jazo qo‘llanilganidan keyin yana ancha miqdorda soliq yoki boshqa to‘lovlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash, basharti bunda Ma‘muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 37-moddasida nazarda tutilgan muddatlar o‘tib ketmagan bo‘lsa, Jinoyat kodeksi 184-moddasining birinchi qismi bilan javobgarlikka tortish uchun asos bo‘ladi.
Yetkazilgan moddiy zararning miqdori aybdor tomonidan yashirilgan yoki kamaytirilgan soliq to‘lanadigan o‘bektning butun miqdoridan emas, balki uning mazkur soliq to‘lanadigan o‘bektdan to‘lashi lozim bo‘lgan soliq summasidan kelib chiqib belgilanishini inobatga olgan holda aniqlanishi lozim.
Soliq to‘lashdan bo‘yin tovlash, foydani, daromadni va soliq to‘lanadigan boshqa o‘bektlarni yashirish, kamaytirib ko‘rsatish davomli jinoyat hisoblanadi. Shu sababli zarar miqdori soliq to‘lanmagan barcha muddat uchun kam to‘langan summalar yig‘indisi bilan belgilanishi kerak.
Qonunga ko‘ra, agar bir turdagi soliq, yig‘im, boj va boshqa majburiy to‘lovlar uchun to‘langan pul summasi boshqa turdagi majburiy to‘lovlar uchun qasddan to‘lanmagan summalar o‘rnini to‘liq qoplaca, shaxs javobgarlikka tortilmaydi.
Soliq to‘lovchi o‘z xatolarini soliq organlari tomonidan hujjatli (sanoqqa asoslangan) tekshiruv o‘tkazilgunga qadar mustaqil ravishda tuzatgan taqdirda ham, ma‘muriy va jinoiy javobgarlikdan ozod etiladi.
Agar bir turdagi soliq, yig‘im, boj va boshqa to‘lovlar uchun ortiqcha to‘langan summaning miqdori boshqa turdagi to‘lovlar uchun qasddan to‘lanmagan summaning miqdorini qisman qoplasa, shaxsning aybdorlik masalasi to‘langan va to‘lanmagan summalar orasidagi farq miqdoridan kelib chiqqan holda hal etiladi.
Shunga ko‘ra, surishtiruv, tergov organlari va sudlar soliq qonunchiligini buzishga oid ishlar bo‘yicha soliq yoki boshqa majburiy to‘lovlarning har bir turi uchun amalga oshirilgan to‘lovlar holatini batafsil aniqlashlari zarur.
Tahlil etilayotgan jinoyat soliq solinadigan muddatda soliq to‘lanmasligi holati kelib chiqqan paytdan boshlab tugallangan hisoblanadi.
Qonunga ko‘ra (Soliq kodeksi 36-m.) soliq majburiyatini bajarish muddatlari kalendar sana yoki vaqt davri (yil, yil choragi, oy, o‘n kunlik va kun) o‘tishi bilan belgilanadi.
Muddatning o‘tishi kalendar sanadan yoki muddatning boshlanishi belgilab qo‘yilgan voqea yuz berganidan keyingi kundan boshlanadi. Soliq majburiyati bu majburiyatni bajarish muddatining so‘nggi kuni soat yigirma to‘rtga qadar bajarilishi kerak.
Agar soliq majburiyatini bajarish muddatining so‘nggi kuni dam olish (ishlanmaydigan) kuniga to‘g‘ri kelib qolsa, shundan keyingi birinchi ish kuni muddatning tugash kuni hisoblanadi.
Import qilinadigan tovarlar bo‘yicha aksiz solig‘ini to‘lash bojxona to‘g‘risidagi qonun hujjatlarida belgilangan muddatlarda amalga oshiriladi.
Aksiz markalari bilan tamg‘alanishi lozim bo‘lgan import qilina­digan aksiz to‘lanadigan tovarlar bo‘yicha aksiz solig‘i aksiz markalari olinguniga qadar to‘lanadi.
Soliq va boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lashdan bo‘yin tovlagan shaxsning harakatlarini kvalifikatsiya qilishda surishtiruv, tergov organ­lari va sudlar, barcha hollarda, ushbu huquqbuzarlik oqibatida yetkazilgan moddiy zarar miqdorini to‘g‘ri aniqlashlari, ya‘ni uni aybdor tomonidan yashirilgan yoki kamaytirib ko‘rsatilgan soliq solinadigan o‘bekt miqdori (qiymati)dan emas, balki faqat to‘lanmagan soliq yoki boshqa majburiy to‘lov miqdoridan kelib chiqqan holda belgilashlari lozim.
Surishtiruv, tergov organlari va sudlar to‘lanmagan soliq yoki bosh­qa majburiy to‘lov miqdorini aniqlashda, barcha turdagi soliqlar yoki boshqa majburiy to‘lovlar summasidan kelib chiqishlari zarur. Bu summaga soliq qonunchiligida nazarda tutilgan penya va jarima sanksiyalari qo‘shilmaydi.
Soliq yoki boshqa to‘lovlardan bo‘yin tovlash oqibatida yetkazilgan zarar miqdorini aniqlashda jinoyat tugallangan davrdagi eng kam oylik ish haqi miqdoridan kelib chiqish lozim.
Sub‘yektiv tomondan jinoyat aybning qasd shakli bilan sodir etiladi. Aybdor o‘z harakatlari ijtimoiy xavfliligini anglaydi va soliqlar yoxud boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lamaslikni xohlaydi yoxud bunga ongli ravishda yo‘l qo‘yadi. Ijtimoiy xavfli oqibatlarning vujudga kelishi imkoniyatlarini bilmaslik jinoiy javobgarlikni keltirib chiqarmaydi. Mazkur jinoyat ehtiyotsizlik yuzasidan sodir etilishi nazarda tutilmagan.
Shuning uchun mazkur jinoyatning faqat qasddan sodir etilishidan kelib chiqib tergov organlari va sudlar har bir ish bo‘yicha soliq to‘lashdan bo‘yin tovlayotgan shaxsning maqsadini va haqiqiy niyatini aniqlashga majburdirlar. Xizmat vazifalariga sovuqqonlik bilan munosabatda bo‘lish oqibatida hisobni yoki hisobotni chalkashtirib yuborish, foydani hisoblashda xatoga yo‘l qo‘yish holatlarining o‘zinigina Jinoyat kodeksining 184-moddasi bilan tavsiflash mumkin emas, lekin tegishli asoslar bo‘lgan taqdirda, Jinoyat kodeksining 207-moddasida ko‘zda tutilgan mansab sovuqqonligi jinoyatining tarkibini tashkil etadi.
Jinoyat kodeksi 184-moddasida javobgarlik nazarda tutilgan jinoyat­ning sub‘yekti 16 yoshga to‘lgan, soliq solinadigan daromad (foyda)ga ega bo‘lgan va qonunga muvofiq davlat soliq organlariga daromadlari haqida deklaratsiya taqdim etishga majbur bo‘lgan jismoniy shaxs (O‘zbekiston Respublikasining fuqarosi, chet el fuqarosi, fuqaroligi bo‘lmagan shaxs) hisoblanadi.
Jinoyat kodeksining 184-moddasida belgilangan javobgarlikka soliq to‘lovchi tashkilotning boshlig‘i va bosh (katta) buxgalteri yoki boshliq va bosh buxgalter vazifalarini amalda bajarayotgan xodimlari, shuning­dek, buxgalteriya, bank-moliya hujjatlarini tuzish, imzolash huquqiga ega bo‘lgan va buxgalteriya hujjatlariga daromad yoki xarajatlar to‘g‘risida soxta ma‘lumotlar kiritgan yoxud soliq solinadigan boshqa o‘bektlarni yashirgan o‘zga xizmatchilari tortilishlari mumkin.
Soliq yoki boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lashdan bo‘yin tovlaganlik bilan bog‘liq jinoyat ishlari bo‘yicha shuni e‘tiborga olish kerakki, agar soliq to‘lovchi sub‘yektlarning g‘ayriqonuniy harakatlari (harakatsizligi) Jinoyat kodeksining 184-moddasi dispozitsiyasi bilan qamrab olinsa, ular Jinoyat kodeksining boshqaruv tartibiga qarshi jinoyatlar (205-209, 227, 228-moddalari) uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi moddalari bilan qo‘shimcha ravishda kvalifikatsiya qilinmaydi15.
Jinoyat kodeksining 184-moddasida nazarda tutilgan jinoyatga rah- barlik qilgan yoki ushbu jinoyatni sodir etishga soliq to‘lovchi tashkilot boshlig‘i, bosh (katta) buxgalteri, boshqa xizmatchilarini undagan yoxud o‘zining maslahatlari, ko‘rsatmalari bilan jinoyatni sodir etishga ko‘maklashgan shaxslar tashkilotchi, dalolatchi yoki yordamchi sifatida Jinoyat kodeksining 28-moddasi va 184-moddasining tegishli qismi bo‘yicha javobgarlikka tortiladilar.
Nazorat-kassa mashinalari fiskal xotirasi xizmati dasturiga noqonuniy o‘zgartirish kiritish yo‘li bilan daromad (foyda)ni yashirishda soliq to‘lovchiga ko‘maklashgan, shu jumladan, ushbu mashinalarni ishlab chiqargan, yetkazib bergan, ularga texnik xizmat ko‘rsatgan shaxslar ham soliq yoki boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lashdan qasddan bo‘yin tovlashda ishtirokchi sifatida javobgarlikka tortiladilar.
Davlat hokimiyati va boshqaruv organlari mansabdor shaxslarining soliq va boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lashdan bo‘yin tovlashga qasddan ko‘maklashishga qaratilgan harakatlari jinoyatda ishtirokchilik sifatida Jinoyat kodeksining 28-moddasi hamda 184-moddasining tegishli qismi bo‘yicha kvalifikatsiya qilinadi. Agar, ayni paytda ular g‘araz yoki bosh­qa shaxsiy manfaatlarni ham ko‘zlagan yoki shu maqsadlarda jinoyatni yashirishga ko‘maklashgan bo‘lsalar, ularning harakatlari Jinoyat kodek­sining boshqaruv tartibiga qarshi jinoyatlar, shu jumladan pora olganlik uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi tegishli moddalari (JK 205, 209, 210-moddalari) bilan ham qo‘shimcha ravishda kvalifikatsiya qilinishi lozim.
Soliqlar yoki boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash: a) takroran yoki b) ko‘p miqdorda sodir etilgan bo‘lsa, qilmish Jinoyat kodeksi 184-moddasi ikkinchi qismining tegishli bandlari bilan kvalifi­katsiya qilinadi.
Jinoyat kodeksining 184-moddasida nazarda tutilgan qilmishni ikki va undan ortiq marotaba alohida qasd bilan sodir etgan aybdorning harakati soliq to‘lashdan takroran bo‘yin tovlash sifatida kvalifikatsiya qilinishi lozim. Bunda shaxs jinoyatni bajaruvchi yoki uning ishtirokchisi ekanligining, muqaddam sodir etilgan qilmish tugallangan jinoyat yoki jinoyatga suiqasd bo‘lganligining ahamiyati yo‘q.
Shaxsning harakatlarida soliq va boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lashdan takroran bo‘yin tovlash belgisi mavjudligi masalasini hal etishda Jinoyat kodeksining 32-moddasida ko‘rsatilgan talablardan kelib chiqish lozim.
Soliqlar yoki boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash juda ko‘p miqdorda sodir etilgan bo‘lsa, qilmish Jinoyat kodeksi 184- moddasi uchinchi qismi bilan kvalifikatsiya qilinadi.
Agar foyda va daromad to‘g‘risida ko‘rinib turgan yolg‘on ma‘lumotli tegishli hisobot hujjatlarini soliq organiga taqdim qilish hamda soliqlarni ko‘p yoki juda ko‘p miqdorda (bitta, bir nechta yoki barcha soliqlar bo‘yicha) haqiqatan kam to‘laganlik holati mavjud bo‘lsa, soliq va boshqa to‘lovlarni ko‘p yoki juda ko‘p miqdorda to‘lashdan bo‘yin tovlash tugallangan jinoyat hisoblanadi.
Jinoyat kodeksi 184-moddasining to‘rtinchi qismiga ko‘ra, qasddan yashirilgan, kamaytirib ko‘rsatilgan foyda (daromad) bo‘yicha soliq va boshqa to‘lovlar to‘liq to‘langan taqdirda, aybdorga nisbatan ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazo qo‘llanilmaydi.



Download 1,44 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   25   26   27   28   29   30   31   32   ...   240




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©www.hozir.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling

kiriting | ro'yxatdan o'tish
    Bosh sahifa
юртда тантана
Боғда битган
Бугун юртда
Эшитганлар жилманглар
Эшитмадим деманглар
битган бодомлар
Yangiariq tumani
qitish marakazi
Raqamli texnologiyalar
ilishida muhokamadan
tasdiqqa tavsiya
tavsiya etilgan
iqtisodiyot kafedrasi
steiermarkischen landesregierung
asarlaringizni yuboring
o'zingizning asarlaringizni
Iltimos faqat
faqat o'zingizning
steierm rkischen
landesregierung fachabteilung
rkischen landesregierung
hamshira loyihasi
loyihasi mavsum
faolyatining oqibatlari
asosiy adabiyotlar
fakulteti ahborot
ahborot havfsizligi
havfsizligi kafedrasi
fanidan bo’yicha
fakulteti iqtisodiyot
boshqaruv fakulteti
chiqarishda boshqaruv
ishlab chiqarishda
iqtisodiyot fakultet
multiservis tarmoqlari
fanidan asosiy
Uzbek fanidan
mavzulari potok
asosidagi multiservis
'aliyyil a'ziym
billahil 'aliyyil
illaa billahil
quvvata illaa
falah' deganida
Kompyuter savodxonligi
bo’yicha mustaqil
'alal falah'
Hayya 'alal
'alas soloh
Hayya 'alas
mavsum boyicha


yuklab olish