O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta'lim tizimi
xodimlari asosiy lavozimlarining malaka tavsiflarini
tasdiqlash to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Maktabgacha ta'lim tizimini boshqarishni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2018-yil 30-sentabrdagi PQ-3955-son, “Qamrov darajasi past bo‘lgan tumanlarda maktabgacha ta'lim tashkilotlari tarmog‘ini kengaytirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2021-yil 10-iyundagi PQ-5144-son qarorlari, Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta'lim vazirligi to‘g‘risidagi nizomni hamda maktabgacha ta'lim muassasalari rahbar va mutaxassislarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish instituti ustavini tasdiqlash haqida” 2017-yil 21-noyabrdagi 929-son qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta'lim vazirligi to‘g‘risidagi Nizom hamda “O‘zstandart” agentligining 2021-yil 12-fevraldagi 5-1288-son qaroriga muvofiq buyuraman: “O‘zstandart” agentligining 2021-yil 12-fevraldagi 5-1288-son qarori bilan “Xizmatchilarning asosiy lavozimlari va ishchilar kasblari Klassifikatori (XALIKK-2020)” tasdiqlanganligi ma'lumot va ijro uchun qabul qilinsin.
O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta'lim tizimi xodimlari asosiy lavozimlarining malaka tavsiflariilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi maktabgacha ta'lim vaziri, viloyatlar maktabgacha ta'lim boshqarmalari va Toshkent shahar maktabgacha ta'lim bosh boshqarmasi boshliqlari o‘zlari qabul qilgan tegishli hujjatlarni mazkur buyruqqa muvofiqlashtirish hamda xodimlarni ishga qabul qilishda ushbu buyruq bilan tasdiqlanayotgan O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta'lim tizimi xodimlari asosiy lavozimlarining malaka tavsiflariga qat'iy rioya etgan holda amalga oshirish vazifalari yuklatilsin.
Nazorat-tahlil boshqarmasi (L.Berdiyeva) ushbu buyruqni vazirlik markaziy apparati tarkibiy bo‘linmalari va idoraviy mansub tashkilotlariga, Qoraqalpog‘iston Respublikasi maktabgacha ta'lim vazirligi, viloyatlar maktabgacha ta'lim boshqarmalari va Toshkent shahar maktabgacha ta'lim bosh boshqarmasiga yetkazilishini ta'minlasin.
Ushbu buyruq qabul qilinishi munosabati bilan Maktabgacha ta'lim vazirining “Maktabgacha ta'lim xodimlari asosiy lavozimlarining malaka tavsiflarini tasdiqlash to‘g‘risida” 2020-yil 26-oktabrdagi 173-son buyrug‘i o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
Mazkur buyruq imzolangan kundan e'tiboran kuchga kiradi.
Ushbu buyruqning ijrosini samarali tashkil etishga tegishli yo‘nalishlar bo‘yicha mas'ul va shaxsiy javobgar etib vazirning birinchi o‘rinbosari B.Onorboyev va vazir o‘rinbosarlari U.Begimqulov va N.Muslitdinov belgilansin.
Mazkur buyruqning bajarilishini nazorat qilishni o‘z zimmamda qoldiraman.