Xalq og’zaki ijodiyoti bo’yicha to’plangan namunalarni nashr etish. Bu soha folklor matnshunosligi (tekstologiya) sanaladi. Bunda u yoki bu folklor asari variantlari chog’ishtirilib, g’oyaviy-badiiy jihatdan mukammallarini tanlab ohshga, har bir asarning jonli ijro xususiyatlarini to’la va mukammal saqlab qolishga, tilining jonli ifodaviyligiga xos tabiiyligini ta’minlashga alohida e’tibor beriladi. O’zbek folklorshunosligi bu sohada boy tajriba to’pladi. Ergash Jumanbulbul o’g’lining besh tomlik «Bulbul taronalari» va rus tilidagi uch tomlik «Pesnya Bulbulya» kulliyotining, shuningdek, ellik tomga mo’ljallanib chiqarilayotgan «O’zbek xalq ijodi» ruknida o’ttiz to’qqiz jildining chop etilgani ana shu tajribaning jiddiy samaralaridir. Endilikda yuz jildlik «O’zbek folklori yodgorliklari» ko’p tomligi singari bebaho nashrning amalga oshirilishida bu tajribaning asqotishiga shubha yo’q.
Do'stlaringiz bilan baham: |