Romantizm ijodiy metodining shakllanishida romantik tafakkur tipining roli. Romantizm ijodiy metodi juda murakkab hodisa bo‘lib, u XVIII asr oxiri, XIX asr boshida Evropa, Amerika adabiyotida paydo bo‘ldi va o‘zidan avval adabiyot bilan estetikada hukmronlik qilgan klassitsizmga qarshi kurashda shakllandi va rivoj topdi. Romantizmning asosiy xususiyatlari, kurtak holida bo‘lsa ham, adabyuiyot va san’at tarixining avvalgi bosqichlarida ro‘yobga keldi hamda romantik ijodiy metod sifatida adabiyotda hukmron bo‘lib qolgan yangi ijodiy metodga asos soldi.
Avval aytilganidek, romantik badiiy tafakkur tipining bosh xususiyati – yozuvchi yoki san’atkorning o‘z atrofidagi voqelikdan qanoatlanmay, boshqa hayotni, real voqelikdan yuqoriroq va “tozaroq” voqelikni qo‘msash, izlash va uni topolmaslik natijasida real voqelikni tasvirlashdan yuz o‘girib, orzu qilingan voqelikni tasvirlashga yoki bor voqelikni atayin pardozlab tasvirlashga intilishdan iboratdir. Bunday hodisa insoniyat tarixining deyarli hamma bosqichlaridagi adabiyot va san’at asarlariga u yoki bu darajada xosdir. Chunki romantizm “inson ruhiga hamma xalqlarda va hamma zamonlarda umumiy bo‘lgan hodisadir” (Belinskiy). Bu romantik tafakkur tipi san’at va adabiyotda klassitsizm, simvolizm, realizm kabi oqim va metodlardan avval paydo bo‘lgandir. Romantik tafakkur elementlari yoki an’analari antik adabiyot (qadim yunon va rim adabiyoti)da va feodal davr adabiyotida juda kuchli edi. Masalan, Esxilning “Prometey”, Safoklning “Shoh edip” va Evripidning “Elena” tragediyalarida voqelik romantik ruhda ideallashtirib ko‘rsatilgani antik adabiyot mutaxassislari tomonidan qayd etilgandir. Antik poeziya ham romantizm ruhida bo‘lib, ayniqsa, unda xotin-qizlar obrazi juda ideallashtirib ko‘rsatiladi.
Romantik badiiy tafakkur tipining namunalarini Sharq xalqlarining qadimiy adabiyotida ham uchratish mumkin. Masalan, “Qutadg‘u bilig” dostoni (XI asr) qahramonlari ideallashtirib tasvirlangan kishilardir. Romantik tafakkur tipining Sharqda juda erta taraqqiy topgani Gegel tomonidan uning “Estetika” asarida qayd etilgandir. Bu hol Sharqning bir qancha xalqlari (masalan, forsiy va turkiy tilda gaplashuvchi xalqlar) adabiyotida romantizm ijodiy metodining o‘rta asrlardayoq hukmron metod bo‘lib qolishiga sabab bo‘ladi.
XIX asrning 30-40-yillarida G‘arbiy Evropada romantizmning adabiyotdagi hukmronlik o‘rnini taraqqiy topgan realizm egalladi. Romantizm realistik adabiyotning elementlaridan biri sifatida hozirgacha yashab kelmoqda.
Do'stlaringiz bilan baham: |