Qarshi davlat universiteti filologiya fakulteti


-ma’ruza. Til, lison, me’yor va nutq munosabati. Til sathlari va birliklar



Download 327,91 Kb.
bet14/146
Sana01.02.2022
Hajmi327,91 Kb.
#422979
1   ...   10   11   12   13   14   15   16   17   ...   146
Bog'liq
УУМ.Фонетика 2021 Амалий филология

3-ma’ruza.
Til, lison, me’yor va nutq munosabati. Til sathlari va birliklar.
Reja:


1.Ilmiy bilish va uning bosiqchlari.
2.UMIS va AHVO tushunchalari.
3.Tilda UMIS va AHVOning xususiyatlari.
4.Til, lison, nutq tushunchalari.


Tayanch tushunchalar


Ilmiy bilish, fahmiy (empirik) bilish, nazariy (idrokiy, mantiqiy, ratsional) bilish, grammatik shakl, zohiriy belgi, empirik yondashuv, nazariy yondashuv, UMIS va AHVO, WPm


1.Ilmiy bilish va uning bosiqchlari. Ilmiy bilish ilmiy tafakkur asosida borliq haqida bilim hosil qilishdir. Tabiat, jamiyat va inson tafakkuridagi murakkab, xilma-xil va rang-barang hodisalar mohiyatini, rivojlanish qonunlarini ilmiy o‘rganishning aniq usullari mavjud, ular ilmiy tadqiqotlarning yo‘nalishini ifodalaydi.
Falsafa va fanda ilmiy bilishning ikki bosqichi farqlanadi:
a) fahmiy (empirik, amaliy, tajribaviy) bilish;
b) nazariy (idrokiy, mantiqiy, aqliy) bilish.
Birinchi bosqichda o‘rganilayotgan manba, uning bo‘lim va tarkibiy qismlari, belgi-xususiyatini aniqlash, saralash, izchillashtirish va tasvirlash amalga oshiriladi. Bunda asosiy e’tibor o‘rganish manbaining tashqi, zohiriy xususiyatlarini aniqlashga qaratiladi. Aslida bu hali tom ma’nodagi ilmiy bilish emas, lekin ilmiy o‘rganishning zaruriy, tarkibiy qismi, bosqichi hisoblanadi. Buni Alisher Navoiy “Lisonut‑tayr” dostonidagi “Кo‘rlar va fil hikoyati”da ko‘rlarning fil haqida tasavvur hosil qilishlari misolida tasvirlaydi.
Nazariy bilish empirik, ya’ni fahmiy bilishsiz amalga oshmaydi. Amaliy bilish jarayonida to‘plangan faktik material nazariy bilish jarayonida aqliy tafakkur yo‘li bilan umumlashtirilib, ularning mohiyati ochiladi. Bu bosqich Navoiyning yuqorida tilga olingan asarida orifning fil haqida bilim hosil qilish usuli misolida bayon etiladi.
Manbani o‘rganishning har ikki bosqichi ham birday muhim, ikkinchisini birinchisisiz, birinchisini ikkinchisisiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Ularni bir-biridan uzish, qarama-qarshi qo‘yish mumkin emas. Bilishning ikki zaruriy bosqichi ham cheklangan. Nemis shoiri Gyote “Nazariya quruq yog‘ochdir” deb nazariy bilishning hodisalardan uzilganligini uqtiradi.
Bilishning ikki zaruriy bosqichi o‘zbek tilshunosligi taraqqiyotiда ham o‘ziga xos tarzda namoyon bo‘ladi.
O‘zbek tilshunosligi (XX asrning 20-yillaridan 80-yillarigacha) amaliy bosqichni bosib o‘tdi. Bu davrda amalga oshirilgan ishlar quyidagilardan iborat edi:
1) tilning bo‘limlarini aniqlash;
2) har bir bo‘limga doir birliklarni chegaralash;
3) birliklarning zohiriy alomatlarini yoritish.
Fonetikada hozirgi o‘zbek tilidagi 6 ta unli, 24 ta undosh aniqlanib, ularning bevosita sezgi a’zolariga ta’sir qiluvchi xossalari (nutq a’zolarining harakati, tovushlarning eshitilishi, cho‘ziq/qisqaligi, baland/pastligi, kuchli/kuchsizligi kabilar) o‘rganildi. Biroq har bir tovushning mohiyati, ya’ni substantsiyasiga bu zohiriy belgilar qay darajada daxldor degan muammo nazariy o‘rganish jarayonida fonemalarning variant-invariantlik muammosi ostida tadqiq qilindi. Har bir tovushning mohiyati nazariy bosqichda ochib berildi. Bunday holatni morfologiyada ham kuzatish mumkin. Bunda so‘z turkumlari, har bir turkumga xos grammatik shakllar aniqlandi. Grammatik shaklning zohiriy belgilari – so‘zlarga qo‘shilish, ularni biriktirish jarayonidagi ma’no va vazifalari – nutqiy xususiyati tadqiq qilindi. Masalan, har bir kelishikning 20 dan 50–60 tagacha ma’nosi ajratilib, tavsiflandi. Bu ma’nolarni yanada ko‘paytirish mumkin edi. Zero hodisalar cheksiz, lekin ular qancha ko‘paysa, manba mohiyatini shuncha qorong‘ilashtiradi, to‘sib qo‘yadi. Quyidagi misollarga diqqat qiling: Gulnoraning kitobi, Gulnoraning opasi, Gulnoraning uyi, Gulnoraning yig‘isi. Bunda fahmiy (empirik) yondashuv qaratqich kelishigining “qarashlilik”, “mansublik”, “egalik”, “subyekt-harakat” kabi ma’nolarni farqlashni taqozo qiladi (qatorni yana davom ettirish va ma’nolar sonini ko‘paytirish mumkin). Bular – zohiriy ma’nolar, nutqiy hodisalardir. Empirizmda mohiyatga tomon bundan chuqurroq borish talab qilinmaydi. Nazariy o‘rganishda kelishikning har bir qo‘llanishidagi farqlardan “ko‘z yumilib”, umumiy jihat qidiriladi. Farqlarning (kitob), (opa), (uy), (yig‘i) va boshqa so‘zlar ta’sirida ekanligini nazariy yo‘l bilan aniqlaydi hamda shu asosda qaratqich kelishigining mohiyatini ochadi.
Nazariy o‘rganish jarayonida til hodisalarida zohiriy (nutqiy) va botiniy (lisoniy) izchil jihat farqlanadi. Har bir birlik yondoshlari bilan o‘zaro munosabatda o‘rganiladi, ular bir sistema sifatida qaraladi. Masalan, yuqoridagi misolning birinchisida (Gulnoraning kitobi) qaratqich kelishigining “qarashlilik”, ikkinchisida (Gulnoraning opasi) “mansublik” nutqiy (xususiy) ma’nolari voqelangan. Biroq qaratqich kelishigi shaklining barcha qo‘llanishi uchun umumiy jihat – “oldingi so‘zni keyingi so‘zga tobelash” ma’nosi bevosita sezgi a’zolari yordamida anglashilmaydi, balki idrok etiladi, shuning uchun u lisoniy ahamiyatga ega. Bu umumiylik yuqoridagi misollarda “Gulnora so‘zining opa so‘ziga qaratuvchilik munosabatini ifodalash”, “Gulnora so‘zining kitob so‘ziga qaratuvchilik munosabatini ifodalash” tarzida bevosita kuzatishga chiqqan, sezgi a’zosi bilan his qilinadigan qiymat kasb etib, xususiylashgan. Empirik yondashuvda har bir birlik alohida-alohida tekshiriladi. Masalan, a unlisini boshqa unlisiz, biror zamon yoki kelishik shakli boshqasidan ajratib, uzib o‘rganiladi. Nazariy o‘rganish bosqichida esa ular o‘z sistemadoshi bilan yaxlitlikda tahlil etiladi. Har bir birlikning, deylik, unlining, boshqa sistemadoshi bilan o‘zaro munosabatida namoyon bo‘ladigan belgisi nazariyotchi uchun muhim ahamiyat kasb etadi. Til hodisalarini bu tarzda o‘rganish sistemaviy yondashuv deyiladi. Nazariy tilshunoslik har qanday birlikning mohiyati uning boshqa sistemadoshlariga munosabatini chuqur tahlil qilish bilan ochiladi, degan g‘oyaga tayanib ish ko‘radi.
2.UMIS va AHVO tushunchalari. Dialektika har qanday o‘rganish manbaida, borliqdagi har bir narsada ikki jihat borligini ta’kidlaydi va uni quyidagi ikki tomonli tushunchalar asosida sistemalashtiradi:
umumiylik – alohidalik;
mohiyat – hodisa;
imkoniyat – voqelik;
sabab – oqibat.
Birinchi jihat (uni tegishli tushunchalarning bosh harflari asosida qisqacha UMIS deb ataymiz) narsalarning sezgi a’zolari asosida his etilmaydigan, aql bilan idrok etiladigan substansiyasidir.
Ikkinchi jihat esa (AHVO – alohidalik, hodisa, voqelik, oqibat) UMISning voqelanishi, yuzaga chiqishi, namoyon bo‘lishi bo‘lib, uni tadqiqotchi, o‘rganuvchi kishi sezgi a’zolari yordamida his qila oladi.
UMIS (umumiylik, mohiyat, imkoniyat, sabab) va AHVO (alohidalik, hodisa, voqelik, oqibat) munosabatini yaqqolroq tasavvur qilish uchun hammaga tushunarli bo‘lgan misolga murojaat qilamiz. Hovlida beshta har xil o‘rik daraxti bor deylik, ular bevosita kuzatishda berilgan, sezgi a’zolari yordamida his qila olamiz. Lekin ongimizda yaxlit “o‘rik” tushunchasi mavjud. U bevosita kuzatishda berilmagan, ko‘rganlarimiz, eshitganlarimiz asosida aqliy yo‘l bilan tiklangan. Falsafada ana shu “umuman o‘rik”ka nisbatan UMIS, muayyan, ko‘z oldimizda turgan o‘rikka nisbatan AHVO atamasi qo‘llanadi. Bevosita kuzatishda berilmagan UMIS va sezgilar yordamida his qilish mumkin bo‘lgan AHVOning biri ikkinchisisiz bo‘lmaydi. Masalan, “umuman o‘rik” tushunchasi xususiy, yakka, alohida o‘riklar haqidagi tasavvurlardan tiklansa, yakka o‘rik “umuman o‘rik”ning voqelanishi, muayyanlashuvi. UMIS va AHVOni farqli belgilari asosida quyidagicha tasavvur qilish mumkin (1-jadval):
1-jadval

UMIS

AHVO

Moddiylikdan xoli

Moddiylikka ega

Takrorlanuvchan

Betakror

Cheklangan

Cheksiz

va h.
Buni quyidagicha sharhlash mumkin:
1.UMISning moddiylikdan xoliligi va AHVOning moddiylikka egaligi. “Umuman o‘rik” UMIS sifatida ong orqali idrok etiladi. U o‘zida yakka, alohida o‘riklarning barcha umumiy belgilarini mujassamlashtirib, farqli jihatini chetda qoldiradi. Masalan, bir o‘rik – daraxti erta, ikkinchisi esa kech pishadi, uchinchisi achchiq danakli, to‘rtinchisi esa kam hosillidir. Bu farqli jihatlar “o‘rik” UMISida aks etmaydi. “O‘rik” UMISida barcha o‘riklar uchun umumiy bo‘lgan jihatlar mavjud. AHVO moddiy, kishi sezgi a’zolariga ta’sir qiladi.
2.UMISning takrorlanuvchanligi va AHVOning betakrorligi. “Umuman o‘rik” UMISi har bir o‘rik AHVOsida takrorlanadi. Borliqda qancha AHVO bo‘lsa ham, har birida UMIS o‘zining bir qirrasini namoyon qilaveradi. Lekin AHVO sifatidagi muayyan o‘riklar takrorlanmaydi. Кesilgan bir o‘rikni qayta ekishning iloji yo‘q. Ammo qancha o‘rik kesilgani-yu ekilgani bilan umuman o‘rik UMISi o‘zgarmasdan turaveradi. Demak, UMIS – barqaror, AHVO – o‘tkinchi.
3.UMISning cheklanganligi va AHVOning cheksizligi. UMIS sifatida “umuman o‘rik” bitta. Ammo o‘rik AHVOlari cheksiz. Shu kungacha mavjud bo‘lgan va kelajakda ekib, o‘stiriladigan o‘riklar sonini tasavvur qilib bo‘lmaydi. Ammo UMIS bittaligicha turaveradi. UMIS va AHVO munosabati falsafada substansiya va aksidensiya, tasavvufda zot va tajalli sifatida qaraladi.
3.Tilda UMIS va AHVOning xususiyatlari. Endi falsafiy UMIS va AHVO til hodisalarida voqelanishi haqida fikr yuritamiz. Qalin, qora, katta so‘zlaridagi a tovushlarini talaffuz qilaylik. Sezgilarimiz 4 ta a unli tovushni his qiladi. Bundagi birorta a tovushini qayta talaffuz qilib bo‘lmaydi. Qayta aytilgani esa endi beshinchi a tovushi bo‘ladi. Talaffuz qilingan a tovushini (boshqa tovushlarni ham) qayta talaffuz qilish mumkin emas va har bir qayta aytilgan tovush yangi ekan, demak, nutqimizdagi a tovushlari cheksiz, hech qachon takrorlanmaydi va sezgi a’zolari yordamida his qilinadi (aytilganda eshitiladi, yozilganda o‘qiladi). “a” tovushi AHVO bo‘lib, u yuqorida zikr etilgan “alohida o‘rik”ka ўхшайди.
AHVOlar qanchalik ko‘p, rang-barang bo‘lishiga qaramay, ongimizda ularning umumlashmasi sifatidagi yakka [a] UMISi bor. Bu [a] yuqorida aytilgan “umuman o‘rik” kabi moddiylikka ega emaslik (ongda psixofizik holatda mavjudlik), barcha a tovush (AHVO)larida takrorlanuvchanlik, miqdoran cheklilik (ya’ni bittalik) xossalariga ega.
Nutq tovushi АҲВО va fonema UMIS deb yuritiladi.
Falsafiy UMIS va AHVOning leksikada voqelanishiga diqqat qilamiz. Misollar: Men kitob o‘qishni boshladim. Bu kitobni Halim nega keltirdi? Кitob qiziqarliligi bilan meni tezda o‘ziga rom qildi gaplarida uchta kitob so‘zi mavjud. Bu so‘zning ham har biri “muayyan o‘rik”, “muayyan a tovushi” kabi moddiy voqelanganlik, takrorlanmaslik belgilariga ega va ular qatorini yana cheksiz davom ettirish mumkinligi sababli AHVOlarning barchasiga xos belgilarni o‘zida mujassamlashtirgan. Cheksiz kitob so‘zlarining zamirida esa “umuman kitob” UMISi yashiringan. U nutqqa chiqadigan barcha kitob so‘zlari uchun doimiy asos sifatida yashaydi. Chunki ikkinchi kitob so‘zi birinchisining takrori emas. U – yangi so‘z. Qolgan barcha so‘zlar uchun shunday fikrni aytish mumkin.
Morfologiyada -ni tushum kelishigi shaklining turli nutqiy qo‘llanishlari morfologik AHVOlar bo‘lib, bu qo‘shimchalar ongdagi [-ni] UMISi (morfemasi) asosida voqelangan.
Sintaksisda UMIS va AHVO munosabati quyidagi tarzda namoyon bo‘ladi. Masalan, Кitobning varag‘i, uyning eshigi, Halimning savoli, qog‘ozning qalinligi, ruchkaning qopqog‘i kabi so‘z birikmalari alohida-alohida AHVOlar, ularning umumiy [qaratqich kelishigidagi mustaqil so‘z + egalik shaklidagi mustaqil so‘z = qaratuvchi va qaralmishning turli munosabatlari] qolipi – UMISining1 voqelanishi. O‘zbek tilidagi barcha gap qurilmalari AHVOlar, “kesimlik qo‘shimchalari bilan shakllangan atov birligi”, ya’ni WPm UMISining yuzaga chiqishi2.
Esda tutish kerakki, UMIS hech qachon muayyan bir AHVOda to‘la-to‘kis yuzaga chiqa olmaydi, unda o‘zining ma’lum bir qisminigina namoyon qiladi. Masalan, [WPm] UMISi Men keldim gapida boshqa, Кetadimi? gapida boshqa bir qirrasini namoyon qilgan. Gapning darak va so‘roq belgilari bir butun holda birdaniga voqelana olmaydi.
Biroq AHVO UMISdan tashqarida ham bo‘la olmaydi. Har qanday sodda gap baribir WPm UMISi doirasidan tashqariga chiqa olmaydi. Buni So‘fi Olloyor HAQ (bizningcha, UMIS) va sifat (bizningcha, AHVO) munosabati misolida mahorat bilan tasvirlaydi:
Subutiydir aning (ya’ni HAQning) sakkiz sifoti,
Sifot zoti emas, na g‘ayri zoti.
Mazmuni: HAQning sakkizta sifati barqarordir, biroq ulardan birortasi (o‘z-o‘zicha, yakka holda) uning zoti (UMIS) ni tashkil eta olmaydi.

Lisoniy UMIS va YAHVO. UMIS (zot) va YАHVO (tajalli) butun dialektikaning, ya’ni butun borliq - tabiat, jamiyat va inson tafakkurining asosiy munosabat qonunlaridan biri bo‘lganligi sababli, u har bir fanda o‘ziga xos tarzda xususiylashadi. UMISning tildagi tajallisi lison, YАHVOniki esa nutq deb yuritiladi. Lison va nutqning majmui til deyiladi.


Yuqorida aytilganidek, tilshunoslar uzoq zamonlar davomida tildagi o‘rganish manbaining UMIS va YАHVO yoki lisoniy va nutqiy jihatlari ixtilofi (dialektikasi) mohiyatiga yetolmay, boshi berk ko‘chada cheksiz xususiyliklar doirasida o‘ralashib qoldilar.
Tilshunoslikda lisoniy va nutqiy jihatlarni farqlashga intilish ushbu fan bilan tengqurdir. Chunki har qanday fan cheksiz hodisalarni umumlashtirishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘yadi. Xususiy hodisalar zamiridagi umumiylikni ko‘rishga intilish bilishning har ikkala bosqichi (fahmiy va idrokiy) da ham mavjud. Shu boisdan aytish mumkinki, bilishning fahmiy bosqichi mutlaq xususiyliklar bilan o‘ralashib qolmaganligi kabi, idrokiy bosqich ham mutlaq umumiylikni - UMISni tiklay olmaydi. Biroq har bosqich o‘z vazifalariga ega. Chunki har bir davr o‘z fani oldiga muayyan maqsad va aniq talablarni qo‘yadi. «Fanlarning taraqqiyoti shu davrning ilg‘or falsafiy fikri, davr uchun yetakchi bo‘lgan fan sohalarining yutuqlari bilan uzviy bog‘liq. Turli fanlarning manbalari ko‘p qirrali bo‘lganligi sababli, davrning yetakchi falsafiy fikri aniq fanlardan o‘rganish manbaining qaysi tomonlariga alohida e’tibor berish lozimligini, borliqdagi mavjud qonuniyatlarni mantiqiy kategoriyalarda qay usulda aks ettirish yo‘llarini belgilab beradi» (H.Ne’matov). Shu asosda aytish mumkinki, o‘zbek tilshunosligining birinchi bosqichi dialektika nuqtai nazaridan tildagi UMIS va YHVOni bir-biridan farqlamay tasnif etish bosqichidir. Tilshunoslikda lison va nutqni izchil farqlab o‘rganish avvalo tilshunoslar V. fon Humboldt, B.de Kurtene va F.de Sossyur nomi bilan bog‘liq. Lison va nutqning farqlanishi, tilga tizim sifatida yondashuv XX asr jahon tilshunosligida inqilobga teng hodisa sifatida baholanadi. Chunki bu hodisa tilshunoslikdagi mavjud qarashlarni tubdan o‘zgartirib yubordi. Tilga, xususan, o‘zbek tiliga sistema sifatida yondashuvning dastlabki yillarida lison o‘rnida til atamasi qo‘llanilib, u ko‘p ma’nolilik tabiatiga ega bo‘lganligi sababli, ayrim chalkashliklarni keltirib chiqarar edi. Chunonchi, insonning nutq so‘zlash qobiliyati ham, nutqi ham ushbu atama bilan yuritilar edi. Atamalarga esa bir ma’nolilik xos bo‘lib, ko‘p ma’nolilik ilmiy aniqlikka putur yetkazadi. Shu boisdan nazariyotchi tilshunoslar UMISning tildagi voqelanishiga nisbatan lison atamasini qabul qildilar.

Download 327,91 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   10   11   12   13   14   15   16   17   ...   146




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©www.hozir.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling

kiriting | ro'yxatdan o'tish
    Bosh sahifa
юртда тантана
Боғда битган
Бугун юртда
Эшитганлар жилманглар
Эшитмадим деманглар
битган бодомлар
Yangiariq tumani
qitish marakazi
Raqamli texnologiyalar
ilishida muhokamadan
tasdiqqa tavsiya
tavsiya etilgan
iqtisodiyot kafedrasi
steiermarkischen landesregierung
asarlaringizni yuboring
o'zingizning asarlaringizni
Iltimos faqat
faqat o'zingizning
steierm rkischen
landesregierung fachabteilung
rkischen landesregierung
hamshira loyihasi
loyihasi mavsum
faolyatining oqibatlari
asosiy adabiyotlar
fakulteti ahborot
ahborot havfsizligi
havfsizligi kafedrasi
fanidan bo’yicha
fakulteti iqtisodiyot
boshqaruv fakulteti
chiqarishda boshqaruv
ishlab chiqarishda
iqtisodiyot fakultet
multiservis tarmoqlari
fanidan asosiy
Uzbek fanidan
mavzulari potok
asosidagi multiservis
'aliyyil a'ziym
billahil 'aliyyil
illaa billahil
quvvata illaa
falah' deganida
Kompyuter savodxonligi
bo’yicha mustaqil
'alal falah'
Hayya 'alal
'alas soloh
Hayya 'alas
mavsum boyicha


yuklab olish