TARJIMONDAN
Chin mamlakati deganda, barchaning ko’z o’ngida eng avvalo tobora yuksalayotgan mamlakatu uzun cho’pchalarni mohirona ishlatib taom yeyayotgan odamlar, Buyuk Xitoy devoriyu Pekin operasi… va, albatta, buyuk donishmand Konfutsiy gavdalansa ajab emas. Yunon falsafasida Suqrotning o’rni qay darajada bo’lsa, Xitoy falsafasi ham Konfutsiy nomi bilan mashhuri jahondir. Oradan qancha vaqt o’tmasin, oltin yillar osha sayqal topgani singari uning purma’no hikmatlari ham asrlar osha yangi-yangi qirralari bilan jilolanmokda. Konfutsiy ilgari surgan g’oyalar nafaqat Xitoy, ayni vaqtda Yaponiya, Koreya, V`etnam xalqlarining o’y-fikri va hayotiga chuqur ta’sir ko’rsatgan. Konfutsiy ta’limoti markazida “oliy odam” (tushunchasi, g’oyasi, maqsadi) turadi. «Oliy odam» hukmron tabaqaning har tomonlama komil vakili bo’lib, Konfutsiy ta’limoti yordamida o’zida oliyjanob fazilatlarni shakllantirgan. Faylasufning “Hikmatlar”i “oliy odam”ning shunday yuksak insoniy fazilatlarini aks ettiradi. Aniqroq aytganda, bunday odam oliy hukmdorga nisbatan chuqur ehtiromli, xalqqa muruvvatli bo’lib, butun kuch va qobiliyatini jamiyat oldidagi burchini oqlashga, milliy urf-odat va an’analarning to’la-to’kis bajarilishini ta’minlashga sarf etuvchi kishidir.
Konfutsiyning o’gitlari, pand-nasihatlari Xitoyda hanuzgacha e’zozlanib, qadrlanib kelinadi. Quyida faylasufning “Hikmatlar”idan parchalar e’tiboringizga havola etiladi.
Tarjimon
KONFUTSIY
HIKMATLAR
Xitoy tilidan Sevara Alijonova tarjimasi
Ustoz aytadi:
— Men bilimdon bo’lib yaralgan emasman, shu bois bilimni o’tmishdan olishga jiddu jahd qildim.
— Haqiqiy bilim — kimningdir bilimsizligidan saqlanmakdir.
— Fikrlamay ilm olmoq — behudalik; bilim bilan sug’orilmagan tafakkur esa xatardir.
— Haqiqatni ko’rmoq va unga intilmoq — yoki jasorat, yoki tarbiya mahsuli.
— Kimki nokamtarlik bilan yolg’on so’zlar ekan, uning jimjimador so’zlari faqat va faqat musibat keltiradi.
— Sadoqat va samimiyatni saqlab qolmoq — cho’qqining qorni ushlab qolishidek chiroylidir.
— Ezgulik uchun yaralgan yoxud ezgulikdan mutlaqo mosuvo insonni ko’rmadim. Kimki ezgulikka intilar ekan, hamisha hurmatda bo’lur.
— Jarohat uchun adolatni, ezgulik uchun faqatgina ezgulikni qalqon biling.
— Ehtiyotkor inson ham ba’zan adashadi.
— Shirin so’zlar va ta’ma ko’ngildan chiqqan samimiyat belgisi emas.
— Hech bir do’st o’zing kabi bo’lolmaydi.
— Oliy odam uch holatda o’zini saqlay oladi: yoshlikda hirsdan, kuchga to’lganda janjaldan, keksalikda ochko’zlikdan.
— Qaerga bormagin, e’tiqoding sen bilan bo’lsin.
— Kelajak uchun kurashmoqchi bo’lsang, o’tmishni o’rgan.
— Jaxd chiqqanda, aql taslim bo’ladi.
— Oliyjanob odamning izlagani — o’zi, pastkashning qidirgani esa o’zgalar.
— Agar o’z qalbingga nazar tashlasang-u, biror qora dog’ ko’rmasang, unda bezovtalik nega, hadik nimaga?
— Oliyjanob odam xavfsizliqda ham xatarni, to’qlikda ham yo’qchilikni unutmaydi. Tartib hukm surgan paytdatartibsizliklar bo’lishini nazardan qochirmaydi. Bunday odam zinhor xavf ostida qolmaydi, demakki, uning vatani ham, xalqi ham bexatar.
— Moddiyotning ortida ezgulik nish urmog’i uchun besh narsa kifoya: ko’ngil kengligi, samimiyat, shiddat, yaxshilik va jiddiylik.
— O’z xatolaringni tan olishdan uyalma, aks holda ular jinoyatga aylanadi.
— Intiqomga taraddudlanishdan avval ikki qabrni hozirlab qo’y.
— Har bir hilqatning o’z go’zalligi bor, biroq har kim ham uni ko’ra olmaydi.
— Jarohatlarni unut, lek zinhor yaxshilikni yodingdan chiqarma.
— Kimki isrofni bilmasa, azobni bilur.
— Eshitdim — unutdim. Ko’rdim — eslab qoldim. Bajardim — tushundim.
— Bilimsizlik — insoniyat uchun eng qorong’u tundir.
— Harakatdaman-ku deya emaklamoq — bu harakat emas.
— Erkaklar tabiati o’xshash, ularni faqatgina odatlari ajratib turur.
— Biz uchun eng katta huzur — uyquda emas, har tong uyg’onishdadur.
— Oliy odamning nutqi sokin, harakati jo’shqin bo’ladi.
— Agar inson yo’lga maqsadsiz chiqsa, qadam bosar-bosmasdanoq falokatga yo’liqur.
— Haqiqatparvar insonning birinchi qadami — no’noq, ammo manzili — porloq bo’lajak.
— Oliy odam mayda ishlar bilan ko’zga ko’rinmas, aksincha buyuk ishlarga bel bog’laydi. Mayda odam esa buyuk ishlarga ishonmaydi, uni safsata deb biladi, shu bois uning taqdiri ham o’zi kabi mayda bo’lib qoladi.
— Oliy odam o’zidan va o’zgalardan hamisha mamnun, har qachon, har qaerda sokin; pastkash odam esa hamisha tushkun, yon-atrofi musibat bilan to’la.
— Agar yo’qotishlarga duch kelsangiz, vahimaga tushmang. Yo’qotish ortidan, albatta, topilmalar ham keladi.
— Biz tabiatimizga zid insonlarga ro’para kelganimizda, ularni o’zimizga moslashtirmoqqa emas, o’z-o’zimizga xolis baho bermoqqa o’rganmog’imiz lozim.
— Ortda qolgan ishlar to’g’risida bahslashib, ularni qoralashdan naf yo’q. Chunki ular — o’tmishga aylanib bo’lgan.
— Ezgulik hech vaqt yolg’iz qolmagan. Uni sinab ko’rgan inson o’zini yaxshilikka qo’shni, deb hisoblayversin.
— Oliy odam Haqiqatga do’stdir, manfaatga emas.
— Ish quroli soz, o’tkir bo’lgan odamning ishida unum, daromadida baraka bo’ladi.
— Ezgulik uzoq-uzoqlarda, olisdami? Men oqko’ngil, yaxshilik ulashguvchi inson bo’lmoqchiman. Bas, yaxshilik o’z qo’lingda!
Konfutsiy. Hikmatlar (2010) by Khurshid Davron on Scribd
Do'stlaringiz bilan baham: |