03 Ramazonda bilishimiz kerak bo`lgan 3- masala ILK VAHIY
Payg`ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Ramazon oyi yaqinlashgani sari yolg`izlikni qumsab, Nur tog`idagi Hiro g`origa ketishni odat qiladilar. Ramazon oyi boshlangan paytda bu tuyg`u U zotga butunlay tinchlik bermay qo`yadi. Bundan tashqari yo`lda uchragan yog`ochlar , toshlar, qushlar Payg`ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga “salom senga ey Allohning Rasuli” deya salom berishardi. Vanihoyat o`sha qutlug` kun keldi. Bir Ramazonda , bir Dushanba kechasi, bir Qadr kechasida , bir tog`ning tepasida bir inson va uni ziyoratiga kelgan bir farishta Jabroil alayhissalom Nur tog`idagi Hiro g`orida Muhammad sollallohu alayhi vasallamga ilk omonatini keltiradi. Alaq surasining ilk 5 oyatini .
Nur tog`i
“Yaratgan Zot bo`lmish Parvardigoringiz nomi bilan o`qing! U insonni laxta qondan yaratgan. O`qing! Sizning Parvardigoringiz qalamni (ya`ni yozishni) o`rgatgan o`ta karamli zotdir. U zot insonga uning bilmagan narsalarini o`rgatdi”. (Alaq 1-5 oyatlar)
U yerda Jabroil alayhissalom asli ila ko`rinadilar. Vujudi ila butun ufqni to`sib qo`ygan, ta`rifi so`zga sig`maydigan bir qiyofada edilar. Ikkinchi marta Me`roj hodisasida asl qiyofada ko`rinadilar. U zot bu uchrashuvdan so`ng uylariga borib Hadicha onamizga “ Mening ustimni yoping, tezroq yoping” deydilar. Shunda Jabroil Amin takror ziyoratga keladi va Mudassir surasini dastlabki 5 oyatini U zot qalbiga muhrlaydi..
“ Ey (liboslariga) burkanib olgan zot, turingda, (insolarni ohirat azobidan ) ogohlantiring! Yolg`iz Parvardigoringizni ulug`lang! liboslaringizni pok tuting! Butlardan yiroq bo`ling” so`ng bo`lgan voqea Hadicha onamizga bildirilganda U zotning so`nggi payg`ambar ekanliklarini anglaydilar va o`sha yerda iymon keltirishadi.
Shundan keyin Hadicha onamiz u zotning qo`llaridan tutib, amakivachchasi bo`lmish Varaqa ibn Navfalning huzuriga olib borishadi. U Makkadagi 4 hanifdan biri edi. (Haniflar- haq dinni qidirib yo`lga chiqqanlar) Nasroniylikni qabul qilgan bo`lsada yaqin orada keladigan Payg`ambar haqida kitoblardan ma`lumot to`plab, uning kelishni intizorlik bilan kutayotgan edi.
Lekin afsus Payg`ambarlikning dastlabki ziyolari taralgan bir paytda uning hayot shamchiroqlari so`nayotgan edi.
- Qaniydi umrim yetsa, qavming senga zulm qilganda yoningda bo`lsam edi. Qaniydi , qavming seni yurtingdan haydab chiqarganida sog` salomat bo`lsam, kuchim yetganicha senga yordam berardim.
-Ular meni haydashadimi?
Qarang! 40 yoshlariga qadar barchaning eng suygan insoni, Al-Amin deb nom berilgan bir inson haqiqat libosini kiyganlarida , haqiqatni yoqtirmaydiganlar u zotga qarshi chiqdi.
Demak siz , haqiqat ko`ylagini kiyganingizda haqiqatni hazm qilolmaydiganlar siz bilan butun umr kurashadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |